OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
QARORI
BIRJA SAVDOLARIDA MIS MAHSULOTI (MIS KATODI VA MIS KATANKASI), METALL RUX VA IKKILAMChI ALYUMINIYNI SOTISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 30-oktabrda 1735-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 8-iyuldagi 58-sonli va Moliya vazirligining 2022-yil 7-iyuldagi 28-sonli ““Birja savdolarida mis mahsuloti (mis katodi va mis katankasi), metall rux va ikkilamchi alyuminiyni sotish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1735-1, 25.07.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan Birja savdolarida mis mahsuloti (mis katodi va mis katankasi), metall rux va ikkilamchi alyuminiyni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, “Olmaliq KMK” OAJ, “Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining 2004-yil 29-martdagi 24, 01/24-15, 53, 948, 283-01, 42-01/142-son “Kimoshdi savdolarida tozalangan mis, metall rux va ikkilamchi alyuminiyni sotish tartibi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (2004-yil 4-iyun, roʻyxat raqami 1367 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 22-23 son, 269-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan paytdan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri B. XOʻJAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-sentabr,
34-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-sentabr,
86-son
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining
2007-yil 24-sentabrdagi 34, 86-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 24-sentabrdagi 34, 86-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Birja savdolarida mis mahsuloti (mis katodi va mis katankasi), metall rux va ikkilamchi alyuminiyni sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) muvofiq mis katodi va mis katankasi (bundan keyingi oʻrinlarda mis mahsuloti deb yuritiladi), metall rux va ikkilamchi alyuminiyni tovar xomashyo birjalari birja savdolarida (bundan keyingi oʻrinlarda Birja deb yuritiladi) sotish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiyni respublika ichki isteʼmolchilariga sotish elektron birja savdolari tizimidan foydalangan holda real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
2. Mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiy Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan, mahsulotni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sotib oladigan va ularni keyinchalik chuqur qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan yuridik shaxslarga ushbu Nizomga muvofiq sotiladi.
Mazkur Nizomga muvofiq sotib olingan mahsulot qayta sotilishi va eksport qilinishi mumkin emas.
II. Asosiy tushunchalar
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanilgan:
zakalat — Birjada amalga oshiriladigan bitishuvlar bajarilishi kafolatini taʼminlash uchun xaridorlar va sotuvchilar tomonidan Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi depozit hisobvaragʻiga kiritiladigan bitishuvlarni kafolatli taʼminlash mablagʻi;
narxlar kotirovkasi — birja savdolarining bir kuni uchun Birjada oʻtkazilgan savdo sessiyalari natijalari boʻyicha aniqlangan mahsulotga oʻrtacha narx;
mahsulot — ishlab chiqarish va foydalanishning tasdiqlangan moddiy balansiga muvofiq birja savdolarida isteʼmolchilarga sotiladigan mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiy;
sotuvchilar — mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar — “Olmaliq TMK” OAJ va “Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” OAJ;
xaridorlar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan, mahsulotni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sotib oladigan va ularni keyinchalik chuqur qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar;
Hisob-kitob-kliring palatasi (bundan keyingi oʻrinlarda HKKP deb yuritiladi) — birja bitishuvlari boʻyicha kliring, hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar oʻtkazilishini taʼminlovchi Birjaning tuzilmaviy boʻlinmasi;
toʻlangan bitishuvlar reyestri — tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning toʻliq qoplanilishini taʼminlaydigan miqdordagi mablagʻlarning xaridorning HKKPdagi shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjat;
birja savdolari elektron tizimi — birja aʼzolariga respublikaning har bir geografik nuqtasidan aniq vaqt rejimida uzoq masofadan turib birja savdolarida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy apparat vositalari majmuidan iborat global taqsimlangan axborot tizimi.
III. Mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiy hajmlarini shakllantirish va ularni sotish tartibi
4. Mahsulot sotish hajmlari har yili tasdiqlanadigan mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiy ishlab chiqarish va foydalanishning moddiy balanslaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
5. Sotuvchilar keyingi yil uchun mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiy ishlab chiqarish va foydalanishning moddiy balanslarini olganlaridan soʻng 10 kundan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda mahsulot sotish uchun uni birja savdolariga chiqarishning har oylik jadvallarini tasdiqlaydilar va Birjaga taqdim etadilar.
