Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
FAXRIY UNVONLAR UCHUN TOʻLOVLAR MIQDORINI OSHIRISH TOʻGʻRISIDA
Mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti va sanʼatini, iqtisodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, xalqimizning madaniyati va maʼnaviyatini yuksaltirishga, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashga katta hissa qoʻshib kelayotgan shaxslarni munosib ragʻbatlantirish va qoʻshimcha ravishda moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. 2008-yilning 1-yanvaridan boshlab davlatimizning faxriy unvonlariga sazovor boʻlgan shaxslar — “Xalq” va “Xizmat koʻrsatgan arbob” faxriy unvonlari egalari uchun berib kelinayotgan toʻlovlar eng kam ish haqining 2 barobari, “Xizmat koʻrsatgan” faxriy unvoni sohiblari uchun esa eng kam ish haqining 1 barobari miqdorida oshirilib, har oylik toʻlovlarning miqdori ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matda berilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, faxriy unvonlar egalariga toʻlovlar har oyda Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 17-dekabr,
PF-3942-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 12-son, 639-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son; 30.03.2026-y., 06/26/46/0290-son)