Oʻzbekiston Respubliki Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi Bosh direktorining
buyrugʻi
AXBOROT RESURSLARINING ARXIV NUSXALARINI YARATISH VA ULARNI DAVLAT SAQLOVIGA TOPSHIRISH TARTIBI BOʻYICHA YOʻRIQNOMANI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 13-avgustda 1703-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
1. “Axborot resurslarining arxiv nusxalarini yaratish va ularni davlat saqloviga topshirish tartibi boʻyicha yoʻriqnoma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan sanadan oʻn kun oʻtgach kuchga kiritilsin.
“Oʻzarxiv” agentligi Bosh direktori A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 17-iyul,
18-son
Axborot resurslarining arxiv nusxalarini yaratish va ularni davlat saqloviga topshirish boʻyicha
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi axborotnomasi, 2004-y., 1-5 son, 10-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-noyabrdagi “Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 256-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 47-48-son, 355-modda) muvofiq axborot resurslari qimmatini ekspertizasini oʻtkazish va arxiv nusxalarini yaratish, shuningdek ularni respublika davlat arxivlariga saqlash uchun topshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Yoʻriqnomada quyidagi asosiy atamalar va tushunchalar qoʻllanilgan:
axborot resursining arxiv nusxasi — axborot resursining muayyan belgilangan vaqtdagi aniq nusxasi boʻlgan yoki arxiv saqlovi formatida axborot resursining mazmuni boʻyicha shakllanadigan elektron hujjat (keyingi oʻrinlarda EH deb yuritiladi);
depozitar saqlov — axborot resursi arxiv nusxalari mulkdori bilan davlat arxivi oʻrtasidagi kelishuv (shartnoma) boʻyicha belgilangan shartlar asosida mulkdorning axborot resursiga nisbatan mulk huquqini saqlab qolgan holda arxiv nusxalarini davlat arxivida saqlash;
axborot tizimi — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari;
axborot texnologiyasi — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va uni tarqatish uchun foydalaniladigan jami uslublar, qurilmalar, usullar va jarayonlar;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot resursi — axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, maʼlumotlar banki, maʼlumotlar bazasi, shu jumladan axborot tizimlarida ochiq shaklda joylashtiriladigan yoxud eʼlon qilinadigan audio-, video-, grafik va matnli axborot;
(1-bandning oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2022-yil 28-iyundagi 121-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-1, 29.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 10/22/1703-1/0688-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondi (keyingi oʻrinlarda — MAF deb yuritiladi) — Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmui;
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
Oldingi tahrirga qarang.
markaziy ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — MEK deb yuritiladi) — davlat organlari va tashkilotlarida hujjatlarning, shu jumladan boshqaruv (ish yuritish), ilmiy-texnika va boshqa maxsus hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish va hujjatlarni arxiv saqloviga topshirishga tayyorlash boʻyicha uslubiy va amaliy ishlarni olib boruvchi, davlat organi va tashkiloti hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlarining arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi ekspert komissiyalari faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishni amalga oshirish uchun tuziladigan, oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan doimiy faoliyat yurituvchi maslahat organi;
(1-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ekspert-tekshiruv komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — ETK deb yuritiladi) /ekspert-tekshiruv uslubiy komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — ETUK deb yuritiladi) — arxiv ishi hududiy boshqarmalari, Oʻzbekiston milliy arxivlarida boshqaruv (ish yuritish), ilmiy-texnika va boshqa maxsus hujjatlar qimmatliligi ekspertizasini tashkil etish va hujjatlarni arxivlarga saqlash uchun topshirishga tayyorlash boʻyicha uslubiy va amaliy ishlarni oʻtkazish hamda davlat arxivlarining jamlash manbai boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi markaziy ekspert komissiyalari va EK faoliyatiga rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirish uchun tuziladigan doimiy faoliyat yurituvchi komissiya;
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — EK deb yuritiladi) — davlat organlari va tashkilotlari hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlarida hujjatlarning, shu jumladan boshqaruv (ish yuritish), ilmiy-texnika va boshqa maxsus hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish va hujjatlarni arxiv saqloviga topshirishga tayyorlash boʻyicha uslubiy va amaliy ishlarni olib boruvchi, oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan doimiy faoliyat yurituvchi maslahat organi.
(1-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
2. Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq MEK yoki EKning xulosasi asosida hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritilgan korxonalar, tashkilotlar, muassasalarga (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) moʻljallangan.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Yoʻriqnoma asosida har bir tashkilot arxiv nusxalarini yaratish, ularni davlat saqloviga topshirish tartibi va shartlari batafsil bayon qilingan axborot resurslarining arxiv nusxalarini yaratish va ularni davlat saqloviga topshirish tartibi boʻyicha oʻzining ichki idoraviy yoʻriqnomasini ishlab chiqadi. Yoʻriqnoma tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi va tegishli Oʻzbekiston milliy arxivlarining ekspert-tekshiruv uslubiy komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalarining ekspert-tekshiruv komissiyasi bilan kelishiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2022-yil 28-iyundagi 121-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-1, 29.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 10/22/1703-1/0688-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. ETK (ETUK)ga arxiv nusxalarini elektron hujjatlar arxiviga topshirish jadvali ham kelishish uchun taqdim qilinadi. Jadval yangi axborot resursini qoʻllaydigan axborot texnologiyasini foydalanishga joriy etishda ishlab chiqiladi yoki toʻldiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2022-yil 28-iyundagi 121-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-1, 29.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 10/22/1703-1/0688-son)
II. Axborot resurslarining tasniflanishi
5. Axborot resurslarida axborot matn, grafik, video-, audio- va multimediya (matn, grafik, ovozli va audio formatlar kombinatsiyasi) shakllarida taqdim etilishi mumkin.
6. Axborot resurslari ularni yaratishda qoʻllaniladigan texnologiyalar turlari va saqlash muddatlari boʻyicha tasniflanadi.
7. Axborot resurslariga ularni yaratishda qoʻllaniladigan texnologiyalar turlari boʻyicha tasniflashda quyidagilar kiradi:
Maʼlumotlar bazalari va banki, ular oʻz navbatida:
davlat kadastrlari;
davlat registrlari;
davlat reyestrlari;
hisob-statistik xarakterdagi maʼlumotlar bazasi;
ilmiy-tadqiqotlar maʼlumotlari bazasi;
normativ, maʼlumot va bibliografik va h. k maʼlumotlar bazalariga boʻlinadi.
Internet nashrlar, jumladan:
hukumat saytlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari saytlari;
oʻquv va ilmiy saytlar;
ommaviy axborot vositalari saytlari;
elektron toʻlov boʻyicha saytlar;
elektron kutubxonalar saytlari va h. k.
8. Saqlash muddatlari boʻyicha axborot resurslari quyidagilarga boʻlinadi:
tegishli davlat arxiviga davlat saqlovi uchun topshiriladigan, saqlash muddati doimiy boʻlgan axborot resurslari;
davlat arxiviga topshirilmaydigan, tashkilotda saqlash muddati doimiy boʻlgan axborot resurslari;
vaqtinchalik saqlanish muddatiga ega boʻlgan axborot resurslari.
9. Saqlash muddati doimiy boʻlgan, tegishli davlat arxiviga davlat saqlovi uchun topshiriladigan axborot resurslariga quyidagilar kiradi:
asosiy davlat axborot resurslari;
hisob-statistik xarakterdagi va normativ axborotlarning rasmiy maʼlumotlar bazalari va banki;
ilmiy-tadqiqotlar maʼlumotlari bazalari;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining internet nashrlari;
ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va boshqalarning alohida saytlari (MEK va/yoki EK qarori boʻyicha).
10. Tashkilotda saqlash muddati doimiy boʻlgan davlat arxivlariga topshirilmaydigan axborot resurslariga quyidagilar kiradi:
tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq hujjatlarni (kadastrlar, registrlar, shuningdek normativ, maʼlumot-uslubiy va bibiliografik maʼlumotlar bazalari) doimiy saqlash huquqi berilgan rasmiy maʼlumotlar bazalari va banklari;
davlat arxivlariga topshirilmaydigan, lekin tashkilot uchun doimiy qimmatlikka ega boʻlgan internet nashrlar.
Ushbu turdagi axborot resurslarining saqlovini taʼminlash uchun davlat arxivlarida arxiv nusxalarining depozitar saqlovi qoʻllaniladi.
11. Vaqtinchalik saqlanish muddatiga ega boʻlgan axborot resurslariga, tashkilotlarda zarurat muddati tugagunga qadar saqlanadigan va MEK yoki EK qarori bilan yoʻq qilinishi mumkin boʻlgan, amaliy va yordamchi xarakterga ega boʻlgan axborot maʼlumotlar bazalari kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
III. Axborot resurslarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish
(III bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
12. Axborot resurslaridagi maʼlumot elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjat hisoblanadi va qogʻoz nusxasidagi hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan axborot resurslari MAFga tegishli boʻlib, doimo (muddatsiz) saqlanishi lozim.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Saqlanish muddati doimiy boʻlgan axborot resurslarini saralab olish uchun tashkilotning MEK yoki EK tomonidan ularning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi oʻtkaziladi.
