Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Bojxona ishlarida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati (bundan keyin «Tomonlar» deb ataluvchilar),
yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini, shu jumladan bojxona ishlari sohasida hamkorlik qilish vositasida, rivojlantirish istagida,
bojxona xizmatlari hamkorligi yoʻli bilan Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi yoʻlovchi va yuk tashishni rivojlantirish va jadallashtirishga koʻmaklashishga intilib,
bojxona qonunchiligiga rioya etish va bojxona huquqbuzarligiga qarshi kurash Tomonlar davlatlarining bojxona xizmatlari hamkorligi orqali yanada muvaffaqiyatli amalga oshirilishini nazarda tutib,
quyidagilar haqida kelishdilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun qoʻllanadigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
«bojxona qonunchiligi» — tovarlarni, yoʻlovchilarning qoʻl buyumi va yuklarini, valyuta va boshqa boyliklarni, xalqaro pochta joʻnatmalarini, olib kirish, olib chiqish va tranzit qilishni, bojxona boji, yigʻimi va boshqa toʻlovlarni undirishni, bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berishni, taqiq va cheklovlar oʻrnatishni, shuningdek Tomonlar davlatlarining bojxona chegaralaridan tovarlarning oʻtishi ustidan nazoratni tartibga soluvchi huquqiy meʼyorlarning yigʻindisi;
«bojxona xizmatlari» — Tomonlar davlatlarining markaziy bojxona organlari;
«bojxona huquqbuzarligi» — bojxona qonunchiligini buzish yoki buzishga urinish;
«shaxs» — jismoniy yoki yuridik shaxs;
«narkotik vositalar» — keyingi oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan 1961 yildagi Narkotik vositalar toʻgʻrisida Yagona konvensiya roʻyxatiga BMT kiritgan vositalar;
«psixotrop moddalar» — 1971 yildagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisida konvensiya roʻyxatiga BMT kiritgan moddalar;
«prekursorlar» — xalqaro konvensiyalarda narkotik vositalar va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan kimyoviy ashyolar sifatida klassifikatsiyalanuvchi moddalar va ularning tuzlari;
«nazoratdagi etkazib berish» — narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga daxldor shaxslarni aniqlash maqsadida vakolatli organlar bilgan holda va ularning nazorati ostida Tomonlar davlatlaridan birining hududiga noqonuniy yoki noqonuniylikda gumon qilinayotgan narkotik vositalar va psixotrop moddalar partiyalarini olib kirish, olib chiqish yoki tranzitiga yoʻl qoʻyiladigan usul;
«guvohnoma» — tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan mamlakat qonunchiligiga muvofiq tovarning haqiqatan rasmiylashtirilganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat.
2-modda
Bitimning qoʻllanish doirasi
Bitimning qoʻllanish doirasi
Tomonlar ushbu Bitim asosida bojxona xizmatlari vositasida ularning vakolatlari doirasida Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga rioya qilish maqsadida quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) Tomonlar davlatlari oʻrtasida yoʻlovchi va yuk tashish, shuningdek pochta joʻnatmalari ustidan bojxona nazoratini takomillashtirish;
b) bojxona bojlari, yigʻimlari va boshqa toʻlovlarni toʻgʻri undirishni, shuningdek bojxona imtiyozlarini qoʻllashni taʼminlash;
v) bojxona xuquqbuzarligining oldini olish, tekshirish va unga yoʻl qoʻymaslik;
g) ikki davlat oʻrtasida bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish.
3-modda
Bojxona rasmiyatchiliklarini soddalashtirish
Bojxona rasmiyatchiliklarini soddalashtirish
1. Bojxona xizmatlari:
a) oʻzaro kelishuv boʻyicha bojxona rasmiylashtirilishini soddalashtirish boʻyicha zarur choralarni koʻradilar;
b) bir-birlarining bojxona belgilarini (plombalari, muhr, shtamplarning bosma nusxalari) va bojxona hujjatlarini tan oladilar, zarurat tugʻilganda tashilayotgan tovarlarga oʻzlarining bojxona belgilarini qoʻyadilar.
2. Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi bojxona chegarasini kesib oʻtadigan tovar va transport vositalari, yoʻlovchilarning yuklari va xalqaro pochta joʻnatmalari, shu jumladan tranzit oʻtayotganlari bojxona koʻrigidan ozod etiladi. Tomonlar qonunchiligiga muvofiq ularni olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish taqiqlangan yoki bojxona huquqbuzarligi sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos boʻlgan hollar bundan mustasno.
