Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FAXRIY UNVONLAR EGALARIGA TOʻLOVLARNI TAYINLASH VA AMALGA OSHIRISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorini oshirish toʻgʻrisida” 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorlari oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun qoʻshimcha mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-oktabrdagi 714-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2024-y., 09/24/714/0865-son)
3. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralari, shuningdek xoʻjalik hisobidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar 2008-yil 1-yanvardan boshlab belgilangan tartibga muvofiq faxriy unvonlar egalariga toʻlovlar amalga oshirilishi tashkil etilishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faxriy unvonlar uchun gonorarlar va qoʻshimcha haq miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida” 1993-yil 7-iyundagi 274-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-yanvar,
2-son
Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorini oshirish toʻgʻrisida” 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-son Farmoniga muvofiq faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Toʻlovlar:
Oldingi tahrirga qarang.
“Xalq” va “Xizmat koʻrsatgan arbob” faxriy unvonlari egalariga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida;
“Xizmat koʻrsatgan artist” faxriy unvoni egalariga bazaviy hisoblash miqdorining 1,8 baravari miqdorida;
“Xizmat koʻrsatgan” faxriy unvoni egalariga (qolgan kasblar boʻyicha) bazaviy hisoblash miqdorining 1,6 baravari miqdorida amalga oshiriladi.
(2-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ilgari amalda boʻlgan qonunchilik asosida berilgan faxriy unvonlar egalariga toʻlovlar ushbu Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolari faxriy unvonlar uchun toʻlovlarni olish huquqiga egadir.
5. Faxriy unvonlar uchun har oylik toʻlovlar:
budjet tashkilotlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga — tegishli budjetlar hisobidan;
xoʻjalik hisobidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga — xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz mablagʻlari hisobidan;
Oldingi tahrirga qarang.
Pensionerlarga — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yashash joyidagi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari orqali toʻlanadi. Bunda respublika budjeti hisobidan pensiya oluvchi pensionerlarga faxriy unvonlar uchun har oylik toʻlovlar pensiya tayinlangan tashkilot orqali respublika budjeti mablagʻlari hisobidan pensiya toʻlash tartib va muddatlarda toʻlanadi.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-oktabrdagi 714-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2024-y., 09/24/714/0865-son)
6. Ishlayotgan shaxslarga faxriy unvonlar uchun toʻlovlar asosiy ish joyida ish haqi bilan birgalikda toʻlanadi.
Faxriy unvonga ega boʻlgan xodim boshqa ishga oʻtganda toʻlov boʻshagan oydagi ishlab berilgan kunlar sonidan qatʼi nazar, oldingi ish joyida toʻliq hajmda toʻlanadi.
Faxriy unvonlar uchun yangi ish joyida toʻlovlar toʻlov amalga oshirilgan oxirgi oy toʻgʻrisida oldingi ish joyidan maʼlumotnoma taqdim etilgandan keyin toʻlanadi.
7. Bir necha faxriy unvonlarga ega boʻlgan shaxslarga toʻlov toʻlovning eng koʻp miqdori nazarda tutilgan faqat bitta faxriy unvon uchun toʻlanadi.
II. Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish
8. Faxriy unvon uchun toʻlovni tayinlash quyidagi hujjatlar:
faxriy unvon berish toʻgʻrisidagi guvohnoma, shuningdek uning nusxasi;
faxriy unvon uchun toʻlovni amalga oshirishga berilgan ariza;
ariza beruvchining pasporti (yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjat — harbiy xizmatchilar uchun), shuningdek uning nusxasi taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Faxriy unvon berish toʻgʻrisidagi guvohnoma va ariza beruvchining pasporti (yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjat) taqdim etilgan hujjatlar tekshirilgandan soʻng egasiga qaytariladi.
9. Faxriy unvonlar uchun ish haqiga yoki pensiyaga qoʻshib beriladigan toʻlovlar ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgan oydan keyingi oyning 1-kunidan boshlab amalga oshiriladi.
10. Budjet tashkilotlarida moliya yilidan boshlab ishlayotgan shaxslarga faxriy unvonlar uchun toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar yillik xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
Yil mobaynida faxriy unvon berilgan taqdirda budjet tashkilotlari ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan barcha hujjatlar olingandan keyin xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritish uchun moliya mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojning hisob-kitobini va faxriy unvon berish toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasini tegishli moliya organiga yuboradilar.
11. Xoʻjalik hisobidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar taqdim etilgan hujjatlar asosida faxriy unvon berilgan shaxsga toʻlovni ish haqi bilan birgalikda amalga oshiradilar.
12. Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar mehnatga haq toʻlash fondiga kiritiladi va unga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinadi, undan davlat ijtimoiy sugʻurtasiga mablagʻ ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Pensionerlarga faxriy unvonlar uchun toʻlovlar olinadigan pensiyaning turidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Toʻlov faxriy unvonga ega boʻlgan shaxs vafot etganligi munosabati bilan tayinlangan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasiga qoʻshilmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 07/21/5102/0412-son)
III. Yakunlovchi qoidalar
14. Faxriy unvonlar uchun toʻlov oladigan shaxslar hisobini yuritish va ularga toʻlov toʻgʻri toʻlanishini nazorat qilish tegishli budjet tashkilotlariga, shuningdek xoʻjalik hisobidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga yuklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Faxriy unvon uchun toʻlov faxriy unvon egasi vafot etgan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda faxriy unvondan mahrum etilgan hollarda yoxud faxriy unvonga ega boʻlgan shaxsning arizasi boʻyicha, toʻlovni amalga oshirish toʻxtatilgandan keyingi oydan boshlab toʻxtatiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 1-2-son, 2-modda; 2010-y., 13-son, 96-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 05.05.2021-y., 07/21/5102/0412-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 30.10.2024-y., 09/24/714/0865-son)