OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN SLOVENIYA RESPUBLIKASI OʻRTASIDA
Bitim
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Sloveniya Respublikasi, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki Davlat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istagida,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik asosida bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshiradigan investitsiyalarini ragʻbatlantirish va qulay sharoitlar yaratish maqsadida,
ushbu Bitimga muvofiq bunday investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash tadbirkorlik tashabbusini kuchaytirishga xizmat qilishini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning tegishli qonun va qoidalariga muvofiq investitsiyalagan barcha turdagi aktivlarni anglatadi, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk, shuningdek ipoteka, chegirib qolish huquqi, garov kabi har qanday mulkiy huquqlar;
b) aksiyalar, jamgʻarmalar va qarz majburiyatlari hamda kompaniyalarda ishtirok etishning boshqa shakllari;
s) pul talabnomalari yoki investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan, iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan kontrakt boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan talabnomalar;
d) intellektual mulkiga boʻlgan huquqlar, xususan mualliflik va oʻzaro bogʻliq boʻlgan huquqlar, shuningdek kompyuter dasturlari, patentlar, sanoat andozalari, savdo markalari, geografik nomlar, shu jumladan nomlarning manbalari, integral sohalar topografiyasi, shuningdek nou-xau toʻgʻrisidagi ochilmagan maʼlumotlar;
e) qonun, kontraktga muvofiq yoki vakolatli davlat organining maʼmuriy qarori asosida beriladigan konsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni tadqiq qilish, qazish yoki ulardan foydalanish konsessiyalari.
Aktivlar investitsiyalangan yoki qayta investitsiyalangan shakldagi hech qanday oʻzgarish ularning investitsiya sifatidagi xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi, agar bunday oʻzgarish investitsiyalar amalga oshirilgan hududidagi Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq yuz bergan boʻlsa.
2. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan qiymatlarni, ammo nafaqat ularni, xususan foyda, dividendlar, foizlar, royalti yoxud daromadning investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa turlarini, shu jumladan texnik hamkorlik uchun boʻlgan mukofotlarni anglatadi.
3. “Investor” atamasi:
a) istalgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq uning fuqaroligiga ega boʻlgan jismoniy shaxslarni, va
b) bir Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan manzilga va yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan yoki ana shu Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq taʼsis etilgan yuridik shaxslar, shu jumladan korporatsiyalar, tijorat kompaniyalari yoxud boshqa kompaniyalar yoki assotsiatsiyalarni bildiradi.
4. “Milliy hudud” atamasi har bir Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan uning suvereniteti ostida boʻlgan hududning shu jumladan ichki va xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq ana shu Tomon oʻz suvereniteti yoki yurisdiksiyasini amalga oshiradigan havo kengligi va dengiz hududini anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshiradigan investitsiyalarni imkon qadar ragʻbatlantiradi va quvvatlaydi hamda oʻz qonun va qoidalariga muvofiq shunday investitsiyalarni qabul qiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun har doim adolatli va teng huquqli rejim yaratadi.
3. Istalgan Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalari toʻla himoya va xavfsizlik bilan taʼminlanadi. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga nisbatan ularning oʻz investitsiyalarini boshqarishi, yuritishi, sarflashi, egalik qilishi yoki tasarruf etishi borasida hech qanday tarzda asossiz yoki kamsituvchi choralarni qoʻllamaydi.
4. Agar, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri mazkur Bitimga binoan oʻz hududida investitsiyalarga ruxsat bersa, u oʻzining amaldagi qonunchiligiga muvofiq shunday investitsiyalar bilan bogʻliq barcha zaruriy ruxsatnomalarni beradi.
3-modda
Milliy rejim va eng qulay rejim
Milliy rejim va eng qulay rejim
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalariga yoki ular bilan bogʻliq daromadlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlarining investitsiyalari yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga va daromadlariga yaratganidan kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli qulay rejim yaratiladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining oʻz investitsiyalarini boshqarish, qoʻllab-quvvatlash, foydalanish, egalik qilish yoki tasarruf etish borasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratganidan kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli qulay rejim yaratadi.
3. Ushbu moddaning qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomonni quyidagilar tufayli har qanday rejim, yengillik yoki imtiyoz afzalliklarini boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga nisbatan tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim;
a) chegaraoldi savdosini yengillashtirishi mumkin boʻlgan, ana shu Ahdlashuvchi Tomon qatnashchisi boʻlgan yoki qatnashchisi boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday mavjud yoxud kelgusida tashkil etiladigan erkin savdo zonalari, bojxona ittifoqi, umumiy bozor yoki shu singari boshqa xalqaro bitimlar, shu jumladan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik va xalqaro bitimlarning boshqa shakllari;
v) toʻlaligicha yoki qisman soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday xalqaro bitim.
