Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
IKKI YoQLAMA SOLIQQA TORTILIShIGA YOʻL QOʻYMASLIK VA DAROMAD HAMDA KAPITAL SOLIQLARIGA TAALLUQLI MAʼLUMOTLARNI ALMAShISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Davlatlar” deb ataluvchilar,
ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad hamda kapital soliqlariga taalluqli maʼlumotlarni almashish toʻgʻrisida Bitim tuzish istagini bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Shaxslarga nisbatan qoʻllash
Shaxslarga nisbatan qoʻllash
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkalasining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Tatbiq etiladigan soliqlar
Tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari nomidan olinadigan daromad, foyda va kapital soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va kapital soliqlariga umumiy daromaddan, umumiy kapitaldan yoxud daromad yoki kapitalning bir qismidan olinadigan barcha soliqlar, shu jumladan koʻchar va koʻchmas mulkni begonalashtirishdan olinadigan soliqlar, korxonalar tomonidan toʻlanadigan ish haqining umumiy miqdoridan olinadigan soliqlar, shuningdek kapital qiymatining oʻsishidan olinadigan soliqlar taalluqli boʻladi.
3. Ushbu Bitim qoʻllanadigan amaldagi soliqlar xususan quyidagilardir:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
(i) yuridik shaxslarning daromad(foyda)laridan olinadigan soliq;
(ii) jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq; va
(iii) mol-mulk soligʻi;
(b) Eron Islom Respublikasiga nisbatan:
(i) daromad soligʻi;
(ii) mol-mulk soligʻi.
4. Ushbu Bitim imzolangan sanadan soʻng undiriladigan soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritiladigan har qanday bir xil yoki mohiyati jihatidan oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllanadi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlariga tegishli boʻlgan soliq qonunlariga kiritilgan muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlariga xabar berib boradilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Bitim maqsadlarida agar matn mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa:
a)
(i) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti va/yoki yurisdiksiyasi ostidagi hududni anglatadi;
(ii) “Eron Islom Respublikasi” atamasi Eron Islom Respublikasi suvereniteti va/yoki yurisdiksiyasi ostidagi hududni anglatadi;
b) “shaxs” atamasi:
(i) jismoniy shaxsni,
(ii) kompaniyani yoki shaxslarning boshqa har qanday birlashmasini anglatadi;
s) “kompaniya” atamasi korporativ birlashmani yoki soliqqa tortish maqsadida korporativ birlashma sifatida qaraladigan har bir korxonani anglatadi;
d) “roʻyxatdan oʻtgan ofis” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining tegishli qonunlariga asosan roʻyxatdan oʻtkazilgan bosh ofisni anglatadi;
e) “bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari tegishlicha bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqaruvi ostidagi korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvi ostidagi korxonani anglatadi;
f) “fuqaro” atamasi Ahdlashuvchi Davlatining amaldagi qonunlari asosida ushbu status berilgan har qanday shaxsni anglatadi;
g) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz, daryo yoki havo kemasida, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarida har qanday tashishni anglatadi, dengiz, daryo yoki havo kemasidan, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan punktlar oʻrtasida foydalanilishi bundan mustasno;
h) “vakolatli organ” atamasi:
(i) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisini yoki uning vakolatli vakilini; va
(ii) Eron Islom Respublikasiga nisbatan — Iqtisodiy ishlar va moliya vazirini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi.
2. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlatlar tomonidan qoʻllanganida unda belgilanmagan har qanday atama, ushbu Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan shu Davlat qonunlari boʻyicha ega boʻlgan maʼnoni anglatadi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Bitim maqsadlarida “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi shu Davlat qonunlari boʻyicha oʻzining yashash joyi, doimiy boʻlish joyi, roʻyxatdan oʻtgan joyi yoki har qanday boshqa shunga oʻxshash mezonlar asosida soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatadi, shuningdek Davlatning oʻzini yoki uning mahalliy hokimiyat organini ham oʻz ichiga oladi. Biroq, bu atama ushbu Ahdlashuvchi Davlatda faqat shu Davlatdagi manbalardan yoki unda joylashgan kapitaldan daromad olayotgani uchun soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni oʻz ichiga olmaydi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq, jismoniy shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
a) u qaysi Davlatda oʻzi uchun toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy yashash joyiga ega boʻlsa, shu Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikkala Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy yashash joyiga ega boʻlsa, faqatgina shaxsiy va iqtisodiy aloqalari yaqinroq boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlari markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa, yoki Davlatlardan hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy yashash joyiga ega boʻlmasa, u odatda yashaydigan Davlatining rezidenti hisoblanadi;
s) agar shaxs odatda har ikkala Davlatda yashasa yoki odatda ularning hech birida yashamasa, u qaysi Davlatning fuqarosi boʻlsa, oʻsha Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar Davlatlardan hech birining fuqarosi boʻlmasa va yoki oldingi moddalarga muvofiq, hech bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishuv asosida hal qiladilar.
3. Agar 1-bandning qoidalariga muvofiq, jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda u faqatgina uning roʻyxatdan oʻtgan ofisi joylashgan Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Bitim maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatida toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi ayniqsa, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlim;
s) ofis;
d) fabrika;
e) ustaxona; va
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻini, karyer yoki boshqa har qanday tadqiqot, ekspluatatsiya va/yoki tabiiy resurslar qazib oladigan joy.
3. Qurilish joyi, qurilish, yigʻish yoki oʻrnatish loyihasi yoxud loyiha bilan bogʻliq boshqaruv joyi, agarda bunday maydoncha, loyiha yoki faoliyat 12 oydan ortiq davom etsa, “doimiy muassasani” tashkil etadi.
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi quyidagi faoliyati doimiy muassasa orqali amalga oshiriladigan faoliyat hisoblanmaydi:
a) qurilmalardan shu korxonaga tegishli tovar yoki buyumlarni saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli tovar yoki buyumlar zaxirasini saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida ushlab turish;
s) shu korxonaga tegishli tovar yoki buyumlar zaxirasining boshqa korxona tomonidan faqat qayta ishlov berish maqsadida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqat tovar yoki buyumlar sotib olish yoki ushbu korxona uchun axborot yigʻish maqsadida ushlab turish;
e) doimiy faoliyat joyini faqatgina ushbu korxonaning manfaatlari uchun faqat reklama va/yoki ilmiy tadqiqot yoxud shunga oʻxshash boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlarida ushlab turish;
f) doimiy faoliyat joyining (a)—(e) kichik bandlarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyasi uchungina va bunday kombinatsiya natijasida doimiy faoliyat joyining faoliyati, tayyorgarlik hamda yordamchi tusda boʻlgan taqdirda saqlab turish.
5. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlari qoidalarga qaramay, qachonki (ushbu moddaning 6-bandi qoʻllaniladigan mustaqil maqomli agentdan tashqari) shaxs Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi nomidan harakat qilsa, unda bu korxona birinchi eslatib oʻtilgan Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega, deb qaraladi, agar korxona nomidan ish yuritsa yoki ushbu shaxsning faoliyati 4-bandda koʻrsatib oʻtilgan faoliyat bilan cheklanib qolsa va agarda doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilsa shu band qoidalariga koʻra doimiy faoliyat joyidan doimiy muassasa hosil qilmaydi.
6. Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi agar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bunda bu shaxslarning harakati oʻzlarining odatdagi faoliyati doirasida boʻlgan holdagina boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega, deb qaralmaydi.
Agarda bunday agentning harakati toʻlaligicha yoki deyarli toʻlaligicha ushbu korxonaga bagʻishlangan boʻlsa, agarda agent va korxona oʻrtasidagi harakat “uzun qoʻllar” koʻrinishida amalga oshirilmagan boʻlsa, unda u erkin maqomdagi agent hisoblanmaydi.
7. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilsa yoki kompaniya tomonidan nazorat qilinsa yoki ana shu boshqa Davlatda tijorat faoliyatini (doimiy muassasa orqali yoki boshqacha tarzda) amalga oshirayotgan boʻlsa, bu hol oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan oladigan daromadlari (jumladan qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromadlar) ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunlari boʻyicha belgilangan maʼnoga egadir.Har qanday holda ham ushbu atama yer ustidagi mulkchilikka taalluqli boʻlgan umumiy qonunlar qoidalari bilan huquqi belgilab berilgan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, qishloq va oʻrmon xoʻjaligida ishlatiladigan chorva va vositalarni hamda koʻchmas mulk uzufruktini, minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslarning qatlamalarini qazish uchun tovon sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qayd etilgan toʻlovlar huquqini, yoki minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslar qatlamlarini qazish hududini oʻz ichiga oladi. Dengiz, daryo, havo kemalari, avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. Ushbu modda 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻrifoydalanish, ijaraga berish yoki boshqa har qanday shaklda foydalanishdan olinadigan daromadga nisbatan qoʻllanadi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri korxonasining daromadi yoki foydasi agar korxona oʻzining tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa, faqat shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi. Agar korxona oʻz faoliyatini yuqorida aytilganidek amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning daromadi yoki foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, ammo, faqat ana shu doimiy muassasa faoliyatiga tegishli boʻlgan qismigina soliqqa tortiladi.
2. Ushbu modda 3-band qoidalariga muvofiq, agar bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Davlatda bunday doimiy muassasaga hisoblanadigan foyda u alohida va mustaqil korxona sifatida xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni xuddi shunday yoki shunga oʻxshash shartlar asosida amalga oshirib doimiy muassasa hisoblangan korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda ish koʻrib olishi mumkin boʻlgan foyda kabi oʻtkaziladi.
3. Ahdlashuvchi Davlat tomonidan qilingan va chegirib tashlashga ruxsat berilgan xarajatlarga faqat ana shu Davlatning ichki qonunlariga muvofiq chegiriladigan xarajatlar kiritiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga tegishli boʻladigan foydani korxona yoki doimiy muassasa umumiy tushumlarining belgilangan foizi yoki korxona foydasining umumiy miqdorini uning turli boʻlinmalariga mutanosib taqsimlash asosida belgilash oddiy amaliyot ekanligiga qaramasdan, 2-banddagi hech bir narsa ushbu Ahdlashuvchi Davlatga soliqqa tortiladigan foydani amaliyot taqozo qilganidek, ana shunday taqsimot vositasida belgilashiga toʻsqinlik qilmaydi; biroq tanlangan taqsimot usuli shunday boʻlishi kerakki, natija ushbu moddadagi mavjud tamoyillarga muvofiq boʻlishi lozim.
5. Doimiy muassasa tomonidan korxona uchun tovar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib, ushbu doimiy muassasaga biron-bir foyda hisoblanmaydi.
6. Doimiy muassasaga mansub boʻlgan daromad yoki foyda, agar oʻzgartirish uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil usulda aniqlanadi.
