Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Konvensiya
DAROMAD VA MOL-MULK SOLIQLARIGA NISBATAN IKKI YoQLAMA SOLIQQA TORTIShNING OLDINI OLISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati,
daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish, shuningdek ikkala mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikka koʻmaklashish maqsadida Konvensiya tuzishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Qoʻllanish doirasi
Qoʻllanish doirasi
Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkalasining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanadi.
2-modda
Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari nomidan undiriladigan daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va mol-mulk soliqlariga, umumiy daromaddan, umumiy mulkdan yoki daromad yoxud mulkning bir qismidan, shu jumladan koʻchar va koʻchmas mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlardan hamda korxonalar tomonidan toʻlanadigan ish haqi va mukofotlarning umumiy miqdoridan, shuningdek mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan barcha soliqlar kiradi.
3. Ushbu Konvensiya qoʻllaniladigan amaldagi soliqlar, xususan quyidagilardir:
a) Oʻzbekistonda:
(i) yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi;
(ii) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(iii) mol-mulk soligʻi
(bundan keyin “Oʻzbekiston soligʻi” deb ataladi).
b) Bolgariyaga nisbatan:
(i) jismoniy shaxsdan olinadigan daromad soligʻi;
(ii) korporativ daromad soligʻi;
(iii) koʻchmas mulk soligʻi;
(iv) yakuniy soliq
(bundan keyin “Bolgariya soligʻi” deb ataladi).
4. Bu Konvensiya imzolangan sanadan soʻng undiriladigan soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritilgan mohiyati boʻyicha oʻxshash har qanday soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlarining tegishli soliq qonunlariga kiritilgan barcha mavjud oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qilib turadilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Konvensiya maqsadlarida, agar matndan oʻzga maʼno chiqmasa:
a) “bir Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matnga bogʻliq ravishda, Oʻzbekistonni yoki Bolgariyani anglatadi;
b) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganda Oʻzbekiston Respublikasi oʻz suveren huquq va yurisdiksiyasini amalga oshirishi mumkin boʻlgan uning hududini, hududiy suvlari va osmon kengliklarini, shu jumladan xalqaro huquq va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan yer osti va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini amalga oshirishi mumkin boʻlgan hududni anglatadi;
s) “Bolgariya” atamasi Bolgariya Respublikasini anglatadi va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganda uning Davlati oʻz suverenitetini amalga oshiradigan hududni va hududiy dengizni, shuningdek u xalqaro huquqqa muvofiq suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan mintaqaviy shelf va eksklyuziv iqtisodiy hududni anglatadi;
d) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniya yoki shaxslarning har qanday boshqa birlashmasini oʻz ichiga oladi;
e) “kompaniya” atamasi har qanday yuridik shaxsni yoki soliqqa tortish maqsadlarida yuridik shaxs sifatida qaraladigan har qanday tashkilotni anglatadi;
f) “bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari tegishlicha bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani anglatadi.
g) “milliy shaxs” atamasi quyidagilarni anglatadi:
i) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni;
ii) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxsni, shirkat va assotsiatsiyani anglatadi;
h) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transportida har qanday tashishni anglatadi, dengiz, havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarining boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasida foydalanilish hollari bundan mustasno;
i) “vakolatli organ” atamasi:
i) Oʻzbekistonga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisini yoki uning vakolatli vakilini;
ii) Bolgariyaga nisbatan — Moliya vazirini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi.
2. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlat tomonidan qoʻllanilganda, unda belgilanmagan har qanday atama, agar matn mazmunidan boshqa maʼno kelib chiqmasa, u ushbu Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan shu Davlatning ana shu davrdagi qonunlari boʻyicha belgilangan maʼnoga ega boʻladi. Ana shu Davlatning tegishli soliq qonunlariga muvofiq tatbiq etiladigan har qanday maʼno shu Davlatning boshqa qonunlariga binoan ushbu atama uchun belgilangan maʼnodan ustunlik qiladi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Konvensiya maqsadlarida “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi ana shu Davlat qonuniga muvofiq oʻzining yashash joyi, doimiy boʻlib turish joyi, boshqaruv joyi, yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan joyi va har qanday boshqa shunga oʻxshash mezonlar asosida soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatadi. Biroq, bu atama faqat ushbu Davlatda joylashgan manbalardan yoki mulkdan daromad olayotgani uchungina ushbu Davlatda soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni oʻz ichiga olmaydi.