4-modda
Guvohnomalarni taqdim etish
Guvohnomalarni taqdim etish
1. Tomonlarning bojxona xizmatlari soʻrov boʻyicha bir-birlariga bir Tomon hududidan olib chiqiladigan yoki olib kiriladigan tovarlar boshqa Tomon hududiga qonuniy asoslarda olib kirilayotganligi yoki olib chiqilayotganligini tasdiqlovchi guvohnomalarni taqdim etadilar. Guvohnomalarda tovarlar qaysi turdagi bojxona protseduralariga binoan rasmiylashtirilgani va ularning natijalari koʻrsatiladi.
2. Bojxona xizmatlari soʻrov boʻyicha ularga boʻysunuvchi bojxona organlari tomonidan taqdim etilgan guvohnomalar yoki boshqa hujjatlar haqiqiy ekanligi va ularda barcha zarur maʼlumotlar mavjudligi toʻgʻrisida bir-birlariga axborot taqdim etadilar.
5-modda
Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash
Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash
1. Bojxona xizmatlari narkotik vositalar va psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlar noqonuniy aylanishining oldini olish, tekshirish va unga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha harakatlarni faollashtirish maqsadida quyidagi maʼlumotlarni bir-birlariga soʻrovlarsiz va mumkin qadar qisqa muddatlarda Tomonlar davlatlarining qonunchiligi doirasida etkazadilar:
a) narkotik vositalar va psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishi bilan shugʻullanayotganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan shaxslar toʻgʻrisida;
b) narkotik vositalar va psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishi uchun foydalanilayotgan transport vositalari, jumladan konteynerlar, va xalqaro pochta joʻnatmalari, shuningdek ularni nazorat qilishning yangi usullari toʻgʻrisida.
2. Bojxona xizmatlari narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishida qoʻllaniladigan usullar, shuningdek ularni nazorat qilishning yangi usullari toʻgʻrisida bir-birlarini oldindan soʻrovsiz xabardor qiladilar.
3. Ushbu moddaning 1- va 2- bandlariga muvofiq Tomonlarning birortasi tomonidan olingan maʼlumot, xabar va hujjatlar bevosita giyohvandlikka va narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza etish va boshqa davlat organlariga berilishi mumkin.
4. Zarur hollarda Tomonlar davlatlarining qonunchiligi asosida va oʻzaro kelishuv boʻyicha bojxona xizmatlari narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga daxldor shaxslarni aniqlash maqsadida ularni nazorat qilinadigan etkazib berish usulidan foydalanadilar.
Nazorat qilinadigan etkazib berish usullarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlarni Tomonlar har bir alohida holatda qabul qiladilar va zarurat boʻlganda Tomonlarning moliyaviy kelishuvlari hisobga olinishi mumkin.
6-modda
Maʼlumotlar berish
Maʼlumotlar berish
1. Bojxona xizmatlari bir-birlariga soʻrov boʻyicha, quyidagilar toʻgʻrisida oʻz ixtiyorlaridagi maʼlumotlarni, shu jumladan xabar, bayonnoma va boshqa hujjatlarni yoki ularning tasdiqlangan nusxalarini yuborish yoʻli bilan taqdim qiladilar:
a) bojxona bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirish, shuningdek bojxona imtiyozlarining qoʻllanilishi bilan bogʻliq holatlar toʻgʻrisida;
b) soʻrayotgan Tomon davlatining bojxona qonunchiligiga zid sodir etilgan yoki tayyorgarlik koʻrilayotgan harakatlar toʻgʻrisida;
2. Bojxona xizmatlari mumkin qadar qisqa muddatlarda, shu jumladan oldindan soʻrovlarsiz, bojxona qonunchiligining buzilishiga qarshi kurashda Tomonlarning alohida manfaatlari mavjud boʻlgan hollarda bir-birlarini xabardor qiladilar. Bular birinchi navbatda quyidagilarni tashishdagi bojxona huquqbuzarliklariga tegishli:
a) atrof-muhit va aholi salomatligiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan tovarlar;
b) qurol-yarogʻ, oʻq-dori, portlovchi va zaharli moddalar, portlatish qurilmalari;
v) muhim tarixiy, badiiy, madaniy yoki arxeologik qiymatga ega boʻlgan buyumlar;
g) Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq alohida muhim ahamiyatga ega va yuqori bojxona bojlari, aksiz va boshqa soliqlar solinadigan tovarlar;
d) Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq alohida muhim ahamiyatga ega va iqtisodiy siyosat choralariga tortilgan tovarlar.
7-modda
Hujjatlarni berish
Hujjatlarni berish
1. Tomonlar davlatlarining bojxona xizmatlari oʻzaro bojxona masalalari boʻyicha amaldagi qonunchilik yoki boshqa meʼyoriy hujjatlarning nusxalarini almashadilar va bojxona qonunchiligidagi barcha oʻzgartishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
2. Bir Tomon davlatining bojxona xizmati boshqa Tomon davlati bojxona xizmatining soʻroviga binoan oʻz davlatlari maʼmuriy organlarining bojxona qonunchiligini qoʻllash masalalari boʻyicha qarorlari nusxalarini beradi.
3. Hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi soʻrovlarda ushbu Bitim 11-moddasi 2-bandining «d» qismida nazarda tutilgan talablardan farqli ravishda masalaning mohiyati bayon etilmasligi mumkin.
4. Olingan hujjatlar soʻragan tomon bojxona xizmati tomonidan olingan sanani koʻrsatib tasdiqlanadi.
8-modda
Tajriba almashish va yordam koʻrsatish
Tajriba almashish va yordam koʻrsatish
1. Bojxona xizmatlari quyidagi maʼlumotlarni almashadilar:
a) oʻz faoliyati va nazoratning texnik vositalarini qoʻllash tajribasi haqida;
b) bojxona huquqbuzarligini sodir etishning yangi usul va vositalari xususida;
v) ikkala Tomon manfaatini ifodalovchi boshqa bojxona masalalari boʻyicha.
2. Tomonlarning bojxona xizmatlari bojxona sohasida bir-birlariga yordam koʻrsatadilar. Bu jumlaga quyidagilar kiradi:
a) oʻzaro manfaatli boʻlgan hollarda, shuningdek bojxona xizmatlarida foydalanilayotgan texnik vositalar bilan tanishish maqsadida bojxona xodimlari bilan almashish;
b) bojxona xodimlarini oʻqitish, maxsus koʻnikmalarini takomillashtirish;
v) bojxona masalalari boʻyicha ekspertlar bilan almashish;
g) bojxona masalalariga oid kasbiy, ilmiy va texnik maʼlumotlarni almashish.
9-modda
Tergov qilish
Tergov qilish
1. Bir Tomonning bojxona xizmati soʻrovi boʻyicha ikkinchi Tomonning bojxona xizmati ushbu Bitimning 2-moddasi «b» va «v» bandlarida koʻzda tutilgan masalalar boʻyicha tergab-tekshiradi. Tergov-tekshirish natijalari bojxona xizmatiga ushbu Bitimning 6-moddasi 1-bandida koʻzda tutilgan tartibga binoan xabar qilinadi.
2. Tergov-tekshirish soʻralayotgan Tomon hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq oʻtkaziladi. Soʻralayotgan bojxona xizmati tergab-tekshirishda oʻz nomidan ish koʻradi.
3. Soʻralayotgan bojxona xizmati soʻrayotgan bojxona xizmatining mansabdor shaxslariga tergab-tekshirishda ishtirok etishga ruxsat berishi mumkin.
4. Bir Tomon davlatining mansabdor shaxslari ikkinchi Tomon davlatining hududida ushbu Bitimda nazarda tutilgan hollar boʻyicha boʻlganlarida oʻz rasmiy vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishlari, xizmat kiyimi kiymasliklari va qurol olib yurmasliklari lozim.
10-modda
Ekspertlar va guvohlar
Ekspertlar va guvohlar
1. Bir Tomon davlatining sud va maʼmuriy organlari bojxona huquqbuzarligi boʻyicha koʻrilayotgan ish yuzasidan soʻrov bilan murojaat qilsa, boshqa Tomon davlatining bojxona xizmati oʻz xodimlariga bunday sud yoki maʼmuriy muhokamada guvoh yoxud ekspert sifatida qatnashishga vakolat berishi mumkin. Bu xodimlar xizmat vazifalarini bajarish vaqtida aniqlangan faktlar boʻyicha xulosa yoki koʻrsatmalar beradilar. Qatnashish toʻgʻrisidagi soʻrovda soʻralayotgan bojxona xizmatining xodimi qaysi ish boʻyicha va kim sifatida ishtirok etishi koʻrsatilishi zarur.
2. Guvohlar va ekspertlarni chaqirish tartibi 1997 yil 2 iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida fuqarolik, oilaviy hamda jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida Shartnoma bilan aniq belgilanadi.
11-modda
Soʻrovlarning shakli va mazmuni
Soʻrovlarning shakli va mazmuni
1. Ushbu Bitim 9-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan soʻrov yozma shaklda yoʻllanadi va soʻralayotgan Tomonning rasmiy tilida, rus yoki boshqa Tomon bojxona xizmati uchun maqbul boʻlgan oʻzga tilda tuziladi. Soʻrovni bajarishda zarur boʻladigan hujjatlar rasmiy tasdiqlangan nusxalarda yoki fotonusxalarda ilova qilinishi kerak.
2. Soʻrov quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) soʻrov asosida manfaatlari yotuvchi bojxona organining nomi;
b) soʻrov mavzusi va sababi;
v) protsedura turi;
g) protsedura qatnashchilarining familiyasi, manzili va ular toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar;
d) ish mohiyatining qisqacha bayoni va uning yuridik kvalifikatsiyasi.
