Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007 — 2010-yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muhim strategik tarmoqlar korxonalarining ustav jamgʻarmalarida davlat ulushini keskin kamaytirish, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda xususiy mulkchilikning rolini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, shu asosda sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirishni taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-apreldagi PQ-1743-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 20-iyuldagi “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3897-sonli Farmoniga muvofiq berilgan “oltin aksiya”ni joriy etish boʻyicha huquqni paxtani qayta ishlash sanoatining xususiylashtiriladigan korxonalariga, “Toshkent traktor zavodi” OAJga nisbatan qoʻllash maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ushbu qarorning 2-ilovasiga kiritilgan korxonalarni xususiylashtirishda aksiyadorlik jamiyatlarini (“oltin aksiya”) boshqarishda davlatning ishtirok etishiga oid maxsus huquqni qoʻllash maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflarni oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 3-noyabrdagi PQ-1427-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 377-modda)
3. Belgilansinki:
bepul berilgan davlat mulki obyektlari boʻyicha mulk huquqi toʻgʻrisidagi davlat orderi investorlar oʻz zimmasiga olgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni va (yoki) xizmatlar koʻrsatishni boshlashni koʻzda tutuvchi investitsiya majburiyatlarini bajarganidan soʻng beriladi;
investorlarning korxona va obyektlarni xususiylashtirishda oʻz zimmasiga olgan investitsiya majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda, tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari oʻrnatilgan tartibda bekor qilinadi va keyinchalik ular ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha aniq investitsiya majburiyatlarini olish sharti bilan yangi xususiy mulkdorlarga sotiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Davlat aktivlarini investitsiya kiritish majburiyatlari bilan sotishda investorlar tomonidan erkin almashtiriladigan valyutada pul mablagʻlari shaklida kiritiladigan investitsiyalari korxonalarning alohida hisob raqamiga oʻtkazilishini va majburiy tarzda sotilmasligini koʻzda tutuvchi tartib joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda investitsiya majburiyatlari sifatida kiritiladigan mablagʻ va mulk foyda, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda qoʻshilgan qiymat soliqlariga tortilmaydi, shuningdek, investitsiya davri mobaynida tuziladigan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq korxonaning oldingi qarzini qoplash hisob raqamiga majburiy tarzda undirib olinmaydi.
(4-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 107-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-apreldagi PQ-1743-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-apreldagi PQ-1743-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 10-iyuldagi “2006—2008-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-407-sonli qarorining 1, 2 va 3-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-iyul,
PQ-672-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 29-30-son, 300-modda; 2008-y., 14-15-son, 99-modda, 20-21-son, 171-modda, 24-25-son, 221-modda; 2009-y., 10-11-son, 107-modda, 37-son, 408-modda; 2010-y., 44-45-son, 377-modda; 2011-y., 7-8-son, 56-modda; 2014-y., 28-son, 337-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 106-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)