2. Agar ushbu moddaning 1-band qoidalariga muvofiq, jismoniy shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda aniqlanadi:
a) u qaysi Davlatda oʻzi uchun toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, faqat shu Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikkala Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, faqat shaxsiy va iqtisodiy aloqalari yaqinroq boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlar markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa, yoki u Davlatlardan hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlmasa, u odatda yashaydigan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
s) agar shaxs odatda har ikkala Davlatda yashasa yoki odatda ularning hech birida yashamasa, u qaysi Davlatning milliy shaxsi boʻlsa, faqat oʻsha Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar u har ikkala Davlatning milliy shaxsi boʻlsa yoki hech biriniki boʻlmasa, unda Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qilishlari lozim.
3. Agar ushbu moddaning 1-band qoidalariga muvofiq, jismoniy shaxsdan boshqa boʻlgan shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda u qaysi Davlatning qonunlariga muvofiq tashkil etilgan boʻlsa, oʻsha Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Konvensiya maqsadlarida “doimiy muassasa” atamasi korxonaning tadbirkorlik faoliyatini toʻliq yoki qisman amalga oshiradigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlim;
s) ofis;
d) fabrika;
e) ustaxona; va
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joyni.
3. “Doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
a) qurilish maydonchasini, qurilish, montaj yoki yigʻuv obyektni yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan nazorat faoliyatini biroq, faqat shunday xoldaki, agar shunday maydoncha, obyekt yoki faoliyatning davomiyligi 12 oydan koʻproq davom etsa;
b) Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan xizmatlar koʻrsatish, jumladan konsalting xizmatlari korxonaning shu maqsadlar uchun yollagan xizmatchilar yoki boshqa personallar orqali amalga oshirilishi, biroq shunday xoldaki, agar shu mazmundagi faoliyat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida 6 oydan oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsa.
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay “doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki buyumlarni saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki buyumlar zaxirasini faqatgina saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida ushlab turilishi;
s) shu korxonaga tegishli tovar yoki buyumlar zaxirasini boshqa korxona tomonidan faqatgina qayta ishlash maqsadlarida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqatgina tovar yoki buyumlar sotib olish yoki ushbu korxona uchun axborot yigʻish maqsadlarida ushlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining ana shu korxona maqsadlari uchungina boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlari yoʻlida ushlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyining a)-e) kichik bandlarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyalashuvi uchungina bunday doimiy faoliyat joyining faoliyati ana shu kombinatsiyalashuvdan yuzaga keladigan umumiy faoliyat tayyorgarlik yoki yordamchi tusda boʻlgan taqdirda saqlab turilishi.
5. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlari qoidalariga qaramay, ushbu moddaning 7-bandi qoʻllaniladigan mustaqil maqomli agentdan oʻzga boʻlgan shaxs, bir Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi nomidan ish yuritsa, unda bu korxona birinchi eslatib oʻtilgan Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaraladi, agar:
a) u birinchi eslatib oʻtilgan Davlatda ana shunday korxona uchun yoki uning nomidan shartnomalar tuzish vakolatiga ega boʻlsa va odatda undan foydalansa, yoki
b) u birinchi eslatib oʻtilgan Davlatda korxonaga tegishli boʻlgan tovar va buyumlar zaxirasini ushlab tursa va undan ana shunday korxona uchun yoki uning nomidan tovar va buyumlar sotsa,
ushbu shaxsning faoliyati ushbu moddaning 4-bandida eslatib oʻtilgan faoliyat turlari bilan cheklanib qolmasa, u faoliyat joyi orqali amalga oshirilsa ham shu bandning qoidalariga binoan bunday doimiy faoliyat joyidan doimiy muassasa hosil qilmaydi.
6. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatning sugʻurta korxonasi, agar boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida sugʻurta mukofotlarini yigʻsa yoki ushbu moddaning 7-bandi taalluqli boʻlgan mustaqil maqomli agentdan boshqa boʻlgan shaxs orqali u yerda boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni sugʻurta qilsa, qayta sugʻurta qilish hollaridan tashqari, u ana shu boshqa Davlatda doimiy muassasaga ega, deb hisoblanadi.
7. Korxona, agar ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bunda bu shaxslarning harakati oʻzlarining odatdagi faoliyati doirasida boʻlgan holdagina boshqa Davlatda doimiy muassasaga ega, deb qaralmaydi.
8. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilsa yoki nazorat qilinsa yoki ana shu boshqa Davlatda tijorat faoliyatini (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) amalga oshirayotgan boʻlsa, bu hol oʻz-oʻzidan bu kompaniyalardan birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan oladigan daromadlari (jumladan, qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromadlar) ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonuniga muvofiq ega boʻlgan maʼnoga egadir. Har qanday holda ham ushbu atama yer ustidagi mulkchilikka taalluqli boʻlgan umumiy qonunlarini qoidalari bilan huquqi belgilab berilgan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, qishloq va oʻrmon xoʻjaligida ishlatiladigan chorva va vositalarni hamda koʻchmas mulk uzufruktini, minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslarning qatlamalarini qazish uchun tovon sifatida toʻlanadigan oʻzgarmas toʻlovlar huquqini yoki minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslar qatlamlarini qazish huquqini oʻz ichiga oladi. Dengiz va havo kemalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. Ushbu moddaning 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki boshqa har qanday shaklda foydalanishdan olinadigan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining foydasi, agar korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar korxona oʻz faoliyatini yuqorida aytilganidek amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda faqat doimiy muassasaga tegishli boʻlgan qismigina soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 3-bandi qoidalariga muvofiq, agar bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Davlatda bunday doimiy muassasaga hisoblanadigan foyda u alohida va mustaqil korxona sifatida xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni xuddi shunday yoki shunga oʻxshash shartlar asosida amalga oshirib doimiy muassasa hisoblangan korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda ish koʻrib olishi mumkin boʻlgan foyda kabi oʻtkaziladi.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda ushbu doimiy muassasa faoliyati maqsadlarida sarflangan xarajatlarni, jumladan doimiy muassasa joylashgan Davlatdagi hamda uning hududidan tashqaridagi kabi faoliyati maqsadlarida sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlarni chegirib tashlashga yoʻl qoʻyiladi.
Biroq, doimiy muassasa tomonidan uning bosh muassasasiga yoki rezidentning boshqa muassasalaridan istalgan biriga royalti toʻlovlari, yigʻimlar yoxud patentlardan yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar yoʻli bilan yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar yoki menejmentlik uchun komission toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan yoki korxonaning bosh idorasiga doimiy muassasaga berilgan qarz miqdoriga nisbatan foizlarni toʻlash yoʻli bilan toʻlangan qiymatlarni chegirib tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu tarzda doimiy muassasa foydasini aniqlashda doimiy muassasa tomonidan uning bosh muassasasiga yoki rezidentning boshqa muassasalaridan istalgan biriga royalti toʻlovlari, yigʻimlar yoxud patentlardan yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar yoʻli bilan yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar yoki menejmentlik uchun komission toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan yoxud korxonaning bosh idorasiga yoki uning boshqa idorasiga berilgan qarz miqdoriga nisbatan foizlarni toʻlash yoʻli bilan toʻlangan qiymatlar inobatga olinmaydi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga tegishli boʻlgan foydani korxona oladigan umumiy foyda miqdorini uning turli boʻlinmalariga proporsional taqsimlash asosida aniqlash odatdagi amaliyot ekanligiga qaramay, ushbu moddaning 2-bandidagi hech bir narsa, odatda qabul qilinganidek, bu Davlatga shunday taqsimlash asosida soliqqa tortiladigan foydani aniqlashga xalaqit bermaydi; taqsimlashning tanlangan usuli shunday boʻlishi lozimki, natija ushbu moddada mavjud boʻlgan tamoyillarga muvofiq kelishi lozim.
5. Doimiy muassasa tomonidan korxona uchun tovar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib doimiy muassasaga biron-bir foyda hisoblanmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlarida doimiy muassasaga taalluqli boʻlgan foyda, agar uning oʻzgarishi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Qachonki, foyda ushbu Konvensiyaning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad turlarini qamrab oladigan boʻlsa, unda bu moddalarning qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining xalqaro tashishlarda dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan foydalanishdan olgan foydasi faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalari quyidagilarga ham qoʻllanadi:
a) xalqaro tashishlarda foydalaniladigan ekipajsiz kemalar yoki havo kemalarini ijaraga berishdan, shu jumladan fraxtlash asosida olinadigan tasodifiy foydalarga;
b) konteynyerlardan foydalanish, saqlash, ijaraga berish (jumladan treylyerlar va konteynyerlarni tashish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa uskunalar) yuzasidan olinadigan foydalarga agar bunday foydalar ushbu moddaning 1-bandi tatbiq etiladigan foydalarga nisbatan qoʻshimcha yoki tasodifiy boʻlsa.
