Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
TRANZIT VA TRANSPORT SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Islom Davlati Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
transport va tranzit sohalarida oʻzaro foydali hamkorlikni yanada rivojlantirish istagiga asoslanib, hamda
oʻz davlatlari oʻrtasida tovarlar va yoʻlovchilarning tranziti va tashuvlarini, shuningdek oʻz davlatlari hududlari orqali uchinchi mamlakatlarga tranzit tashuvlarni yengillashtirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar, ushbu bilan, oʻzlarining milliy qonun hujjatlariga muvofiq oʻz davlatlari tashuvchilariga nisbatan yoʻl hamda havo transport kommunikatsiyalarida erkin tranzit rejimini taqdim etishni taʼminlaydilar.
Tomonlar davlatlarining hududlari orqali tovarlarning tranzit tashuvida boj toʻlovlari va boshqa yigʻimlardan ozod etiladi.
2-modda
Tomonlar Afgʻoniston Islom Davlatining transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish sohasida jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida tuziladigan bitimlar (kontraktlar) asosida hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan uzoq muddatli loyihalar doirasida, ayniqsa quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
1. Transportning turli sohalaridagi afgʻon mutaxassislarini Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida tayyorlash;
2. Afgʻoniston Islom Davlati hududlarida tegishli infratuzilmani yaratish, shuningdek avtomobil va temir yoʻllarini qurish hamda qayta tiklash.
3-modda
Tomonlar havo, avtomobil, daryo va temir yoʻl kommunikatsiyalari sohasida transport qoʻshma korxonalar tuzish imkoniyatlarini oʻrganib chiqadilar.
4-modda
Tomonlar oʻzaro tajriba almashish hamda ilmiy-texnikaviy markazlarni rivojlantirish maqsadlarida tranzit, transport va kommunikatsiya sohalarida mutaxassislarni almashadilar.
5-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining avtomobil yoʻllari, shosselari, temir yoʻllari va havo kengliklaridagi tashuvlarda yoki tranzitda yoʻlovchilar, ekipaj, xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xavfsizligini hamda avtotransport vositalari, temir yoʻl vagonlari, konteynerlar, havo kemalari, shu jumladan, tovarlar va yuklarni saqlash uchun zarur boʻlgan tegishli choralarni koʻradilar.
6-modda
Tomonlar oʻz davlatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri transport kommunikatsiyalarini yengillashtirish uchun zarur choralarni koʻradilar.
Ikkala Tomonning transport vositalari oʻzarolik asosida uchinchi davlatlar transport vositalari taʼminlangan qulay rejimdan kam boʻlmagan rejim bilan taʼminlanadi.
Transportning alohida sohalaridagi hamkorlik mustaqil ravishda tuziladigan bitimlar asosida amalga oshirilishi mumkin.
7-modda
Toʻgʻridan-toʻgʻri tranzit tashuvlarni yengillashtirish maqsadida Tomonlar oʻz davlat chegara punktlarida kirish tartiblarini joriy etadilar.
Tovarlar hamda transport vositalarining bojxona chegaralari boʻylab tranzit tashuvi bojxona tekshiruvisiz amalga oshiriladi, istisno tariqasida bunday tekshiruvlar olib kirishga, olib chiqishga yoki tranzit qilish taqiqlangan predmetlarning tashuvini gumon qilishga yetarli asos boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
8-modda
Qurollar, oʻq-dorilar, harbiy uskunalar va xavfli hamda maxsus yuklarning quruqlikda va daryo transporti kommunikatsiyalarida hamda havo kengliklaridagi tashuvi va tranziti milliy qonunlar va qoidalarga hamda Tomonlar ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar bir-birlariga oʻz davlatlarining milliy qonun hujjatlariga muvofiq ularning davlatlari hududlariga olib kirishga, olib chiqishga va tranzit qilishga taqiqlangan yuklar roʻyxatlarini taqdim etadilar.
9-modda
Ushbu Bitimning samarali amal qilishini taʼminlash maqsadida Tomonlar oʻzlarining vakolatli organlarini belgilaydilar:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi;
Afgʻoniston Islom Davlati uchun — Afgʻoniston Islom Davlati Savdo vazirligi.
10-modda
Havo, avtomobil va temir yoʻl qatnovi va tranzitga oid, shuningdek mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-afgʻon Hukumatlararo komissiya doirasida koʻrib chiqadilar.
Tomonlar mazkur tayinlangan komissiya doirasida Tomonlar vakolatli organlari vakillaridan iborat boʻlgan idoralararo qoʻshma komissiyalar va ekspertlar guruhlarini tashkil etishlari mumkin.
11-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro konvensiyalar va shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12-modda
Tomonlar bojxona va tashuvlarga oid oʻz qonunlari va qoidalariga kiritilgan va boshqa Tomonning manfaatlariga taʼsir etishi mumkin boʻlgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor etadilar.
13-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etish va qoʻllash bilan bogʻliq munozaralar maslahatlashuvlar va muzokaralar vositasida hal etilishi lozim.
Munozaralar doʻstona vositalar yordamida hal etilmagan taqdirda, Tomonlar xalqaro meʼyorlarga muvofiq qaror qabul qilishlari mumkin.
14-modda
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblangan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular ushbu Bitimning 15-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
15-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun lozim boʻlgan tegishli davlat ichki protseduralarni bajarganliklari toʻgʻrisida yozma xabarnoma almashgan soʻnggi kundan kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgan vaqtdan boshlab 5 yil davomida amal qiladi va avtomatik tarzda kelgusi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi va tegishli besh yillik muddat tugashidan 6 oy ilgari Tomonlardan biri boshqa bir Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatini yozma ravishda xabardor qilmagunga qadar uzaytirilib borilaveradi.
3. Ushbu Bitim oʻz kuchini yoʻqotgan taqdirda, uning qoidalari Tomonlar davlatlarining jismoniy va yuridik shaxslari oʻrtasida Bitim amal qilgan davrda tuzilgan kontraktlarga nisbatan, Bitim kuchini yoʻqotgandan soʻng bir yil muddatgacha tatbiq etiladi.
Toshkent shahrida 2004-yil 29-avgustda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, dari va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2005-y., 1-son)