12-modda
Soʻrovlarni bajarish
Soʻrovlarni bajarish
1. Bojxona xizmatlari soʻrovni bajarishda Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq va oʻz vakolatlari doirasida bir-birlariga yordam beradilar.
2. Agar soʻrov ijrosi soʻralayotgan Tomon davlatining mustaqilligiga, xavfsizligiga ziyon etkazadigan, uning qonunchiligiga yoki xalqaro majburiyatlariga zid keladigan boʻlsa, uni bajarish rad etiladi.
3. Soʻrovning bajarilishini rad etish, shuningdek rad etishning sabablari haqida soʻrayotgan bojxona xizmati zudlik bilan yozma ravishda xabardor qilinadi.
13-modda
Hujjatlar
Hujjatlar
1. Soʻrov boʻyicha hujjatlarning rasman tasdiqlangan nusxalari yoki fotonusxalari etarli boʻlmagan hollarda asl hujjatlar beriladi.
2. Asl hujjatlar soʻralayotgan bojxona xizmatiga iloji boricha qisqa muddatlarda qaytarilishi kerak.
3. Ushbu modda qoidalarini qoʻllashda soʻralayotgan Tomon davlatining yoki ushbu Bitim ishtirokchisi boʻlmagan davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilmasligi lozim.
14-modda
Olingan maʼlumot va hujjatlardan foydalanish
Olingan maʼlumot va hujjatlardan foydalanish
1. Bojxona xizmatlari ushbu Bitimga binoan olingan maʼlumot va hujjatlardan oʻzlarining bayonnomalarida, xabarlari va boshqa materiallarida, tergab-tekshirishlarda, bojxona huquqbuzarligi boʻyicha sud va maʼmuriy muhokamalarda dalil sifatida foydalanishlari mumkin. Bu maʼlumot va hujjatlarni sud yoki maʼmuriy muhokamalarda baholash soʻralayotgan Tomon davlatining qonunchiligi bilan belgilanadi.
2. Soʻrov boʻyicha taqdim etilgan maʼlumot, xabar va hujjatlardan faqatgina ushbu Bitimni bajarish maqsadlarida foydalaniladi va ularni taqdim etgan bojxona xizmatining yozma roziligisiz boshqa birovga berilishi, boshqa maqsadlarda ishlatilishi va oshkor qilinishi mumkin emas.
3. Ushbu modda 2-bandining narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq boʻlgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi materiallarga tegishli emas. Bunday axborot narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bilan bevosita shugʻullanuvchi davlat organlariga berilishi mumkin.
15-modda
Xarajatlarni qoplash
Xarajatlarni qoplash
1. Soʻrayotgan bojxona xizmati soʻralayotgan bojxona xizmatining ushbu Bitimni bajarish uchun soʻralayotgan bojxona xizmatida ishlamaydigan ekspertlar va tarjimonlar uchun mehnat haqi sifatida toʻlanadigan xarajatlarini qoplaydi.
2. Ushbu Bitim 8-moddasining shartlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash masalasi Tomonlar davlatlarining bojxona xizmatlari oʻrtasida alohida kelishuvlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
16-modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
Tomonlarning roziligi boʻyicha ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning 20-moddasida oʻrnatilgan tartibga asosan kuchga kiradi.
17-modda
Bitimning ijro etilishi
Bitimning ijro etilishi
1. Ushbu Bitimda nazarda tutilgan hamkorlik bevosita bojxona xizmatlari oʻrtasida amalga oshiriladi.
2. Bojxona xizmatlari oʻz vakolatlari doirasida ushbu Bitimning ijro etilishi uchun zarur meʼyoriy hujjatlarni chiqaradilar.
3. Ushbu Bitimning ijro etilishi uchun Tomonlar davlatlarining bojxona xizmatlari ikki tomonlama bojxona munosabatlarining masalalari boʻyicha alohida bitimlar tuzishlari mumkin.
18-modda
Bahsli masalalarni hal etish
Bahsli masalalarni hal etish
Ushbu Bitimning bajarilishi va qoʻllanilishi bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan bahsli masalalar muzokaralar va maslahatlashishlar yoʻli bilan hal etiladi.
19-modda
Alohida qoidalar
Alohida qoidalar
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiq olgan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
20-modda
Yakunlovchi qoidalar
Yakunlovchi qoidalar
Ushbu Bitim ikkala Tomon qonunlari koʻzda tutgan zarur davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari haqidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan boshlab olti oy oʻtgunicha amal qiladi.
Toshkent shahrida 1998 yil 31 oktyabrda ikki nusxada oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar teng autentikdir. Bitim qoidalarini sharhlash uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004 y., 3-4-son)