3. Ushbu moddaning 1- va 2- bandlari qoidalari pulda, qoʻshma faoliyatda yoki transport vositalaridan foydalanish boʻyicha xalqaro tashkilotda ishtirok etishdan olinadigan foydalarga nisbatan ham qoʻllanadi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
b) oʻsha shaxslar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasini va boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
va har qanday holatda ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mustaqil korxonalar oʻrtasida yaratiladigandan farqli boʻlgan sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, bunda ulardan biriga hisoblanishi mumkin boʻlgan, ammo shunday sharoitlar natijasida unga hisoblanmagan har qanday foyda ana shu korxonaning daromadi yoki foydasiga hisoblanishi va muvofiq ravishda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Qachonki, Ahdlashuvchi Davlat shu Davlat korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boʻyicha ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortiladigan foydani kiritsa — tegishli tarzda soliqqa tortsa va shu tariqa kiritilgan foyda, agar ikkala korxona oʻrtasidagi munosabatlar ikki mustaqil korxona oʻrtasidagi munosabatlar kabi boʻlganida birinchi eslatilgan Davlat korxonasiga hisoblanadigan foyda boʻlsa, u holda ana shu boshqa Davlat shu Davlatga tegishli foydadan olinadigan soliq miqdoriga zarur tuzatishlar kiritadi. Bunday tuzatishlarni belgilashda ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalariga tegishlicha eʼtiborni qaratishi kerak va zarur boʻlsa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzaro maslahatlashishlarni boshlashlari lozim.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar, shuningdek dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda, ana shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, agar, dividendlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda shu tarzda olingan soliqning miqdori dividendlar umumiy miqdorining 10 foizidan oshmasligi kerak.
Bu band kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydasini soliqqa tortishga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida, aksiyalardan yoki qarz talablari hisoblanmagan, foydada ishtirok etish huquqini beruvchi boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezident boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad kabi xuddi shunday soliqqa tortish orqali tartibga solinadigan boshqa daromadlarni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan holda, ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezident boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni u yerda joylashgan doimiy bazadan koʻrsatsa va dividendlar toʻlanadigan xolding aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, ushbu moddaning 1- va 2-band qoidalari qoʻllanmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlarni soliqqa tortmasligi mumkin, bunda dividendlar ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanadigan yoki dividendlar toʻlanadigan xolding shu boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlsa, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olinmaydi, kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi hatto toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday foizlar, shuningdek ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda, shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bunday holda soliq foizlar yalpi miqdorining 10 foizidan oshmasligi kerak.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan toʻlanadigan foizlar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, agar foizlarning haqiqiy egasi shu Davlatning oʻzi yoki mahalliy hokimiyat organlari, yoki
a) Oʻzbekistonga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari tomonidan kelishiladigan ana shu Davlatga toʻliq tegishli boʻlgan shunga oʻxshash moliyaviy muassasa;
b) Bolgariyaga nisbatan — Bolgariya Markaziy banki yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari tomonidan kelishiladigan ana shu Davlatga toʻliq tegishli boʻlgan shunga oʻxshash moliyaviy muassasa.
4. “Foizlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda ipoteka taʼminotidan qatʼi nazar va qarzdorning foydalarida ishtirok etish huquqidan va xususan hukumat qimmatbaho qogʻozlaridan olinadigan daromad va obligatsiya yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromaddan, jumladan ana shu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiya yoki qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofot va yutuqlardan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni anglatadi. Toʻlov muddati choʻzib yuborilganligi uchun qoʻllaniladigan jarimalar ushbu modda maqsadlarida foizlar sifatida qaralmaydi.
5. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini olib borayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talablari shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlsa, ushbu moddaning 1-va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, ushbu Konvensiyaning 7-modda yoki 14-moddasi qoidalari qoʻllanadi.
6. Foizlar Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi, qachonki, foizlarni toʻlovchi Davlatning oʻzi, shu Davlatning mahalliy hokimiyat organi yoki rezidenti boʻlsa. Biroq, foizlarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlish yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasa yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, shu tufayli qarz boʻyicha foizlar toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa va shunday foizlar toʻlash boʻyicha xarajatlarni doimiy muassasa yoki doimiy baza amalga oshirsa, bunda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
7. Agar toʻlovchi bilan amalda foizlar olish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi yoki ular ikkalasi va har qanday boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida foizlar miqdori toʻlovchi bilan amalda foizlar olish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda, toʻlovning ortiqcha qismidan ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq, avvalgidek soliqqa tortiladi.
