Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi idoralari xodimlarining darajali maxsus unvonlari toʻgʻrisidagi nizomni va Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi idoralari xodimlarini ragʻbatlantirish va ularning intizomiy javobgarligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
748-XII-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Kengashining
1992-yil 9-dekabrdagi
748-XII-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PROKURATURASI IDORALARI XODIMLARINING MAXSUS UNVONLARI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Ushbu Nizom prokuratura idoralarining xodimlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublika Prokuraturasi ilmiy muassasalari va oʻquv yurtlari xodimlarining darajali maxsus unvonlarini belgilash va berish tartibini belgilaydi.
2. Prokuratura idoralari xodimlarining quyidagi darajali maxsus unvonlari belgilanadi:
| oliy darajali maxsus unvonlar | — | Haqiqiy Davlat adliya maslahatchisi, |
| | — | 1-darajali Davlat adliya maslahatchisi, |
| | — | 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi, |
| | — | 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi; |
| | | |
| yuqori darajali maxsus unvonlar | — | adliya katta maslahatchisi, |
| | — | adliya maslahatchisi, |
| | — | adliya kichik maslahatchisi; |
| | | |
| quyi darajali maxsus unvonlar | — | 1-darajali yurist, |
| | — | 2-darajali yurist, |
| | — | 3-darajali yurist, |
| | — | kichik yurist. |
3. Darajali maxsus unvonlarni berish xodimlarning ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini hisobga olgan holda hamda uning egallab turgan lavozimiga va ish stajiga muvofiq holda bosqichma-bosqich tartibda amalga oshiriladi.
|
Unvonning nomi |
Lavozimi |
| Haqiqiy Davlat adliya maslahatchisi | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori. |
| 1-darajali Davlat adliya maslahatchisi | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari. |
| 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorini oʻrinbosarlari. |
| 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi | Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi boshqarma va boʻlimlarining boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan boshqa prokurorlar. |
| Adliya katta maslahatchisi | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining kata yordamchilari va maxsus topshiriqlar boʻyicha yordamchilari, boshqarma va boʻlim boshliqlarining oʻrinbosarlari, boshqarmalar tarkibidagi boʻlimlarning boshliqlari, ilmiy muassasa va oʻquv yurtining rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining alohida muhim ishlar boʻyicha katta tergovchilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorining oʻrinbosarlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning oʻrinbosarlari. |
| Adliya maslahatchisi | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yordamchilari, boshqarmalar tarkibiga kiruvchi boʻlimlar boshliqlarining oʻrinbosarlari, boshqarmaning katta prokurorlari, alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchilari va katta tergovchilari, ilmiy muassasa va oʻquv yurti rahbarining oʻrinbosarlari, kafedra mudirlari va sektor rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar boshqarma va boʻlimlarining boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari, shahar tuman va ularga tenglashtirilgan prokurorlar. |
| Adliya kichik maslahatchisi | Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari, boshqarmalar va boʻlimlarning katta prokurorlari, alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchilari hamda oʻqituvchi va ilmiy xodimlari, shahar, tuman va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning oʻrinbosarlari. |
| 1-darajali yurist 2-darajali yurist 3-darajali yurist |
Shahar va tuman prokurorlarining yordamchilari, tergovchilari (darajali unvonga ega boʻlgan muddatga bogʻliq tarzda) |
| kichik yurist | Prokuratura idoralarida ish oʻrganayotganlar, yosh mutaxassislar, mutaxassisligi boʻlmagan shaxslar va yordamchi lavozimlarda ishlayotganlar. |
| | |
4. Prokuratura idoralarining xodimlariga egallab turgan lavozimiga mos keladigan darajali maxsus unvonlar beriladi:
5. Har bir darajali maxsus unvonni egallab turish muddati quyidagicha belgilanadi:
| kichik yurist | — | 1 yil |
| 3-darajali yurist | — | 2 yil |
| 2-darajali yurist | — | 2.5 yil |
| 1-darajali yurist | — | 3 yil |
| Adliya kichik maslahatchisi | — | 3 yil |
| Adliya maslahatchisi | — | 3.5 yil |
| Adliya katta maslahatchisi | — | 4 yil |
1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi unvonlarini egallab turish muddati belgilanmaydi.
6. Haqiqiy Davlat adliya maslahatchisi, shuningdek, 1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi daraja maxsus unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
Boshqa darajadagi maxsus unvonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori beradi.
