Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA OʻLIM JAZOSINI BEKOR QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi sud-huquq tizimini isloh qilishning eng muhim vazifasi jinoyat, jinoyat-protsessual qonun hujjatlari, jinoiy jazo tizimini izchillik bilan bosqichma-bosqich liberallashtirish hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda qabul qilingan “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, sudlar toʻgʻrisidagi, prokuratura toʻgʻrisidagi qonunlarga, boshqa bir qancha qonun hujjatlariga muvofiq jinoyatlarning tasniflanishi oʻzgartirildi, oʻta ogʻir jinoyatlar jumlasiga kiritilgan jinoyatlar roʻyxati kamaytirildi, sodir etilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil jazo turlari, yarashuv instituti joriy etildi. Jinoiy jazolar tizimini liberallashtirishga qaratilgan boshqa bir qancha dasturiy chora-tadbirlar qabul qilindi.
Jinoyatga oid siyosatda, huquqni qoʻllash amaliyotidagi tub oʻzgarishlar mamlakatda ijtimoiy-siyosiy, kriminogen vaziyatga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Oʻlim jazosini qoʻllash sohasining bosqichma-bosqich kamayib borayotganligi Oʻzbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan jarayonlarning muhim yoʻnalishi boʻldi. Mamlakat mustaqillikka erishgan paytda jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻlim jazosini nazarda tutuvchi 30 dan ortiq moddalardan iborat edi. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yilgi Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13, 1998-yilda 8, 2001-yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. Hozirgi vaqtda, 2003-yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan soʻng, faqat ikki turdagi jinoyat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun oʻlim jazosi nazarda tutiladi.
Jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida oʻlim jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatlar soni jinoiy jazoga tortiladigan qilmishlar umumiy sonining bir foizidan kamrogʻini tashkil etadi. Sodir etilgan jinoyatning ogʻirligidan qatʼi nazar, qonun hujjatlarida voyaga yetmaganlarga, xotin-qizlarga va 60 yoshdan oshgan shaxslarga nisbatan ushbu turdagi jazoni qoʻllash taqiqlangan.
Davlatimizning jinoyatga oid siyosati oʻlim jazosini qoʻllashga nisbatan jahon tendensiyalariga toʻla mos keladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida eʼlon qilingan insonparvarlik va odillik tamoyillarini izchil ifoda etadi.
Ayni vaqtda, mamlakatda amalga oshirilayotgan jamiyat va davlat hayotini demokratik jihatdan yanada yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarning mohiyati va mazmuni, sud-huquq tizimini liberallashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning natijalari jazo turi sifatida oʻlim jazosi bekor qilinishini hamda uni umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtirilishi zarurligini taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, ushbu muhim sohadagi islohotlar, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi va insonparvarlik ruhida olib borilishini hamda insonlar ongida demokratik qadriyatlar tobora mustahkamlanishini inobatga olgan holda izchillik bilan amalga oshirib borilishi lozim.
Oʻlim jazosining bekor qilinishi aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borishni, birinchi navbatda, mamlakatimizning huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yoʻlidagi izchil harakatlarini asoslab berishni, jinoiy jazoni yanada liberallashtirish, shu jumladan oʻlim jazosini bekor qilish zaruratining anglab yetilishini kishilar ongida mustahkamlashni taqozo etadi.
Oʻlim jazosi umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirilgan shaxslarni saqlash uchun majmua va inshootlar qurish, zarur shart-sharoitlarni yaratish, ana shu muassasalarda ishlash uchun xodimlarni tayyorlash bilan bogʻliq bir qator tashkiliy-tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirish lozim.
Jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya qonun hujjatlarini puxta ishlab chiqish hamda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish ushbu sohadagi xalqaro-huquqiy hujjatlarni, oʻlim jazosini bekor qilgan va oʻlim jazosi oʻrniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarning jazolari ijro etilishini tashkil qilish tajribasiga ega boʻlgan xorijiy mamlakatlarning tegishli qonun hujjatlarini chuqur oʻrganib chiqishni hisobga olgan holda amalga oshirilishi muhim vazifa hisoblanadi.
Insonning yashash huquqini eʼlon qiluvchi va mustahkamlovchi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalaridan kelib chiqqan holda, shuningdek jinoiy jazolarni yanada liberallashtirish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasida 2008-yilning 1-yanvaridan jinoiy jazo turi sifatida oʻlim jazosi bekor qilinsin va uning oʻrniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilsin.
Quyidagilar belgilansin:
umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan tayinlanishi mumkin;
jinoyat sodir etganlik uchun umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni maxsus tartibli jazo ijro etiladigan ixtisoslashtirilgan muassasalarda oʻtaydilar.
2. Adliya vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati 2006-yilning 1-yanvarigacha Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga oʻlim jazosini jinoiy jazolar tizimidan chiqarib tashlash hamda uni umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirishga aloqador oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasinlar, bunda quyidagilarni nazarda tutsinlar:
hozirgi vaqtda oʻlim jazosi tayinlashga yoʻl qoʻyadigan jinoyatlar sodir etgan shaxslar uchun ozodlikdan mahrum etishning aniq muddatlarini belgilash va asoslash;
bunday jinoyatlar uchun jazo tayinlash, ozodlikdan mahrum etish muddatlarini hisoblash tartibi, shuningdek oʻlim jazosi oʻrniga joriy etiladigan jazolarni ijro etish tartibi va shartlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan mahkumlarni saqlash uchun zarur ixtisoslashtirilgan muassasalar inshootlari majmuasini qurish va foydalanishga tayyorlash choralari, shuningdek ushbu muassasalarni moliyalashtirish tartibi, ularda ishlash uchun kadrlar tayyorlash toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
4. Adliya vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda oʻlim jazosini bekor qilish masalasi boʻyicha aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhokamasiga kiritilsin.
6. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Xudaybergenov zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 1-avgust,
PF-3641-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 30-31-son, 223-modda)