8. Ushbu Konvensiyaning 7-moddasi qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga tegishli boʻladigan foizlar, agar u kafolatlangan, sugʻurta qilingan zaymga nisbatan yoki Ahdlashuvchi Davlat nomidan uning vakolatli organi tomonidan kafolatlangan yoki sugʻurtalangan boshqa har qanday qarz talabnomasi yoki kreditga nisbatan toʻlangan boʻlsa, birinchi eslatib oʻtilgan Davlatda soliqdan ozod etiladi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, bu royaltilar, shuningdek, ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda ana shu Davlatning qonunlariga muvofiq, soliqqa tortilishi mumkin, agar royaltilarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bunday holda, shunday tarzda undiriladigan soliq royaltilar yalpi miqdorining 10 foizidan oshmasligi kerak.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida har qanday adabiyot, sanʼat va ilmiy asarlarni, shu jumladan kinofilm va yozuvlar yoki radio va televideniye uchun boshqa sahna yoki ovozli asarlar, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki modellar, reja, maxfiy formula yoki jarayonlar uchun mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqdan foydalanish huquqi uchun yoki sanoat, tijorat, ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot (nou-xau) uchun mukofot tarzida olinadigan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Agar royaltilarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirayotgan boʻlsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoxud mulk shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatdan bogʻliq boʻlsa, ushbu moddaning 1- va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllanadi.
5. Agar toʻlovchi shu Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi. Biroq, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlish yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki baza toʻlov xarajatlarini toʻlasa, bunday royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi yoki ularning ikkalasi va har qanday boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki axborot uchun toʻlanadigan royaltining miqdori toʻlovchi va amalda shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllanadi. Bunday holda, toʻlovning ortiqcha qismi ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliqqa tortiladi.
13-modda
Mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
Mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining 6-moddaga taalluqli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan olgan yoki bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishida bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni begonalashtirishdan olgan daromadlari, jumladan ana shu doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olgan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining xalqaro tashishlarda foydalanadigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini begonalashtirishdan yoki shunday dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan foydalanishga taalluqli boʻlgan koʻchar mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlari faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan mulki asosan bevosita yoki bilvosita koʻchmas mulkdan tashkil topgan kompaniyaning aksiyalari yoki aksionerlik kapitalini begonalashtirishdan olinadigan daromadlari ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
5. Ushbu moddaning 1-, 2-, 3- va 4-bandlarida sanab oʻtilmagan har qanday boshqa mulkni begonalashtirishdan olinadigan daromadlar faqat mulkni begonalashtiruvchi shaxs rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
14-modda
Mustaqil kasbiy faoliyatlar va boshqa shaxsiy xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar
Mustaqil kasbiy faoliyatlar va boshqa shaxsiy xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining kasbiy xizmatlarni koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa faoliyatdan olgan daromadlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi, quyidagi hollardan tashqari, qachonki, bunday daromadlar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin boʻlganda:
a) agar u oʻz faoliyatini amalga oshirish maqsadlarida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa; bu holda daromadning faqat shunday doimiy bazaga taalluqli boʻlgan qismigina ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin; yoki
b) agar uning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlishi koʻrib chiqilayotgan har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsa, faqatgina shunday doimiy bazaga taalluqli boʻlgan qismigina ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Kasbiy xizmatlar” atamasi, xususan mustaqil ilmiy, adabiy, badiiy, taʼlim va oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgaltyerlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15-modda
Yollanma ishdan olinadigan daromad
Yollanma ishdan olinadigan daromad
1. 16-, 18- va 19-moddalarning qoidalarini hisobga olgan holda, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining yollanma ishga nisbatan oladigan maoshi, ish haqi va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari, agar yollanma ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar yollanma ish shu tarzda bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan taqdirlash haqlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan yollanma ishga nisbatan oladigan taqdirlash haqlari faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliqqa tortiladi, agar:
a) oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda koʻrib chiqilayotgan moliya yilida boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday koʻrib chiqilayotgan oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlib tursa, va
b) taqdirlash haqlari boshqa Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi tomonidan yoki yollovchi nomidan toʻlanadigan boʻlsa, va
s) taqdirlash haqlari boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olmasa.
