Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
BOJXONA IShLARIDA OʻZARO MAʼMURIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
bojxona qonunlarini buzish ularning iqtisodiy, tijoriy, fiskal, ijtimoiy, madaniy, sanoat va qishloq xoʻjalik manfaatlariga zarar keltirishini eʼtiborga olib;
bojxona huquqbuzarligining oldini olishga qaratilgan harakatlar bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida oʻzaro uzviy hamkorlik qilinganda yanada samaraliroq boʻlishiga ishonch hosil qilib;
import va eksportdan undiriladigan bojxona bojlari va boshqa soliqlarning aniq hisoblanishi hamda qonunchilik qoidalarini kuzatishni nazorat qilish boʻyicha choralarni va tovarlar hamda roʻyxatga olingan tovar belgilariga aloqador qoidalarni oʻz ichiga oladigan taqiqlar, cheklashlar va nazorat boʻyicha choralarning toʻgʻri qoʻllanishini taʼminlash muhimligini tushunib;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning chegaradan olib oʻtish jamoat sogʻligʻiga va umuman jamiyatga xavf solishini hisobga olib;
BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning gʻayriqonuniy yurgizilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida 1988-yil 20-dekabrdagi Konvensiyasini eʼtiborga olib, jumladan mazkur Konvensiya ilovalarida sanab oʻtilgan moddalar roʻyxatiga qoʻshimchalar va oʻzgartishlar qoʻshma vakolatli guruhlar tomonidan kiritilishini eʼtiborga olib;
Bojxona hamkorlik kengashining tegishli hujjatlari, jumladan, oʻzaro maʼmuriy hamkorlik toʻgʻrisida 1953-yil 5-dekabrdagi Tavsiyasini eʼtiborga olib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I-boʻlim
Taʼriflar
Taʼriflar
1-modda
Ushbu Bitimda qoʻllanadigan atamalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
a) “bojxona qonunlari” — bojxona maʼmuriyatlari quyidagilarga nisbatan qoʻllaydigan qonun hujjatlari va qoidalarni anglatadi:
— tovar va sarmoyalarni saqlash, import va eksport qilish, tranzit olib oʻtish, bunga toʻlov usullari ham kiradi;
— import va eksport uchun boj va soliqlarni undirish, kafolatlash va kamaytirish;
— valyuta ayirboshlashda taqiq, cheklash va nazorat qilish borasidagi choralar, bunga nazorat qilish boʻyicha qonunlar ham kiradi;
— giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni gʻayriqonuniy yurgizishga qarshi kurash;
b) “bojxona maʼmuriyatlari” — ushbu Bitimning (a) bandidagi qoidalarni qoʻllashga masʼul etib tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasidan Davlat bojxona qoʻmitasi va Italiya Respublikasidan Moliya vazirligi hamda Italyan bojxona maʼmuriyati;
v) “bojxona huquqbuzarligi” — bojxonaga oid har qanday qonunbuzarlik yoki bunday qonunbuzarlikka har qanday urinish;
g) “import va eksport bojlari va soliqlar” — import va eksport bojlari va barcha boshqa turdagi bojlar, import yoxud eksportdan undiriladigan soliq yoki yigʻimlar, jumladan Italiya Respublikasiga Yevropa Ittifoqining vakolatli organlari tomonidan joriy etilgan boj va soliqlar;
d) “shaxs” — har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs;
e) “shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot” — aniqlangan yoki aniqlanayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga taalluqli har qanday maʼlumot;
j) “giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar” — BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni gʻayriqonuniy yurgizishga qarshi kurash toʻgʻrisida 1988-yil 20-dekabrdagi Konvensiyasida va mazkur Konvensiya ilovalarida sanab oʻtilgan barcha preparatlar;
II boʻlim
Bitim sohasi
Bitim sohasi
2-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz bojxona maʼmuriyatlari orqali ushbu Bitimda bayon etilgan shartlarga muvofiq bojxona qonunlarini tegishli darajada qoʻllash hamda bojxona huquqbuzarligini bartaraf etish, tergov qilish va jazolash borasida bir-birlariga maʼmuriy koʻmak beradilar.