7. Agar daromad yoki foyda, ushbu Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad turlarini qamrab oladigan boʻlsa, mazkur moddalarning qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro tashishlar
Xalqaro tashishlar
Ahdlashuvchi Davlatlardan biri korxonasining xalqaro tashishlarda dengiz, daryo yoki havo kemalari va temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan foydalanishdan olgan daromad yoki foydalari faqat shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
b) oʻsha shaxslar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasini va boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
va har qanday holatda ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mustaqil korxonalar oʻrtasida yaratiladigandan farqli sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, bunda ulardan biriga hisoblanishi mumkin boʻlgan, ammo shunday sharoitlar natijasida unga hisoblanmagan har qanday daromad yoki foyda ana shu korxonaning daromadi yoki foydasiga hisoblanishi va muvofiq ravishda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Qachonki, Ahdlashuvchi Davlat shu Davlat korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boʻyicha ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilgan foydani kiritsa va muvofiq ravishda soliqqa tortsa va shu tariqa kiritilgan foyda birinchi eslatilgan Davlat korxonasiga, agar ikkala korxona oʻrtasida vujudga keltirilgan munosabatlar ikki mustaqil korxona oʻrtasidagi munosabatlar kabi boʻlganda hisoblanadigan foyda boʻlsa, u holda ana shu boshqa Davlat foydadan oʻzida olingan soliq miqdoriga tegishli zarur tuzatishlarni shu boshqa Davlat soliq qonunlariga asosan kiritadi. Bunday tuzatishlarni aniqlashda ushbu Bitimning boshqa qoidalariga tegishlicha eʼtibor qaratish kerak va zarur boʻlsa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzaro maslahatlashishlari mumkin.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, bunday dividendlar, shuningdek dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda, ana shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, biroq, agar oluvchi dividendlarning haqiqiy egasi va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda shu tarzda olingan soliqning miqdori dividendlar umumiy miqdorining 8 foizidan oshmasligi kerak.
3. “Dividendlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanganda, aksiyalardan, togʻ-kon sanoati aksiyalaridan yoki qarz talablari hisoblanmagan, foydada ishtirok etish huquqini beruvchi taʼsischilar aksiyalari yoki boshqa huquqlardan (foydada ishtirok etish huquqini beruvchi qarz talabi hisoblanmagan) olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad kabi xuddi shunday soliqlar orqali tartibga solinadigan boshqa korporativ huquqlardan olinadigan daromadni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan holda, ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezident boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni u yerda joylashgan doimiy bazadan koʻrsatsa va dividendlar toʻlanadigan xolding aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlarni soliqqa tortmasligi mumkin, (bunda dividendlar ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanadigan yoki dividendlar toʻlanadigan xolding shu boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasno) shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi hatto toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olmaydi.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, bunday foizlar, shuningdek ular hosil boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda, shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, biroq, agar oluvchi va foizlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bunday holda soliqning umumiy miqdori 10 foizdan oshmasligi kerak.
3. “Foizlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida ipoteka taʼminotidan va qarzdorning foydasida ishtirok etishdan qatʼi nazar va xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlaridan olinadigan daromad va obligatsiya yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromad, shu jumladan ushbu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiyalar va qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofot va yutuqlarda qatnashish huquqidan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni anglatadi.
4. 2-band qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatda paydo boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatga yoki uning Markaziy Bankiga tegishli boʻlgan hukumatlararo shartnomalar boʻyicha taqdim etiladigan zaymlar, kreditlar yoki kafolatlardan olinadigan foizlar birinchi eslatib oʻtilgan Davlatda soliqdan ozod etiladi.
5. Agar foizlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻla turib, foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tijorat faoliyatini u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali olib borayotgan boʻlsa, yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan ham bogʻliq boʻlsa, 1-va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
6. Foizlar Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi, qachonki, foizlarni toʻlovchi shu Davlatning oʻzi, ushbu Davlatning mahalliy hokimiyati yoki rezidenti boʻlsa. Biroq, foizlarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlish yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, shu tufayli qarz majburiyatidan foizlar toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa va shunday foizlar toʻlash boʻyicha xarajatlarni doimiy muassasa yoki doimiy baza amalga oshirsa, bunda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
7. Agar toʻlovchi bilan foizlar olish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi yoki ular ikkalasi va har qanday boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida foizlar miqdori toʻlovchi bilan amalda foizlar olish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllanadi. Bunday holda, toʻlovning ortiqcha qismidan ushbu Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortiladi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Biroq, bu royaltilar, shuningdek ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda, shu Davlatning qonunlariga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, agar royaltilarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bunday holda, shunday tarzda undiriladigan soliq royaltilar umumiy miqdorining 5 foizidan oshmasligi lozim.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganida har qanday adabiy, sanʼat va ilmiy asarlarini, shu jumladan kinofilmlar hamda radio va televideniye uchun yozuvlar, kassetalar, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki modellar, reja, maxfiy formula yoki jarayonlar uchun mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqdan foydalanish huquqi uchun, yoki sanoat, tijorat, ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun yoki sanoat, tijorat yoxud ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olinadigan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni anglatadi.