Tashkilotning MEK yoki EK axborot resurslarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasini ularni yaratish davrida oʻtkazadi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Axborot resurslarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
axborot resurslarining saqlash muddatlarini aniqlash;
axborot resurslari orasidan doimiy saqlanishi lozim boʻlgan toifalarini ajratib olish;
axborot resurslaridan oʻchirilayotgan maʼlumot yangilanish jarayonida amaliy va/yoki ilmiy-tarixiy qimmatlikka egaligini belgilash;
amaliy va/yoki ilmiy-tarixiy qimmatlikka ega boʻlgan oʻchirilayotgan maʼlumotning saqlanishini taʼminlash.
15. MEK yoki EK davlat saqloviga topshirilishi lozim boʻlgan axborot resurslarining arxiv nusxalarini quyidagi mezonlar asosida saralaydi:
yangilik darajasini;
axborotning noyobligi, uning ijtimoiy ahamiyati;
tijorat qimmatligi va tarixiy ahamiyati.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Qimmatliligini aniqlash ekspertizasi natijalari tashkilot tomonidan tuziladigan davlat saqloviga topshirilishi lozim boʻlgan loyihalar, EH roʻyxatida aks ettiriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
17. Tashkilotning MEK yoki EK qarori bilan quyidagi ahamiyatga ega boʻlgan arxiv nusxa yaratiladi:
axborot resursi mazmunining toʻliq nusxasi;
oʻchirilayotgan maʼlumot mazmunining nusxasi;
oʻzgartirilayotgan yozuvlarning (fayllarning) oldingi va yangi ahamiyati (mazmuni) nusxasi.
18. Tashkilotning MEK yoki EK axborot resursi mazmunining toʻliq nusxasi yoki oʻchirilayotgan maʼlumot mazmunining nusxasini yaratish toʻgʻrisidagi qarorni axborot resursining hajmi juda katta, kiritilayotgan oʻzgartishlar kam ahamiyatga ega, maʼlumotlarning toʻliq hajmi bilan solishtirib boʻlmaydigan darajada boʻlgan hollarda qabul qilinadi. Bunday hollarda vaqt boʻyicha birinchi yaratilgan arxiv nusxasi axborot resursi mazmunining toʻliq nusxasini albatta oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
IV. Axborot resurslarining arxiv nusxalarini yaratish tartibi
19. Axborot resurslarining arxiv nusxalari quyidagi hollarda yaratiladi:
doimiy saqlanishi lozim boʻlgan axborot resurslariga avvalgi maʼlumotlarni oʻchirishga olib keladigan oʻzgartishlar kiritish;
axborot resursini yangi (zamonaviyroq) axborot tashuvchilarga oʻtkazilayotganda.
Oldingi tahrirga qarang.
Kiritilayotgan oʻzgartishlar (qoʻshimchalar) mavjud maʼlumotlarning oʻchirilishiga yoki oʻzgarishiga olib kelmasa, yoki oʻchirilayotgan maʼlumot axborot resurslarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasi natijalari boʻyicha amaliy va/yoki ilmiy-tarixiy qimmatlikka ega emas deb topilgan xollarda arxiv nusxasining yaratilishi talab qilinmaydi.
(19-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
20. Axborot resurslarining arxiv nusxalari tashuvchilari sifatida magnitooptik disklar yoki maʼlumotlarni ishonchli va uzoq muddat saqlovchi boshqa elektron maʼlumot tashuvchilardan (flesh-xotira, tashqi disklar va boshq.) foydalanish lozim.
21. Axborot resurslarining arxiv nusxalari yaratilayotganda tashkilotlar quyidagilarni taʼminlashi lozim:
taqdim etilayotgan maʼlumotning ishonchliligi va toʻliqligini;
axborot resurslarining axborot va texnologik moslashuvchanligini.
22. Arxiv nusxalarining yaratilishi va ishonchliligi uchun axborot resursiga oʻzgarishlar kiritishga masʼul boʻlgan shaxs masʼul etib tayinlanishi lozim.