2. Ushbu Bitim doirasidagi barcha hamkorlik ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan ularning milliy huquqiy va maʼmuriy holatlariga muvofiq, shuningdek ular bojxona maʼmuriyatlarining vakolatlari hamda mavjud imkoniyatlari doirasida amalga oshiriladi.
3. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida faqat oʻzaro maʼmuriy koʻmaklashishga moʻljallangan.
III boʻlim
Koʻmaklashish sohasi
Koʻmaklashish sohasi
3-modda
Bojxona maʼmuriyatlari soʻrov boʻyicha yoki oʻz tashabbuslariga koʻra bojxona qonunlariga tegishli darajada rioya etilishiga yordam beradigan, shuningdek bojxona huquqbuzarligini bartaraf etish, tergov qilish va jazolashga oid axborot va hujjatlarni bir-birlariga taqdim etadilar.
Har bir bojxona maʼmuriyati boshqa bojxona maʼmuriyatining soʻrovlarini bajarish chogʻida soʻrovlar uning nomidan yoki shu Ahdlashuvchi Tomonning boshqa organi soʻrovi boʻyicha amalga oshirilganidek ish koʻradi.
4-modda
1. Soʻrovga binoan soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati bojxona qonunlari va protseduralari toʻgʻrisida bu Ahdlashuvchi Tomonga qoʻllanadigan hamda bojxona huquqbuzarliklari bilan bogʻliq soʻrovlarga taalluqli barcha axborotni taqdim etadi.
2. Har bir bojxona maʼmuriyati soʻrovga yoki oʻz tashabbusiga koʻra quyidagilarga tegishli har qanday axborotni taqdim etadi:
a) bojxona huquqbuzarliklariga qarshi kurash olib borishda samarali boʻlgan yangi metodlar;
b) bojxona huquqbuzarliklarini amalga oshirishning yangi tamoyillari, vositalari va metodlari.
5-modda
Bojxona maʼmuriyatlari bojxona huquqbuzarligiga jalb etilgan shaxsiy mulk foyda va vositalarni musodara qilish yoki toʻxtatib qoʻyish hamda ushlab qolish borasidagi tadbirlarni amalga oshirishda bir-birlariga koʻmaklashadilar.
6-modda
Texnikaviy hamkorlik
Texnikaviy hamkorlik
Bojxona maʼmuriyatlari bojxona sohasida quyidagilar boʻyicha bir-birlariga texnikaviy koʻmaklashishlari mumkin:
a) ikkala tomon bojxona maʼmuriyatlari tarafidan qoʻllanadigan texnika vositalari bilan tanishish maqsadida xodimlar tashriflarini almashish;
b) bojxona xodimlarining maxsus koʻnikmalarini oshirish borasida oʻqitish va yordam berish;
v) nazoratning texnika vositalaridan foydalanish borasida axborot va tajriba almashish;
g) bojxona masalalari boʻyicha ekspertlarni tashriflar orqali almashish;
d) bojxona qonunlari va protseduralariga aloqador kasbiy, ilmiy va texnikaviy axborotlarni almashish;
IV boʻlim
Koʻmaklashishdagi alohida holatlar
Koʻmaklashishdagi alohida holatlar
7-modda
Bojxona maʼmuriyatlari oʻz tashabbuslariga koʻra yoki soʻrovga binoan bir-birlariga quyidagilar toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar:
a) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatining davlati hududiga boshqa bojxona maʼmuriyatining davlati hududidan olib kirilayotgan tovar qonuniy eksportmi, shuningdek mavjud boʻlsa, ushbu tovarlar joylashtiriladigan bojxona rejimi;
b) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatining davlati hududidan boshqa bojxona maʼmuriyatining davlati hududiga olib chiqilayotgan tovar qonuniy importmi, shuningdek mavjud boʻlsa, ushbu tovarlar joylashtiriladigan bojxona rejimi.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari huquqiy va normativ qoidalarga muvofiq, har qanday maʼlumotni, jumladan soʻrov boʻyicha hamda zarur hollarda qayta oʻtkazilgan tergovdan keyingi, ularning bojxona bojlari va soliqlarining toʻgʻri undirilishiga, chunonchi:
a) boj toʻlanishi zarur boʻlgan qiymatni aniqlash, taʼrif tasnifi va tovarning kelib chiqishiga;
b) taqiqlash, cheklashlar va nazoratga aloqador meʼyorlarni qoʻllashga imkon beradigan, ayniqsa, koʻmaklashishi mumkin boʻlgan axborotni taqdim etadilar.