4. Agar royaltilarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirayotgan boʻlsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mulk shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahlashuvchi Davlatning oʻzi, mahalliy hokimiyati yoki ushbu Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti shu Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi. Biroq, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlish yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati kelib chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki baza shu royaltilarni toʻlash boʻyicha xarajatlarni qoplashni amalga oshirsa, bunday royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkalasi va boshqa biron-bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, huquqqa yoki axborot uchun toʻlanadigan royaltining miqdori toʻlovchi va shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllanadi. Bunday holda, toʻlovning ortiqcha qismi ushbu Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortiladi.
13-modda
Kapitaldan olinadigan daromadlar
Kapitaldan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining 6-moddaga taalluqli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlar oʻsha boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan olgan yoki bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishida foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazasiga taalluqli koʻchar mulkni begonalashtirishdan olgan daromadlariga, jumladan ana shunday doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olgan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, daryo, havo kemalarini va temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini begonalashtirish yoki shunday dengiz, daryo, havo va temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan foydalanishga taalluqli boʻlgan koʻchar mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlari faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan aktivlari asosan bevosita yoki bilvosita koʻchmas mulkdan tashkil topgan kompaniyadagi aksiyalar yoki boshqa korporativ huquqlarni begonalashtirishdan olgan daromadlari ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
5. Ushbu moddaning 1-, 2- 3- va 4-bandlarida sanab oʻtilmagan har qanday mulkni begonalashtirishdan olinadigan daromad faqat mulkni begonalashtiruvchi shaxs rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining kasbiy xizmatlarni koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa faoliyatdan olgan daromadlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi, bunday daromadlar, shuningdek quyidagi hollarda, istisno tariqasida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin:
a) agar u oʻz faoliyatini amalga oshirish maqsadlarida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻzi uchun tegishli boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa; bunday hollarda daromadning faqat shunday doimiy bazaga taalluqli boʻlgan qismigina ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin; yoki
b) agar uning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlishi koʻrib chiqilayotgan har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kunni tashkil etuvchi yoki oshuvchi davr yoki davrlar mobaynida davom etsa.
2. “Kasbiy xizmatlar” atamasi, xususan mustaqil ilmiy, adabiy, badiiy, sanʼat, maʼrifiy va oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgalterlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15-modda
Yollanma shaxsiy xizmatlar
Yollanma shaxsiy xizmatlar
1. Ushbu Bitimning 16-, 18- va 19-moddalari qoidalarini inobatga olgan holda, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining yollanma xizmat uchun oladigan maoshi, ish haqi va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari, agar yollash boʻyicha xizmat boshqa Adlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar yollanish boʻyicha xizmat shunday amalga oshiriladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan taqdirlash haqlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. 1-band qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan biri rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan yollanma xizmat uchun oladigan taqdirlash haqlari faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliqqa tortiladi, agar:
a) oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda istalgan koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlib tursa; va
b) taqdirlash haqlari boshqa Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi tomonidan yoki yollovchi nomidan toʻlanadigan boʻlsa; va
s) taqdirlash haqlari boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olmasa.
3. Ushbu moddaning yuqoridagi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, daryo, havo kemalari bortida yoki temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarida amalga oshiriladigan yollanish boʻyicha oladigan taqdirlash haqlari ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
16-modda
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari
Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyaning direktorlar Kengashi aʼzosi sifatida oladigan direktorlar gonorarlari va shunga oʻxshash boshqa toʻlovlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14- va 15-moddalarning qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyatidan oladigan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Basharti, sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, balki boshqa shaxsga yozilsa, bu daromad sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
18-modda
Nafaqalar
Nafaqalar
Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga avvalgi yollash boʻyicha toʻlanadigan nafaqa va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
19-modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari tomonidan shu Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan jismoniy shaxsga toʻlanadigan ish haqi, maosh va shunga oʻxshash taqdirlash haqlari faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
Biroq, bunday ish haqi, maosh va shunga oʻxshash taqdirlash haqlari, agar xizmatlar ana shu Davlatda shu Davlatning rezidenti boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilsa, u shu Davlatning fuqarosi boʻlishi yoki ushbu xizmatni amalga oshirish uchun shu Davlatning rezidenti boʻlgan boʻlmasa ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin.
2. 15-, 16- va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilgan tadbirkorlik faoliyati munosabati bilan koʻrsatilgan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan maosh, ish haqi va shunga oʻxshash taqdirlash haqlari va nafaqalarga nisbatan qoʻllanadi.
20-modda
Talabalar, oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar
Talabalar, oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar
1. Ahdlashuvchi Davlatga kelish arafasida yoki undan oldin boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan va boʻlib turgan hamda birinchi eslatib oʻtilgan Ahdlashuvchi faqatgina oʻqish yoki taʼlim olish maqsadida boʻlib turgan talaba yoki stajyor tomonidan olinadigan va yashash, oʻqish va taʼlim olish uchun moʻljallangan toʻlovlar, bunday toʻlovlar ana shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan vujudga kelishi sharti bilan ushbu Davlatda soliqqa tortilmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlarning fuqarolari boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ikki yildan oshmaydigan davr mobaynida oʻqitish va ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish maqsadida boʻlib turgan oʻqituvchi yoki instruktorlar tomonidan olinadigan taqdirlash haqlari, shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan vujudga kelishi sharti bilan ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortishdan ozod etiladi.
Ushbu band, agarda bunday ilmiy faoliyat shaxs yoki korxonalar foydasi uchun tijorat maqsadlarida amalga oshirilayotgan boʻlsa, taqdirlash haqlari va daromadlarga nisbatan qoʻllanmaydi.
21-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining ushbu Bitimning oldingi moddalarida aytilmagan daromad turlari, daromadning qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. 1-bandning qoidalari 6-moddaning 2-bandida koʻrsatilgan koʻchmas mulkdan olingan daromaddan tashqari daromadlarga nisbatan, agarda bunday daromad egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻla turib boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali oʻz faoliyatini amalga oshirsa yoki u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki baza bilan bogʻlangan boʻlsa, qoʻllanmaydi. Bunday holatda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
22-modda
Kapital
Kapital
1. 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mol-mulkdan iborat boʻlgan, bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan kapital ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Koʻchar mulkdan iborat boʻlib, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etgan yoki bir Ahdlashuvchi Davlatning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida unga qulay boʻlgan doimiy baza bilan bogʻliq boʻlgan koʻchar mulkdan iborat boʻlgan kapital ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining oʻz mulki boʻlgan va xalqaro tashishlarda foydalanadigan dengiz, daryo yoki havo kemalardan, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalaridan iborat boʻlgan yoki shunday dengiz, daryo yoki havo kemalardan, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalaridan foydalanishga taalluqli boʻlgan koʻchar mulkdan iborat kapitali faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti kapitalining boshqa barcha elementlari faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
23-modda
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik
1. Qachonki, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti ushbu Bitim qoidalariga muvofiq, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki mol-mulkka ega boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, bunda birinchi eslatib oʻtilgan Davlat quyidagilarga ruxsat berishi lozim:
a) shu rezidentning daromad soligʻidan ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga;
b) shu rezidentning kapital soligʻidan ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda toʻlangan kapital soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga.
