Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Finlyandiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
XALQARO AVTOMOBIL ALOQASI TOʻGʻRISIDA
1997 yil 4 noyabr, Xelsinki
(2004 yil 29 iyundan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Finlyandiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin «Ahdlashuvchi Tomonlar» deb ataluvchilar,
ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishni eʼtiborga olib,
oʻzaro asosda ikkala mamlakat oʻrtasida va ularning hududlari boʻylab tranzit tarzda avtomobilda yoʻlovchilar va yuklarni tashishni rivojlantirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimga muvofiq ravishda Oʻzbekiston Respublikasida yoki Finlyandiya Respublikasida roʻyxatga olingan avtotransport vositalari bilan ikkala mamlakat oʻrtasida va ular orqali tranzit tarzda, xalqaro avtomobil aloqalari uchun ochiq yoʻllar boʻylab yoʻlovchilar (shu jumladan sayyohlar) va yuklarni muntazam va nomuntazam tashish amalga oshiriladi.
I. Yoʻlovchilarni tashish
2-modda
1. Ikkala mamlakat oʻrtasida va ularning hududlari boʻylab tranzit tarzda yoʻlovchilarni muntazam tashish oʻzaro tasdiqlangan hujjatlar asosida Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Bunday tashishlarni tashkil etish haqidagi takliflar bir-birlariga oldindan beriladi va Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bilan kelishiladi. Bu takliflarda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: tashuvchining nomi, yurish marshruti, harakat jadvali, tashuvchi yoʻlovchilarni chiqarish va tushirishni amalga oshiradigan toʻxtash manzillari, shuningdek tashishlarni bajarishning moʻljallanayotgan davri va muntazamligi.
3-modda
1. Har ikkala mamlakat oʻrtasida yoki ular hududlari boʻylab tranzit tarzda yoʻlovchilarni nomuntazam tashishlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari beradigan Ruxsatnomalar talab etiladi, ushbu Bitimning 4-moddasida koʻzda tutilgan tashishlar bundan mustasnodir.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tegishli mamlakat hududi boʻylab oʻtadigan yoʻl uchastkasiga Ruxsatnomalar beradilar.
3. Yoʻlovchilarni har bir nomuntazam tashish uchun u tomonga va orqaga bitta qatnovni amalga oshirish huquqini beradigan, agar ruxsatnomaning oʻzida boshqa narsa qayd etilgan boʻlmasa, alohida Ruxsatnoma berilishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari har yili bir-birlariga yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun oʻzaro kelishilgan miqdordagi Ruxsatnomalar blankalarini beradilar. Bu blankalarda Ruxsatnomalarni bergan vakolatli organning muhri va imzosi boʻlishi kerak.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari Ruxsatnomalar blankalarini ayirboshlash tartibini oʻzaro kelishadilar.
4-modda
Ushbu Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan Ruxsatnomalar nosoz avtotransport vositasini boshqasiga almashtirishda talab etilmaydi.
II. Yuklarni tashishlar
5-modda
1. Ikkala mamlakat oʻrtasida, shuningdek ular hududlari boʻylab tranzit tarzda yuklarni tashish, boshqa shartlar aytilgan boʻlmasa, tashish avtotransport vositalari bilan Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari bergan Ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi, ushbu Bitimning 6-moddasida koʻzda tutilgan tashishlar bundan mustasnodir.
2. Yuklarni har bir tashish uchun u tomonga va orqaga bitta qatnovni amalga oshirish huquqini beradigan, agar Ruxsatnomaning oʻzida boshqa narsa qayd etilgan boʻlmasa, alohida Ruxsatnoma berilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari har yili bir-birlariga yuklarni tashish uchun oʻzaro kelishilgan miqdordagi Ruxsatnomalar blankalarini beradilar. Bu blankalarda Ruxsatnomalarni bergan vakolatli organning muhri va imzosi boʻlishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari Ruxsatnomalar blankalarini ayirboshlash tartibini oʻzaro kelishadilar.
