OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATIGA ERON ISLOM RESPUBLIKASI HUKUMATI TOMONIDAN
Anglashuv Memorandumi
TARAQQIYOTGA KOʻMAKLAShISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi oʻrtasida mavjud doʻstona munosabatlarni, shuningdek oʻzlarining ikki tomonlama iqtisodiy hamkorligini kelgusida kengaytirishga boʻlgan ikkala tomonning istagini eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy taraqqiyotiga koʻmak koʻrsatish yuzasidan ikkala mamlakatning oliy darajadagi organlari oʻrtasida muzokaralar oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir tomondan, va ikkinchi tomondan, Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy shaxslari oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralardan soʻng, ikkala tomon
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining soʻroviga binoan, Eron Islom Respublikasi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga taraqqiyot uchun koʻmaklashish Dasturini kengaytirishga rozilik bildirdi.
2-modda
Eron Islom Respublikasi ushbu Bitim moddalari doirasida ikki yarim million AQSh dollari miqdorida grant koʻrinishidagi qiymatni ajratib berishga rozilik bildirdi.
3-modda
Mazkur qiymat Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan ustuvor soha deb ilgari surilgan loyiha yoki dasturlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moliyaviy xarajatlarni toʻliq yoki qisman qoplashga ajratiladi. Mazkur qiymat ikkala tomonning kelishuviga koʻra loyiha yoki dastur bilan bogʻliq boʻlgan Eron Islom Respublikasidan tovar, uskuna va xizmatlarni sotib olish yoki import qilish uchun zarur boʻlgan moliyaviy xarajatlarini toʻliq yoki qisman qoplashda foydalanilishi mumkin. U, shuningdek Eronning moliyaviy muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan loyiha yoki dasturlarga ajratilgan kredit hamda zayomlarning foizli stavkadagi farqlarni qoplash uchun foydalanilishi mumkin.
4-modda
Ikkala Tomon ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblangan, lozim tarzda rasmiylashtirilgan loyiha yoki dasturlar boʻyicha ahdlashuvlarga diplomatik notalarni almashish orqali erishadilar.
5-modda
3-moddada koʻrsatilgan loyiha yoki dasturlar eron xoʻjalik yurituvchi korxonalaridan biri tomonidan amalga oshirilib, Bitimda loyiha yoki dasturlarning ijrochisi deb nomlanadi.
6-modda
Bunday loyiha yoki dasturlar uchun zarur boʻlgan uskuna, tovar va xizmatlar Eron Islom Respublikasidan olinishi lozim. Biroq, zarur hollarda mablagʻni tejash va loyihani tez amalga oshirish maqsadida bunday uskuna, tovar va xizmatlarning 30 foizigacha boshqa mamlakatlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasidan olinishi mumkin. Bu foiz qiymati loyiha yoki dasturlarning xususiyatidan kelib chiqib, hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi bu haqda qaror qabul qilgan boʻlsalar, oʻzgarishi va oshirilishi mumkin.
7-modda
Eron maslahatchilaridan biri tomonidan amalga oshirilgan bunday loyiha va dasturlarning iqtisodiy muvofiqlik tahlili bilan bogʻliq xarajatlar ushbu grant hisobidan qoplanishi mumkin.
8-modda
Iqtisodiy muvofiqlik tahlili yoki loyiha yoxud dasturlarning eron korxonalari tomonidan bajarilishi faqatgina cheklangan tender orqali amalga oshiriladi.
9-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati 2-moddada koʻrsatilgan taraqqiyotga koʻmaklashishning qabul qilish jarayonini kuzatish va monitoringini olib borish hamda muntazam ravishda barcha tegishli tomonlar, shuningdek Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan aloqa oʻrnatish uchun organni belgilaydi.
10-modda
Grantning toʻlovi loyiha yoki dasturlarni bajarish va amalga oshirilishini yakunlash majburiyatini oladigan Oʻzbekiston Hukumati tayinlagan organning yozma soʻroviga koʻra boshlanishi mumkin.
11-modda
9-moddada koʻrsatilgan organning soʻroviga koʻra, Eron Islom Respublikasi Hukumati grant qiymatini loyiha yoki dasturlarning ijrochisiga loyiha maslahatchisining hisoboti asosida toʻla yoki qisman toʻlaydi.
12-modda
Oʻzbekiston organi bilan loyiha ijrochisi oʻrtasida baxslar yuzaga kelgan holda, jalb etilgan tomonlar zudlik bilan Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladilar. Bunday hollarda grant toʻlovining davom ettirilishi ikki tomon oʻrtasidagi bahs hal etilishiga bogʻliq boʻladi.
Ushbu Anglashuv Memorandumi ikki Hukumatning quyidagi rasmiy shaxslari tomonidan 2004-yil 18-mayda (1383 yil 29/02) ikki asl nusxada, oʻzbek, fors va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xilda, autentikdir. Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 2-son)