9-modda
1. Soʻrovga binoan soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati quyidagilar toʻgʻrisida axborot taqdim etadi va ular ustidan maxsus kuzatuvni amalga oshiradi:
a) bojxona qoidalarini buzganligi soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatiga maʼlum boʻlgan yoki bunda shubha qilinayotgan shaxslarni, jumladan ularning soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona hududi boʻylab va bu hududdan harakatlanishi;
b) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati xabariga koʻra, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona hududidan gʻayriqonuniy harakatlanish predmeti boʻlishda shubha qilinayotgan olib oʻtiluvchi yoki saqlanuvchi tovarlar;
v) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati tomonidan istalgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona hududida bojxona huquqbuzarligini amalga oshirish maqsadida foydalanishda gumon qilinayotgan transport vositalari;
g) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati tomonidan istalgan Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona hududida bojxona huquqbuzarligini amalga oshirishda foydalanilayotganligi gumon qilinayotgan binolar.
10-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra yoki oʻz tashabbuslari bilan bojxona huquqbuzarligi boʻlgan yoki boʻla oladigan qilingan yoxud rejalashtirilayotgan bitimlar boʻyicha bir-birlariga axborotni taqdim etadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iqtisodiga, jamoat sogʻligʻiga, xavfsizligiga yoki boshqa hayotiy muhim manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan xavfli holatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati imkoni qadar oʻz tashabbuslariga koʻra axborot taqdim etadi.
V boʻlim
Soʻrovlarni taqdim etish va bajarish
Soʻrovlarni taqdim etish va bajarish
11-modda
1. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish bevosita bojxona maʼmuriyatlari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov yozma ravishda, bojxona maʼmuriyatlari oldindan kelishib olgan tilda beriladi va boshqa zarur hujjatlar unga ilova qilinadi.
3. Ushbu moddaning 2-bandida koʻzda tutilgan soʻrovlar quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
a) soʻrovni beruvchi bojxona maʼmuriyati;
b) soʻrovning mazmuni va sababi;
v) ishning qisqacha bayoni, huquqiy jihatlari va yuritilayotgan ishning xususiyati;
g) maʼlum boʻlsa, ishga jalb etilgan tomonlarning nomlari va manzillari.
4. Muayyan protseduralarga rioya etish toʻgʻrisidagi istalgan bojxona maʼmuriyatining soʻrovlari soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy huquqiy va maʼmuriy qoidalariga muvofiq taʼminlanadi.
5. Ushbu Bitimda zikr etilgan axborotlar har bir bojxona maʼmuriyatidan shu maqsadlarda tayinlangan mansabdor shaxslargagina taqdim qilinadi. Bunday tayinlangan mansabdor shaxslarning roʻyxati ushbu Bitim 20-moddasining 2-bandiga muvofiq, bir Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyati tarafidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyatiga beriladi.
12-modda
1. Bir bojxona maʼmuriyatining soʻroviga koʻra boshqa bojxona maʼmuriyati soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati davlati hududida amal qilayotgan bojxona qonunlariga zid boʻlgan yoki shunga gumon qilinayotgan faoliyat yuzasidan tergov boshlaydi va soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatiga bunday tergovning natijalarini taqdim etadi.
2. Bunday tergov ishlari soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati davlatining hududida amal qiladigan qonunlarga muvofiq oʻtkaziladi. Soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati tergov ishlarini oʻz nomidan amalga oshirganidek bajaradi.
3. Soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati soʻrovga qondira olmasa, uni zudlik bilan tegishli organga taqdim etadi va shu organ bilan hamkorlik qiladi.