23. Har bir arxiv nusxasi umumiy talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan va tasdiqlangan alohida EH hisoblanadi. EHning nomida uning qaysi axborot resursining arxiv nusxasi ekanligi koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Tashkilotning MEK yoki EK axborot resursi mazmunining toʻliq nusxasi yoki oʻchirilayotgan maʼlumot mazmunining nusxasini yaratilishini qaror qilgan hollarda, EH rekvizitlari axborot resursining umumiy tuzilishida oʻzgartirilayotgan qismning oʻrnini koʻrsatishi shart.
24. Arxiv nusxalari hisobi va saqlanishi arxivga topshirilgunga qadar tashkilotda EHni hisobga olish va saqlashning umumiy talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
V. Arxiv nusxalarini davlat arxiviga topshirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
25. Axborot resurslarining arxiv nusxalari mazkur resursni yaratish uchun qoʻllaniladigan dastur vositalari, dasturiy taʼminot va EH uchun elektron raqamli imzoning ochiq kaliti Bilan birga tegishli Oʻzbekiston milliy arxivi ETUK yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari ETKsi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha davlat arxiviga topshiriladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2022-yil 28-iyundagi 121-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-1, 29.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 10/22/1703-1/0688-son)
Oldingi tahrirga qarang.
26. Axborot resurslarining arxiv nusxalarini davlat saqloviga topshirish tasdiqlangan jadval asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan MAF hujjatlarini tashkilotlarda vaqtinchalik saqlash muddatlari tugagandan soʻng amalga oshiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1703-2, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)
VI. Axborot resurslaridan foydalanish va muhofazasini taʼminlash uchun davlat arxivlarining javobgarligi
27. Hujjatlashtirilgan axborot resursining muhofazasini taʼminlash boʻyicha choralar uni davlat arxiviga topshirayotgan tashkilot tomonidan belgilanadi.
28. Axborot resursini davlat saqloviga qabul qilishda xavfsizlikni muhofaza qilishni quyidagi dasturiy-texnik vositalar va tashkiliy choralar yordamida tegishli davlat arxivi taʼminlaydi:
axborot xavfsizligiga tahdidlarni aniqlash va bartaraf etish;
axborot resursining arxiv nusxasini topshirish, arxivni shakllantirish, uni saqlash va undan foydalanishda maʼlumotlarning toʻliqligini taʼminlash;
ruxsat berilmagan axborot resursidan foydalanish, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishdan muhofaza qilish;
arxiv maʼlumotlarning zaxira va qayta tiklanishi tizimini taʼminlash.
29. Umumiy foydalanishga moʻljallangan axborot resurslari (yuridik va jismoniy shaxslar, normativ-huquqiy aktlar, tabiiy resurslar, davlat organlarining veb-saytlari va boshqalar boʻyicha maʼlumotlar bazalari) barcha davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarga davlat arxivlari tomonidan ularga belgilangan vakolatlar doirasida taqdim etiladi.
Maxsus davlat axborot resurslaridan (davlat siri va konfidensial maʼlumotlarga ega boʻlgan idoralar, hududiy boshqaruv va hokimiyat organlari, davlat yuridik shaxslari va jismoniy shaxslar) foydalanish uchun ruxsat berish davlat arxivlari tomonidan ularni shakllantirish, qoʻllanilishi va yangilanib borilishiga masʼul boʻlgan organlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
30. Axborot resurslarini davlat saqloviga topshirgan tashkilotlar undan foydalanish huquqidan mahrum boʻlmaydilar.
31. Axborot resurslarini davlat saqloviga qabul qilgan davlat arxivlari quyidagilar uchun javobgardirlar:
maʼlumotlar bilan ishlash qoidalarini buzganlik, maʼlumot almashinuvini amalga oshirishda huquqbuzarlik harakatlaridan foydalanganlik va yoʻl qoʻyganlik;
jismoniy shaxslar haqida shaxsiy maʼlumotlarga ega boʻlgan axborotlarni tarqatganlik;
axborot resurslarining himoya qilinishini taʼminlash;
axborot resurslaridagi maʼlumotlarni oʻgʻirlash, yoʻqotish, buzish, blokirovka qilish va soxtalashtirish;
mualliflik huquqlari va intellektual mulk boʻyicha qonunchilikni buzganlik.
Davlat arxivlariga amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa javobgarlik ham yuklatilishi mumkin.
VII. Yakuniy qoidalar
32. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2007-yil 7-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 33-34-son, 350-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 10/22/1703-1/0688-son; 13.02.2024-y., 10/24/3496/0121-son; 29.08.2024-y., 10/24/1703-2/0672-son)