Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
INVESTITSIYA LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH UCHUN KREDITLAR BERAYOTGAN TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN FOYDA SOLIGʻI BOʻYICHA IMTIYOZLARNI QOʻLLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 12-iyuldagi PQ-670-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kreditlar berayotgan tijorat banklari tomonidan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 15-avgust,
174-son
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kreditlar berayotgan tijorat banklari tomonidan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 12-iyuldagi PQ-670-son qarorining 3-bandida belgilangan va tijorat banklariga 2012-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda foyda soligʻi boʻyicha soliqqa tortiladigan bazani tasdiqlangan maqsadli dasturlarga muvofiq iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uch yildan ortiq muddatga berilgan kreditlardan olingan daromadlar summasiga teng miqdorda kamaytirish huquqini berishni nazarda tutadigan soliq imtiyozini qoʻllash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 15-apreldagi PQ-56-son qarori bilan alohida soliq imtiyozi berilgan tijorat banklarining respublikamiz korxonalariga uch yildan ortiq muddatga investitsiya kreditlari berishdan olingan va banklarning oʻz kapitalini koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan foydasiga tatbiq etilmaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
2. Mazkur Nizom maqsadi uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
modernizatsiyalash — asosiy vositalar obyektining texnologik yoki xizmat vazifasini oʻzgartirishga, ularning unumdorligini oshirishga yoki boshqa sifat tavsiflarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan ishlar;
texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash — ilgʻor texnika va texnologiyani joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, maʼnaviy eskirgan va fizik jihatdan yaroqsiz boʻlib qolgan asbob-uskunalarni unumliroq yangi asbob-uskunalarga almashtirish asosida asosiy vositalar yoki ularning alohida qismlarining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar. Texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash yangi ishlab chiqarishlar tashkil etish va ishlab turgan ishlab chiqarishlarni kengaytirishni ham oʻz ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tijorat banklarining kreditlar berishdan olgan foydasi deganda quyidagilar tushuniladi:
(3-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
jalb etilgan mablagʻlar hisobiga berilgan kreditlar boʻyicha — bankning kreditlardan olgan foizli daromadi bilan ushbu jalb etilgan mablagʻlar boʻyicha foizli xarajatlar oʻrtasidagi ijobiy tafovut (marja);
yalpi kreditlar boʻyicha — yalpi kreditlash har bir qatnashchisining ushbu kreditlardan olgan foizli daromadi;
oʻz mablagʻlari hisobiga berilgan kreditlar boʻyicha — ushbu kreditlardan olingan foizli daromad.
4. Maqsadli dasturlar va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari investitsiya loyihalari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Yuridik shaxslarning foyda soligʻi hisob-kitoblarini tuzishda soliq solinadigan baza kamaytiriladigan daromad summasi yuridik shaxslarning foyda soligʻi boʻyicha soliq hisobotining “Normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq soliq solinadigan foydani kamaytirish” satrining tegishli kichik satrida aks ettiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
6. Kredit berish fakti, kredit shartnomasidan tashqari, loyihaning biznes-rejasi yoki texnik-iqtisodiy asoslanishi bilan ham tasdiqlanadi.
7. Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan kreditdan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladilar.
Qarz oluvchi koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar uchun berilgan kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalangan taqdirda kredit boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash boshqa maqsadlarda foydalanish sanasidan boshlab toʻxtatiladi.
Kreditdan maqsadli foydalanilganligi sotib olingan asbob-uskunalar qarz oluvchiga kelib tushgandan yoki modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash ishlari tugallangandan keyin tijorat banki bilan qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan tegishli hujjat bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tijorat banklari mazkur Nizomning toʻgʻri qoʻllanishi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mazkur Nizomning toʻgʻri qoʻllanishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 33-34-son, 343-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)