Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OILAVIY BOLALAR UYLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-avgustdagi 451-sonli “Oilaviy bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ular uchun oilaviy sharoitlarga yaqinlashtirilgan zarur sharoitlar yaratish, oilaviy bolalar uylarini rivojlantirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2007-yil 23-yanvardagi PQ-573-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oilaviy bolalar uylari toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
faoliyat koʻrsatayotgan oilaviy bolalar uylari faoliyatini uch oy muddatda oʻrgansin va ularni ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiqlashtirsin;
oilaviy bolalar uylari faoliyatining muntazam nazorat qilinishini taʼminlasin, ular zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 31-iyul,
158-son
Oilaviy bolalar uylari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oilaviy bolalar uyining maqomini, ularni tashkil etish, oilaviy bolalar uyiga bolalarni qabul qilish tartibini, tarbiyalovchi ota-onalarning hamda ana shunday uylarga tarbiyalash uchun berilgan bolalarning (keyingi oʻrinlarda tarbiyalanuvchi bolalar deb ataladi) huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Oilaviy bolalar uyi ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun tarbiya muassasasi hisoblanadi.
3. Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash, oʻqitish, sogʻlomlashtirish, aqliy, psixologik va jismoniy rivojlantirish, ularni ijtimoiy moslashtirish va muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular uchun oiladagiga yaqin zarur sharoitlar vujudga keltirish oilaviy bolalar uyining asosiy vazifalari hisoblanadi.
4. Vasiylik va homiylik organlari oilaviy bolalar uylari tashkil etishga koʻmaklashadilar, tarbiyalovchi ota-onalarga zarur tashkiliy yordam koʻrsatadilar hamda har oyda kamida bir marta tarbiyalanuvchi bolalar turmushi va tarbiyalanishi sharoitlarini kuzatib boradilar.
II. Oilaviy bolalar uyini tashkil etish tartibi va shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oilaviy bolalar uyi tuman (shahar) hokimining qarori bilan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi. Oilaviy bolalar uyini tashkil etishni xohlagan er-xotinning tegishli arizasi, vasiylik va homiylik organining, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha tumanlar va shaharlar idoralararo komissiyasining (keyingi oʻrinlarda voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiya deb ataladi) er-xotinning tarbiyachilar — ota-onalar boʻlishi va bolalarni tarbiya qilishga olishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosasi tuman (shahar) hokimining qarori qabul qilinishi uchun asos hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oilaviy bolalar uyi tashkil etishni xohlovchi er-xotin oʻzining yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga ariza bilan murojaat qilishadi.
Arizada er-xotinning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, bolalari (oʻzlariniki, farzandlikka olganlari) mavjud boʻlgan taqdirda — ularning soni va yoshi koʻrsatiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlarning, nikohdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari;
ish va oʻqish joyidan maʼlumotnoma (ishlamayotgan yoki belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilganlar uchun — mahalliy mehnat organlarining yoki yashash joyidagi oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼlumotnomasi);
Keyingi tahrirga qarang.
mehnat daftarchasidan koʻchirma (ish staji mavjud boʻlsa);
oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;
er-xotinda sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq boʻlgan mulk huquqi, ijara shartlarida (ijaraga olingan) yoki boshqa qonuniy asoslarda turar joy mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (tegishli turar joy mavjud boʻlmagan taqdirda arizada xizmat turar joyi bilan taʼminlash zarurligi koʻrsatiladi);
tibbiy maslahat komissiyasining er-xotinning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanseri maʼlumotnomalari.
Arizani topshirish vaqtida er-xotinning shaxsini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatiladi.
