OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PARVOZLAR XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPEKSIYASI BOSHLIGʻINING
BUYRUGʻI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQARO AVIATSIYASI BORTKUZATUVCHILARINING ISHLARINI TASHKIL ETISH QOIDALARI”NI (OʻZR AQ-95) TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 26-oktabrda 1733-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni takomillashtirish maqsadida IKAO standartlari va tavsiyalarini inobatga olib buyuraman:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi bortkuzatuvchilarining ishlarini tashkil etish qoidalari” (OʻzR AQ-95) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
3. Mazkur Qoidalar amalga kiritilgan vaqtdan Davavianazorat boshligʻining 2000-yil 9-iyundagi 96-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalarida bortkuzatuvchilarning ishlarini tashkil etish boʻyicha qoʻllanma”ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi H. TROBOV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-sentabr,
145-son
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
2007-yil 20-sentabrdagi 145-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 20-sentabrdagi 145-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya qoidalari
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi bortkuzatuvchilarining ishlarini tashkil etish qoidalari” (OʻzR AQ-95)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchilarining ishlarini tashkil etish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi xodimlariga guvohnomalar berish va ularni tasniflash” Aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-61) (2004-yil 7-may, roʻyxat raqami 1349), IKAO standartlari va tavsiyalari: “Bortkuzatuvchilarni xavfsizlikni taʼminlash aspektlarini inobatga olgan holda oʻqitish boʻyicha qoʻllanma” (Oʻqitish boʻyicha qoʻllanma, DOC 7192-AN/857, E qismi) va “Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida Konvensiyaning 6-ilovasi”ga (Havo kemalaridan foydalanish, I-qism) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchilarining ishlarini tashkil etishni belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar talablari Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aviakorxonalari (aviakompaniyalari) bortkuzatuvchilari hamda bortkuzatuvchilarning ishini tashkil etishga taalluqli qismida boshqa mansabdor shaxslarga tatbiq etiladi.
I. Asosiy qoidalar
Atamalar va tushunchalar
1. Ushbu Qoidalar maqsadlarida quyidagi atamalar va tushunchalardan foydalanildi:
Aviakompaniya (aviakorxona) — muntazam havo reyslarini amalga oshiruvchi yoki shu sohada oʻz xizmatlarini taklif etuvchi har qanday aviatransport korxonasi.
Bortkuzatuvchi — xizmat koʻrsatuvchilar soniga kiruvchi, yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida ekspluatant yoki havo kemasi komandirining topshiriqlarini bajaruvchi, ammo uchuvchilar ekipajning aʼzosi hisoblanmagan ekipaj aʼzosi.
Bortkuzatuvchi — brigadir — havo kemasi sahnida bortkuzatuvchilar brigadasining ishlarini tashkil etish uchun ekpluatant tomonidan tayinlangan shaxs.
Bortkuzatuvchi — instruktor — bortkuzatuvchilar brigadasining ishlarini tayyorlash va nazorat qilishni tashkil etish uchun ekpluatant tomonidan tayinlangan shaxs.
Havo kemasi — havo bilan oʻzaro taʼsir natijasida atmosfera ushlab tura oladigan har qanday apparat, yer sathidan aks etgan havo bilan oʻzaro harakat bundan mustasno.
Bortkuzatuvchilarning instruktorlar tarkibi — bortkuzatuvchi-instruktorlar.
Havo kemasi komandiri — butun parvoz davomida havo kemasini boshqarish va uning xavfsizligi uchun masʼul shaxs.
Liter reysi — reysni amalga oshiruvchi xizmatlar tomonidan havo kemasiga alohida diqqat qaratilishini talab etuvchi reys.
Xavfli yuklar — havoda tashish vaqtida sogʻliqqa, xavfsizlikka yoki mulkka katta zarar yetkazish xavfini tugʻdiruvchi mahsulotlar yoki moddalar.
Parvozdan keyingi ishlar — havo kemasi dvigatellari oʻchirilgandan boshlab ekspluatant tomonidan topshirilgan barcha ishlarning tugatilishigacha boʻlgan davrda bajariladigan ishlar.
Parvozdan keyingi muhokamalar — ekspluatant topshirgan vazifalarning har bir ekipaj aʼzosi tomonidan bajarilish sifatini tahlil qilish.
Dastlabki tayyorlash — ekipaj aʼzolarining havo kemasi sahnida ekspluatant topshirgan vazifalarni bajarishga tayyorlash va tayyorligini tekshirishning asosiy turi.
Parvoz oldi tayyorgarlik — reyslarni bajarish oldidan havo kemasi dvigatelini yoqishdan oldin espluatant topshirgan vazifalarni bajarish.
Bortkuzatuvchilarni tekshiruvchi — havo kemasi sahnida bortkuzatuvchilarning ishini nazorat qiluvchi bortkuzatuvchilar tarkibidagi rahbar, inspektor, metodist va instruktor xodim.
Kasbiy (texnik) mashgʻulotlar — ekspluatant topshirgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan bilimlar va mohirlik darajasini ushlash maqsadida bortkuzatuvchilar bilan oʻtkaziladigan mashgʻulotlar.
Muhokama — shaxsiy tarkib bilan oʻtkaziladigan yigʻilishlar.
Reys — parvoz oldi tayyorgarlik, parvoz vaqti va parvozdan keyingi ishlarni oʻz ichiga oladigan davr.