3. Ushbu moddaning yuqoridagi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, havo kemalari bortida yoki temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarida amalga oshiriladigan yollanma ishga nisbatan oladigan taqdirlash haqlari ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
16-modda
Direktorlar gonorarlari
Direktorlar gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari va bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya direktorlar kengashining yoki uning shunga oʻxshash boshqa organlarning aʼzosi sifatida oladigan shunga oʻxshash boshqa toʻlovlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14- va 15-moddalarning qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyatidan oladigan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Qachonki, sanʼat xodimi yoki sportchining amalga oshiradigan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromadi sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, balki boshqa shaxsga yozilgan holatda, bu daromad 7-, 14- va 15-moddalarning qoidalariga qaramay, sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarining qoidalariga qaramay, ushbu moddada eslatib oʻtilgan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining faoliyati amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Davlatda, bu faoliyatning har qanday Ahdlashuvchi Davlatning jamoat jamgʻarmalari yoki mahalliy hokimiyat organlari tomonidan mablagʻ bilan taʼminlanishi yoki agar bu faoliyat Ahdlashuvchi Davlatlar oʻrtasidagi madaniy va sport sohasidagi shartnomalar doirasida amalga oshirilishi sharti bilan soliqdan ozod etiladi.
18-modda
Nafaqalar
Nafaqalar
19-moddaning 2-bandi qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga avvalgi yollanma ish uchun tovon sifatida toʻlanadigan nafaqa va boshqa shunga oʻxshash taqdirlash haqlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
19-modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari tomonidan shu Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan jismoniy shaxsga toʻlanadigan ish haqi, maosh va shunga oʻxshash taqdirlash haqlari, nafaqa bundan mustasno, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi;
b) Biroq, bunday ish haqi, maosh va shunga oʻxshash taqdirlash haqlari faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, agar xizmatlar ana shu Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs shu Davlatning rezidenti boʻlsa, va
(i) ana shu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa; yoki
(ii) faqat shunday xizmat koʻrsatish uchungina shu Davlatning rezidenti boʻlgan boʻlmasa.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yoki ular tuzgan jamgʻarmalar tomonidan shu Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyat organiga koʻrsatilgan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan har qanday nafaqa faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
b) Biroq, bunday nafaqa faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, agar jismoniy shaxs ana shu boshqa Davlatning rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa.
3. 15-, 16- va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan maosh, ish haqi va shunga oʻxshash taqdirlash haqlari va nafaqalarga nisbatan qoʻllanadi.
20-modda
Talabalar
Talabalar
Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga kelgunga qadar bevosita boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqatgina oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadidagina yashab turgan talaba yoki stajorning yashashi, oʻqishi va maʼlumot olishi uchun moʻljallangan toʻlovlar, agarda bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan paydo boʻlishi sharti bilan ana shu Davlatda soliqqa tortilmaydi
21-modda
Oʻqituvchi va ilmiy arboblar
Oʻqituvchi va ilmiy arboblar
1. Ahdlashuvchi Davlatga universitet, kollej, maktab yoki ana shu Davlatda tan olingan taʼlim muassasasida oʻqitish yoki ilmiy faoliyatini amalga oshirish uchun tashrif buyuradigan va Ahdlashuvchi Davlatga kelguniga qadar boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlib turgan yoki boʻlgan shaxsning ana shu maqsadlarida ana shu Davlatga birinchi bor tashrif buyurgan sanadan boshlab ikki yildan oshmaydigan muddatda oʻqitish yoki ilmiy faoliyatdan oladigan har qanday taqdirlash haqlari, u tomonidan olinadigan bunday taqdirlash haqlarining shu Davlatdan tashqaridagi manbalardan olinganligi sharti bilan birinchi eslatib oʻtilgan Davlatda soliqdan ozod etiladi.
2. Avvalgi bandning qoidasi, agar shu shaxs tomonidan amalga oshirilayotgan ana shu faoliyat jamoat manfaatlari uchun emas, balki asosan shunday shaxs yoki shaxslarning xususiy foydasi uchun boʻlsa, ilmiy faoliyatlardan olinadigan daromadlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
22-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining ushbu Konvensiyaning oldingi moddalarida aytib oʻtilmagan daromad turlari, daromadning qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Ushbu moddaning 1-band qoidalari 6-moddaning 2-bandida belgilangan koʻchmas mulkdan olingan daromadlardan tashqari boʻlgan daromadlarga nisbatan qoʻllanmaydi, agarda bunday daromadni oluvchi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa yoki u yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirayotgan boʻlsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki baza bilan bogʻlangan boʻlsa. Bu holatda, vaziyatga qarab, 7-modda va 14-modda qoidalari qoʻllanadi.