7. Kichik yurist darajali maxsus unvoni attestatsiyadan oʻtgan va lavozimga tasdiqlangan yosh mutaxassislarga beriladi. Ish oʻrganish davrida alohida oʻrnak koʻrsatgan yosh mutaxassislar 3-darajali yurist unvoniga taqdim qilinishi mumkin.
Prokuratura idoralarining ishlar boshqarmasida, moliya, moddiy-texnikaviy taʼminot tarmoqlarida ishlayotgan hamda attestatsiyaga daxli boʻlmagan oʻzga xodimlar mehnatda alohida oʻrnak koʻrsatganliklari uchun istisno tariqasida darajali maxsus unvonga taqdim etilishlari mumkin.
8. Prokuratura idoralariga huquqni muhofaza qilish idoralaridan va boshqa tashkilotlardan ishga oʻtgan xodimlarga tayinlangan lavozimiga, ularning bilimi va ish tajribasiga bogʻliq ravishda darajali maxsus unvonlar beriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori quyidagi huquqlarga ega:
ayrim hollarda oʻz xizmat burchini namunali bajarganligi uchun xodimlarga darajali maxsus unvonlarni Ushbu Nizomning 5-moddasida koʻrsatilgan muddat tugamasdan avval berish;
yuqoriroq lavozimga tayinlanganda navbatdan tashqari, lekin xodim egallab turgan unvondan koʻpi bilan ikki pogʻona yuqori turgan unvon berish;
1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi unvonini berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat etish.
10. Prokuratura idoralarining darajali maxsus unvon berilgan xodimlari mazkur unvonga umrbod ega boʻlib qoladilar. Xodim oʻzini badnom qiladigan qilmishi uchun prokuratura idoralaridan boʻshatilganda darajali maxsus unvondan mahrum etilishi mumkin. Prokuratura idoralarining xodimlari oʻz xizmat burchini qoʻpol ravishda buzgan holda yoki noloyiq xulq-atvori uchun uning unvoni pasaytirilishi mumkin.
11. Prokuratura xodimlarini oliy darajali maxsus unvonlardan mahrum etish yoki ular unvonini pasaytirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, boshqa unvonlardan mahrum etish yoki unvondan pasaytirish — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan amalga oshiriladi.
12. Prokuratura organlari idoralarining darajali maxsus unvonlarga ega boʻlgan xodimlariga mansab okladlariga qoʻshimcha haq toʻlanadi.
13. Prokuratura organlarining darajali maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlari xizmat vazifalarini bajarish davrida alohida koʻrinishdagi belgilar taqilgan maxsus libos kiyadilar. Oliy darajali maxsus unvonga ega boʻlib, pensiyaga chiqishi munosabati bilan xizmatdan boʻshagan prokuratura idoralari xodimlari alohida koʻrinishdagi belgilar taqilgan maxsus libosni kiyib yurish huquqini saqlab qoladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi tarkibiga kirgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurollik kuchlarida, vazirliklari va idoralarining harbiy mahkamalarida, harbiylashtirilgan tarkibiy boʻlinmalarida qonunlarning ijrosini nazorat qiluvchi harbiy prokuraturaning xodimlariga unvonlar berish alohida Nizom bilan belgilanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Kengashining
1992-yil 9-dekabrdagi
748-XII-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PROKURATURASI IDORALARI XODIMLARINI RAGʻBATLANTIRISh VA ULARNING INTIZOMIY JAVOBGARLIGI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Prokuror-tergov xodimlarining bilimdonligi, yuksak axloqiy fazilatlari va ongli shaxsiy intizomi prokuratura zimmasiga yuklangan vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishining muhim sharti hisoblanadi.
Ular halol va qonunlarning buzilishiga murosasiz boʻlishlari, oʻz kasb vazifalarini fuqarolik matonati bilan adolatli va vijdonan bajarishlari lozim. Prokuratura xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya qilishlari, ishda tashabbuskor boʻlishlari, ishning sifati va samaradorligini oshirishlari, oʻz faoliyatlari orqali qonunning ustuvorligini taʼminlashga, fuqarolarning huquqiy ongini qonunlarga hurmat ruhida shakllantirishga koʻmaklashishlari lozim.