2. Bortkuzatuvchilar boʻlinmasining tuzilishi bajariladigan ishlar hajmi va xususiyati hisobga olingan holda aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan belgilanadi hamda Aviakorxona (avikompaniya) parvozlarini bajarish qoʻllanmasida (bundan keyin matnda APBQ deb yuritiladi) aks ettiriladi.
3. Bortkuzatuvchilarni ishga qabul qilish (tanlash) tartibi aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan belgilanadi.
4. Bortkuzatuvchilar ishini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aviakorxonalari (aviakompaniyalari) bortkuzatuvchilarining rahbar va instruktor xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Aviakorxonalar (aviakompaniyalar) bortkuzatuvchilarining rahbar va instruktor xodimlarining vazifalari va huquqlari mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq belgilanadi hamda APBQda aks ettiriladi.
Aviakorxonalar (aviakompaniyalar) bortkuzatuvchilarining rahbar va instruktor xodimlarining javobgarligi ularning oʻz vazifalarini lozim yoki yetarli darajada bajarmaganligi yoxud berilgan huquqlaridan foydalanmaganliklari natijasida namoyon boʻladi.
6. Bortkuzatuvchilar boʻlinmasida ishlarning tashkil etilishi boʻyiga boʻlinma rahbari masʼul boʻladi.
7. Bortkuzatuvchilar ishini tashkil etish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) rahbar xodimlarni tanlash va joylashtirishni;
b) bortkuzatuvchilarni tanlab olish va kasbiy tayyorlashni;
v) bortkuzatuvchilarni mustaqil ishga qoʻyishni;
g) bortkuzatuvchilar brigadalarini tuzishni;
d) bortkuzatuvchilar ishini rejalashtirishni;
e) bortkuzatuvchilarni oldindan va parvoz oldidan tayyorlashni;
j) bortkuzatuvchilar brigadasida parvozlardan keyingi muhokamalar va bortkuzatuvchilar boʻlinmasida muhokamalarni;
z) bortkuzatuvchilar ishini nazorat va tahlil qilishni;
i) parvoz-uslubiy ishlarni;
k) faoliyati bogʻliq boʻlgan xizmatlar (korxonalar) bilan oʻzaro harakatlarni.
8. Bortkuzatuvchilar ishlarining yuqori darajada samarali bajarilishiga quyidagilar orqali erishiladi:
a) IKAO, Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi (IATA) tomonidan tavsiya etiladigan amaliyotni va boshqa aviakorxonalar (aviakompaniyalar) tajribasini qoʻllash asosida bortkuzatuvchilarni oʻqitish va ishlarini tashkil etish shakllari va uslublarini mukammallashtirish;
b) havo kemalarining yangi rusumlarini oʻrganish;
v) bortkuzatuvchilarning malakasini oshirish;
g) avariya holatlari boʻyicha trenajyorlardan, shuningdek xizmat koʻrsatishning barcha turlari boʻyicha trenajyor sinflaridan samarali foydalanish;
d) parvozlarga sifatli tayyorlanish;
e) avariya holatlari yuzaga kelgan hollarda ekipaj aʼzolari bilan toʻgʻri va aniq harakat qilish;
j) yoʻlovchilarga havo kemasi sahnida xizmat koʻrsatish texnologiyasini aniq bajarish;
z) bortkuzatuvchilarning ishini muntazam tahlil qilib borish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish madaniyati saviyasini va parvozda ularning xavfsizligini taʼminlash darajasini oshirish boʻyicha profilaktika tadbirlarini ishlab chiqish va oʻz vaqtida amalga oshirish.
II. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchilariga qoʻyiladigan talablar
§ 1. Umumiy qoidalar
9. Bortkuzatuvchi xizmat koʻrsatuvchi xodimlar toifasiga mansub boʻlib, havo kemasi ekipaji tarkibiga kiradi va parvoz topshirigʻining birinchi sahifasiga kiritiladi.
10. Bortkuzatuvchi havo kemasi sahnida yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlaydi hamda ularga xizmat koʻrsatadi.
11. Bortkuzatuvchi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aviatsiya xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida nizom”ga (OʻzR AQ-67) (2002-yil 2-noyabr, roʻyxat raqami 1186) muvofiq berilgan tibbiy xulosaga va “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi xodimlariga guvohnomalar berish va ularni tasniflash” Aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-61) (2004-yil 7-may, roʻyxat raqami 1349) talablariga muvofiq beriladigan belgilangan namunadagi guvohnomaga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Bortkuzatuvchi davlat, rus va bir yoki bir necha xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan hajmda bilishi zarur.
13. Bortkuzatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining oʻziga tegishli boʻlgan qismlarini, mazkur Qoidalarni, APBQni, shuningdek bortkuzatuvchilarning faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni bilishi va aniq bajarishi zarur.
14. Bortkuzatuvchining mehnat qilish va dam olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi, IKAO standartlari va tavsiyalari bilan tartibga solinadi.
15. Havo kemasi sahnidagi yoʻlovchilarning xavfsizligi uchun javobgar bortkuzatuvchilarning faoliyati ularning aviakorxona (aviakompaniya) tomonidan bortkuzatuvchilarga qoʻyiluvchi mutaxassislik talablari va standartlarga muvofiq boʻlishini talab qiladi.
16. Fuqaro aviatsiyasi boʻlinmalarida bortkuzatuvchilardan samarali foydalanish maqsadida rahbar, instruktor xodimlarga va bortkuzatuvchilarga 4 rusumdan koʻp boʻlmagan havo kemalarida parvoz qilishga ruxsat etiladi.