4-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalari ekspropriatsiya qilinmaydi, davlat tasarrufiga oʻtkazilmaydi yoki ularga nisbatan ekspropriatsiya qilish yoki davlat tasarrufiga oʻtkazish (bundan keyin “ekspropriatsiya” deb ataladi) kabi choralar qoʻllanmaydi, ammo kamsitmaslik asosida jamoatchilik maqsadlarida kechiktirmasdan, aynan bir xil va samarali badal toʻlash yoʻli bilan qonuniy tarzda amalga oshiriladigan choralar bundan mustasno.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan badal toʻlash, investitsiyalarning bevosita tarzda ekspropriatsiyagacha yoki ekspropriatsiya xususida hammaga maʼlum qilingan vaqtda, ulardan qaysi biri avval yuz berganligiga bogʻliq ravishda belgilangan bozor qiymatiga teng boʻlishi lozim. Badal toʻlash tez orada amalga oshiriladi va oddiy tijorat kursi boʻyicha foizlarni oʻz ichiga qamrab oladi yoki ekspropriatsiya qilingan sanadan boshlab toʻlov sanasiga qadar “LIBOR” stavkasi boʻyicha hisoblanadi. Badal toʻlovlari erkin tarzda oʻtkaziladi va hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning valyutani tartibga solish qoidalariga muvofiq samarali ravishda toʻlanadi.
3. Ekspropriatsiyani amalga oshirgan Ahdlashuvchi Tomonning qonuniga koʻra, investitsiyalari ekspropriatsiya qilingan investor, ushbu moddada qayd etilgan prinsiplarga muvofiq oʻz ishini tezda qayta koʻrib chiqilishi va investitsiyalarni baholash xususida shu Ahdlashuvchi Tomonning sudi yoki boshqa vakolatli organiga murojaat qilish huquqiga egadir.
5-modda
Zararlar qoplash uchun badal toʻlash
Zararlar qoplash uchun badal toʻlash
Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi urush yoki qurolli toʻqnashuvning boshqa koʻrinishi, inqilob, milliy qoʻzgʻolon, favqulodda holat yoxud shu kabi boshqa voqealar oqibatida zarar koʻrgan investitsiyalari uchun ana shu Ahdlashuvchi Tomoni oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlari uchun qabul qilinadigan chora-tadbirlar, shu jumladan badal toʻlash, tovon toʻlovi va restitutsiya borasida yaratadigan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejimni yaratadi.
6-modda
Pul oʻtkazish
Pul oʻtkazish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga investitsiyalar bilan bogʻliq toʻlovlarning va xususan quyidagilarning, ammo nafaqat ularning erkin ravishda oʻtkazilishini kafolatlaydi:
a) dastlabki sarmoyalar qiymati va investitsiyalarni quvvatlash yoki koʻpaytirish uchun kiritilgan qoʻshimcha ulushlar;
b) ushbu Bitimning 1-modda 2-bandida qayd etilgan daromadlar;
s) investitsiyalarga taalluqli zayomlarning puli toʻlanadigan qiymatlar;
d) investitsiyalarni butunlay yoki qisman sotish yoki tugatishdan keladigan tushumlar;
e) mazkur Bitimning 4 va 5-moddalarida koʻzda tutilgan har qanday badal toʻlovlar yoki boshqa toʻlovlar;
g) investitsiyalar munosabati bilan xorijdan jalb etilgan fuqarolarga toʻlanadigan ish haqi va boshqa koʻrinishdagi mukofotlar.
2. Ushbu moddada qayd etilgan pul oʻtkazishlar hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning valyutani tartibga solish qoidalariga muvofiq, pul oʻtkazilayotgan sanada qoʻllanilayotgan almashtirish kursi boʻyicha erkin muomaladagi valyutada, cheklanmagan holda yoki asossiz kechiktirishsiz amalga oshiriladi.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki uning vakolatli organi investorga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalar xususida berilgan kafolatga muvofiq toʻlovlarni amalga oshiradigan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorning barcha huquqlari va talablari birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoxud uning vakolatli organiga oʻtishini eʼtirof etadi. Subrogatsiyalangan huquqlar yoki talablar investorning dastlabki huquqlari va talablaridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga taalluqli nizolar imkoniyatga koʻra diplomatik kanallar orqali muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar olti oy mobaynida nizoni hal eta olmasalar, ushbu modda qoidalariga muvofiq istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabiga koʻra nizo Arbitraj sudiga koʻrib chiqish uchun topshiriladi.
3. Bunday Arbitraj sudi har bir alohida holat uchun quyidagi tarzda tashkil etiladi. Nizoni arbitrajga topshirish xususida iltimosnoma olingan kundan boshlab ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan sud aʼzosini tayinlaydi. Bu ikki arbitr Ahdlashuvchi Tomonlar maʼqullagan uchinchi davlat fuqarosini Sud Raisi etib tayinlaydi. Rais boshqa ikkita sud aʼzosi tayinlangan sanadan keyingi uch (3) oy mobaynida tayinlanadi.