Bunday chegirmalar, har qanday holatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki kapitalga tegishli chegirmadan oldin hisoblab chiqilgan daromad soligʻi qismidan oshib ketmasligi kerak.
2. Qachonki, Ahdlashuvchi Davlat rezidenti tomonidan olingan va u ega boʻlgan daromad yoki kapital ushbu Bitimning biron-bir qoidasiga muvofiq, ana shu Davlatda soliqqa tortishdan istisno qilingan boʻlsa, shu boshqa Davlat ana shu rezident daromadi yoki kapitalining qolgan qismiga soliq miqdorini hisoblashda daromad yoki kapitalning soliqqa tortishdan istisno qilingan miqdorini hisobga olishi mumkin.
24-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda shu boshqa Davlatning fuqarolari aynan oʻxshash sharoitlarda duchor boʻladigan yoki duchor boʻlishi mumkin boʻlgan soliqqa tortish va u bilan bogʻliq holatlarga nisbatan mushkulroq boʻlgan har qanday soliqqa tortish va u bilan bogʻliq majburiyatlarga duchor qilinmaydilar.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasini soliqqa tortish ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Davlatning aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalarini soliqqa tortishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi.
3. Kapitali toʻliq yoki qisman boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinayotgan Ahdlashuvchi Davlat korxonasi shu Davlatda, shu Davlatning shunday korxonalari duchor boʻlgan yoki duchor boʻlishi mumkin boʻladigan har qanday soliqqa tortish yoki unga aloqador majburiyatlarga, boshqa yoki soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq va u bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarga duchor qilinmaydi.
4. 9-moddaning 1-bandi, 11-moddaning 7-bandi yoki 12-moddaning 6-bandi qoidalari qoʻllanishidan tashqari hollarda bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlaydigan foizlari, royaltilari va boshqa toʻlovlari shunday korxonaning soliqqa tortiladigan foydasini aniqlash maqsadida birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlanganida qoʻllaniladigan bir xil shartlar asosida chegirib tashlanadi. Shunga oʻxshash, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonalarining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentlariga boʻlgan har qanday qarzlarini shu korxonaning soliqqa tortiladigan mol-mulkini aniqlash maqsadida birinchi eslatib oʻtilgan Davlat rezidentiga boʻlgan qarzlar kabi xuddi shunday sharoitlarda chegirib tashlanadi.
5. Ushbu modda qoidalariga Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga, oʻz shaxsiy rezidentlarining fuqarolik maqomi yoki oilaviy javobgarligi hisobiga beriladigan soliqqa tortish boʻyicha qandaydir shaxsiy imtiyozlar, ozod etish va chegirmalarni berishga majburlovchi tarzda qaralmaydi.
25-modda
Oʻzaro kelishuv tartiblari
Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Bir Agar Ahdlashuvchi Davlat rezidenti bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlatning harakati unga ushbu Bitim qoidalariga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishga olib keladi, yoki olib kelishi mumkin, deb hisoblasa, u ushbu Davlatlarning ichki qonunlarida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki uning holati 24-moddaning 1-bandiga taalluqli boʻlsa, oʻzi fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga taqdim etishi mumkin. Bunday ariza ushbu Bitim qoidalariga nomuvofiq soliqqa tortishga olib keluvchi harakat toʻgʻrisida birinchi bildirish berilgan kundan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Vakolatli organ, agar eʼtirozni asosli deb topsa va oʻzi eʼtirozni qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani ushbu Bitimga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishdan qochish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal etishga harakat qiladi.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv boʻyicha hal qilishga harakat qiladilar. Ular, shuningdek Bitimda koʻzda tutilmagan hollarda ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish uchun bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnolarini tushunishida hamfikrlikka erishish maqsadida bir-birlari bilan toʻgʻridan toʻgʻriyoki ularning oʻzlari yoki ularning vakillari qatnashadigan qoʻshma komissiya doirasida aloqada boʻlib turishlari mumkin.
