OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN QIRGʻIZ RESPUBLIKASI OʻRTASIDA
Shartnoma
2007 — 2011 YILLARGA MOʻLJALLANGAN IQTISODIY, ILMIY-TEXNIKAVIY VA IJTIMOIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
2006-yil 3-oktabr, Toshkent
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi, keyinchalik “Tomonlar” deb nomlanuvchilar.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi abadiy doʻstlik toʻgʻrisida 1996-yil 24-dekabrdagi Shartnomaga asoslanib,
davlatlararo integratsiya iqtisodiy rivojlanishning asosiy elementlaridan biri ekanligini hisobga olib,
teng huquqiy va oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish munosabatlarini keyinchalik mustahkamlash va rivojlantirish, ularga uzoq muddatlilik va barqarorlik ahamiyatini berish, ikkala davlatning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish zaruriyatidan kelib chiqib,
tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin koʻchishiga bosqichma-bosqich oʻtish uchun zarur sharoitlar yaratishga muhim eʼtibor qaratib,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va tamoyillariga asoslanib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadigan Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi 2007 — 2011-yillarga moʻljallangan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Dasturni amalga oshiradilar (keyinchalik — Dastur deb nomlanadi).
2-modda
Tomonlarning iqtisodiy hamkorligi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalari, Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi ishtirok etuvchi xalqaro shartnomalar, shuningdek, ikkala davlat qonunchilik qoidalariga muvofiq, ikkala tomonning mulk shakli va boʻysunishidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlar yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va investorlarga ikkala davlat hududlarida investitsion loyihalarni amalga oshirish, Tomonlar milliy qonunchiligiga muvofiq hamkorlikdagi ishlab chiqarish tuzilmalarini yaratish uchun qulay sharoitlarni yaratadilar.
3-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni va Markaziy Osiyoda umumiy iqtisodiy hududni bosqichma-bosqich shakllantirish va rivojlantirish muhimligini tan olgan holda, tashqi iqtisodiy faoliyat, savdo-iqtisodiy munosabatlar, soliq, bojxona hamda boj tizimi, atrof-muhit va atrof muhitni muhofaza qilish, monopoliyaga qarshi siyosat hamda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohalarida normativ huquqiy bazani bir-biriga yaqinlashtirish uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
Tomonlar bir-birlarining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazuvchi harakatlardan saqlanadilar.
4-modda
Tomonlar:
hamkorlikda ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi milliy tovar ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish choralari tizimini birgalikda ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
ishlab chiqarishning chuqurlashtirilgan kooperatsiyasi asosida yangi avlod mashinalari va jihozlarini ishlab chiqaradigan qoʻshma korxonalar tuzishni ragʻbatlantiradilar;
ishlab chiqarishning asosiy tarmoqlari va agrar-sanoat komplekslari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashdagi oʻzaro qiziqishlarini tan oladilar.
5-modda
Tomonlar investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash, qimmatli qogʻozlar bozoridagi oʻzaro munosabatlar boʻyicha tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, birja savdosini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
6-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatli asosda xalqaro loyihalar doirasida fundamental va ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazishdagi oʻzaro munosabatlarini, shuningdek umumiy manfaatlarga doir masalalar yuzasidan hamkorlikdagi ilmiy ishlarni tashkil etishni taʼminlaydilar.
7-modda
Tomonlar transport kommunikatsiyalari va aloqa sohasidagi hamkorlikni davom ettiradilar. Bunda har bir Tomon boshqa Tomon avtotransport vositalarining kirishi, chiqishi va tranzit oʻtishi uchun qulay sharoitlarni taʼminlashga intiladi.
8-modda
Tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida Tomonlar milliy qonunchiligida koʻzda tutilgan uning boshqa alohida turlaridan tashqari mahsulot yetkazib berish yuzasidan bitimlar tuzishda cheklashlar kiritmaydilar.
9-modda
Tomonlar madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, sport, turizm muassasalari, yoshlarga oid siyosat va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi doimiy aloqalarni oʻrnatishda bir-birlariga oʻzaro yordam beradilar.