Prokuror-tergov xodimlari tomonidan sodir etilgan har qanday qonunbuzarlik va xizmat intizomining buzilishi prokuratura obroʻsini tushiradi, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazadi.
2. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunining 51-moddasiga muvofiq prokuror-tergov xodimlarining, shuningdek, prokuratura oʻquv, ilmiy va boshqa muassasalarining xodimlarini mukofotlash va ularni intizomiy javobgarlikka tortish tartibini belgilaydi.
II. RAGʻBATLANTIRISh
3. Prokuror-tergov xodimlari, shuningdek, prokuraturaning, oʻquv, ilmiy va boshqa muassasalarining xodimlari xizmat vazifalarini vijdonan va namunali bajarganliklari, tashabbuskorligi va ishdagi izchilligi uchun ragʻbatlantiriladilar.
4. Ragʻbatlantirishning quyidagi turlari mavjud:
1) tashakkurnoma
2) pul mukofoti
3) sovgʻa
4) qimmatbaho sovgʻa
5) darajali unvonini koʻtarish
6) “Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash.
Prokuratura idoralarining xodimlari mehnatdagi alohida xizmatlari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” Faxriy unvoniga va Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga taqdim etilishlari mumkin.
5. Ragʻbatlantirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tashakkurnoma eʼlon qilish, pul mukofoti, sovgʻa berish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorlari, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari, transport prokurorlari, harbiy prokurorlar va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi;
qimmatbaho sovgʻa bilan mukofotlar, darajali unvonini oshirish, “Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” faxriy unvoniga hamda boshqa davlat mukofotlariga tavsiya etish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman, shahar prokurorlari, shuningdek harbiy prokurorlar va ularga tenglashtirilgan prokurorlar ishda alohida oʻrnak koʻrsatgan prokuratura idoralarining xodimlarini ragʻbatlantirish haqidagi taqdimnomani yuqori turuvchi prokurorga kiritadilar.
6. Ragʻbatlantirish buyruq orqali eʼlon qilinadi va xodimning mehnat daftarchasiga hamda shaxsiy ishida qayd qilib qoʻyiladi. Ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi buyruq bilan mukofotlangan xodim, mazkur prokuratura xodimlari, lozim hollarda esa barcha prokuror-tergov xodimlari tanishtiriladi.
III. INTIZOMIY JAZO
7. Prokuror-tergov xodimlariga, shuningdek prokuraturaning oʻquv, ilmiy va boshqa muassasalarning xodimlariga nisbatan intizomiy jazo, oʻz xizmat vazifasini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoki prokuratura xodimi degan nomga dogʻ tushiradigan nojoʻya xatti-harakat sodir etganligi uchun qoʻllaniladi.
8. Quyidagilar intizomiy jazolar hisoblanadi:
1) tanbeh
2) hayfsan
3) qattiq hayfsan
4) darajali unvonini pasaytirish
5) “Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining faxriy xodimi” koʻkrak nishonidan mahrum etish
6) lavozimini pasaytirish
7) ishdan boʻshatish
8) ishdan boʻshatib, darajali unvonidan mahrum etish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori respublika Prezidenti bergan darajali unvonlardan mahrum etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy idorasi tomonidan tayinlangan shaxslarni lavozimlaridan boʻshatishdan (shu jumladan, ayni bir paytda ularni darajali unvonlaridan mahrum etishdan) tashqari barcha intizomiy jazo turlarini qoʻllash huquqiga ega. Bu hollarda Bosh prokuror tegishli taqdimnoma bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy idorasiga murojaat qilishga haqlidir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, transport, harbiy va ularga tenglashtirilgan boshqa prokurorlar oʻziga boʻysunuvchi xodimlarga quyidagi intizomiy jazo turlarini qoʻllashi mumkin: tanbeh, hayfsan, qattiq hayfsan, shuningdek ularning nomenklaturasiga kiradigan shaxslarni lavozimidan pasaytirish va ishdan boʻshatish huquqiga ega.
Tuman, shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar ularga boʻysinadigan prokuror va tergov xodimlariga jazo berish uchun yuqori turuvchi prokurorga taqdimnoma kiritadi.
Sodir etilgan aynan bir nojoʻya xatti-harakat uchun xodimga faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin.
10. Intizomiy jazo qoʻllash masalasini hal etayotgan prokuror sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatni shaxsan oʻzi oʻrganib chiqishi hamda uni sodir etgan shaxsdan yozma tushuntirish olishi shart. Zarur hollarda esa xizmat tekshiruvi tayinlanishi mumkin.
Intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat maʼlum boʻlgan kundan boshlab bir oy muddatdan kechiktirilmay qoʻllaniladi, lekin bunda xodim betob boʻlgan, mehnat taʼtilidagi vaqti, shuningdek, xizmat tekshiruvchi uchun ketgan vaqt hisobga kirmaydi. Nojoʻya xatti-harakat maʼlum boʻlgan kundan boshlab bir yil oʻtgan boʻlsa intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin emas.
Xodim prokuratura idoralarida ishlashga zid boʻlgan nomunosib xatti-harakatlar sodir etgan, shuningdek harakatlar jinoiy va fuqarolik protsessual qonunlarning talabini buzish bilan bogʻliq boʻlsa, bu xatti-harakatlar sodir etilgan muddatdan qatʼi nazar, u intizomiy javobgarlikka tortiladi.
Jazo buyruq bilan berilib, intizomiy jazoga tortilgan xodimga eʼlon qilinadi va uning shaxsiy ishiga tikib qoʻyiladi. Intizomiy jazo toʻgʻrisidagi buyruq ushbu prokuratura xodimlariga va zarur hollarda barcha prokuror-tergov xodimlariga ham eʼlon qilinadi.
11. Yuqori turuvchi prokuror buyrugʻida oʻz qarorini asoslagan holda jazoni bekor qilish, kuchaytirish yoki yengillashtirishi mumkin. Intizomiy jazo sifatida lavozimdan pasaytirish yoki ishdan boʻshatish jazosi qoʻllanilgan boʻlsa, bu lavozimning pasaytirilishini yoki ishdan boʻshatilishni noqonuniy deb topsa yuqori turuvchi prokuror jazolangan xodimni avvalgi lavozimiga tiklash va ishdan boʻshatilgan kundan boshlab majburan ishlamagan vaqti uchun oʻrtacha ish haqi toʻlash yoki past lavozimda ishlagan vaqt uchun maoshning farqini koʻpi bilan bir yil uchun toʻlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
12. Xodim intizomiy javobgarlikka tortilgandan keyin bir yil ichida qaytadan javobgarlikka tortilmasa, u intizomiy javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanadi. Bir yillik vaqtning oʻtishi tegishli jazo choralari qoʻllangan xodimlarning “Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni qaytarilishiga, avvalgi lavozimiga tiklanishiga va daraja unvonlarining qaytarilishiga olib kelmaydi. Ilgarigi darajali unvonlariga va lavozimlariga tiklash faqat attestatsiyadan oʻtkazish tartibida amalga oshriladi.
Xodim oʻz xizmat vazifasini vijdonan bajarayotganini namoyon qilsa, unga berilgan intizomiy jazoni jazo bergan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror muddatidan ilgari olib tashlashi mumkin.
13. Xodimning intizomiy jazoga tortilishi uning navbatdagi darajali unvonga va yuqori lavozimga koʻtarilishiga yoʻl qoʻymaydigan holat boʻlib hisoblanadi.
Intizomiy jazoning borligi beriladigan mukofotning miqdoriga, mehnat taʼtilini belgilash va boshqa imtiyozlarni berishda taʼsir koʻrsatadi.
14. Prokuror intizomiy jazo berishda oʻz vakolat doirasidan chiqsa yoki uni yetarli darajada qoʻllamasa, yuqori turuvchi prokuror oldida javob beradi.
15. Xodimga berilgan intizomiy jazo ustidan shikoyat berishi mumkin. Ariza yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga intizomiy jazo berish toʻgʻrisidagi buyruq xodimga eʼlon qilingandan keyin ikki hafta ichida berilishi mumkin.
Yuqori turuvchi prokuror yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori arizani tushgan kundan boshlab 10 kun ichida koʻrib chiqib qaror qabul qiladi, agarda qoʻshimcha tekshirish kerak boʻlsa, bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqadi.
Shikoyat berilishi intizomiy jazoning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻziga boʻysunadigan prokurorlar tomonidan berilayotgan ragʻbatlantirish va jazo choralarining asosliligi va qonuniyligini nazorat qilib boradi va asossiz hamda noqonuniy buyruqlarning bekor qilish tadbirini koʻradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 31-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 146-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda)