Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishiga, ularni suiisteʼmol qilishga va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
giyohvandlik koʻlami va giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar prekursorlarning noqonuniy yurgizilishining oʻsishiga moyilligi kuchayib borayotganligidan tashvishlanib,
giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarining noqonuniy yurgizilishi hamda ularni suiisteʼmol qilish va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishi ular xalqlarining salomatligi va farovonligiga jiddiy tahdid solishini, hamda jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy asoslariga daxldor muammo ekanligini anglab,
giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurash ikki tomonlama hamda xalqaro hamkorlik doirasida muvofiqlashtirilgan harakatni talab qilishini tan olgan holda,
giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishiga hamda ularni suiisteʼmol qilishga va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga samarali qarshi kurash olib borishda bir-birlariga zarur koʻmak berishga qatʼiy ahd qilib,
BMTning Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida 1961-yildagi Yagona konvensiyaning, 1972-yildagi Bayonnomaga asosan unga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan, Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yildagi Konvensiyaning, Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida 1988-yildagi Konvensiyaning maqsadlarini, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining boshqa tegishli qaror va hujjatlarini inobatga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisida 1999-yil 7-mayda Toshkentda imzolangan Bitimining qoidalariga muvofiq,
oʻz davlatlarining qonunlariga muvofiq,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda. Umumiy prinsiplar
Tomonlar Bitim boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini suverenitet, ichki ishlarga aralashmaslik va inson huquqlarini hurmat qilish prinsiplariga asoslangan holda bajaradilar.
Ushbu Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish, ekstraditsiya va ikki davlat hududida noqonuniy boʻlib turgan shaxslarni topshirish masalalariga daxl qilmaydi.
2-modda. Hamkorlik sohalari
Tomonlar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning (bundan keyin “giyohvandlik vositalari” deb ataladi) noqonuniy yurgizilishiga, ularni suiisteʼmol qilishga va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashda quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik qilishadi:
1) giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy ishlab chiqarilishi va tarqatilishiga barham berishda qoʻshma harakatlarni amalga oshirish,
2) ularning kontrabanda yurgizilish yoʻnalishlarini aniqlash,
3) ikki Tomon oʻz davlatlarida giyohvandlik vositalariga boʻlgan talabni va ularni taklif qilishini hamda giyohvandlik koʻlamlarini qisqartirish,
4) giyohvandlik vositalarining noqonuniy yurgizilishga va ularni suiisteʼmol qilishga barham berish boʻyicha tajriba almashish,
5) hamkorlikning muvofiqlashtirilgan mexanizmini tuzish,
6) giyohvandlik vositalari va prekursorlarni nazorat qilish sohasidagi milliy qonunlarni takomillashtirish.
3-modda. Vakolatli organlar
Tomonlar ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikni oʻzlarining vakolatli organlari orqali amalga oshiradilar.
Ushbu Bitimni imzolash vaqtida Tomonlar tegishli vakolatli organlarining roʻyxatlari bilan almashadilar va mazkur roʻyxatlarga kiritilgan oʻzgartishlar haqida bir-birlarini oʻz vaqtida xabardor qilib boradilar.
Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni bajarish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqa qilishlari mumkin.
4-modda. Hamkorlik shakllari
Tomonlar, oʻz milliy qonunlari va xalqaro huquqqa muvofiq quyidagi shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
1) Tomonlarning davlat manfaatlariga daxldor boʻlgan giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va tergov qilishga yordam beruvchi, shuningdek, giyohvandlik vositalar va prekursorlarni kontrabanda yurgizilishini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan shaxslar, tashkilotlar, ashyolar va hujjatlar, yoʻnalishlar, usullar va vositalar, giyohvandlik vositalarining yangi turlari va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi, giyohvandlik vositalari va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashning usullari va vositalari haqidagi axborotni almashish;
2) tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish yoʻli bilan giyohvandlik vositalarining noqonuniy yurgizilishi va ushbu jinoiy faoliyatdan kelib tushgan mablagʻlarni qonuniylashtirish faktlarini aniqlash boʻyicha oʻzaro yordam berish;
3) tajriba almashish, maslahatlashuvlar, seminarlar va stajirovkalar oʻtkazish.
Hamkorlikni amalga oshirilish hajmi va aniq shakllari Tomonlarning manfaatdor vakolatli organlari tarafidan belgilanadi.
5-modda. Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
Ushbu Bitimning 4-moddasida koʻrsatilgan Tomonlarning hamkorligi, vakolatli organlar tarafidan yuborilgan soʻrovlar asosida amalga oshiriladi.
Soʻrov yozma ravishda yuboriladi va quyidagilarning aks ettirilishi lozim:
1) soʻrovni yuborayotgan vakolatli organning nomlanishi;
2) soʻrov yuborilayotgan ishning mohiyati ish boʻyicha oʻtayotgan yoki unga aloqador shaxs yoki shaxslar, axborot talab qilinayotgan faktlar, ashyolar va hujjatlar toʻgʻrisida imkon qadar toʻliqroq maʼlumotlar;
3) bajarilishi talab qilinayotgan aniq tadbirning qoʻllanish sabablari hamda batafsil tavsifi;
4) zarur hollarda, soʻrovning bajarilishi kutilayotgan muddatni koʻrsatish.
Zarur hollarda, soʻrovning bajarilishini yengillashtirish maqsadida soʻrovga hujjatlar yoki ularning tegishli tartibda tasdiqlangan nusxalari ilova qilinadi.
Ushbu Bitimning 4-modda birinchi qism 1-bandida koʻzda tutilgan axborot ikkinchi Tomon uchun qiziqish uygʻotadi dyeyishga asos boʻlsa, Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan shaxsiy tashabbuslariga koʻra soʻrovsiz bir-birlariga yuborilishi mumkin.
Soʻrovlarni bajarish imkon qadar qisqa muddatlarda amalga oshirilishi lozim. Zarur hollarda, Tomonlarning vakolatli organlari soʻrovning bajarilishini yengillashtiruvchi qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrash huquqiga egadirlar.
6-modda. Soʻrovni bajarishni rad etish
Soʻrovning bajarilishi inson huquqlarining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlsa yoki soʻralayotgan Tomonning davlat qonunlariga zid kelsa, soʻrov bajarishni toʻlaligicha yoki qisman rad etish mumkin.
Soʻrovning bajarilishi rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan holda, Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlarini yozma ravishda rad etilishining sabablari toʻgʻrisida xabardor qiladilar.
7-modda. Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlarni tayyorlash
Tomonlarning vakolatli organlari quyidagi maqsadlarda bir-birlari oʻrtasida aniq bitimlar tuzishlari mumkin:
1) hamkorlikning barcha jihatlariga daxldor axborotni ishonchli va tez suratda almashish maqsadida oʻzaro aloqa kanallarini oʻrnatish va qoʻllash;
2) giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy xalqaro yurgizilishi bilan bogʻliq boʻlgan yoki boshqa uslubda Tomonlarning manfaatlariga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarga nisbatan tergov harakatlarini olib borishda hamkorlikni amalga oshirish;
3) noqonuniy yurgizilishda aniqlangan har xil turdagi giyohvandlik vositalar va prekursorlarning namunalar majmualarini amaliyot maqsadlarida tuzish va ulardan foydalanish;
4) giyohvandlik vositalar va prekursorlarning kontrabanda yurgizilishini aniqlash maqsadida bojxona nazoratini amalga oshirishning usul va vositalari, jumladan yangi texnika vositalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish boʻyicha maʼlumot almashish;
5) huquqiy axborot almashish;
6) boshqa harakatlarni, shuningdek jinoyatchilikning oldini olish choralarini amalga oshirish.
Tomonlar giyohvandlik vositalarga boʻlgan talabni va ularning taklifini qisqartirish hamda giyohvandlikni davolash, tarkibida giyohvandlik vositalar boʻlgan oʻsimliklarni noqonuniy oʻstirishga va sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarishga qarshi kurashish maqsadida, fan va texnika sohasida izlanishlar olib borish boʻyicha dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirish borasida oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida oʻzaro manfaatli shartlar asosida hamkorlik qiladilar.
8-modda. Qonunlarni takomillashtirish choralari
Tomonlar giyohvandlik vositalar va prekursorlarni nazorat qilish boʻyicha xalqaro konvensiyalarning talablariga muvofiq oʻz milliy qonunlarini takomillashtirish boʻyicha hamkorlik qilishadi.
9-modda. Jinoyatchilikning va giyohvandlikning oldini olish
Tomonlar giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarning oldini olish hamda giyohvandlik vositalarni suiisteʼmol qilishning oldini olish boʻyicha dasturlarini rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish toʻgʻrisida ahdlashib oldilar.
10-modda. Nazorat qilinadigan yetkazib berish
Tomonlar oʻz milliy qonunlari va xalqaro majburiyatlari asosida nazorat qilinadigan yetkazib berish usulini qoʻllash uchun zarur sharoitlarni yaratib beradilar. Uning yordamida Tomonlar vakolatli organlarining nazorati ostida Tomonlarning davlat hududlariga giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishida qatnashuvchi shaxslarni aniqlash maqsadida, noqonuniy olib oʻtayotgan giyohvandlik vositalar va prekursorlarni, ularning analoglarini yoki oʻrnini bosuvchi moddalarni olib chiqishga, tranzitiga va olib kirishga ruxsat beradi.
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi va oʻzaro ishonch prinsipi asosida nazorat qilinadigan yetkazib berish usulini qoʻllash boʻyicha qaror har bir holat boʻyicha alohida, Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan qabul qilinadi.
Tomonlarning milliy qonunlariga amal qilingan holda, shuning bilan bir qatorda har qanday uchinchi tomonning ishtirokida, kontrabanda kanallarini aniqlash maqsadida noqonuniy giyohvandlik vositalar va prekursorlarning bir toʻdasining tashilishi davom ettirilishi mumkin.
11-modda. Axborotdan foydalanish
Tomonlar ushbu Bitim doirasida bir-birlaridan olinadigan axborotlarning maxfiyligini zarur hollarda ularning vakolatli organlari tarafidan taʼminlab berilishiga kelishib oldilar. Ushbu holat texnik vosita, uskuna va ashyolarga nisbatan ham bir xil qoʻllaniladi.
Ushbu Bitim doirasida olingan axborot, texnik vosita, uskuna va ashyolarni uchinchi tomonga berilishi zarur boʻlsa, ularni taqdim qilgan vakolatli organlarining yozma ravishda roziligi talab qilinadi.
Har bir holat boʻyicha Tomonlar axborotga begona shaxslar tomonidan kirish, unga ruxsat berilmagan oʻzgartirishlar kiritish, yoʻq va oshkor qilinishdan samarali himoya qiladilar.
12-modda. Shaxsiy maʼlumotlardan foydalanish va himoya qilish
Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlariga shaxsiy maʼlumotlarni oʻzaro taqdim qilishlari, taqdim qilayotgan organ tarafidan maʼlum shartlarni va maʼlumotlarni qayta ishlashda avtomatlashtirilganda qanday qoʻllanilsa, avtomatlashtirilmaganda ham xuddi shunday qoʻllaniladigan quyidagi prinsiplar asosida bajariladi:
1) taqdim qilingan maʼlumotlardan taqdim qilgan organning roziligisiz boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas, ammo bu kabi maʼlumotlardan maqsadga muvofiq foydalanish bundan mustasno;
2) taqdim qilgan organning iltimosiga binoan, maʼlumotlarni qabul qilgan muassasa, ulardan foydalanganligi haqida axborot beradi;
3) maʼlumotlarni taqdim qilayotgan vakolatli organ, ularning haqiqiy ekanligiga hamda ular eskirib qolmaganligiga kafolat beradi. Taqdim qilingan maʼlumotlarning haqiqiy emasligi yoki taqdim qilinishi mumkin boʻlmagan maʼlumotlar aniqlanganda, hamda taqdim qilingan maʼlumotlar taqdim qilgan davlatning qonunlariga binoan amalga oshirilgan, lekin keyinchalik yoʻq qilinishi kerak boʻlsa, ularni qabul qilgan organ ushbu moddaning 4-bandiga asosan keyingi harakatlarni amalga oshirish maqsadida xabardor qiladi;
4) quyidagi hollarda taqdim qilingan maʼlumotlar yoʻq qilinadi yoki oʻzgartiriladi:
4.1. maʼlumotlarning haqiqiy emasligi aniqlanganda, yoki
4.2. taqdim qilayotgan vakolatli organ tarafidan maʼlumotlarning yigʻilishi va taqdim qilinishi qonunlarga mos ravishda bajarilmaganligi haqida maʼlum qilganda, yoxud
4.3. maʼlumotlar oʻsha paytga kelib oʻz dolzarbligini yoʻqotganda, ammo ularni boshqa maqsadlarda ishlatish uchun maxsus ruxsatga berilgan boʻlganda bundan mustasno;
5) maʼlumotlarni qabul qilgan vakolatli organ taqdim qilingan maʼlumotlar haqiqiy emasligiga yoki yoʻq qilinishi lozimligiga asosi boʻlsa, u darhol taqdim qiluvchi organni bu haqda xabardor qiladi;
6) maʼlumotlarni qabul qilib olgan vakolatli organ, ularga ruxsatsiz kirish, oʻzgartirishlar kiritish va tarqatishdan samarali himoya qilishi lozim;
7) maʼlumotlarni taqdim qilayotgan vakolatli organ va maʼlumotlarni qabul qilayotgan vakolatli organ maʼlumotlarning taqdim qilinish va qabul qilinish hisobotini olib borishlari shart, lozim;
8) shaxslar, oʻzlari haqida, ushbu Bitim asosida taqdim qilingan maʼlumotlarni oʻz davlatining qonunlari asosida olishga, hamda ushbu moddaning 4-bandida koʻrsatilgan hollarda ularga oʻzgartirishlar kiritishga va yoʻq qilishga haqlidirlar. Koʻrsatilgan shaxslar oʻzlarining shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanish, uni oʻzgartirish va yoʻq qilishga doir ariza taqdim qilgan hollarda, maʼlumotlarga ega boʻlgan vakolatli organ ushbu arizalar boʻyicha qaror qabul qilishda maʼlumotlarni taqdim qilgan tomonning, ushbu holat boʻyicha boʻlgan fikrini inobatga oladi.
13-modda. Maxfiy axborotni almashish
Tomonlar axborotni oʻzaro almashish, himoya qilish, saqlash va foydalanish qoidalari toʻgʻrisidagi Bitimni imzolaganlaridan keyin maxfiy axborotni almashadilar.
14-modda. Tijoriy tashuvchilar
Tomonlar transport vositalarini tijoriy tashuvchilar tarafidan jinoiy maqsadlarda foydalanishining oldini olish boʻyicha kerakli choralar koʻrishadi. Bu choralar tijoriy tashuvchilar bilan maxsus bitimlar tuzilishini ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Tomonlardan har biri tijoriy tashuvchilar oldiga ularning transport vositalaridan foydalanib giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishining oldini olish boʻyicha kerakli xavfsizlik choralar koʻrishlarini talab qilib qoʻyadilar.
Tomonlar transport vositasi va yetkazib berilayotgan molga ruxsatsiz kirishning oldini olish, hamda kerakli xavfsizlik choralarini koʻrish maqsadida tijoriy tashuvchilar bilan chegara nazorat punktlaridagi va boshqa bojxona nazorati hududlaridagi mutasaddi organlar oʻrtasidagi aloqani taʼminlab beradilar.
15-modda. Hamkorlikni muvofiqlashtirish
Ushbu Bitimni bajarish boʻyicha vakolatli organlarning faoliyatini muvofiqlashtirish quyidagilar tarafidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi;
Bolgariya Respublikasi tomonidan — Bolgariya Respublikasi ichki ishlar vaziri.
Ushbu Bitim doirasida hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida vakolatli organlar muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
16-modda. Xarajatlar va majburiyatlar
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish boʻyicha xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydilar, alohida kelishilgan holatlar bundan mustasno.
Zarur hollarda, Tomonlar giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy yurgilizishi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarni oldini olish boʻyicha qoʻyilgan aniq masalalarni echish uchun bir-birlariga begʻaraz yordam koʻrsatishlari hamda uskuna va ashyolar yetkazib berishlari mumkin.
17-modda. Hamkorlik tili
Ushbu Bitim doirasidagi Tomonlar va vakolatli organlar oʻrtasidagi hamkorlik rus tilida amalga oshiriladi.
Vakolatli organlar hamkorlikni amalga oshirishda boshqa tildan foydalanishni kelishib olishlari ham mumkin.
18-modda. Boshqa shartnomalarga munosabat, oʻzgartirishlar
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirokida boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
19-modda. Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Tomonlar oʻzaro kelishuvga asosan ushbu Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtirilgan va ushbu Bitimning 20-moddasiga asosan kuchga kiradigan hamda uning tarkibiy qismi hisoblanadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
20-modda. Kuchga kirish, amal qilish va toʻxtatilish muddati
Ushbu Bitim Tomonlar uni kuchga kiritish uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi diplomatik nota olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzilmoqda. Tomonlardan har biri boshqa Tomonga yozma ravishda xabardor qilib ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Bu holda boshqa Tomon ana shunday xabarnomani olgan kundan olti oy oʻtgach, ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatadi.
Sofiya shahrida 2003-yil 24-noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 1-son)