Tomonlar professional, yakka tartibda faoliyat koʻrsatuvchi va bolalar jamoalarining festivallar, koʻriklar, konkurslar va musobaqalarda qatnashishi, badiiy, muzeyga oid koʻrgazmalarni, shuningdek teatr-konsert gastrollarini, turistik va sport delegatsiyalari bilan almashishga oid, yoshlar siyosati sohasidagi birgalikdagi dasturlarni tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratadilar.
10-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaga Dasturni amalga oshirishni muvofiqlashtirish, uni amalga oshirishning borishi ustidan nazoratni olib borish va zarur hollarda, unga qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqishni topshiradilar.
11-modda
Mazkur Shartnomaga Tomonlarning roziligiga koʻra, ushbu Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Koʻrsatilgan bayonnomalar mazkur Shartnoma 14-moddasi qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
12-modda
Mazkur Shartnomaning qoidalarini sharhlash va tatbiq qilish bilan bogʻliq barcha nizo va kelishmovchiliklarni Tomonlar muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etadilar.
13-modda
Mazkur Shartnoma Tomonlar ishtirok etadigan boshqa shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga tegishli emas.
14-modda
Mazkur Shartnoma Tomonlarning uni kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarilganligi haqidagi oxirgi yozma xabarini olgan kundan keyin kuchga kiradi va 2011-yil 31-dekabrgacha amalda boʻladi.
Tomonlardan har biri mazkur Shartnoma kuchini boshqa tomonga yozma xabarnoma yuborish bilan toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Bu holda Shartnoma bunday xabarnoma olingan kundan 6 oy oʻtgandan keyin oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Shartnoma kuchining yoʻqolishi uning oʻz kuchida boʻlgan davrida kuchga kirgan va uning toʻxtatilishi davrigacha tugallanmagan loyihalarni amalga oshirishni toʻxtatilishiga olib kelmaydi.
Toshkent shahrida 2006-yil 3-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi. Bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Shartnomaning qoidalarini sharhlash maqsadida Tomonlar rus tilidagi matnidan foydalanadilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalar boʻyicha 2007 — 2011-yillarga moʻljallangan hamkorlik
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi muhim iqtisodiy sheriklardir. Ikkala davlatning oʻzaro iqtisodiy manfaatdorligi tarixan shakllangan ishlab chiqarish, kooperativ va texnologik aloqalar va shuningdek, oʻzaro manfaatdorlik asosida ularni saqlash va yanada rivojlantirishning obyektiv zaruriyati bilan bogʻliqdir.
Tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikning strategiyasini va ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun hamma choralarni koʻrish zarurligini tan oladilar.
Shu bilan birga ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi ahvoli Tomonlarning talablarini qanoatlantirmaydi, shuning uchun iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikning uzoq muddatga moʻljallangan dasturini ishlab chiqilishiga zarur sabab boʻldi.
I. Dasturning maqsadlari va vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasining 2007 — 2011-yillarga moʻljallangan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik dasturi (bundan keyin — Dastur) qulay savdo rejimi oʻrnatish, oʻzaro manfaatli iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish, ikki davlat iqtisodiyotining yetakchi sohalarining hamkorligi va bahamjihat harakatida jiddiy yuksalishga va shu asosda oʻzaro tovar aylanishining oʻsishiga erishish boʻyicha hamma choralarni koʻrish maqsadida ishlab chiqildi.
Ushbu dasturning asosiy maqsadlari — ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashish, va shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi aholisining turmush darajasini koʻtarish va ikki davlat xalqlarining maʼnaviy-madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish.