§ 2. Bortkuzatuvchi nomzodlariga qoʻyiladigan talablar
17. Bortkuzatuvchi nomzodi 18 yoshdan kichik boʻlmagan va amaldagi tibbiy xulosaga ega boʻlishi kerak.
18. Bortkuzatuvchi nomzodlari sogʻligʻi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aviatsiya xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida nizom”ga (OʻzR AQ-67) (2002-yil 2-noyabr, roʻyxat raqami 1186) talablariga javob berishi kerak.
§ 3. Xalqaro havo yoʻnalishlaridagi bortkuzatuvchilarga qoʻyiladigan talablar
19. Xalqaro havo yoʻnalishlarida ishlash uchun bortkuzatuvchilar aviakompaniya tomonidan qoʻyiladigan talablarga muvofiq boʻlgan, bir yoki bir necha xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hajmda biladigan va ijobiy ishlab chiqarish tavsifnomasiga ega boʻlgan bortkuzatuvchilar sonidan tanlanadi.
20. Xalqaro havo yoʻnalishlarida parvoz qilish uchun bortkuzatuvchilar nomzodlari aviakorxona (aviakompaniya)ning bortkuzatuvchilar xizmati rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
21. Xalqaro havo yoʻnalishlarida parvoz qilish uchun bortkuzatuvchilar Fuqaro aviatsiyasi oʻquv-mashgʻulotlar markazida xalqaro yoʻnalishlarda parvoz qiluvchi bortkuzatuvchilar kurslarida va xorijiy tillar kurslarida tahsil olishlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorati tomonidan tasdiqlangan dastur boʻyicha imtihonlarni ekstern uslubida topshirgan holda til bilish darajasini tasdiqlashi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchilarini kasbiy tayyorlash
§ 1. Umumiy qoidalar
22. Bortkuzatuvchilarni kasbiy tayyorlash havo kemasi sahnida yoʻlovchilarga oddiy va alohida sharoitlarda xizmat koʻrsatish va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha toʻgʻri va oʻz vaqtida harakat qilish uchun zarur boʻlgan kasbiy bilimlar va mohirlik saviyasini egallash, bilimlarini kerakli boʻlgan darajada ushlab turish va oshirish maqsadida amalga oshiriladi.
23. Bortkuzatuvchilarni kasbiy tayyorlash Fuqaro aviatsiyasi oʻquv-mashgʻulotlar markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorati tomonidan tasdiqlangan dastur boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Kasbiy tayyorlash tizimida qoʻllaniladigan oʻqitish dasturlari, oʻquv va uslubiy qoʻllanmalar IKAO, IATA tajribasi boʻyicha tavsiyalarni inobatga olgan holda Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazining uslubiy tayyorgarlikdan oʻtgan va tajribali mutaxassislari tomonidan ishlab chiqiladi.
25. Bortkuzatuvchilarning kasbiy tayyorgarligi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) fuqaro aviatsiyasi havo kemasi bortkuzatuvchisini kurs boʻyicha dastlabki tayyorlash;
b) xalqaro havo yoʻnalishlarida parvoz qilish uchun tayyorlash;
Keyingi tahrirga qarang.
v) boshqa rusumdagi havo kemasiga qayta oʻqitish;
g) bortkuzatuvchilarning rahbar va instruktor xodimlarini uslubiy tayyorlash;
d) bortkuzatuvchi-brigadirlarni uslubiy tayyorlash;
e) tilga tayyorlash boʻyicha malaka oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
j) kasbiy (texnik) mashgʻulotlar;
z) shaxsiy elektron-hisoblash mashinasida (bundan keyin matnda SHEHM deb yuritiladi) bilimlarning test nazorati;
i) avariya holatlari boʻyicha tayyorlash;
k) xavfli yuklarni tashishga tayyorlash;
Keyingi tahrirga qarang.
l) aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tayyorlash.
26. Bortkuzatuvchilarni kasbiy tayyorlash quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
a) nazariy mashgʻulotlar;
b) texnik sinflarda, havo kemasida va maxsus trenajyorlarda amaliy mashgʻulotlar (avariya holatlari, yoʻlovchilarga tibbiy yordam koʻrsatish va xizmat koʻrsatish boʻyicha kasbiy faoliyat elementlarini takrorlash);
v) stajirovkalar, shu jumladan aviakompaniyada havo kemasi sahnida brigada tarkibida parvozlarni bajarish (olingan bilimlar va mohirlikni amaliy ishda mustahkamlash).
27. Bortkuzatuvchilarni kasbiy tayyorlashni tashkil etish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) oʻquv jarayonlarini tashkil etish;
b) oʻqitish uchun nomzodlarni tanlash;
v) oʻquv bazasini tayyorlash (oʻquv-uslubiy materiallar, aniq qoʻllanmalar va h. k.lar);
g) sinflar va maxsus trenajyorlarni tayyorlash.
28. Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida oʻqitish kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
29. Oʻquvchilarning bilimlarini baholash test nazorati va (yoki) biletlar boʻyicha oʻtkaziladi.
30. Kasbiy bilimlarning darajasini baholash mezoni “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi xodimlariga guvohnomalar berish va ularni tasniflash” Aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-61) (2004-yil 7-may, roʻyxat raqami 1349) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida tayyorgarlik kursini oʻtgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
§ 2. Fuqaro aviatsiyasi havo kemasi bortkuzatuvchisi kursi boʻyicha dastlabki tayyorlash
32. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchisi guvohnomasini berishda zarur boʻlgan talablarga javob berish uchun dastlabki tayyorlash havo kemasi sahnida yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kasbiy bilimlar va mohirlikni oʻrganish va mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladi.
33. Fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchisi kurslari boʻyicha dastlabki tayyorlash aviakorxona (aviakompaniya)lar yoʻllanmalari boʻyicha sertifikatlangan Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida olib boriladi.
§ 3. Bortkuzatuvchilarni xalqaro havo yoʻnalishlarida parvoz qilish uchun tayyorlash
34. Bortkuzatuvchilarni xalqaro havo yoʻnalishlarida parvoz qilish uchun tayyorlash bortkuzatuvchining xalqaro parvozlarning oʻziga xos xususiyatlari boʻyicha bilim va mohirliklarga ega boʻlish maqsadida olib boriladi.
35. Xalqaro havo yoʻnalishlarida parvoz qilish uchun bortkuzatuvchilarni tanlab olish mazkur Qoidalarning 18—20-bandlari talablari inobatga olingan holda aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan belgilanadi.
36. Bortkuzatuvchilarni xalqaro havo yoʻnalishlarda parvoz qilish uchun tayyorlash aviakorxona (aviakompaniya)ning yoʻllanmasi boʻyicha sertifikatlangan Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida olib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
§ 4. Bortkuzatuvchilarni havo kemasining boshqa rusumiga qayta tayyorlash
37. Havo kemasining boshqa rusumga qayta tayyorlash havo kemasining yangi (boshqa) rusumida uning xususiyatlari inobatga olingan holda bortkuzatuvchining lavozim vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan kasbiy bilimlar va mohirlikni oʻrganish maqsadida bajariladi.
38. Havo kemasining yangi (boshqa) rusumiga qayta tayyorlash uchun bortkuzatuvchilarni tanlab olish aviakorxona (aviakompaniya) tomonidan ishlab chiqilgan raxbariy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
39. Fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bortkuzatuvchilarini havo kemalarining yangi (boshqa) rusumiga qayta tayyorlash aviakorxona (aviakompaniya) yoʻllanmalari boʻyicha Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida olib boriladi.
§ 5. Tilga tayyorlash boʻyicha malaka oshirish
Keyingi tahrirga qarang.
40. Bortkuzatuvchilarni tilga tayyorlash boʻyicha malakasini oshirish yoʻlovchilar bilan chet tillarda muomala qilish va ularga xalqaro klass boʻyicha xizmat koʻrsatishga oʻrgatish maqsadida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Tilga tayyorlash boʻyicha malaka oshirish kurslari quyidagilarni nazarda tutadi:
a) fuqaro aviatsiyasida qoʻllaniladigan maxsus leksikani oʻzlashtirish;
b) soʻzlashish nutqini mukammallashtirish.
Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida joriy qilingan qoidalarga muvofiq davlat va chet tillar boʻyicha bilimlarni tasdiqlash uchun ekstern uslubida imtihon topshirishga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Bortkuzatuvchilarni tilga tayyorlash boʻyicha kurslarida oʻqitish aviakorxona (aviakompaniya)larning yoʻllanmalari boʻyicha sertifikatlangan Fuqaro aviatsiyasining oʻquv markazida olib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Rahbarlik, instruktorlik tarkib va bortkuzatuvchilar tilga tayyorlash boʻyicha malaka oshirish kurslarida uch yilda bir marta oʻqiydilar.
44. Oliy filologik maʼlumotga yoki til boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar besh yilda bir marta tilga tayyorlash boʻyicha malaka oshirish kurslarida oʻqiydilar.
45. Mazkur Qoidalarning 43-44-bandlarida belgilangan muddatlarda tilga tayyorlash boʻyicha malaka oshirish kurslarida oʻqimagan bortkuzatuvchilar xalqaro yoʻnalishlarda parvozga qoʻyilmaydilar.
§ 6. Bortkuzatuvchilarning kasbiy (texnik) mashgʻulotlari
46. Bortkuzatuvchilarning kasbiy (texnik) mashgʻulotlari bortkuzatuvchilarning malakasini kerakli darajada ushlab turish uchun olib boriladi. Bortkuzatuvchilarning kasbiy (texnik) mashgʻulotlari bortkuzatuvchilarning instruktorlik tarkibi tomonidan maxsus jihozlangan sinflarda olib boriladi.
47. Bortkuzatuvchilarning kasbiy (texnik) mashgʻulotlari reja-mavzulari metodist tomonidan tuziladi va bortkuzatuvchilar boʻlinmasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
48. Bortkuzatuvchilar kasbiy (texnik) mashgʻulotlari olib borilishining hisobi kasbiy (texnik) mashgʻulotlar jurnalida yuritiladi, bunda quyidagilar aks ettiriladi:
a) mashgʻulotlar oʻtkazilish sanasi, vaqti va mavzusi;
b) oʻqituvchi familiyasi, ismi, otasining ismi;
v) bortkuzatuvchilarning roʻyxati;
g) mashgʻulotlarga qatnashganlik toʻgʻrisida belgilar;
d) shaxsiy topshiriqlar va ularning bajarilishi.
49. Har bir bortkuzatuvchi kasbiy (texnik) mashgʻulotlar oʻtashi shart. Rejali mashgʻulotlarga qatnashmagan bortkuzatuvchi kasbiy (texnik) tayyorgarlik materiallarini mustaqil oʻrganib, bilimlari sinalgandan keyingina parvozlarga qoʻyiladi. Bilimlarni nazorat qilish bortkuzatuvchi-instruktor, metodist-instruktor va boʻlinma rahbari zimmasiga yuklanadi.