23-modda
Kapital
Kapital
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga tegishli boʻlgan va 6-moddaning 2-bandida eslatib oʻtilgan koʻchmas mulkdan iborat boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan kapital ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Koʻchar mulkdan iborat boʻlib, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi yoki bir Ahdlashuvchi Davlatning boshqa Ahdlalashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga tegishli koʻchar mulkdan iborat boʻlgan kapital ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti tomonidan xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalari tarzidagi va shunday dengiz, havo kemalari, temir yoʻl transporti vositalarini ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchar mulk tarzidagi kapital faqat oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti kapitalining boshqa barcha elementlari faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
24-modda
Ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
Ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Qachonki, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti ushbu Konvensiyaning qoidalariga muvofiq, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki kapitalga ega boʻlsa, birinchi eslatib oʻtilgan Davlat:
a) ushbu rezidentning daromad soligʻidan ana shu boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga;
b) ushbu rezidentning mol-mulk soligʻidan ana shu boshqa Davlatda toʻlangan mol-mulk soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga ruxsat berishi kerak.
Har qanday holatda ham bunday chegirmalar, ushbu holatdagi daromadga yoki mulkka taalluqli chegirmagacha hisoblab chiqilgan, vaziyatga bogʻliq ravishda ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mol-mulk soligʻi qismidan oshib ketmasligi kerak.
2. Qachonki, ushbu Konvensiyaning biron-bir qoidasiga muvofiq Ahdlashuvchi Davlat rezidenti ega boʻlgan daromad yoki mulk ana shu Davlatda soliqqa tortishdan istisno qilingan boʻlsa, bu Davlat ana shu rezidentning daromadi yoki mulkining qolgan qismiga soliq miqdorini hisoblashda daromad yoki mol-mulkka solingan soliqdan chiqarib tashlangan miqdorni hisobga olishi mumkin.
3. Qachonki, soliq miqdori Ahdlashuvchi Davlatning ichki qonunchiligi bilan taqdim etiladigan belgilangan maxsus imtiyozli tadbirlarga muvofiq, soliqqa tortishdan ozod etilsa yoki kamaytirilsa, bunda u Ahdlashuvchi Davlatda toʻlangan deb hisoblanadi va u boshqa Ahdlashuvchi Davlat soligʻidan chegirib tashlanishi kerak.
25-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, jumladan rezidensiyaga nisbatan solinishi mumkin boʻlganidan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasini soliqqa tortish ushbu boshqa Davlatda aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi ana shu boshqa Davlat korxonalarini soliqqa tortishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Ushbu qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentini soliqqa tortish maqsadlarida oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy sharoiti asosida beradigan har qanday shaxsiy soliq imtiyozlari, kamaytirish va chegirmalar berishga majburlovchi tarzda talqin qilinmasligi lozim.
3. Qachonki, istisno tariqasida 9-modda, 11-moddaning 7-bandi yoki 12-moddaning 6-bandi qoidalari qoʻllanganida bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga bunday korxonaning soliqqa tortiladigan daromadini aniqlash maqsadida toʻlaydigan foizlari, royaltilari va boshqa qarz toʻlovlari agar bunday toʻlovlar birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlanganida qoʻllanadigan shunday bir xil shartlar asosida chegirib tashlanadi. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga nisbatan boʻlgan har qanday shunga oʻxshash qarzlari shu korxonaning soliqqa tortiladigan mulkini aniqlash maqsadida birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga nisbatan boʻlgan qarzi singari shartlar asosida chegirib tashlanishi kerak.
4. Kapitali toʻliq yoki qisman yoxud bevosita yoki bilvosita boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga tegishli boʻlib nazorat qilinayotgan Ahdlashuvchi Davlat korxonasi birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq solish yoki unga aloqador majburiyatlarga, boshqa yoki soliq solishdan koʻra mushkulroq va u bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarga duchor qilinmaydi.
