Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007 — 2010-yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muhim strategik tarmoqlar korxonalarining ustav jamgʻarmalarida davlat ulushini keskin kamaytirish, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda xususiy mulkchilikning rolini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, shu asosda sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
davlat aktivlari ochiq savdolarda xususiy mulk sifatida toʻliq sotiladigan korxona va obyektlar roʻyxati, 1-ilovaga* muvofiq;
Davlat tender komissiyasining qaroriga asosan davlat aksiyalari paketlari, jumladan nazorat paketlari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha aniq investitsiya majburiyatlarini olish sharti bilan ochiq savdolarda sotilishi lozim boʻlgan iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatlarining roʻyxati, 2-ilovaga* muvofiq;
barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalariga ega, joylashtirilmagan davlat aktivlari aniq investitsiya loyihalari va yangi investorlar mablagʻlari hisobidan toʻliq moliyalash majburiyatlarini olish sharti bilan bepul berilishi lozim boʻlgan faoliyat koʻrsatmayotgan, samarasiz, shu jumladan qurilishi tugallanmagan korxona va obyektlar roʻyxati, 3-ilovaga* muvofiq.
Davlat tender komissiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ishtirokida 1-ilovaga* kiritilgan korxona va obyektlarni xususiylashtirish natijalariga koʻra, investorlar tomonidan aniq investitsiya majburiyatlarini olish sharti bilan ularni bepul sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga ruxsat etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 1—3-ilovalarga* kiritilgan korxonalar, obyektlar va boshqa davlat aktivlarini baholash, savdoga qoʻyish va sotish jadvallarini tasdiqlasin hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 1-2-ilovalarga* kiritilgan korxonalarning avval xoʻjalik boshqaruvi organlari (aksiyadorlik va xolding kompaniyalari) ustav jamgʻarmalariga berilgan aksiyalari davlat paketlarini sotishdan tushgan mablagʻlarni taqsimlash boʻyicha oʻrnatilgan tartibda tegishli qaror qabul qilsin.
* 1—3 ilovalar berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 20-iyuldagi “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3897-sonli Farmoniga muvofiq berilgan “oltin aksiya”ni joriy etish boʻyicha huquqni paxtani qayta ishlash va yogʻ-moy sanoatining xususiylashtiriladigan korxonalariga, “Toshkent traktor zavodi” OAJga nisbatan qoʻllash maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ushbu qarorning 2-ilovasiga* kiritilgan korxonalarni xususiylashtirishda aksiyadorlik jamiyatlarini (“oltin aksiya”) boshqarishda davlatning ishtirok etishiga oid maxsus huquqni qoʻllash maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflarni oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
bepul berilgan davlat mulki obyektlari boʻyicha mulk huquqi toʻgʻrisidagi davlat orderi investorlar oʻz zimmasiga olgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni va (yoki) xizmatlar koʻrsatishni boshlashni koʻzda tutuvchi investitsiya majburiyatlarini bajarganidan soʻng beriladi;
investorlarning korxona va obyektlarni xususiylashtirishda oʻz zimmasiga olgan investitsiya majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda, tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari oʻrnatilgan tartibda bekor qilinadi va keyinchalik ular ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha aniq investitsiya majburiyatlarini olish sharti bilan yangi xususiy mulkdorlarga sotiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Davlat aktivlarini investitsiya kiritish majburiyatlari bilan sotishda investorlar tomonidan erkin almashtiriladigan valyutada pul mablagʻlari shaklida kiritiladigan investitsiyalari korxonalarning alohida hisob raqamiga oʻtkazilishini va majburiy tarzda sotilmasligini koʻzda tutuvchi tartib joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda investitsiya majburiyatlari sifatida kiritiladigan mablagʻ va mulk daromad (foyda), ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirish hamda qoʻshilgan qiymat soliqlariga tortilmaydi, shuningdek, investitsiya davri mobaynida tuziladigan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq korxonaning oldingi qarzini qoplash hisob raqamiga majburiy tarzda undirib olinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Davlat tender komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga avval qabul qilingan xususiylashtirish dasturlariga muvofiq sotilgan va investorlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlar bajarilmagani tufayli oldi-sotdi shartnomasi bekor qilingan davlat aktivlarini savdoga takroran qoʻyishga ruxsat etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasi (R. Azimov) mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga* kiritilgan korxonalarni xususiylashtirish yakunlari boʻyicha aniq investitsiya majburiyatlari yuklangan holda (ularning davlat aksiyalari paketi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq ijro etilishi davrida) potensial investorlarga sotilayotgan korxonalarning budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha qarzlarini restrukturizatsiya qilishni koʻrib chiqsin va ular yuzasidan qarorlar qabul qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 10-iyuldagi “2006—2008-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-407-sonli qarorining 1, 2 va 3-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-iyul,
PQ-672-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 29-30-son, 300-modda; 2008-y., 14-15-son, 99-modda, 20-21-son, 171-modda, 24-25-son, 221-modda; 2009-y., 10-11-son, 107-modda, 37-son, 408-modda; 2010-y., 44-45-son, 377-modda; 2011-y., 7-8-son, 56-modda; 2014-y., 28-son, 337-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 106-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)