§ 7. SHEHMda bortkuzatuvchilar bilimlarining test nazorati
50. SHEHMda bortkuzatuvchilar bilimlarining test nazorati guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish uchun zarur boʻlgan bilimlar va mohirlik saviyasini saqlash, parvoz ishlarida 6 oydan ortiq muddatga uzilish boʻlganda, malaka darajasini berish, tasdiqlash, oshirish maqsadida Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida oʻqitilganda amalga oshiriladi.
51. Bilimlarning test nazorati aviakorxona (aviakompaniya)larning bunday sinovlar oʻtkaziish uchun kompyuter texnikasi bilan jihozlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorati tomonidan sertifikatlangan boʻlinmalarida, shuningdek zarur hollarda aviakorxona (aviakompaniya)lar boʻlinmalarining arizalariga muvofiq Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida oʻtkazilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
52. SHEHMda bilimlarning test nazoratini oʻtkazish, natijalarni rasmiylashtirish tartibi aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
53. Guvohnomalarning amal qilish muddatini uzaytirishda bortkuzatuvchilar bilimlarining nazorati ikki yilda bir marta SHEHMda test nazorati orqali amalga oshiriladi. Tekshirilayotgan shaxsning bilimi mazkur Qoidalarning 30-bandiga muvofiq besh ballik tizim boʻyicha baholanadi.
Guvohnomalarning amal qilish muddatini uzaytirishda SHEHMda test nazorati natijasida olingan baholar 6 oy mobaynida amal qiladi.
54. SHEHMda bortkuzatuvchilar bilimlarining test nazorati natijalari ularning malaka darajasini tasdiqlashi va imtihonlarda baholar qoʻyilish vaqtida imtihon oluvchilar (mahalliy malaka komissiyasi aʼzolari) tomonidan inobatga olinishi zarur.
§ 8. Bortkuzatuvchilarni avariya holatlari boʻyicha tayyorlash
55. Bortkuzatuvchilarni avariya holatlari boʻyicha tayyorlash bortkuzatuvchilarning faoliyatidagi eng muhim aspekt sifatida yoʻlovchilarning havo kemasi sahnida xavfsizligini taʼminlashda kerakli darajada bilim va malaka saviyasini oshirish va kerakli darajada ushlab turish maqsadida oʻtkaziladi.
56. Bortkuzatuvchilarni avariya holatlari boʻyicha tayyorlash ikki yilda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorat tomonidan tasdiqlangan dasturlar boʻyicha Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
57. Bortkuzatuvchilarni avariya holatlari boʻyicha tayyorlash bortkuzatuvchi guvohnomasini olishi uchun zarur boʻlgan kasbiy tayyorlashning ajralmas qismidir.
Bortkuzatuvchi guvohnomasiga ega boʻlgan mutaxassislar egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, avariya holatlari boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtishlari shart.
58. Mazkur Qoidalarning 56-bandida belgilangan muddatlarda avariya holatlari boʻyicha tayyorlash mashgʻulotlaridan oʻtmagan bortkuzatuvchilar parvozlarni bajarishga qoʻyilmaydilar.
§ 9. Bortkuzatuvchilarni havo kemasida xavfli yuklarni tashish qoidalari boʻyicha tayyorlash
59. Bortkuzatuvchilarni havo kemasida xavfli yuklarni tashish qoidalari boʻyicha tayyorlash bortkuzatuvchilar faoliyatidagi eng muhim aspekt boʻlib, havo kemasi sahnida yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yetarli darajada bilim va malaka saviyasini olish va ushlab turish maqsadida oʻtkaziladi.
60. Bortkuzatuvchilarni havo kemasida xavfli yuklarni tashish qoidalari boʻyicha tayyorlash ikki yilda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorat tomonidan tasdiqlangan dasturlar boʻyicha sertifikatlangan Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida olib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
61. Havo kemasida xavfli yuklarni tashish qoidalari boʻyicha tayyorlash dasturidan oʻtgan bortkuzatuvchilar belgilangan namunadagi guvohnomaga ega boʻladi. Ushbu guvohnoma asosida aviakorxona (aviakompaniya) tomonidan bortkuzatuvchi guvohnomasiga uning amal qilish muddati koʻrsatilgan, aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan sertifikat-ilova rasmiylashtiriladi.
62. Mazkur Qoidalarning 60-bandida belgilangan muddatlarda xavfli yuklarni tashish qoidalari boʻyicha tayyorlash mashgʻulotlaridan oʻtmagan bortkuzatuvchilar parvozlarni bajarishga qoʻyilmaydilar.
§ 10. Bortkuzatuvchilarning malakasini oshirish va ushlab turish
63. Havo kemasi bortkuzatuvchilarining malakasini oshirish va ushlab turish ularning kasbiy bilimlarini mukammallashtirish va amaliy mohirligini oshirish, boshqaruv-rahbarlik va instruktorlik tarkib uchun esa qoʻshimcha ravishda uslubiy ishlardagi bilim darajasini ushlash va mukammallashtirish maqsadida amalga oshiriladi.
64. Bortkuzatuvchilar malakasini oshirishga quyidagi yoʻllar bilan erishiladi:
a) havo kemasining boshqa rusumiga qayta tayyorlash;
b) malaka darajasini oshirish.