7. Agar ushbu Nizomda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining nikohdan oʻtgan, 35 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan fuqarolari tarbiyalovchi ota-ona boʻlishlari mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
tarbiyalashga olinayotgan bolalar bilan qarindoshligi boʻlganlar;
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqatliligi cheklangan deb eʼtirof etilganlar;
ota-onalik huquqlaridan mahrum etilganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
oʻzlariga yuklangan majburiyatlarni zarur darajada bajarmaganlik uchun vasiylik (homiylik) majburiyatidan chetlashtirilganlar;
agar farzandlikka olish ularning aybi bilan sud tomonidan bekor qilingan boʻlsa, sobiq farzandlikka olganlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq bolalarni tarbiyalashga olishi taqiqlanadigan kasalligi mavjud boʻlganlar;
qasddan qilgan jinoyati uchun sudlanganlar.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Vasiylik va homiylik organi er-xotinning arizasi asosida ariza berilgan kundan boshlab 30 kun mobaynida er-xotinning turmush sharoitlarini tekshiradi, tekshirish natijalariga koʻra tegishli xulosa bilan dalolatnoma tuzadi va ularni koʻrib chiqish uchun voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaga taqdim etadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Er-xotinning turmush sharoitlari, shu jumladan turar joy maydoni, sanitariya va boshqa sharoitlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Tekshirish vaqtida oilaning birgalikda yashaydigan barcha aʼzolarining, shu jumladan oʻzining va farzandlikka olgan bolalarining (oʻn yoshdagi bolalarning roziligi majburiydir) fikri oʻrganiladi, ish joyidan va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan tavsifnoma soʻraladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tekshirish dalolatnomasi hamda vasiylik va homiylik organining xulosasi, shuningdek taqdim etilgan materiallar asosida voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiya tekshirish dalolatnomasi hamda vasiylik va homiylik organining xulosasi olingan kundan boshlab 20 kun mobaynida oilaviy bolalar uyi tashkil etish mumkinligi toʻgʻrisida uzil-kesil xulosa tuzadi hamda uni vasiylik va homiylik organiga taqdim etadi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda tarbiyalovchi ota-ona boʻlishni xohlovchi er-xotinning shaxsiy sifatlari, ularning sogʻligʻi, bolalarni tarbiyalash boʻyicha majburiyatlarni bajarishga layoqati (tayyorligi), oʻzlari bilan birga yashaydigan boshqa oila aʼzolari bilan oʻzaro munosabatlari eʼtiborga olinishi kerak.
Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalashda ijobiy tajribaga va pedagogik maʼlumotga ega boʻlgan oilalarga (farzandlikka oluvchilarga, vasiylarga, tutingan ota-onalarga) ustunlik beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaning salbiy xulosasi tuzilgan kunidan boshlab 5 kun mobaynida vasiylik va homiylik organi tomonidan arizachilarga yetkaziladi. Ayni bir vaqtda arizachiga barcha hujjatlar qaytarib beriladi va xulosa yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi. Xulosa yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaning xulosasi ijobiy boʻlgan taqdirda vasiylik va homiylik organi xulosa tuzilgan kundan boshlab 5 kun mobaynida tuman (shahar) hokimiga oilaviy bolalar uyi tashkil etish taklifini hokimning tegishli qarori loyihasi bilan birga va barcha hujjatlarni ilova qilgan holda kiritadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
12. Tuman (shahar) hokimining oilaviy bolalar uyi tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kunidan boshlab 5 kun mobaynida er-xotinga yetkaziladi.
13. Tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq oilaviy bolalar uyini tashkil qilish boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etish, shu jumladan oilaviy bolalar uyi ustavini tasdiqlash, oilaviy bolalar uyi rahbarini tayinlash vasiylik va homiylik organiga yuklanadi. Oilaviy bolalar uyiga rahbarlik qilish funksiyasi er-xotindan birining zimmasiga yuklanadi.
Oilaviy bolalar uyi tashkil etish uchun xizmat turar joyi ajratish tegishli uy-joy fondi mavjudligini hisobga olgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Bolalarni oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berish
14. Bolalar oilaviy bolalar uyiga tuman (shahar) hokimining qarori hamda vasiylik va homiylik organining tegishli yoʻllanmasi asosida beriladi.
