OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARIDA LIZING OPERATSIYALARINI AMALGA OShIRISh VA ULARNING BUXGALTERIYA HISOBINI YURITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMGA OʻZGARTIRISh KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 9-iyulda 1648-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 23-yanvardagi 1/8-sonli ““Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1648-7, 27.02.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Lizing toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 18-iyundagi 123-sonli “Qishloq xoʻjaligida lizing xizmatlarini yanada kengaytirish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga (2006-yil 27-dekabr, roʻyxat raqami 1648 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52 son, 523 modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan kundan boshlab, oʻn kundan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-iyun,
18/2-son
Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish
16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Lizing shartnomasi lizing obyekti xizmat muddatining 80 foizidan kam boʻlmagan muddatga tuziladi. Bunda lizing obyektining xizmat muddati Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 23-moddasining toʻrtinchi qismida belgilangan asosiy vositalarning amortizatsiya normalaridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi mashina-traktor parklari va fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi mashinalarini lizingga berish borasidagi lizing shartnomalari 10 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi.
Lizing shartnomasida lizing shartnomasi amal qilishi boshlangandan to tugagunga qadar lizing obyektining qiymati boʻyicha vujudga keladigan oʻzgarishlarni inobatga olib, lizing toʻlovlari summasiga taraflarning kelishuviga binoan tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish shartlari koʻzda tutilishi mumkin.
Lizing oluvchilar lizing obyektini lizing shartnomasi muddati tugashidan oldin istalgan vaqtda lizing obyektining qoldiq qiymatini va hisoblangan lizing foizi toʻlovini amalga oshirgan holda lizing obyektini oʻz mulkiga olishi mumkin. Lizing obyekti qoldiq qiymati va hisoblangan foizlar toʻlovi toʻlaligicha amalga oshirilgan kundan boshlab lizing shartnomasi shartlari toʻla bajarilgan hisoblanadi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 27-28-son, 292-modda)