13-modda
1. Soʻrovnomaga koʻra, soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati tarafidan tayinlagan mansabdor shaxslar soʻralayotgan bojxona maʼmuriyatining ruxsati va u bojxona huquqbuzarligini tergov qilish maqsadida qoʻygan shartlarga rioya etgan holda:
a) soʻralayotgan bojxona maʼmuriyatining ofislarida hujjatlar, yozuvlar va boshqa tegishli axborotni ayni bojxona huquqbuzarligiga daxldor har qanday axborotni topish uchun solishtirishi;
b) ushbu bojxona huquqbuzarligiga daxldor hujjatlar, yozuvlar va boshqa axborotdan nusxa olish;
v) soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona hududida oʻtkazayotgan, ayni bojxona huquqbuzarligiga daxldor soʻroqda hozir boʻlish.
2. Soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatining rasmiy shaxslari, ushbu moddaning 1-bandida belgilangan holatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida boʻlib turganlarida, ular istalgan vaqtda oʻz rasmiy vakolatlarining dalillarini taqdim etishlari lozim.
3. U yerda boʻlish vaqtida ular boshqa Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunlariga muvofiq, bojxona mansabdor shaxslari foydalanadigan himoyadan foydalanadilar va sodir etishlari mumkin boʻlgan har qanday huquqbuzarliklarga javobgar boʻladilar.
VI boʻlim
Fayllar va hujjatlar
Fayllar va hujjatlar
14-modda
1. Har bir bojxona maʼmuriyati oʻz tashabbusi bilan yoki soʻrovga binoan boshqasiga u bojxona maʼmuriyati davlati hududida amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan bojxona huquqbuzarligi yoki bojxona huquqbuzarligiga olib keladigan bitimlar boʻyicha toʻla axborot olish mumkin boʻlgan hisobotlar, yozma guvohlik koʻrsatmalari yoki hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini taqdim etadi.
2. Ushbu Bitim doirasida taqdim etiladigan hujjatlar aynan shu maqsadlarda istalgan shakldagi kompyuter axboroti bilan almashtirilishi mumkin. Axborot va hujjatlarni talqin qilish yoki foydalanish boʻyicha barcha zarur materiallar bir vaqtda taqdim etiladi.
3. Fayl va hujjatlarning asl nusxalari tasdiqlangan nusxalar yetarli boʻlmagan hollardagina soʻraladi.
4. Ushbu Bitim doirasida olingan fayl va hujjatlarning asl nusxalari imkon qadar qisqa muddatlarda qaytarilishi lozim.
VII boʻlim
Ekspertlar va guvohlar
Ekspertlar va guvohlar
15-modda
1. Bojxona huquqbuzarligi munosabati bilan Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga koʻra, soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati oʻz mansabdor shaxslarini soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari oldida ular tomonidan oʻz xizmat majburiyatlarini bajarish paytida aniqlagan faktlar boʻyicha ekspert yoki guvoh sifatida ishtirok etishi mumkin. Soʻrovda mansabdor shaxs qay tarzda va kim sifatida chiqishi aniq koʻrsatilishi lozim.
2. Bojxona maʼmuriyati soʻrovni qabul qila turib, zarur holda uning mansabdor shaxslari koʻrsatma berishi mumkin boʻlgan doiradagi chegarani aniq belgilab beradi.
VIII boʻlim
Axborot va hujjatlardan foydalanish hamda ularni himoya qilish
Axborot va hujjatlardan foydalanish hamda ularni himoya qilish
16-modda
1. Maʼmuriy koʻmak doirasida olingan axborot, maʼlumot va hujjatlar amaldagi milliy qonunlarda tegishli ravishda belgilangan shartlarga muvofiq faqatgina ushbu Bitim maqsadlarida fuqarolik jinoiy va maʼmuriy ishlarda ham foydalanilishi mumkin.
2. Bunday axborot, maʼlumot va hujjatlar ushbu Bitimda koʻrsatib oʻtilganlaridan tashqari, agar taqdim qiluvchi bojxona maʼmuriyati ruxsat bersa va qabul qiluvchi bojxona maʼmuriyatining milliy qonunlari bunday taqdimni taqiqlamasa boshqa hukumat organlariga ham taqdim etilishi mumkin.
3. Ushbu moddaning 2-bandidagi qoidalar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga taalluqli axborotga nisbatan qoʻllanmaydi. Bunday axborot giyohvandlik vositalarining gʻayriqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashga bevosita jalb qilingan boshqa organlarga taqdim qilinishi mumkin.
