Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiz Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
HUKUMAT ALOQASI SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiz Respublikasi Hukumati,
ikkala davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni— yanada mustahkamlash istagiga amal qilib,
Tomonlarning hukumat aloqasini saqlash va rivojlantirishdan manfaatdorligini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimda qoʻllanilayotgan tushunchalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
“vakolatli tashkilotlar” — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hukumat aloqasi xizmati va Qirgʻiz Respublikasining Milliy xavfsizlik xizmati;
“hukumat aloqasi” — davlat boshqaruvi ehtiyojlari uchun maxsus aloqa;
“xalqaro hukumat aloqasi” — Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi hukumat aloqasi abonentlari oʻrtasida axborot almashish uchun belgilangan hukumat aloqasi tizimi;
“shifrlash vositalari” — maʼlumotlarni ishlab chiqishda ularni muhofaza etish, saqlash va aloqa vositalarida uzatish, shuningdek noqonuniy axborot olish, yolgʻon axborot yuborishdan himoyalash maqsadida maʼlumotlarni oʻzgartiruvchi kriptografik algoritmlarini tatbiq qiluvchi uskunaviy, reja-uskunaviy va reja vositalarini, qoʻl shifrlarini, kodlash hujjatlarini anglatadi.
2-modda
Tomonlar doimiy amaldagi xalqaro hukumat aloqasini taʼminlaydilar va takomillashtiradilar.
Tomonlarning har biri ikkala tomon manfaatlariga daxldor boʻlgan xalqaro hukumat aloqasini tashkil etish, texnikaviy foydalanish va xavfsizligini taʼminlash masalalarini hal qilishda teng huquqqa ega.
Xalqaro hukumat aloqasini tashkil etish, texnikaviy foydalanish, xavfsizligini taʼminlash va uzluksiz ishlash masalalari vakolatli tashkilot tomonidan hal qilinadi.
3-modda
Tomonlarning har biri oʻz davlat hududida amal qilayotgan qonunchilikka muvofiq, oldindan berilgan soʻrov boʻyicha boshqa Tomon davlatining mansabdor shaxslari uchun hukumat aloqasini taqdim qiladi, agar Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi ishtirok qilgan xalqaro shartnomalarda boshqasi nazarda tutilmagan boʻlsa.
4-modda
Xalqaro hukumat aloqasini oʻz davlati hududida tashkil qilish, foydalanishga kiritish, texnikaviy ishlatish va yanada takomillashtirish boʻyicha xarajatlarni Tomonlarning har biri mustaqil qoplaydi.
5-modda
Vakolatli tashkilotlar:
Xalqaro hukumat aloqasining yangi tizimlari va vositalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish va shuningdek hukumat aloqasining millly tarmoqlari sohasida oʻzaro manfaatdorlik sharti bilan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishini birgalikda olib boradilar;
hukumat aloqasi vositalari ishlab chiqarish sohasida birgalikda harakat qildilar;
hukumat aloqasi tizimlari va vositalarida axborotni himoya qilish sohasida birgalikda harakat qiladilar;
kadrlar malakasini oshirish boʻyicha birgalikda harakat qiladilar;
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi hukumat aloqasi radioelektr vositalarining elektromagnit mutanosibligini taʼminlash maqsadida oʻz davlatlari hududida ularga ajratiladigan chastota spektoridan foydalanish sohasida birgalikda harakat qiladilar.
Oʻzaro harakatning mazkur yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik vakolatli tashkilotlar oʻrtasida kelishilgan holda amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar ikkala davlatning qonunchiligiga muvofiq xalqaro hukumat aloqasini va shuningdek hukumat aloqasining milliy tarmoqlarini tashkil qilish va ishlatish uchun zarur boʻlgan shifrlovchi vositalar, texnika va aloqa vositalari, jamlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarini kelishilgan hajmlarda oʻzaro yetkazishni taʼminlash majburiyatini oladilar.
7-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida shifrlovchi vositalar, texnika va aloqa vositalari, jamlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni oʻzaro yetkazish va shuningdek taʼmirlash ishlarini tashkil etish va maxsus xizmatlarni taqdim etish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar ushbu Bitimdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishda paydo boʻladigan masalalar boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar (maslahatlashuvlar) oʻtkazish uchun vakolatli tashkilotlarga ruxsat beradilar.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha ushbu Bitimga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va uning ajralmas qismi hisoblanadi hamda ushbu Bitimning 13-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
10-modda
Ushbu Bitimdan kelib chiqadigan masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatli tashkilotlarning oʻzaro harakat qilishida rus tili ishlatiladi.
11-modda
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda paydo boʻladigan barcha munozaralar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilinadi.
12-modda
Ushbu Bitimning qoidalari Tomonlar ishtirok etadigan boshqa xalqaro Bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlarga daxl qilmaydi va boshqa davlatlarning manfaatlariga, xavfsizligiga, hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilmagan.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlardan birontasi boshqa Tomonni ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatini navbatdagi besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy ilgari yozma xabarnoma yuborsa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2006-yil 3-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 1-son)