65. Bortkuzatuvchilarning malakasini ushlab turish quyidagi yoʻllar bilan erishiladi:
a) aviakorxona (aviakompaniya)larning boʻlinmalarida kasbiy (texnik) mashgʻulotlar oʻtkazish;
b) bilimlarni har qanday sinashda SHEHM orqali test nazoratini oʻtkazish;
v) brigadirlar bilan seminar mashgʻulotlar oʻtkazish;
g) instruktorlik tarkib bilan seminar mashgʻulotlar oʻtkazish.
§ 11. Bortkuzatuvchilarni avaiatsiya xavfsizligi boʻyicha tayyorlash
66. Bortkuzatuvchilarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tayyorlash xavfsizlikni taʼminlash va uning taʼminlanishiga qanday usullar bilan erishilishi boʻyicha kerakli bilimlarni olish va yetarli darajada ushlab turish maqsadida oʻtkaziladi.
67. Bortkuzatuvchilarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha dastlabki va muntazam tayyorlash ikki yilda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorat tomonidan tasdiqlangan dasturlar boʻyicha Fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazida olib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Bortkuzatuvchilarni havo kemasi sahnida ishlashga qoʻyish
§ 1. Umumiy qoidalar
68. Bortkuzatuvchilarni havo kemasi sahnida ishlashga aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan tasdiqlangan ishga kirishish dasturiga muvofiq va quyidagi amal qiluvchi hujjatlar mavjud boʻlganda ruxsat beriladi:
a) malaka toʻgʻrisida tegishli belgilar kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemasi bortkuzatuvchisining guvohnomasi;
b) avariya holatlari va xavfli yuklarni tashish boʻyicha sertifikatlar;
v) bortkuzatuvchining tibbiy koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisida tibbiy xulosasi;
g) tibbiy sertifikat (agar zarur boʻlsa).
§ 2. Bortkuzatuvchilarga parvozlarda boʻlgan tanaffuslardan keyin havo kemasi sahnida ishlashga ruxsat berish
69. Rahbarlik, instruktorlik tarkibni va bortkuztuvchilarni parvozlarda boʻlgan tanaffuslardan keyin havo kemasi sahnida ishlashga ularning parvozlardagi tanaffuslari davomiyligiga qarab belgilanuvchi quyidagi muolajalardan oʻtganidan keyin ruxsat beriladi:
a) 1 oydan 3 oygacha boʻlgan tanaffusda — dastlabki tayyorgarlik hajmida bilimlarni tekshirish. Tayyorgarlik tegishli jurnallarda aks ettiriladi;
b) 3 oydan 6 oygacha boʻlgan tanaffusda — kasbiy (texnik) mashgʻulotlar va dastlabki tayyorgarlik hajmida (koʻrsatilgan davrda) bilimlar nazorat qilinadi. Tayyorgarlik tegishli jurnallarda aks ettiriladi;
v) 6 oydan 2 yilgacha boʻlgan tanaffusda — kasbiy (texnik) mashgʻulotlar va dastlabki tayyorgarlik hajmida (koʻrsatilgan davrda) bilimlarni SHEHMda sinash, avariya holatlari boʻyicha tayyorlash, shuningdek stajirovka dasturining kamida 50 foizini oʻtash. Stajirovka natijalari “Stajirovka topshirigʻi”da rasmiylashtiriladi. Sinov tegishli jurnallarda va bortkuzatuvchining parvoz daftarchasida aks ettiriladi;
g) 2 yildan 5 yilgacha boʻlgan tanaffusda — bilimlarni SHEHMda sinash dasturi hajmida davlat va chet tillar, aviatsiya xavfsizligi, xavfli yuklarni tashish, avariya holatlari boʻyicha malaka oshirish kurslarini, shuningdek stajirovka dasturining kamida 50 foiz hajmini oʻtash. Stajirovka natijalari “Stajirovka topshirigʻi”da rasmiylashtiriladi. Tayyorgarlik tegishli jurnallarda va bortkuzatuvchining parvoz daftarchasida aks ettiriladi.
70. Havo kemasining biror rusumidagi parvozlarda tanaffuslar boʻlganda, agar parvozlar boshqa rusumdagi havo kemasida uzilmagan boʻlsa, bu rusumdagi havo kemalarda parvoz qilishga ruxsat berish mazkur Qoidalarning 66 va 68-bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.
71. Parvozlarda 5 yildan ortiq tanaffus boʻlganda parvozlarga ruxsatni qayta tiklash huquqi yoʻqoladi. Bortkuzatuvchini parvozlarni bajarishga tiklash masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorat Yuqori malaka komissiyasi (YUMK) tomonidan hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Havo kemasining bir rusumidagi parvozlardagi tanaffuslar 5 yildan ortiq boʻlganda (agar parvozlar boshqa rusumdagi havo kemalarda uzilmagan boʻlsa) havo kemasining bu rusumida parvoz qilishga ruxsatni tiklash mazkur Qoidalarning 37-bandi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
§ 3. Bortkuzatuvchilarning amaliy ishlarini reys sharoitlarida tekshirish
72. Bortkuzatuvchilarning amaliy ishlarini reys sharoitlarida tekshirish quyidagilarga erishish uchun amalga oshiriladi:
a) havo kemasi sahnida ishlarni mustaqil bajarishga ruxsat olish;
b) parvoz qilish faoliyatida 6 oydan koʻp tanaffus boʻlganda havo kemasi sahnida ishlarni bajarishga ruxsat olish;
v) bortkuzatuvchilarning amaliy ishlarini mazkur Qoidalarning 73-bandida koʻrsatilgan muddatlarda reys sharoitlarida tekshirish;
g) bir necha rusumdagi havo kemalarida parvozlarni bajarish. Bunda tekshirish toifa jihatdan yuqori yoki teng turdagi havo kemalarida amalga oshiriladi.