Shu maqsadlarni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalarni bajarish kerak:
— barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun bir xil imkoniyatlar va kafolatlar taʼminlashda, halol raqobat uchun sharoitlar yaratishda bahamjihat harakat qilish;
— davlatlararo va mintaqalararo (Tomonlar davlatlarining maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari oʻrtasida) hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga davlat yordami tizimini yaratish, ikki davlat oʻrtasida savdo-toʻlov munosabatlarining muvozanatini taʼminlash;
— investitsiya, tadbirkorlik tizimlari vakillari oʻrtasida muntazam ravishda forumlar, uchrashuvlar oʻtkazish va qulay investitsiya iqlimini yaratish;
— savdoni ragʻbatlantirish boʻyicha faoliyatni, shu jumladan yarmarkalar, koʻrgazmalar tashkil qilish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash;
— xalqaro transport kommunikatsiyalaridan samarali foydalanish va uni rivojlantirish, amaldagi transport yoʻlaklarning samaradorligini oshirish va yangi transport yoʻlaklarini yaratish;
— xususiylashtirishning milliy dasturlarida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻzaro ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish;
— soliq, bojxona, monopoliyaga qarshi siyosatni huquqiy tartibga solish, tashqi savdo operatsiyalarni amalga oshirish, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish sohasidagi hamkorlik;
— mamlakatlar oʻrtasida tovar aylanishini jadallashtirish uchun sharoit yaratish;
— xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ishlab chiqarilayotgan tovarlar, mahsulot va xizmatlar roʻyxatini kengaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun investitsiyalarni koʻpaytirish, fan va ilgʻor texnologiyalar sohasidagi eng yangi yutuqlarni joriy qilish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini yaxshilashga ragʻbatlantirish;
— atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiiy ofat va halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda kelishib harakat qilish;
— taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash, sport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash sohasida, gumanitar hamkorlikning Tomonlar aholisining maʼnaviy va ijtimoiy ehtiyojlarini toʻla qondirishga yordamlashuvchi boshqa shakllari sohasida tajriba almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish.
II. Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik quyidagi sohalarda kengaytiriladi:
— anʼanaviy va noanʼanaviy roʻyxatdagi tovarlar boʻyicha tashqi savdo aylanishini tiklash va kengaytirish;
— birgalikdagi xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish;
— ikki tomonlama savdo va investitsiya faoliyatini amalga oshirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini ishlab chiqish va amalga oshirish;
— davlatlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarining ishlari uchun oʻzaro manfaatli sharoitlar yaratish;
— temir yoʻl va avtomobil yoʻllari, sanoat obyektlari qurish;
— geologik-sʼyomka qilish va qidirish ishlari, foydali qazilma konlarini razvedka qilish va qazish;
— axborot almashish va amaliy aloqalar oʻrnatish boʻyicha milliy va xalqaro koʻrgazmalar, yarmarkalar va seminarlar, konferensiyalar va tadbirlar oʻtkazish, ishbilarmonlar doiralari va savdo missiyalarining tashriflarini uyushtirish.
Ushbu Dasturga muvofiq Tomonlar quyidagi tadbirlarni amalga oshiradilar:
1. Birgalikda yangi ishlab chiqarishlar barpo qilish va amaldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shu ishlab chiqarishlarni zarur resurslar bilan taʼminlashda, ikkala davlatning iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan korxonalarning ishlab chiqarish ixtisosini saqlab qolishda hissadorlik asosida ishtirok etish yoʻllari va shakllari toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish.
2. Fan va texnikada toʻplangan potensialni saqlash va rivojlantirish, shu yutuqlardan iqtisodiy islohotlarni oʻtkazishda foydalanish, investitsiya siyosatini, kooperatsiyani oʻtkazish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, oʻz tovar ishlab chiqaruvchilariga mahsulot ishlab chiqarish va sotish uchun qulay sharoitlar yaratish, ikkala davlatning eksport potensialini rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlash.
3. Qoʻshma Oʻzbek—Qirgʻiz korxonalari, dastavval ustuvor sohalarda va sanoat majmualarida yaratish, bu eng maqbul kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, sanoat rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarida va milliy, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ilmiy-texnikaviy progressni jadallashtirish uchun zamin yaratadi.
4. Ishlab chiqarish kooperatsiyasini va Tomonlar korxonalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻrialoqalarni rivojlantirish, xomashyo resurslaridan har tomonlama samarali foydalanish, eksportga moʻljallangan va import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish.
