O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007—2011 YILLARDAGI DAVRDA QURILISh MATERIALLARI SANOATI KORXONALARINI MODERNIZATSIYA QILISh, TEXNIKAVIY VA TEXNOLOGIK QAYTA JIHOZLASh DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qurilish materiallari sanoati korxonalarini sifatli, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan zamonaviy, ilg‘or mashina-uskunalar bilan jihozlash orqali ularni modernizatsiya qilishni jadallashtirish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlashni ta’minlash maqsadida:
1. “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2007—2011-yillardagi davrda qurilish materiallari sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturi quyidagilarni o‘z ichiga olgan holda ma’qullansin:
2007—2011-yillardagi davrda qurilish materiallari sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq;
2007—2011-yillarda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlashga investitsiyalarning texnologik tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq;
2011-yilgacha bo‘lgan davrda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturini amalga oshirish va asosiy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishning maqsadli prognoz parametrlari 3 va 3a-ilovalarga* muvofiq.
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi raisi zimmasiga 2007—2011-yillardagi davrda qurilish materiallari sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturiga kiritilgan loyihalarning to‘liq hajmda va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
* 1—3a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va tijorat banklari bilan birgalikda asosiy turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli parametrlari so‘zsiz bajarilishi uchun loyiha hujjatlarining o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishib olinishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini, shuningdek mazkur qarorning 1-ilovasiga kiritilgan investitsiya loyihalarining bajarilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda belgilangan tartibda unga 2007—2011-yillardagi davrda qurilish materiallari sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturida ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalari, birinchi navbatda eksport hajmlarini oshirishni va import o‘rniga mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishni e’tiborga olgan holda, kiritilishini nazarda tutsin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2011-yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan davrda iste’mol qilinadigan tabiiy gaz narxlari 4-ilovadagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar uchun o‘zgarmay qolsin.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, “O‘zbekneftgaz” MXK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur ishlab chiqaruvchilar uchun tabiiy gazning barqaror narxi ta’minlanishi va ular tomonidan ishlab chiqariladigan qurilish materiallari narxining sun’iy tarzda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan doimiy nazorat o‘rnatsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha idoralararo kengashga (R.S. Azimov), O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasining qo‘shma taqdimnomasi bo‘yicha, mazkur qaror bilan tasdiqlangan 2007—2011-yillardagi davrda qurilish materiallari sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturiga, eksport qilishga mo‘ljallangan zamonaviy turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladigan korxonalar tashkil etishga oid yangi investitsiya loyihalari ilova qilinishini nazarda tutgan holda, aniqlik va qo‘shimchalar kiritishga ruxsat berilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 12-oktabrdagi PQ-1204-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2009-y., 42-son, 449-modda)
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-iyun,
PQ-646-son
2011-yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarishda tabiiy gaz narxi o‘zgarmaydigan qurilish materiallarining ro‘yxati
1. Pishiq g‘isht
Oldingi tahrirga qarang.
Izoh: Nostandart, tejamsiz pechlarni energiya tejaydigan maxsus texnologiyalarga almashtirmagan, shuningdek solishtirma sarf-xarajatlarning belgilangan normalaridan ortiq hajmda tabiiy gaz iste’mol qiladigan pishgan g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalarga tabiiy gazning berilishi amaldagi ulgurji narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-avgustdagi PQ-1175-sonli qaroriga asosan izoh bilan to‘ldirilgan— O‘R QHT, 2009-y., 34-son, 368-modda)
2. Qurilish gipsi
3. Gipskarton plitalar
4. Keramik pardozlash plitkalari
5. Keramik cherepitsa
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 23-son, 234-modda; 2009-y., 34-son, 368-modda, 42-son, 449-modda)