6-modda
1. Ushbu Bitimning 5-moddasida koʻrsatilgan Ruxsatnomalar:
a) yarmarkalar va koʻrgazmalar uchun moʻljallangan eksponatlar, uskunalar va materiallarni;
b) sport tadbirlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan transport vositalari, hayvonlar, shuningdek turli jihozlar va mulkni;
v) teatr dekoratsiyalari va rekviziti, musiqa asboblari, kinoni suratga olish, radioeshittirishlar va televizion koʻrsatuvlar uchun moʻljallangan uskuna va buyumlarni;
g) vafot etganlarning jasadlari va hokini;
d) pochtani;
e) shikastlangan avtotransport vositalarini;
j) koʻchayotganda qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkni;
z) tabiiy ofatlar yuz berganda tibbiy uskunalar va dori-darmonlarni tashishni bajarishda talab etilmaydi.
Texnik yordam avtomobillarining oʻtishi uchun ham Ruxsatnomalar talab etilmaydi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan tashishlarni bajarishda avtotransport vositasida transport vositasi roʻyxatga olingan mamlakatning tashish hujjati boʻlishi kerak.
2. Yuk avtotransport vositasi roʻyxatga olingan mamlakatga qaytarilishi kerak boʻlgan yoki uchinchi mamlakat hududiga tashilishi kerak boʻlgan hollardagina ushbu moddaning 1-bandi a, b, v kichik bandlarida nazarda tutilgan istisnolar amal qiladi.
7-modda
1. Yukli yoki yuksiz avtotransport vositasining oʻlchamlari yoki yuk ogʻirligi boshqa mamlakat hududida belgilangan meʼyordan ortiq boʻlganda tashuvchi boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlaridan maxsus Ruxsatnoma olishi kerak. Xavfli yuklarni tashiganda tashuvchi tegishli xalqaro konvensiyalar, ikki mamlakatning ichki qonunlari talablariga rioya etishi kerak.
2. Agar ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ruxsatnomada avtotransport vositasining muayyan marshrut boʻyicha harakatlanishi nazarda tutilgan boʻlsa, tashish faqat shu marshrut boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
III. Umumiy qoidalar
8-modda
1. Tashuvchiga boshqa mamlakat hududida joylashgan ikki manzil orasida yoʻlovchilar va yuklarni tashishni amalga oshirishga ruxsat etilmaydi.
2. Tashuvchi, agar u boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organining maxsus Ruxsatnomasini olgan boʻlsa, boshqa mamlakat hududidan uchinchi mamlakat hududiga va uchinchi mamlakat hududidan boshqa mamlakat hududiga tashishlarni amalga oshirishi mumkin.
9-modda
1. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan tashishlar oʻz mamlakatlari ichki qonunlariga muvofiq xalqaro tashishlarni amalga oshirishga qoʻyilgan tashuvchilar tomonidangina bajarilishi mumkin.
2. Xalqaro tashishlarni amalga oshiradigan avtotransport vositalari oʻz mamlakatlarining milliy roʻyxatga olish va farqlovchi belgilariga ega boʻlishi kerak.
3. Tashuvchi ushbu Bitim asosida xalqaro tashishlarni amalga oshirganda hududida tashishlar bajarilayotgan mamlakatda amal qilayotgan qoidalar, meʼyorlar va qonunlarga rioya etishi shart.
10-modda
Ikki mamlakat oʻrtasida, shuningdek ular hududlari boʻylab tranzit tarzda ikkala mamlakat ichki qonunlari bilan taqiqlangan qurol, oʻq-dori, harbiy uskunalar, portlovchi materiallar va boshqa xavfli va zararli moddalarni tashish man etiladi.
11-modda
Ushbu bitimda koʻzda tutilgan yuklarni tashish umumiy qabul qilingan xalqaro namunaga mos shakldagi tovar-transport hujjatlari boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
12-modda
1. Avtotransport vositasi haydovchisi u boshqarayotgan avtotransport vositasi toifasiga mos milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomasiga va avtotransport vositasiga milliy roʻyxatga olish hujjatlariga ega boʻlishi kerak.
2. Milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalari yoʻl harakati haqidagi xalqaro Konvensiya tomonidan belgilangan namunaga mos boʻlishi kerak.
