O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2006—2008 YILLARDA DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA
XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNLARINI ChUQURLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNLARINI ChUQURLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iqtisodiyotda xususiy mulk rolini oshirishga, xo‘jalik jamiyatlarining ustav jamg‘armalarida davlat ulushini tubdan qisqartirishga qaratilgan iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, shuningdek korxonalarni rivojlantirish va modernizatsiyalashga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
davlatning joylashtirilmagan aktivlari to‘laligicha xususiy mulk qilib sotiladigan korxonalar va obyektlar ro‘yxati, 1-ilovaga* muvofiq;
davlatning joylashtirilmagan aktivlari 2006-2007-yillarda investorlar tomonidan olinadigan investitsiya majburiyatlari evaziga bepul beriladigan korxonalar va obyektlar ro‘yxati, 2-ilovaga* muvofiq;
ustav jamg‘armasida joylashtirilmagan davlat aktivlari (xo‘jalik birlashmalarining ustav jamg‘armalariga avval berilganlarini ham hisobga olgan holda) 2006—2008-yillar mobaynida Davlat tender komissiyasi qarori bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish bilan xususiy mulk qilib sotiladigan strategik ahamiyatga ega korxonalar ro‘yxati, 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 1, 2 va 3-ilovalarga kiritilgan korxonalar, obyektlar hamda davlatga qarashli boshqa aktivlarni baholash, savdoga qo‘yish va sotish jadvallarini tasdiqlasin hamda o‘z vaqtida va tegishli ravishda o‘tkazilishini ta’minlasin.
3. Quyidagilar tasdiqlansin:
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyalari Kengashi hamda yirik korxonalar balansiga beriladigan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari ro‘yxati, 4-ilovaga* muvofiq;
mulki birja savdolarida sotilgan holda tugatiladigan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari ro‘yxati, 5-ilovaga* muvofiq.
* 4-5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilansinki, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini balansdan balansga topshirish daromad (foyda) solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi.
4. Davlatning safarbarlik va strategik zaxiralari moddiy boyliklarini saqlash topshiriqlari biriktirilgan korxonalarning davlat aksiyalari paketlari va ulushlarini sotishda ushbu vazifalarni shartnoma asosida bajarish majburiyati xususiylashtirilgan korxonalar zimmasida saqlanib qolishi belgilab qo‘yilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi sudlarda, shu jumladan iqtisodiy sudlarida o‘z zimmasidagi vakolatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod etilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)
6. O‘zbekiston Respublikasining ba’zi qonun hujjatlariga 6-ilovaga* muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
* 6 - ilova rus tilidagi matnda berilgan.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 10-iyul,
PQ-407-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 28-29-son, 264-modda, 45-son, 441-modda; 2007-y., 29-30-son, 300-modda; 2010-y., 14-15-son, 102-modda; 2015-y., 17(1)-son, 216-modda; 2017-y., 37-son, 980-modda)