Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida 1996-yil 27-mayda imzolangan Shartnomaga amal qilib,
ilm va texnika sohasida hamkorlik ikki tomonlama munosabatlar majmuasining muhim ajralmas elementi ekanligini eʼtiborga olib, hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida shakllanayotgan ilmiy-texnikaviy aloqalarni hisobga olib,
bunday oʻzaro aloqalar davlatlar va ularning xalqlari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashishini, shuningdek oʻzaro foydali savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga zamin yaratishiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar teng huquqlilik va oʻzaro manfaat tamoyillari asosida Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi doirasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantiradilar.
Ikki tomonlama ilmiy-tadqiqot hamkorligining yoʻnalishlari Tomonlar davlatlarining manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
2-modda
Tomonlar davlatlarining vazirliklari, idoralari, fanlar akademiyalari, milliy ilmiy markazlari, ilmiy ishlab chiqarish markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari, firmalari (bundan keyin hamkorlik qiluvchi tashkilotlar), shuningdek alohida olim va mutaxassislar oʻrtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlik ularning vakolatlari doirasida, shartnomalar (kontraktlar) asosida va Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu Bitim doirasida hamkorlikni va umumiy boshqaruvni muvofiqlashtiruvchi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari quyidagilardir:
— Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar Markazi;
— Ozarbayjon tomonidan — Ozarbayjon Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi.
Yuqorida koʻrsatilgan vakolatli organlarning nomlari oʻzgarganda yoki ularning vazifalari boshqa davlat organlariga yuklatilgan taqdirda, Tomonlar darhol diplomatik kanallar orqali bir-birlarini xabardor qiladilar.
3-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
— birgalikdagi ilmiy va ilmiy-tadqiqot dasturlarini, ilm-fanni koʻplab talab etadigan va resurslarni tejovchi texnologiyalarni yaratish va oʻzlashtirishga doir loyihalarni amalga oshirish;
— qoʻshma ilmiy jamoalar, laboratoriyalar, shuningdek yangi texnologiyalar yaratilishini taʼminlayotgan innovatsiya firmalari va tashkilotlarini shakllantirish;
— Tomonlar davlatlarining ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlari, texnoparklari, arxivlari, kutubxonalari va muzeylarida ilmiy ish olib borish, shu jumladan birgalikdagi dala tadqiqotlari va ekspeditsiyalar;
— ilmiy-texnikaviy axborot, hujjatlar, adabiy va bibliografik nashrlarni ayirboshlash;
— qoʻshma seminarlar, ilmiy konferensiyalar va amaliy uchrashuvlarni oʻtkazish;
— olimlar va mutaxassislarni ayirboshlash;
— olimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish, stajirovkalarni tashkil etish;
— ilmiy va ilmiy-texnikaviy dastur va loyihalarning ekspertizasini oʻtkazish.
Hamkorlik ushbu Bitimning amalga oshirilishini taʼminlovchi boshqa kelishilgan shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Muayyan qoʻshma tadqiqotlarning shakllarini tanlashda va belgilashda Tomonlar faqat fanni rivojlantirish manfaatlaridan va Tomonlar davlatlarini rivojlantirish uchun mavzuning dolzarbligidan kelib chiqadilar.
4-modda
Ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda olingan birgalikdagi ilmiy tadqiqotlar natijalari va boshqa axborotdan foydalanish tartibi, shuningdek sanoat mulki obyektlari va intellektual mulkka boʻlgan mualliflik huquqlarini muhofaza qilish bilan bogʻliq masalalar har bir aniq holatda Tomonlarning tegishli organlari oʻrtasida alohida bitimlar tuzish orqali kelishiladi.
5-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining hududlarida olim va mutaxassislarni izlash, ilmiy asbob-uskuna va jihozlar, ilmiy hamda ilmiy-tadqiqot hujjatlarini almashish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar davlatlarining olim va mutaxassislarini xizmat safarlari shartlari hamkorlik qiluvchi tashkilotlar oʻrtasida ushbu Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan shartnomalar (kontraktlar) asosida kelishiladi.
7-modda
Hamkorlik qiluvchi tashkilotlar oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, ilmiy va ilmiy-texnikaviy dastur va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish uchun uchinchi tomonlarning alohida olimlari, texnik ekspertlari, davlat tashkilotlari va korxonalari, shuningdek xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
8-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq birgalikda tadqiqotlar oʻtkazadilar. Hamkorlik Tomonlar davlatlarining tegishli tashkilotlari oʻrtasidagi shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi, ularda tashkilotlarning huquq majburiyatlari va javobgarligi belgilanadi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblangan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Bayonnomalar ushbu Bitimning 12-moddasida belgilangan tartibga muvofiq kuchga kiradi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
11-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki bajarishda nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Tomonlar ularni muzokaralar yoki oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal qiladilar.
12-modda
Ushbu Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida fan, texnika va axborot sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisida 1996-yil 27-mayda imzolangan Bitim amal qilishni toʻxtatadi.
13-modda
Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini xabardor etgan soʻnggi yozma xabarnoma olingan kundan kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi, agar Tomonlardan biri tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonni uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yilga uzaytiriladi.
Ushbu Bitim qoidalarining oʻzgarishi yoki uning amal qilishining toʻxtatilishi, u amal qilgan davrda tuzilgan shartnomalar (kontraktlar) boʻyicha loyihalarning bajarilishiga ular oxiriga yetkazilmagunga qadar taʼsir etmaydi.
Toshkent shahrida 2004-yil 23-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)