5. Ushbu Dasturni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Tomonlar birgalikda:
— yetakchi Oʻzbek—Qirgʻiz banklari jumlasidan institutsional investorni, investitsion jamgʻarma va kompaniyalarni, sugʻurta tashkilotlarini, va shuningdek xususiy investorlarni ikkala davlatning qimmatli qogʻozlar bozorlarini rivojlantirishga jalb qilishga yordam beruvchi investitsion forumlar va uchrashuvlarni muntazam ravishda oʻtkazib turadi;
— mazkur tadbirlarni oʻtkazishni taʼminlash uchun manfaatdor vazirliklar va idoralar, korxona va tashkilotlar va shuningdek ishbilarmonlar doiralarini jalb qiladi.
III. Savdo munosabatlarini rivojlantirish
Tomonlar oʻrtasida savdo hamkorligi amaldagi erkin savdo rejimi doiralarida savdo-texnik toʻsiqlarni asta-sekin bartaraf qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Dasturda bojxona qonunchiligini uygʻunlashtirish, tarif va notariflarni tartibga solish, bojxona tartiblarini sodda, va shuningdek xalqaro yuk va yoʻlovchilar tashishda chegaradan oʻtish tartibini soddalashtirish koʻzda tutilgan. Shu munosabat bilan ikki tomonlama tartibni belgilovchi hujjatlar asosida bojxona, huquqni muhofaza qilish, chegara va boshqa organlarning izchil bahamjihat harakati yoʻlga qoʻyiladi.
Davlatlar oʻrtasida savdo munosabatlarini tashkil qilish va amalga oshirish kerakli statistik axborot almashishni talab qiladi.
Statistik nashrlar va eʼlonlar, metodologik materiallar va tadqiqotlar, dasturlar almashish, va shuningdek statistik kuzatishlar, roʻyxatga olish, tekshirishlar, tashqi savdo statistikasini shakllantirish prinsiplarini muvofiqlashtirish sohasida tajriba almashishi koʻzda tutiladi.
Dasturda savdo infratuzilmalarini qoʻshma korxonalar, savdo uylari, vakolatxonalari va h. k.ni tashkil qilish koʻzda tutiladi, bu esa tovarlarni Tomonlar bozorlariga yetkazishda koʻmaklashish imkonini beradi.
Ikkala davlat maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari oʻrtasida hamkorlik yanada rivojlanishi kerak, buning muhim yoʻnalishi — tashqi iqtisodiy faoliyatdagi manfaatdor subyektlar oʻrtasida tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratib berish.
Savdo sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish doiralarida Tomonlarning xalqaro tashkilotlar bilan bahamjihat harakat qilish masalalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishlari moʻljallanadi.
IV. Ijtimoiy sohada hamkorlik
Ushbu dasturni amalga oshirish davrida madaniyat, sanʼat, sport, sogʻliqni saqlash, sanatoriya-kurort ishi, turizm va mehnatni muhofaza qilish sohasida, gumanitar hamkorlik, axborot-madaniyat markazlari muassasalari va sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash sohasida, va shuningdek xalq taʼlimi, turli sohalar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mutaxassislar almashish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda harakatlarni muvofiqlashtirish amalga oshiriladi.
Dasturda aholini ijtimoiy himoya qilish va bandlik muammolarini hal qilishga yoʻnaltirilgan huquqiy negizni yanada takomillashtirish koʻzda tutiladi.
V. Atrof-muhit va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik
Dasturni amalga oshirish mobaynida tabiatni muhofaza qilish haqida qonunlar, qoʻshni hududlarda rejalashtirilayotgan faoliyatga birgalikda baho berish, resurslarni tejaydigan ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish va atrof-muhitni birgalikda ekologik monitoringini amalga oshirish sohasidagi hamkorlik yanada rivojlanadi.
VI. Dasturni amalga oshirishni boshqarish
Dastur Tomonlarning davlat organlari va subyektlari ushbu Dasturda va ushbu Dasturning ajralmas qismi hisoblanadigan Tadbirlar rejasida koʻzda tutilgan aniq ishlarni bajarishi bilan amalga oshiriladi.
Ushbu Dasturning va tadbirlar rejasining bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Qoʻshma hukumatlararo komissiya zimmasiga yuklatiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 4-son)