Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Qarori
“SUDLAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING 62-MODDASI TOʻRTINChI QISMINI ShARHLASh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 1-moddasiga amal qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 62-moddasi toʻrtinchi qismini sharhlash toʻgʻrisida”gi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Masala “Prezumtsiya” advokatlik firmasi advokati K. Muzaffarovning Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov va G. Pirjanovning tashabbusi bilan kiritildi.
Konstitutsiyaviy sud maʼruzachi sudya B. Mirboboyevning axborotini, Toshkent shahar advokatlar hayʼati rayosatining raisi S. Yoqubov, Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining raisi S. Mirsafoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari S. Qodirov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi raisining oʻrinbosari Sh. Roʻzinazarov, Toshkent davlat yuridik instituti huzuridagi huquqiy maorif targʻibot markazining direktori Gʻ. Abdumajidov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktorining oʻrinbosari M. Gasanov, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasining boshligʻi X. Sodiqov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yuridik boʻlimining mudiri A. Yoʻldoshev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar boʻyicha ekspertlar guruhining konsultanti H. Isoqov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari A. Xolmahmatovlarning fikrlarini eshitib, ish boʻyicha mavjud materiallarni oʻrganib chiqib quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga “Rgezumtsiya” advokatlik firmasi advokati K. Muzaffarov “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 62-moddasi toʻrtinchi qismiga rasmiy sharh berishni soʻrab murojaat etgan.
Mazkur normaning maʼnosini turlicha tushunish, uni sharhlash zarur degan xulosa chiqarish imkonini beradi.
62-modda toʻrtinchi qismining mazmuni quyidagilardan iborat: “Xalq maslahatchilari sudlardagi vazifalarini bajarish uchun yiliga koʻpi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi, ularning ishtirokida boshlangan sud ishini koʻrishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar bundan mustasno. Shu davrda ularning ish joyida oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi”.
K. Muzaffarovning fikricha, agar xalq maslahatchisi sudda boʻlishining ana shu ikki haftalik muddatini oʻtagan boʻlsa, u oʻsha yilda boshqa ishni koʻrishda qatnashishga haqli emas va rad qilinishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 13-moddasiga muvofiq, jinoyat ishlari hayʼatda koʻriladi. Jinoyat kodeksi 15-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar esa, sudya tomonidan yakka tartibda koʻriladi.
Ish birinchi instansiya sudi tomonidan hayʼatda koʻrilganda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi ishlarni uch nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 76-moddasiga muvofiq, quyidagi hollarda xalq maslahatchisi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim, basharti:
1) u shu ish boʻyicha jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan boʻlsa;
2) u ushbu ishni yuritish uchun masʼul boʻlgan biror mansabdor shaxsning yoki Jinoyat-protsessual kodeksi 76-moddasi birinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan oʻzga shaxslarning qarindoshi boʻlsa;
3) uning xolisligiga va begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Shu moddaning ikkinchi qismida belgilanganidek, sudya ilgari shu ishni yuritishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud majlisining kotibi sifatida ishtirok etgan boʻlsa, oʻsha ishni kelgusida koʻrishda qatnasha olmaydi.
Oʻsha moddaning uchinchi qismiga muvofiq, birinchi, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida yoxud nazorat tartibida ishni koʻrishda ishtirok etgan sudya uning ishtirokida chiqarilgan hukm, ajrim (qaror) bekor qilinganidan keyin oʻsha ishni koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
Amaldagi qonunlarning normalarini tahlil qilishda Konstitutsiyaviy sud quyidagilarga asoslandi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 7-moddasining ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 107-moddasining ikkinchi qismi sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi qonun bilan belgilanishini nazarda tutadi;
3) Jinoyat-protsessual kodeksining 30-moddasida jinoyat ishini ishda ushbu sud tarkibiga tayinlangan yoki saylangan sudyalar xalq maslahatchilari qatnashishlari belgilab qoʻyilgan;
4) Jinoyat-protsessual kodeksi 13-moddasining uchinchi qismiga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanadilar; ular sud majlisida ishni koʻrish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa egadirlar;
5) Jinoyat-protsessual kodeksining 76-moddasi sudya (xalq maslahatchisi), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi va sud majlisining kotibi ishda ishtirok etishini istisno etadigan bir qator holatlarni belgilaydi.
Shu bois Jinoyat-protsessual kodeksi 80-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibda sudyani yoki xalq maslahatchisini rad qilish huquqini shu kodeksning 76-moddasida koʻrsatib oʻtilgan holatlardan birortasi mavjud boʻlgandagina amalga oshirish mumkin.
Xalq maslahatchilarining sudlardagi vazifalarini bajarish uchun navbatma-navbat tartibda boʻlishi muddatini belgilar ekan, bu bilan qonun chiqaruvchi ularning jinoyat ishlari boʻyicha odil sudlovni amalga oshirishga doir vakolatlarini cheklamaydi. “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 62-moddasi birinchi qismiga muvofiq xalq maslahatchisi ikki yarim yil muddatga saylanadi.
Bayon qilinganlarga asoslanib va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 1, 9, 25, 26-moddalariga amal qilgan holda Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
1. Tushuntirib berilsinki, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 62-moddasi birinchi qismiga muvofiq, xalq maslahatchisining vakolatlari muddati ikki yarim yil etib belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 30-moddasiga binoan, jinoyat ishini koʻrishda ushbu sud tarkibiga tayinlangan yoki saylangan sudyalar va xalq maslahatchilari qatnashadilar.
2. Taʼkidlab oʻtilsinki, Jinoyat-protsessual kodeksi xalq maslahatchisining sudda yiliga ikki haftadan ortiq ishtirok etishiga uning shu yil boshqa jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holat sifatida nazarda tutmagan. Shuning uchun ham xalq maslahatchisining sudda yiliga ikki haftadan ortiq ishtirok etishi uni rad qilish uchun asos boʻlmaydi.
3. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 62-moddasi toʻrtinchi qismini sudlar tomonidan qoʻllanishi amaliyotini oʻrganib chiqish va tegishli tushuntirishlar berish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2002-yil 10-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 8-son, 56-modda)