Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazining moddiy-texnika bazasini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazining moddiy-texnika bazasini, faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash hamda Toshkent shahar turgʻun sogʻliqni saqlash muassasalari tarmogʻini maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Respublika neyroxirurgiya ilmiy markaziga “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Tibbiyot-sanitariya qismi binolarini (shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolarini) tekin berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati (Isayev) va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (Nazirov) bir oy muddatda “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Tibbiyot-sanitariya qismi binolari, inshootlari va asbob-uskunalari belgilangan tartibda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi balansiga berilishini taʼminlasinlar.
Belgilab qoʻyilsinki, balansdan balansga tekin berilayotgan binolar (shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolar), inshootlar va asbob-uskunalar qiymati soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda belgilangan tartibda:
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi quvvatlarini, uning tashkiliy tuzilmasini, shtatlar jadvalini va xarajatlar smetasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida qayta roʻyxatdan oʻtkazsin;
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazining tarkibiy boʻlinmalari “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Tibbiyot-sanitariya qismining foydalanilayotgan binosida joylashtirilishini taʼminlasin;
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi balansiga qabul qilinayotgan foydalanilayotgan binolar va inshootlarni mukammal taʼmirlash boʻyicha, qoʻshimcha operatsiya bloklari, reanimatsiya boʻlimi va laboratoriyalar tashkil etishni hisobga olgan holda, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlarini, shuningdek yuqori texnologiyali tibbiyot asbob-uskunalarini demontaj qilish va oʻrnatish xarajatlariga ehtiyoj hisob-kitoblarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kiritsin;
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi balansiga berilayotgan 6 qavatli binoning qurilishini tugallash loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi balansiga qabul qilinayotgan foydalanilayotgan binolar va inshootlarni mukammal taʼmirlashga, shuningdek Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazining yuqori texnologiyali tibbiyot asbob-uskunalarini demontaj qilish va oʻrnatish uchun loyiha-smeta hujjatlari va asoslangan hisob-kitoblar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamgʻarmasidan zarur budjet mablagʻlari ajratsin;
Toshkent shahar mahalliy budjeti va respublika budjeti xarajatlarining tasdiqlangan parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
4. Toshkent shahar hokimligi (Toʻxtayev) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
“Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Tibbiyot-sanitariya qismining boʻshayotgan koyka-oʻrinlari va shtatlarini qayta taqsimlash masalasini hal qilsin;
vrachlar va oʻrta tibbiyot xodimlari ishga joylashtirilishini, shuningdek ilgari “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Tibbiyot-sanitariya qismi tomonidan xizmat koʻrsatib kelingan zavod xodimlari va aholi hududiy tibbiyot muassasalariga biriktirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2008-yilgi va keyingi yillar Investitsiya dasturini shakllantirishda koʻrsatib oʻtilgan obyekt qurilishini tugallash uchun zarur moliyaviy resurslar ajratsinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-iyundagi 135-sonli qarori tahririda)
6. Quyidagilar:
“Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Tibbiyot-sanitariya qismi binolarini Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi uchun rekonstruksiya qilish boʻyicha — “Oʻztibloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyat;
markaziy transport magistralidan Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi hududiga olib keladigan yoʻllar boʻyicha — “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi loyihalarni ishlab chiquvchilar etib belgilansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (Toxtayev) koʻrsatib oʻtilgan loyihalarning Davlat shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N.M. Xanov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust,
160-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 31-32-son, 320-modda)