73. Bortkuzatuvchilarning amaliy ishlari instruktor va rahbar xodimlar tomonidan quyidagi muddatlarda tekshiriladi:
a) malaka darajasidan qatʼi nazar — mazkur turdagi havo kemasida birinchi yil ishlash davomida 6 oyda kamida bir marta;
b) bir yildan ortiq ish staji boʻlganda berilgan malaka darajasidan qatʼi nazar — yiliga kamida bir marta.
74. Guvohnomaning muddatini uzaytirish uchun amaliy ishlar tekshiruvi natijalari quyidagi muddatlarda amal qiladi:
a) bortkuzatuvchilar uchun (malaka darajasidan qatʼi nazar) — 1 yil davomida;
b) bortkuzatuvchilar uchun boshqa havo kemasi rusumiga qayta oʻqigandan keyin birinchi yil mustaqil ish stajida — 3 oy davomida.
V. Bortkuzatuvchilar tekshiruvchisi
75 Bortkuzatuvchilar tekshiruvchisi boʻlib bortkuzatuvchi guvohnomasiga hamda instruktorlik ishlarini olib borish uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan aviakompaniyaning masʼul shaxsi, fuqaro aviatsiyasi oʻquv markazlarining bortkuzatuvchilar bilan ishlash boʻyicha metodisti, shuningdek bortkuzatuvchilarning rahbar, inspektorlik yoki instruktorlik tarkibi boʻlishi mumkin.
76. Reys sharoitlarida bortkuzatuvchilar tekshiruvchisi bortkuzatuvchilar brigadasi boshligʻi hisoblanadi va havo kemasi komandiriga boʻysunadi.
77. Bortkuzatuvchilar tekshiruvchisi bortkuzatuvchilar brigadasining yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish texnologiyasining bajarilishini taʼminlovchi asosiy tarkibga qoʻshimcha ravishda kiritiladi.
VI. Bortkuzatuvchilarning reysni bajarish boʻyicha ishlarini tashkil etish
§ 1. Bortkuzatuvchilarni dastlabki tayyorlash
78. Bortkuzatuvchilarni dastlabki tayyorlash bajariladigan reyslar oldidan amalga oshirilishi kerak. Tayyorlashlarning barcha turlari tegishli jurnallarda rasmiylashtiriladi. Dastlabki tayyorlashlar quyidagi tarkiblarda olib boriladi:
a) bortkuzatuvchilar guruhi bilan;
b) bortkuzatuvchilar brigadasi bilan;
v) yakka tartibda.
79. Dastlabki tayyorgarlik quyidagi shaklda oʻtkaziladi:
a) bortkuzatuvchilar boʻlinmalarida mashgʻulotlar:
stajirovka dasturini oʻtashda;
parvozlardagi tanaffuslardan keyin;
liter, oʻta muhim parvozlarni bajarish uchun;
alohida xususiyatli toifadagi koʻp sonli yoʻlovchilarni tashish boʻyicha maxsus reyslarni bajarish uchun;
yangi yoʻnalish boʻyicha birinchi reys oldidan;
alohida buyurtma va charter reyslarini bajarish uchun;
alohida murakkab doimiy reyslarni bajarish uchun;
b) muntazam reyslarni bajarishda havo kemasining uchishi oldidan bortkuzatuvchilar brigadasida brifing.
80. Dastlabki tayyorgarlikni bortkuzatuvchi-brigadir, zarurat tugʻilganda esa rahbariyat tomonidan tayinlangan bortkuzatuvchi-instruktor oʻtkazadi. Dastlabki tayyorgarlik bortkuzatuvchilarning parvozlarni bajarishga tayyorligini tekshirish bilan yakunlanadi.
§ 2. Bortkuzatuvchilarning parvoz oldi tayyorgarligi va parvozdan keyingi ishlari
81. Bortkuzatuvchilarni parvoz oldi tayyorgarligi va parvozdan keyingi ishlar texnologiyasi havo kemasi rusumi va bortkuzatuvchilarning sonini hisobga olgan holda instruktor va metodist xodimlar tomonidan ishlab chiqiladi, bortkuzatuvchilarni reyslarga tayyorlashdagi faoliyatining texnologik jarayonlarida ishtirok etuvchi oʻzaro harakat boʻyicha bogʻliq boshqa xizmatlar bilan kelishiladi hamda aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
§ 3. Havo kemasi sahnida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni tashkil etish
82. Havo kemasi sahnida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni tashkil etish havo kemasi sahnida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish texnologiyasiga muvofiq amalga oshiriladi. Havo kemasi sahnida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish texnologiyasi bortkuzatuvchilarning instruktor va metodist xodimlari tomonidan ishlab chiqiladi va aviakorxona (aviakompaniya) rahbari tomonidan quyidagilar hisobga olingan holda tasdiqlanadi:
a) havo kemasi rusumi;
b) bortkuzatuvchilar soni;
v) xizmat koʻrsatish darajalari;
g) koʻrsatiladigan xizmatlar turlari;
d) parvoz vaqti.