4. Biroq Italiya Respublikasining YIga aʼzo davlat sifatida olgan majburiyatlari munosabati bilan avvalgi bandlarda bayon etilgan qoidalar olingan axborotni, maʼlumot va hujjatlarni Yevropa Komissiyasiga va zarur hollarda YIning aʼzosi boʻlgan boshqa davlatlariga yuborilishini taqiqlamaydi.
5. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyatiga taqdim etilgan axborot, maʼlumot va hujjatlar ushbu Bitimga binoan mazkur Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlari himoyasida boʻlgan aynan shu mazmundagi hujjat va axborotlar singari muhofaza qilinadi.
17-modda
Shaxslar toʻgʻrisida ushbu Bitim doirasida maʼlumotlarni almashishda Ahdlashuvchi Tomonlar maʼlumotlarning standart himoyasini, hech boʻlmaganda ushbu Bitimning tarkibiy qismi boʻlgan Ilovada bayon etilgan prinsiplarni qoʻllashda kelib chiqadigan muqobil himoyasini taʼminlaydilar.
IX boʻlim
Istisnolar
Istisnolar
18-modda
1. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmak Ahdlashuvchi Tomonning suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa muhim milliy manfaatlariga zarar yetkazsa, yoxud sanoat, tijorat yoki professional maxfiyligini izdan chiqarsa, yo boʻlmasa milliy qonunlariga zid kelsa, koʻmak berish rad etilishi mumkin.
2. Soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati oʻzi ijro eta olmaydigan koʻmak toʻgʻrisida soʻrov yuborsa, u oʻz soʻrovida bu faktni koʻrsatib oʻtadi. Bunday soʻrovni ijro etish soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati ixtiyoridadir.
3. Koʻmak soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati tomonidan oʻtkazilayotgan tergovga, jazolashga yoki sud protsessiga xalaqit beradi degan asosda qoldirilishi mumkin. Bu holda soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati bilan maʼlum sharoitlarda koʻmak koʻrsatilishi mumkinligini aniqlab olish toʻgʻrisida maslahatlashuv oʻtkazadi.
4. Koʻmak berish rad etilsa yoki u kechiktirilsa, buning sabablari koʻrsatiladi.
X boʻlim
Xarajatlar
Xarajatlar
19-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim qoidalarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash boʻyicha barcha talablarni inkor etadilar, ekspertlar va guvohlarga toʻlanadigan xarajat hamda toʻlovlar, shuningdek davlat xizmatchilari boʻlmagan ogʻzaki va yozma tarjimonlar uchun soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatidan undirilishi kerak boʻlgan haq bundan mustasno.
2. Soʻrovning ijro etilishi katta xarajatlarni talab etsa, bojxona maʼmuriyatlari shartlarni belgilash maqsadida soʻrov bajariladigan, shuningdek xarajatlar qay tarzda qoplanishi toʻgʻrisida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
XI boʻlim
Bitimni ijro etish
Bitimni ijro etish
20-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitimni ijro etishda koʻmaklashish maqsadida aniq tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan qarorlar chiqaradilar.
2. Ikki Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatlari rahbarlari yoki ularning vakillari hamda ekspertlardan iborat oʻzbek-italyan qoʻshma komissiyasi tuziladi. Bu komissiya zarur hollarda istalgan bojxona maʼmuriyati soʻrovi boʻyicha ushbu Bitimni ijro etishni nazorat qilish yuzasidan uchrashuv oʻtkazadi, shuningdek yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etadi.
3. Ziddiyatlar borasida biron kelishuvga erishish imkoni boʻlmasa, ular diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
XII boʻlim
Qoʻllash doirasi
Qoʻllash doirasi
21-modda
Ushbu Bitim har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning bojxona hududlarida ularning milliy qonunlariga muvofiq qoʻllanadi.
XIII boʻlim
Kuchga kirishi va faoliyatining toʻxtatilishi
Kuchga kirishi va faoliyatining toʻxtatilishi
22-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga uni koʻchga kiritish uchun lozim boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida rasman maʼlum qilib joʻnatgan ikkinchi xabarnoma olingach, keyingi oyning birinchi kunidan boshlab kuchga kiradi.