6. Birja savdolariga mahsulot chiqarishning jadvallari tasdiqlanganidan soʻng, sotuvchilar Birja bilan birgalikdagi faoliyati toʻgʻrisida sotuvchilarning birja savdolarida ishtirok etish shartlari, tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilangan shartnoma tuzadilar.
Savdolar muntazam ravishda haftaning ish kunlarida oʻtkazib boriladi.
7. Birja savdolari Oʻzbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Birja savdolari qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Birja savdolarining oʻtkazilishi, birja sessiyalarining davomiyligi, sotuvga qoʻyiladigan mahsulotlar hajmi, shuningdek mahsulotning joylashgan joyi, ishlab chiqaruvchi — zavod, mahsulotning boshlangʻich narxi toʻgʻrisidagi axborot Birja tomonidan xaridorlarga majburiy tartibda ommaviy axborot vositalari, brokerlar hamda boshqa axborot kanallari, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali yetkaziladi.
9. Birja barcha savdo ishtirokchilariga, ularning respublika hududida joylashishidan qatʼi nazar, elektron savdolarda bir vaqtda ishtirok etish imkonini taʼminlab berishi shart.
10. Savdolarni oʻtkazish, kiritilgan zakalat summasiga muvofiq har bir savdo boʻyicha ishtirokchilarni kiritish va chetlatish, elektron birja savdolari gʻoliblarini aniqlash va bitishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazish elektron birja savdolari tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bitishuvni roʻyxatdan oʻtkazish kuni Birja brokerga bitishuv bayonnomasi va namunaviy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun taqdim etadi.
11. Oldi-sotdi shartnomasi bitishuv bayonnomasida nazarda tutilgan shartlarda u olingan kunda rasmiylashtiriladi.
Bitishuv bayonnomasi shartlarining bajarilishi tomonlar uchun majburiy hisoblanadi.
12. Savdolarda sotilmay qolgan mahsulotlar hajmi keyingi savdolarga koʻchiriladi. Bunda, sotuvchilar mahsulotni toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha birja savdolariga qoʻyilgan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida sotilmagan hajmlarda oldingi haftadagi birja savdolari natijalarida vujudga kelgan oʻrtacha narxlar boʻyicha faqat ularni keyinchalik chuqur qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan va mahsulotni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sotib oladigan yuridik shaxslarga sotish huquqiga ega.
13. Birja tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar haqi sotuvchilar va xaridorlar uchun Birja tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan Birja xizmatlari tariflariga muvofiq oʻrnatiladi.
14. Tuzilgan oldi-sotdi shartnomalar boʻyicha mahsulotni sotish oldindan toʻlovni toʻliq toʻlash yoki yetkazib beriladigan mahsulotning har bir partiyasi uchun chaqirib olinmaydigan akkreditiv qoʻyish sharti bilan amalga oshiriladi.
15. Xaridor tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, sotuvchi mahsulotni qayta savdoga qoʻyadi.
IV. Mis mahsuloti, metall rux va ikkilamchi alyuminiy narxlarini aniqlash va oʻzaro hisob-kitoblar mexanizmi
16. Mahsulotni savdoga qoʻyishda boshlangʻich narxi quyidagicha belgilanadi:
“Olmaliq TMK” OHJ boʻyicha — mis katodi va metall ruxga — jahon narxi darajasida, mis katankasiga — mis katankasi ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olgan holda, 1,2 dan koʻp boʻlmagan oʻsuvchi koeffitsiyentni qoʻllab, jahon narxi darajasida;
“Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” OAJ boʻyicha — ikkilamchi alyuminiyga — boshqariladigan narx darajasida, mis mahsulotiga — korxona ulgurji bahosi darajasida.