4. Agar zaruriy tayinlovlar ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan davr mobaynida amalga oshirilmasa, oʻzgacha kelishuvlar mavjud boʻlmagan holda istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentini taklif etishi mumkin. Basharti, Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki, agar boshqa sabablarga koʻra bunday vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Vitse-Prezident taklif etiladi. Agar Vitse-Prezident ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa sabablarga koʻra mazkur vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlmagan, lavozimi keyingi oʻrinda turgan Xalqaro Sudning aʼzosi taklif etiladi.
5. Arbitraj sudining Raisi har ikki Ahdlashuvchi Tomon ham diplomatik munosabatda boʻlgan uchinchi Davlatning fuqarosi hisoblanadi.
6. Arbitraj sudi oʻz qarorlarini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi. Sud qarorlari har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining sud aʼzosi va oʻz vakillarining sud jarayonidagi ishtiroki uchun sarflanadigan xarajatlarni toʻlaydi. Arbitraj sudining Raisi uchun sarflanadigan va boshqa chiqimlarni Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda qoplaydilar. Arbitraj sudi xarajatlar xususida oʻzgacha tarzda qaror qabul qilishi ham mumkin. Boshqa holatlarda Arbitraj sudi oʻz tartib-qoidalarini mustaqil tarzda belgilaydi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasida investorning shu Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalariga taalluqli boʻlgan nizolar doʻstona tarzda muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Agar bunday nizo muzokaralar yoʻli bilan hal etish toʻgʻrisida ariza berilgan vaqtdan boshlab olti (6) oy mobaynida hal etilmasa, manfaatdor investor uni koʻrib chiqish uchun:
a) hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga;
b) BMT Xalqaro Savdo huquqi boʻyicha Komissiyasining Arbitraj qoidalari (UNCITRAL)ga muvofiq taʼsis etiladigan “ad hos” Arbitraj Sudiga, agar nizolashuvchi tomonlar oʻzgacha tarzda kelishmagan boʻlsalar;
s) Vashingtonda 1965-yil 18-martda imzolash uchun ochilgan Davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisida Konvensiyaga muvofiq taʼsis etilgan Investitsion nizolarni hal etish yoki arbitraj yoʻli bilan hal etuvchi Xalqaro markaz (ICSID)ga topshirishi mumkin.
3. Ushbu bilan har bir Ahdlashuvchi Tomon investitsion nizoni xalqaro yarashtirish jarayoniga yoki arbitraj sudiga koʻrib chiqish uchun topshirishga rozi ekanligini bildiradi.
4. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon barcha protseduralar tugallangunga qadar va jarayonda yutqazgan Ahdlashuvchi Tomon Investitsion nizolarni hal etuvchi Xalqaro markaz tomonidan qabul qilingan qarorni tan olgunga yoki rad etgunga qadar diplomatik kanallar orqali arbitrajga taalluqli biror-bir masala yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazmasligi lozim.
5. Qaror ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi.
10-modda
Boshqa qoidalarni qoʻllash
Boshqa qoidalarni qoʻllash
1. Agar istalgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunidagi qoidalar yoki xalqaro huquqqa muvofiq hozirda mavjud boʻlgan yoxud keyinchalik Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitimga qoʻshimcha ravishda taʼsis etilgan majburiyatlar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun ushbu Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra qulayroq rejim yaratish xususidagi umumiy yoki maxsus qoidalarni oʻz ichiga olsa, bunday qoidalar oʻzining yanada qulay boʻlgan hajmida ushbu Bitimga nisbatan ustun kuchga ega hisoblanadi.
11-modda
Bitimni qoʻllash
Bitimni qoʻllash
Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunlari va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq ushbu Bitim kuchga kirgan sanagacha va undan soʻng amalga oshirgan barcha investitsiyalariga nisbatan tatbiq etiladi.
12-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari, zaruriy hollarda, ushbu Bitimning bajarilishiga taʼsir koʻrsatuvchi har qanday masala yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashuvlar istalgan Ahdlashuvchi Tomonning taklifiga koʻra, diplomatik kanallar orqali kelishilgan joyda va vaqtda oʻtkaziladi.
13-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli ichki huquqiy protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlariga yozma ravishda soʻnggi xabarnoma yuborgan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim oʻn (10) yil davomida amal qiladi va istalgan Ahdlashuvchi Tomon qayd etilgan muddat tugashidan oʻn ikki (12) oy ilgari ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish xususidagi oʻz maqsadini boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgunga qadar Bitimning amalda qoʻllanish muddati oʻz-oʻzidan navbatdagi besh yillik muddatlarga uzaytirib boriladi.
3. Ushbu Bitimning amal qilish muddati mobaynida amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan 1—12-moddalarning qoidalari ushbu Bitim amal qilinishi toʻxtatilgan sanadan boshlab keyingi oʻn (10) yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, tegishli tarzda vakolatli etib tayinlangan quyida imzo chekuvchi vakillar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida, 2003-yil 7-oktabrda, ikki nusxada, oʻzbek, sloven va ingliz tillarida tuzilgan, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 2-son)