Bolalarni oilaviy bolalar uyiga berish uchun tanlab olish er-xotin tomonidan vasiylik va homiylik organlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Er-xotinning bolani tarbiyalashga berish toʻgʻrisidagi iltimos bilan bola yashayotgan (joylashgan) joydagi vasiylik va homiylik organiga qilgan murojaatnomasi tuman (shahar) hokimining qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi.
Murojaatnomaga tuman (shahar) hokimining oilaviy bolalar uyi tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori nusxasi ilova qilinadi.
16. Tarbiya va tibbiyot, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridan yoki ularning idoraviy mansubligidan va tashkiliy shaklidan qatʼi nazar, boshqa shunga oʻxshash muassasalardan bolani tanlab olishda ushbu muassasalarning maʼmuriyati bolani oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun olishni xohlovchi er-xotinni bolaning shaxsiy yigʻmajildi va uning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa bilan tanishtirishi shart.
Muassasa maʼmuriyati bola toʻgʻrisida taqdim etilayotgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun ota-onasining qarovisiz qolgan tugʻilganidan boshlab oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalar beriladi.
Bolani oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berishda vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlariga amal qiladi.
Bolani oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berish uning fikrini hisobga olgan holda (10 yoshdan boshlab — faqat uning roziligi bilan) hamda bola yashayotgan tarbiya yoki tibbiyot, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasasi yoki boshqa shunga oʻxshash muassasa maʼmuriyati roziligi bilan amalga oshiriladi.
18. Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun kamida besh nafar, lekin koʻpi bilan oʻn nafar bola beriladi. Bunda yangidan tashkil etilgan oilaviy bolalar uyiga bir yoʻla kamida besh nafar bola beriladi. Qolgan bolalar ularning tanlab olinishiga qarab berilishi mumkin.
Oilaviy bolalar uyidagi bolalarning, shu jumladan nikohdan oʻtgan er-xotinning qaramogʻidagi oʻzining va farzandlikka olgan bolalarining umumiy soni oʻn ikki nafardan oshmasligi kerak.
Oilaviy bolalar uyidan bolalarning 18 yoshga toʻlishi yoxud boshqa sabablar boʻyicha ketishiga qarab unga yangi bolalar olinishi mumkin.
Agar tarbiyalovchi ota-onalar yoxud ulardan bittasi 55 yoshga toʻlsa, shuningdek bu — bola manfaatiga zid boʻlsa, u holda oilaviy bolalar uyiga yangi bolalar olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tarbiyalovchi ota-onalar yoxud ulardan bittasi 55 yoshga toʻlsa, oilaviy bolalar uyi oʻz faoliyatini tarbiyalanuvchi bolalar oʻn sakkiz yoshga toʻlgungacha yoxud ular boshqa sabablarga koʻra ketgungacha amalga oshiradi.
19. Oʻzaro qarindosh boʻlgan bolalar, qoidaga koʻra bitta oilaviy bolalar uyiga beriladi, ular tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoki boshqa sabablarga koʻra birga tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan hollar bundan mustasno.
20. Oilaviy bolalar uyiga berilayotgan har bir bolaga vasiylik va homiylik organlari yoki bola ularning qoʻlida boʻlgan tarbiya, davolash muassasasi, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasasi va boshqa shunga oʻxshash muassasa quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma;
b) bolaning rivojlanishi tarixidan (yangi tugʻilgan chaqaloq tarixidan) sogʻligʻi toʻgʻrisida koʻchirma va psixonevrologning xulosasi,
v) maʼlumoti toʻgʻrisidagi tegishli hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
g) bolaning yashash sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi;
d) ota-onalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma, sudning hukmi yoki qarori, kasallik, ota-onalar qidiruvi toʻgʻrisida maʼlumotnoma va ota-onalarning yoʻqligini yoki ular oʻz bolalarini tarbiyalay olmasligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar);
e) aka-ukalar va opa-singillar, boshqa yaqin qarindoshlar borligi va ular qayerda ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
j) bolaga tegishli mol-mulk roʻyxati va ushbu mol-mulk saqlanishi uchun javob beradigan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
z) balogʻatga yetmagan bola ilgari egallab turgan turar joyning unga biriktirilishi, uy-joyga va (yoki) boshqa mol-mulkka mulk huquqi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
i) aliment undirish toʻgʻrisida sud qarorining nusxasi, pensiya olish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar, pensiya oladigan bolaga pensiya guvohnomasi, bolaning nomiga ochilgan qimmatli qogʻozlar, bank hisob raqami mavjudligi toʻgʻrisidagi hujjatlar.
Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar bola oilaviy bolalar uyiga qabul qilingandan keyin ikki hafta muddatdan kechikmay bevosita tarbiyalovchi ota-onalarga beriladi.
Bolaning oilaviy bolalar uyida boʻlishi muddati bolaning yashash joyi (turgan joyi)dagi vasiylik va homiylik organi bilan oilaviy bolalar uyi oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
IV. Tarbiyalovchi ota-onalar va tarbiyalanuvchi bolalarning huquq va majburiyatlari
21. Tarbiyalovchi ota-onalar tarbiyalanuvchi bolalarning qonuniy vakillari hisoblanadi, ularning huquqlari va manfaatlarini, shu jumladan sudda, maxsus vakolatlarsiz himoya qiladi.
Tarbiyalovchi ota-onalar tarbiyalanuvchi bolalarga nisbatan vasiylar (homiylar) sifatida huquqlarga ega boʻladilar va javob beradilar.
22. Tarbiyalovchi ota-onalar:
bolani tarbiyalashga;
uning tinch-xotirjamligi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishga (sogʻligʻi, maʼnaviy va jismoniy rivojlanishiga);
bolaning taʼlim olishi, shu jumladan kasb-hunar taʼlimi olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga, uni mustaqil hayotga tayyorlashga hamda uning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga majburdir.
23. Tarbiyalovchi ota-onalarning huquqlari tarbiyalanuvchi bolalarning huquqlariga zid ravishda amalga oshirilishi mumkin emas.
24. Tarbiyalovchi ota-onalar bolalarni tarbiyalashda qonun hujjatlariga va xalqaro normalarga qatʼiy amal qiladilar.
Oʻz majburiyatlarini buzishda aybdor boʻlgan ota-onalar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Tarbiyalovchi ota-onalar uzoq vaqt kasal boʻlganda yoki ular vafot etgan taqdirda vasiylik va homiylik organlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bilan birgalikda hujjatlarni ushbu oilaning qoʻyiladigan barcha talablarga javob beradigan boshqa aʼzosiga belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirish va uni tarbiyalovchi ota-ona deb tayinlash yoxud tarbiyalanuvchi bolalarni joylashtirishninng boshqa shakllarini belgilash huquqiga egadir.
26. Oilaviy bolalar uyiga berilgan bola, agar bu bolaning (bolalarning), normal kamol topishi, tarbiyalanishiga zid boʻlmasa, oʻz ota-onalari, qarindoshlari bilan shaxsiy aloqada boʻlish huquqiga egadir. Ota-onalarning tarbiyalanuvchi bolalar bilan aloqa qilishiga tarbiyalovchi ota-onalarning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Nizoli holatlarda tarbiyalanuvchi bolalar bilan uning ota-onalari, qarindoshlari va tarbiyalovchi ota-onalar oʻrtasidagi muomala tartibi vasiylik va homiylik organlari tomonidan, bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda – sud tomonidan hal etiladi.
Oilaviy bolalar uyiga berilgan bolani farzandlikka olish yoki uni oʻz ota-onalariga yoxud qarindoshlariga qaytarish hokimning qarori bilan amalga oshiriladi.
27. Oilaviy bolalar uyiga berilgan bola oʻziga berilishi kerak boʻlgan alimentga, ijtimoiy nafaqalarga, pensiyaga (boquvchisini yoʻqotgandagi holat, nogironlik boʻyicha) va qonun hujjatlarida ota-onalarning homiyligisiz qolgan bolalar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarga boʻlgan huquqni oʻzida saqlab qoladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tarbiyalovchi ota-onalarning bolaga tegishli boʻlgan yuqorida aytib oʻtilgan mablagʻlardan foydalanishi taqiqlanadi.
28. Tarbiyalovchi ota-onalar tarbiyalanuvchi bolalarning mol-mulki (shu jumladan uy-joyi) joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organlari bilan birgalikda mol-mulkdan foydalanishi va saqlanishi ustidan nazorat qilinishini taʼminlaydilar.
29. Bolalarni oilaviy bolalar uyiga joylashtirish tarbiyalovchi ota-onalar bilan tarbiyalanuvchi bolalar oʻrtasida aliment bilan bogʻliq va oila toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan meros bilan bogʻliq huquqiy munosabatlar kelib chiqishiga olib kelmaydi.
30. Oilaviy bolalar uyidan chiqib ketishda yoki tarbiya, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasasiga va boshqa shunga oʻxshash muassasaga oʻtkazishda bolaga oilaviy bolalar uyida boʻlganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va mazkur Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan hujjatlar beriladi.
31. Tarbiyalanuvchi bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish oilaviy bolalar uyi joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasining tibbiyot xodimlari tomonidan taʼminlanadi.
32. Tarbiyalanuvchi bolalar taʼlim muassasalarida umumiy asosda oʻqiydilar.
33. Vasiylik va homiylik organlari oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berilgan bolaning tinch-xotirjamligi, sogʻligʻi (sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda) va kamol topishi, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini har oyda nazorat qiladilar.
V. Oilaviy bolalar uyi taʼminoti va uni moddiy-texnik taʼminlash
34. Oilaviy bolalar uyi taʼminoti va uni moddiy-texnik taʼminlash davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar, ham Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari, ham norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Oilaviy bolalar uyining buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xalq taʼlimi muassasalarini moliyalashtirish tegishli boʻlimlari tomonidan shartnoma asosida bepul amalga oshiriladi.
36. Oilaviy bolalar uyi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin hududiy moliya organlari oilaviy bolalar uyining shtat jadvalini va xarajatlar smetasini roʻyxatdan oʻtkazadi.
37. Har bir tarbiyalanuvchi bolaning taʼminoti uchun “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun tasdiqlangan normativlarga muvofiq har oyda oilaviy bolalar uyiga:
oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq jihozlar, xoʻjalik yuritishga, shaxsiy gigiyenaga, oʻyinga moʻljallangan buyumlar, oʻyinchoqlar, kitoblar sotib olishga;
sogʻlomlashtirish, taʼlim va madaniy-ommaviy tadbirlarga pul mablagʻlari toʻlanadi.
Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun bir yilga va undan koʻp vaqtga berilayotgan bolaga mebel va zarur jihozlar sotib olish uchun mablagʻlar ajratiladi.
38. Oilaviy bolalar uylari xarajatlari smetalarida kommunal xizmatlarga (tabiiy gaz, issiq suv, sovuq suv, kanalizatsiya va foydalanish xarajatlari uchun), elektr energiyasiga haq toʻlashga budjet mablagʻlari nazarda tutiladi, oilaviy bolalar uylarining boshqa xarajatlari esa (joriy va mukammal taʼmirlash) budjetdan tashqari mablagʻlarni va boshqa mablagʻlarni jalb etish hisobiga amalga oshiriladi.