23-modda
Ushbu Bitimning amal qilish muddati cheklanmagan, lekin istalgan Ahdlashuvchi Tomon diplomatik kanallar orqali xabardor qilish orqali uning faoliyatini toʻxtatishi mumkin. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ana shunday xabarnomasi olingach ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi.
Ushbu Bitim faoliyati toʻxtatilgan chogʻda tugallanmay qolgan ishlar imkon qadar uning qoidalariga muvofiq oxiriga yetkaziladi.
Rim shahrida 2000-yil 21-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, italyan va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar asl nusxaga tengdir. Bitim qoidalarini talqin qilishda ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
ILOVA
Shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni himoya qilishning asosiy prinsiplari
1. Shaxslar toʻgʻrisida oʻz-oʻzidan ishlov beriladigan maʼlumotlar quyidagicha boʻlishi kerak:
a) qonuniy va adolatli asosda olingan hamda ishlov berilgan;
b) maxsus hamda qonuniy maqsadlarda saqlangan va bunday maqsadlarga zid hollarda ishlatilmagan;
v) muqobil, ishga taalluqli va saqlov maqsadidan ortiqcha boʻlmasligi;
g) aniq va zarur hollarda yangilangan;
d) bu maʼlumotlar saqlanayotgan oʻsha maqsad uchun juda zarur boʻlmagan maʼlumotlarni tenglashtirishga imkon beruvchi shaklda saqlangan.
2. Shaxslarning irqiy kelib chiqishi, siyosiy qarashlari yoki diniy va boshqa eʼtiqodlarini yorituvchi, shuningdek sogʻligʻining darajasi yoxud jinsiy hayotining oʻziga xosliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ichki qonunlar tegishlicha himoya qila olmasa, oʻz-oʻzidan ishlov berishga olinmaydi. Bu shuningdek jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlarga ham taalluqli.
3. Shaxslar toʻgʻrisida kompyuter fayllarida saqlanadigan maʼlumotlarni beruxsat yoʻq qilish yoki tasodifiy yoʻqotishdan, shuningdek ruxsatsiz tanishib chiqishdan oʻzgartish va yoyishdan himoya qilish uchun tegishli xavfsizlik choralari koʻriladi.
4. Istalgan shaxs quyidagi imkoniyatlarga ega:
a) shaxsiy maʼlumotlari boʻlgan kompyuter fayli borligini, uning maqsadlari, shuningdek bu faylni nazorat qiluvchi kishining shaxsi va turar joyi yoki asosiy ish joyini isbotlash;
b) uning shaxsiy maʼlumotlari kompyuter faylida saqlanayotganini tasdiqlab, muayyan maqbul vaqt oraligʻida va juda uzoq muddatga qoldirmagan holda yoki xarajatlarsiz, shuningdek unga kirish huquqi boʻlgan shakldagi xabarni olish;
a) davlat, jamiyat xavfsizligi, davlatning moliyaviy manfaatlarini muhofaza qilish yoki ogʻir jinoyatlarning oldini olishni;
b) soʻz yuritilayotgan maʼlumotlar yoki boshqa shaxslarning huquq va erkinligini himoya qilish.
5.3. Kompyuter fayllarida saqlanadigan, statistika maʼlumotlarini yigʻish maqsadida foydalanadigan yoki zikr etilgan maʼlumotlarga yetkazilishi mumkin aniq xavf yoʻq boʻlgan hollarda ushbu Ilovaning 4-qoidasidagi (b), (v) va (g) bandlarida belgilangan huquqlardan foydalanish boʻyicha shaxsiy maʼlumotlar borasidagi cheklanishlar qonunda ilmiy tadqiqotlar uchun koʻrsatilishi mumkin.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Ilovada bayon etilgan asosiy prinsiplarni ishga tushiruvchi ichki qonun-qoidalarni buzganligi uchun zararni undirish boʻyicha tegishli sanksiyalar oʻrnatish va choralar koʻrish majburiyatini oladi.
7. Ushbu Ilova qoidalaridan hech qaysisi Ahdlashuvchi Tomonga mana shu Ilovada belgilanganlarga koʻra aytilgan maʼlumotlarga kengroq muhofaza choralari koʻrishni cheklovchi yoki boshqacha tarzda imkoniyatini toraytiruvchi sifatida talqin qilinmasligi kerak.
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2005-y., 2—4-son)