13-modda
Ushbu Bitim asosida ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlovchilar va yuklarni tashishda bu tashishlarni bajarayotgan avtotransport vositalari ushbu Bitimda koʻzda tutilgan Ruxsatnomalarni olish, shuningdek yoʻllardan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bogʻliq soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinadi, pulli yoʻllar va koʻpriklar boʻylab yurish uchun haq toʻlash bundan mustasnodir.
14-modda
Ushbu Bitim asosida tashishlar bu tashishlarni bajarayotgan har bir avtotransport vositasi egasining fuqarolik masʼuliyati oldindan albatta sugʻurta qilingandagina amalga oshiriladi.
15-modda
Chegara, bojxona, sanitariya va fitosanitariya nazoratiga nisbatan ikkala mamlakat qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar qoidalari qoʻllanadi, bu shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalarni hal etishda esa har bir Ahdlashuvchi Tomon mamlakatining ichki qonunlari qoʻllanadi.
16-modda
Ogʻir bemorlarni tashishda, yoʻlovchilarni muntazam tashishlarda, shuningdek hayvonlar va tez buziladigan yuklarni tashishda chegara, bojxona, sanitariya va fitosanitariya nazorati navbatdan tashqari amalga oshiriladi.
17-modda
1. Ushbu Bitimga asosan tashishlarni bajarayotganda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga olib kirilayotgan quyidagi narsalar bojxona yigʻimlari, bojlardan oʻzaro ozod qilinadi:
a) har bir avtotransport vositasi modeli uchun moʻljallangan, texnologiyasi va konstruksiyasi jihatidan motorni yonilgʻi bilan taʼminlash tizimi bilan bogʻliq sigʻimlardagi yonilgʻi;
b) tashish vaqtida ishlatish uchun zarur miqdordagi moylash materiallari;
v) xalqaro tashishni bajarayotgan avtotransport vositasini taʼmirlash uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
2. Foydalanilmagan ehtiyot qismlar orqaga olib chiqib ketilishi, almashtirilgan ehtiyot qismlar esa mamlakatdan olib chiqib ketilishi yoxud tegishli mamlakatning hududida belgilangan tartibda topshirilishi yoki yoʻq qilinishi kerak.
18-modda
1. Ushbu Bitim qoidalari buzilgan holda tashuvchi mamlakati vakolatli organi qoidani buzish sodir etilgan mamlakat vakolatli organi iltimosiga koʻra ushbu Bitimni bajarishni taʼminlash uchun zarur choralar koʻrishi shart. Tashuvchi mamlakati vakolatli organi boshqa mamlakat vakolatli organini koʻrilgan choralar haqida xabardor qiladi.
2. Bu modda qoidalari turilgan mamlakat qonunlari buzilgan holda tashuvchini javobgarlikdan ozod qilmaydi.
19-modda
Ushbu Bitimni bajarishni taʼminlash maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari bevosita aloqalarni amalga oshiradilar, ulardan birining taklifi boʻyicha yoʻlovchilar va yuklarni tashish uchun Ruxsatnomalarni ayirboshlash va berish tizimi bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal etish uchun kengashlar oʻtkazadilar, shuningdek berilgan Ruxsatnomalardan foydalanish toʻgʻrisida tajriba va axborotni almashadilar.
Axdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim qoidalarini izohlash va qoʻllash munosabati bilan vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha nizoli masalalarni muzokara va maslahatlashishlar yoʻli bilan hal etadilar.
IV. Yakunlovchi qoidalar
20-modda
Ushbu Bitim, shuningdek har ikkala mamlakat qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalar mamlakatlardan har birining tegishli ichki qonunlariga muvofiq hal etiladi.
21-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning boshqa tuzilgan xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga dahl qilmaydi.
22-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilgani haqidagi notalar bilan almashadilar. Ushbu Bitim soʻnggi nota olingan sanadan boshlab oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Bitimga Ijro protokoli ilova qilinadi va u bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
3. Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzildi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish haqida eʼlon qilgan kundan boshlab 90 kun oʻtgunga qadar oʻz kuchini saqlaydi.
Xelsinki shahrida 1997 yil 4 noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, fin va rus tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Ijroiya protokol qoidalarini izohlashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004 y., 2-son)