26-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning soliqqa tortishga tegishli qonunlaridan ushbu Bitimga zid kelmaydigan darajada foydalanish maqsadida zarur axborotlarni almashib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlat tomonidan olingan har qanday axborot, ushbu Davlatning ichki qonunlariga muvofiq, maxfiy hisoblanadi va faqat aniqlash yoki undirish, majburiy undirish yoki sud orqali taʼqib etish bilan bogʻliq yoki soliqlarga nisbatan apellatsiyalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq shaxslar yoki organlargagina (jumladan, sudlar va maʼmuriy organlarga ham) ochiladi. Bunday shaxs yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlar uchun foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda 1-band qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlardan birini quyidagilarga majburlovchi tarzda talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunlari yoki maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazishga;
b) u yoki bu Axdlashuvchi Davlat qonunlari yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etishga;
s) har qanday savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yo kasb siri yoki savdo jarayonini ochib tashlovchi yoxud ochilishi Davlat siyosatiga (jamoat tartibiga) zid keluvchi axborotni taqdim etishga.
27-modda
Diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari xodimlari
Diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari xodimlari
Ushbu Bitimning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalar xodimlarining xalqaro huquqning umumiy meʼyorlariga yoki maxsus bitimlarning qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
28-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun ichki qonunlariga muvofiq talab qilinadigan protseduralarning tugaganligi toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Ushbu Bitim shunday xabarnoma olingan kundan keyin quyidagilarga nisbatan amal qila boshlaydi:
a) Bitim kuchga kiradigan kundan keyingi birinchi yoki oʻttizinchi kundan boshlab yoki shu sanadan keyin olinadigan daromad manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan:
b) Bitim tatbiq etiladigan boshqa soliqlarga nisbatan:
(i) Oʻzbekiston Respublikasida Bitim kuchga kiradigan yildan keyin keladigan taqvimiy yilda 1-yanvardan, hijraning 11 kuniga toʻgʻri keladigan kundan keyin boshlanadigan har bir soliq yili uchun undiriladigan shunday soliqlarga nisbatan;
(ii) Eron Islom Respublikasida Bitim kuchga kiradigan yildan keyin keladigan taqvimiy yilda 21-martdan, hijraning 1 farvardindan yoki ushbu sanadan keyin boshlanadigan har bir soliq yili uchun undiriladigan shunday soliqlarga nisbatan.
29-modda
Amal qilishining toʻxtatilishi
Amal qilishining toʻxtatilishi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlatlardan biri amal qilishini toʻxtatmaguncha oʻz kuchida qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Bitimning amal qilishini Bitim kuchga kirgan kundan keyin besh yil oʻtgach boshlanadigan har qanday taqvimiy yilning tugashiga kamida olti oy qolguniga qadar diplomatik kanallar orqali amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berish yoʻli bilan Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin.
Bunday holatda Bitimning amal qilishi:
a) xabarnoma berilgan kundan keyingi birinchi yoki oʻttizinchi kundan boshlab yoki shu sanadan keyin olinadigan daromad manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitim tatbiq etiladigan boshqa soliqlarga nisbatan:
(i) Oʻzbekiston Respublikasida xabarnoma berilgan yildan keyin keladigan taqvimiy yilda 1-yanvardan, hijraning 11 kunidan yoki ushbu sanadan keyin boshlanadigan har bir soliq yili uchun undiriladigan shunday soliqlarga nisbatan;
(ii) Eron Islom Respublikasida xabarnoma berilgan yildan keyin keladigan taqvimiy yilda 21-martdan, hijraning 1 farvardindan yoki ushbu sanadan keyin boshlanadigan har bir soliq yili uchun undiriladigan shunday soliqlarga nisbatan.
Oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2002-yil 26-aprelda, hijriy 1381 yil oʻrdibehesht oyining 6 kunida ikki nusxada, har biri oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda har qanday kelishmovchiliklar vujudga kelgan hollarda asos uchun ingliz tilidagi matn qabul qilinadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2005-y., 1-son)