17. Birja savdolarida shakllangan mahsulot narxi uning boshlangʻich narxidan oshishi natijasida sotuvchi tomonidan (“Olmaliq TMK” OHJ tomonidan sotilgan mis mahsulotlaridan tashqari) olingan qoʻshimcha daromad uning ixtiyorida qoladi.
18. Birja savdolarida tuzilgan bitishuvlarning moliyaviy kafolatini taʼminlash uchun birja savdolarida tuzilgan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitoblar Birja HKKPsi orqali amalga oshiriladi.
19. Hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida, HKKP Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablagʻlarini saqlash va birja bitishuvlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻini ochadi. Ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda Birjaning ikkilamchi depozit hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq ochiladi.
20. Sotuvchi va xaridorlarning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlari harakatlarini nazorat qilish uchun HKKP har bir sotuvchi va xaridorga foydalanuvchining shaxsiy raqamiga (bundan keyingi oʻrinlarda — FShR deb yuritiladi) mos keluvchi alohida hisobvaraq ochadi.
Sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlari ushbu hisobvaraqlarda HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha hisobvaragʻi doirasida hisobga olinadi.
21. HKKP mijozlarning soʻrovlariga muvofiq ularga xizmat koʻrsatish shartlari, ushbu mijozning qolgan mablagʻlari toʻgʻrisida axborot berib turishi shart.
HKKP tomonidan mijozning shaxsiy hisobvaragʻi holati, shaxsiy hisobvaraqlarda qolgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchinchi shaxslarga oshkor etilishi man etiladi.
22. Birja mijozlarning soʻrovlariga koʻra ularni birja kliringi natijalari, ularning mablagʻlari holati va joriy kunda belgilangan savdolar limitlari pul mablagʻlari toʻgʻrisida xabardor qilib turishi shart.
23. Sotuvchilar va xaridorlar Birjaga xizmat qiluvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga birja savdolariga qoʻyilgan mahsulot umumiy qiymatining va moʻljallanayotgan bitishuv hajmining 10 foizi miqdoridagi zakalatni qoʻyadi.
24. Xaridorlar Birjada deponentga qoʻyilgan zakalatni hisobga olingan holda toʻlash moʻljallanayotgan mablagʻ hajmida bitishuvlar tuzishga haqlidir.
25. Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlaridan:
birja bitishuvlari boʻyicha majburiyatlar bajarilishi, xarajatlar qismida va ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun;
kelishilgan muddat davomida, bitishuv amalga oshirilmagan yoki belgilangan tartibda bekor qilingan taqdirda, mijozning bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qaytarish uchun;
deponentga qoʻyilgan mablagʻlar hisobidan Birja xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
26. Birja bitishuvi roʻyxatga olinganidan keyin besh bank ish kunida xaridor tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni toʻliq qoplash uchun Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qoʻshimcha mablagʻlarni oʻtkazishi shart. Bunda, mablagʻlarni oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasining “toʻlov maqsadlari” ustunida xaridorning FShRi majburiy tartibda koʻrsatilishi shart.
27. HKKP xaridordan mablagʻlar kelib tushgan vaqtdan boshlab bir bank ish kuni mobaynida xaridor tomonidan oʻz majburiyatlarini toʻliq hajmda bajarganligini tasdiqlovchi toʻlangan bitimlar reyestrini sotuvchiga taqdim etishi shart.
28. Agar xaridor ushbu Nizomning 26-bandida belgilangan muddatlarda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq mablagʻlarni toʻliq hajmda oʻtkazilishini taʼminlamasa, HKKP koʻrsatilgan muddat oʻtgach, bir ish kuni mobaynida sotuvchi va Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabar beradi va shu kunning oʻzidayoq jarima chorasi sifatida sotuvchining hisobvaragʻiga, Birjaning vositachilik haqini chegirgan tarzda, lekin zakalat miqdoridan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻni shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun kiritib qoʻyadi.
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta sotuvga qoʻyiladi.