39. Oilaviy bolalar uyi muassasalarning ushbu toifasi uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Budjetning gʻazna ijrosiga oʻtmagan mintaqalarda oilaviy bolalar uyi taʼminotiga ajratiladigan pul mablagʻlari har oyda belgilangan muddatlarda uning bank hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
Gʻazna ijrosiga oʻtgan mintaqalarda oilaviy bolalar uylari xarajatlarini davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan va roʻyxatdan oʻtkazilgan xarajatlar smetasi asosida Gʻaznachilik boʻlinmalarida gʻazna hisob raqamlari ochiladi.
Budjetdan tashqari mablagʻlarni oʻtkazish uchun oilaviy bolalar uylari alohida bank hisob raqamlari ochishga haqlidir.
41. Oilaviy bolalar uyiga berilgan bolalar taʼminoti mablagʻlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha normalar va imtiyozlar hisobga olingan holda toʻliq hajmda toʻlanishi kerak. Tamom boʻlgan moliyaviy yil uchun biror-bir sabab bilan toʻlanmagan pul mablagʻlari keyingi moliyaviy yilda toʻlanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Yil mobaynida foydalanilmagan mablagʻlar olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda oʻsha maqsadlar va bolalarning ehtiyojlari uchun foydalaniladi.
42. Tarbiyalovchi ota-onalar mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar belgilangan tartibda davlat budjeti hisobiga amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oilaviy bolalar uyining tarbiyalovchi ota-onalariga mehnatga haq toʻlash shartlari, har yilgi taʼtillar berish, shuningdek “Mehribonlik” uylari tarbiyalovchilari uchun belgilangan imtiyozlar va kafolatlar, shu jumladan moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi turlari joriy etiladi.
43. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 25-yanvardagi 33-son qarorida yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar oilaviy bolalar uyiga berilgan bolalarga ham joriy etiladi.
44. Oilaviy bolalar uyi mol-mulkni va pul mablagʻlarini, shu jumladan hadya sifatida olingan mol-mulk va pul mablagʻlarini, xayriyalar, homiylik mablagʻlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalar mablagʻlarini oʻz xohishiga koʻra faqat bolalarning ehtiyojlari uchun tasarruf qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchi bolalar uchun sanatoriylar, dam olish uylari, sogʻlomlashtirish oromgohlariga imtiyozli, shu jumladan bepul yoʻllanmalar olish huquqiga egadir.
46. Oilaviy bolalar uyini moddiy qoʻllab-quvvatlash va tarbiyalanuvchi bolalarni mustaqil hayotga va mehnatga tayyorlash maqsadida oilaviy bolalar uyi vasiylik va homiylik organi bilan kelishgan holda tadbirkorlik faoliyatini yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyatni tashkil etishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
47. Budjetdan ajratilgan mablagʻlar hisobi va ulardan foydalanish boʻyicha hisobot soddalashtirilgan usulda, yaʼni tushgan va sarflangan davlat budjeti mablagʻlari hisobotda aks ettirilgan holda yuritiladi.
Oylik va choraklik hisobotlar xalq taʼlimi muassasalarini moliyalashtirishning tegishli boʻlimlariga topshiriladi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
48. Oilaviy bolalar uyining maqomi oxirgi tarbiyalanuvchi bola balogʻatga yetgungacha va ishga joylashgunga qadar saqlanadi.
49. Oilaviy bolalar uyini tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar oilaviy bolalar uyi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab uch oy mobaynida unga bolalarni tarbiyalash uchun berish taʼminlanmasa, u tugatiladi.
Oilaviy bolalar uyi tugatilayotganda tarbiyalanuvchi bolalar qonun hujjatlariga muvofiq joylashtirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Oilaviy bolalar uyi faoliyati toʻxtatilgan taqdirda uning balansida boʻlgan davlat budjeti mablagʻlari hisobiga sotib olingan asosiy aktivlar tuman (shahar) hokimining qarori boʻyicha “Mehribonlik” uylari balansiga bepul beriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 31-32-son, 318-modda; 2017-y., 25-son, 539-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 07.07.2022-y., 09/22/363/0600-son)