26-modda
Oʻzaro kelishuv protsedurasi
Oʻzaro kelishuv protsedurasi
1. Agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining faoliyati unga ushbu Konvensiyada nazarda tutilganiga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa, u ushbu davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki, agarda uning holati Konvensiyaning 25-moddasi 1-bandiga muvofiq kelsa, oʻzi milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga taqdim etishi mumkin. Bu ariza ushbu Konvensiya qoidalariga nomuvofiq soliqqa tortishga olib keluvchi xatti-harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Vakolatli organ eʼtirozini asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani ushbu Konvensiyaga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishni bartaraf etish maqsadida, boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal etishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlatlar ichki qonunchiligidagi har qanday vaqtincha cheklashlarga qaramay bajarilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Konvensiyani talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv orqali hal qilishga harakat qiladilar. Ular, shuningdek, Konvensiyada koʻzda tutilmagan hollarda ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish uchun bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnosida hamfikrlikka erishish maqsadida bir-birlari bilan ularning oʻzlaridan yoki ularning vakillaridan tashkil etilgan birlashgan komissiya doirasida bevosita aloqada boʻlib turishlari mumkin.
27-modda
Imtiyozlarning cheklanishi
Imtiyozlarning cheklanishi
Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan kelishganidan soʻng, ushbu Konvensiyadan kelib chiqadigan yoki har qanday ishga nisbatan qoʻllanadigan imtiyozlardan voz kechishi mumkin, agar uning fikri boʻyicha shunday imtiyozlarning taqdim etilishi ushbu Konvensiyani suiisteʼmol qilinishiga olib kelsa.
28-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Konvensiya qoidalarini yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning ushbu Konvensiya qamrab oladigan soliqlariga tegishli boʻlgan ichki qonunchiligini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborot bilan bu qonunchilik boʻyicha soliqqa tortish Konvensiyaga zid tushmaydigan darajada almashib turadilar. Axborot almashish 1- va 2-moddalar bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olgan har qanday axborot, ushbu Davlatning ichki qonunlariga muvofiq olingan maʼlumot kabi maxfiy hisoblanadi, va faqat birinchi gapda koʻrsatilgan soliqlarni aniqlash yoki undirish, majburiy undirish yoki sud orqali taʼqib etish bilan yoki ularga nisbatan apellatsiyalarni koʻrib chiquvchi shaxslar yoki organlargagina, jumladan sudlar va maʼmuriy organlarga ham ochiladi. Bu shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda ushbu moddaning 1-bandi qoidalari, Ahdlashuvchi Davlatlardan birini quyidagilarga majburlovchi tarzda talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatlar qonunchiligi yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyoti davomida olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
s) savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasb siri yoxud savdo jarayonini ochib tashlovchi axborotni yoki ochilishi Davlat siyosatiga (jamoat tartibiga) zid keluvchi axborotni taqdim etish.
29-modda
Diplomatik vakolatxona xodimlari va konsullik muassasalari xodimlari
Diplomatik vakolatxona xodimlari va konsullik muassasalari xodimlari
Ushbu Konvensiyaning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxona xodimlari va konsullik muassasalari xodimlarining xalqaro huquq umumiy normalariga yoki maxsus bitimlarning qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
30-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
1. Ahdlashuvchi Davlatlar ushbu Konvensiyaning kuchga kirishi uchun milliy qonunchilikning zarur protseduralari tugatilganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatik kanallar orqali xabar beradilar.
2. Ushbu Konvensiya 1-bandida eslatilgan oxirgi xabar berilgan sanadan boshlab kuchga kiradi va uning qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllanadi:
i) ushbu Konvensiya kuchga kiradigan yildan bevosita keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab yoki shu sanadan keyin olingan daromad manbalaridan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
ii) ushbu Konvensiya kuchga kiradigan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab yoki shu sanadan keyingi har bir soliq yili uchun undiriladigan boshqa soliqlarga nisbatan.
31-modda
Amal qilishning toʻxtatilishi
Amal qilishning toʻxtatilishi
1. Ushbu Konvensiya uning amal qilishini Ahdlashuvchi Davlatlardan biri toʻxtatmaguncha oʻz kuchida qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Konvensiyaning amal qilishini Konvensiya kuchga kirgan kundan keyin besh yil oʻtgach, boshlanadigan har qanday taqvimiy yilning tugashiga kamida olti oy qolguniga qadar diplomatik kanallar orqali amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berish yoʻli bilan Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatishi mumkin.
Bunday holatda Konvensiyaning amal qilishi:
a) amal qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berilgan yildan bevosita keyin keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab olingan daromad manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) amal qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida xabardor qilingan yildan bevosita keyin keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvaridan yoki shu sanadan keyin boshlanadigan har qanday soliqqa tortish yillari uchun olinadigan boshqa soliqlarga nisbatan toʻxtatiladi;
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, ushbu Konvensiyani imzoladilar.
Sofiya shahrida 2003-yil 24-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar vujudga kelgan holda ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)