29. Sotuvchi tomonidan mahsulotni xaridorga oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda yuklab joʻnatish boʻyicha majburiyatlar bajarilmasa, HKKP shartnomada belgilangan muddat oʻtganidan keyin Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda mahsulotni yetkazib berish uchun belgilangan qiymatdan 2 foiz miqdordagi mablagʻni jarima chorasi sifatida xaridor hisobiga kiritadi va xaridor, sotuvchi va Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabar qiladi.
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta savdoga qoʻyiladi.
30. HKKP tomonidan sotuvchiga xaridorning shaxsiy hisobvaragʻiga mablagʻlarni kelib tushganligi toʻgʻrisida toʻlangan bitishuvlar reyestrini taqdim etilishi sotuvchining mahsulotni xaridorga yuklab joʻnatishiga asos boʻladi.
Sotuvchi mahsulotni xaridor oʻzining majburiyatlarini bajarganligi faktini HKKPning tasdigʻisiz joʻnatgan taqdirda, Birja roʻyxatdan oʻtkazilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha xaridor tomonidan majburiyatlar bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
31. Mahsulot joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini xaridor va sotuvchi imzolari bilan tasdiqlangan yuk xatining nusxasi tasdiqlaydi.
Yuk xati nusxasining taqdim etilishi HKKP uchun bir bank ish kuni mobaynida ushbu Nizomning 19-bandiga muvofiq ochilgan ikkilamchi talab qilib olgungacha hisobvaraqdan sotuvchining unga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi asosiy talab qilib olingungacha depozit hisobvaragʻiga, sotuvchining shaxsiy hisobvaragʻi koʻrsatilgan holda oʻtkazish, shuningdek bitishuvni yopish uchun asos va majburiyat boʻladi.
32. Mahsulotni birja savdolari gʻoliblariga yuklab joʻnatish oldi-sotdi shartnomalarida nazarda tutilgan muddatlarda va shartlarda sotuvchining naryadlari boʻyicha amalga oshiriladi.
V. Tomonlarning javobgarligi va nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
33. Xaridor bilan sotuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilmaganligi uchun tomonlarning javobgarligi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
34. Birja aʼzolari, birja savdolari ishtirokchilari va ularning mijozlari oʻrtasidagi Birja savdolari qoidalarida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha yuzaga keladigan nizolar Birjaning arbitraj komissiyasi yoki sud tomonidan hal qilinadi.
Arbitraj komissiyasi tomonidan nizolarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlar undirilishi man etiladi.
VI. Axborot taʼminoti va mazkur Nizom bajarilishi yuzasidan monitoring
35. Birjaning kotirovka hayʼati oʻtkazilgan birja savdolari natijalari boʻyicha Birjada sotilgan mahsulot baholarining birja kotirovkalarini aniqlaydi va ularni har hafta ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi sahifalarida eʼlon qilib boradi.
36. Sotuvchilar va Birja hisobot choragidan keyingi oyning 5-kunidan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasiga mahsulotning birja savdolariga chiqarish, sotish va ushbu Nizomga muvofiq sotilgan mahsulotning haqiqatda yetkazib berilgan hajmlari toʻgʻrisida maʼlumotni taqdim etadi.
37. Birja har kuni Oʻzbekiston Respublikasining Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasiga savdoga qoʻyilgan va sotilgan mahsulot hajmlari, shuningdek savdolarda shakllangan oʻrtacha sotish baholari toʻgʻrisidagi axborotlarni taqdim etadi.
VII. Yakuniy qoida
38. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, “Olmaliq TMK” OAJ, “Rangli metall chiqindilari, siniqlarini tayyorlash va qayta ishlash Toshkent zavodi” OAJ va “OʻzRMXB” OAJ bilan kelishilgan.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2007-yil
“Olmaliq TMK” OAJ Boshqaruv raisi N. RUZIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil
“Rangli metall chiqindilari, siniqlarini tayyorlash va qayta ishlash Toshkent zavodi” OAJ Bosh direktori v.b. D. BABAXANOV
Toshkent sh.,
2007-yil
“OʻzRMB” OAJ boshqaruv raisi T. TOʻXTABOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 44-son, 450-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)