VII. Bortkuzatuvchilar ishlarining tashkil etilishini nazorat va tahlil qilish
83. Bortkuzatuvchilarning ishlarini nazorat qilish bortkuzatuvchilarning rahbar, instruktor va inspektor xodimlari tomonidan amalga oshiriladi va tizimli, maqsadli hamda aniq boʻlishi lozim.
84. Quyidagilar nazorat va tahlil qilinadi:
a) bortkuzatuvchilar ishlari (parvozlari)ni rejalashtirish;
b) kasbiy tayyorlash va ishlashga ruxsat berish;
v) avariya holatlari va xavfli yuklarni tashish boʻyicha nazariy va amaliy tayyorlash.
VIII. Muhokamalar
§ 1. Umumiy qoidalar
85. Muhokama bortkuzatuvchilarning kasbiy bilim darajasini va samaradorligini, ishlarning tashkil etilish sifatini oshirishning asosiy shakllaridan biri hisoblanadi.
Muhokamalar quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
a) bortkuzatuvchilar rahbar va instruktor xodimlarining uslubiy va tarbiyaviy ishlarini tashkil etishni mukammallashtirish;
b) bortkuzatuvchilarni kasbiy tayyorlash hamda ishlash texnologiyalari shakllari va uslublarini mukammallashtirish;
v) bortkuzatuvchilarning ilgʻor ish tajribalarini tarqatish.
86. Bortkuzatuvchilar ishlari muhokamalari quyidagilarga boʻlinadi:
a) parvozdan keyingi muhokamalar;
b) bortkuzatuvchilarning instruktor xodimlari bilan muhokamalar;
v) bortkuzatuvchilar xizmati (BKX)da umumiy muhokamalar.
§ 2. Parvozdan keyingi muhokamalar
87. Bortkuzatuvchilarning reys sharoitlaridagi ishlari har bir parvozdan keyin muhokama qilinadi:
a) bortkuzatuvchilar brigadasida brigadir tomonidan (zaruriyat boʻlsa, ekipaj aʼzolari ishtirokida);
b) havo kemasi uchuvchi ekipajining parvozdan keyingi muhokamasida bortkuzatuvchining ishtirokida (III klass havo kemasida).
88. Notoʻgʻri bajarilgan ishlar va harakatlar boʻyicha oʻtkazilgan muhokamalar materiallari, natijalari umumiy muhokamada barcha bortkuzatuvchilarga yetkaziladi.
89. Muhokamalar aviakorxonada (aviakompaniyada) joriy qilingan uchish-shtab hujjatlarini yuritish qoidalariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
§ 3. Bortkuzatuvchilarning instruktor xodimlari bilan oʻtkaziladigan muhokamalar
90. Bortkuzatuvchilarning instruktor xodimlari bilan muhokamalar har oyda bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni turkumlash, ularning tashkillashtirilishini tahlil qilish va keyingi oyga tadbirlar rejasini ishlab chiqish maqsadida oʻtkaziladi.
91. Instruktorlar bilan muhokamalarni yuqori turuvchi rahbar tomonidan tasdiqlangan reja boʻyicha bortkuzatuvchilar boʻlinmasi rahbari tomonidan oʻtkazatiladi.
92. Instruktorlar bilan oʻtkazilgan muhokamalar maxsus jurnalda rasmiylashtiriladi, zaruriyat boʻlganda uning mazmuni umumiy muhokamada bortkuzatuvchilarga yetkaziladi.
§ 4. BKXda oʻtkaziladigan umumiy muhokama
93. Umumiy muhokama yuqori turuvchi rahbar tomonidan tasdiqlangan reja boʻyicha bortkuzatuvchilar xizmati rahbari tomonidan oʻtkaziladi.
94. Umumiy muhokama havo kemasi bortkuzatuvchilar boʻlinmasining barcha shaxsiy tarkibi ishtirokida bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
95. Umumiy muhokamani oʻtkazish aviakorxona (aviakompaniya)da joriy qilingan uchish-shtab hujjatlarini yuritish qoidalariga muvofiq muhokamalar jurnalida rasmiylashtiriladi va muhokama materiallari bilan maxsus papkada saqlanadi.
96. Muhokama mazmuni muhokamada ishtirok etmagan bortkuzatuvchilar va instruktorlarga quyidagi yoʻllar bilan yetkaziladi:
a) takroran muhokama oʻtkazish;
b) muhokama mazmunini bortkuzatuvchilar va instruktorlarga kasbiy (texnik) tayyorgarlik mashgʻulotlarida, dastlabki tayyorgarlikda va brifinglarda;
v) muhokama materiallarini parvoz faoliyatidagi tanaffuslardan keyin mustaqil ravishda oʻrganish.
IX. Bortkuzatuvchilarning uslubiy ishlarini tashkil etish
§ 1. Umumiy qoidalar
97. BKXda uslubiy ishlarni tashkillashtirish aviakorxona (aviakompaniya)lar uchish-uslubiy boʻlinmalari, fuqaro aviatsiyasining oʻquv-mashq boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
98. Bortkuzatuvchilar boʻlinmalarida uslubiy ishlarni tashkillashtirish BKX rahbari, instruktor xodimlari va instruktor-metodistlari tomonidan amalga oshiriladi.
99. Rahbar va instruktor xodimlarni uslubiy tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Davavianazorat tomonidan tasdiqlangan rejalar va dasturlar boʻyicha belgilangan tartibda sertifikatlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining oʻquv markazida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 43-son, 439-modda; 2017-y., 11-son, 172-modda, 30-son, 758-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son; 21.01.2026-y., 10/26/1733-3/0060-son)