Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sirdaryo GRES kommunal xoʻjaligi obyektlarini muhandislik va transport kommunikatsiyalari bilan birgalikda Sirdaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni boshqaruviga berish toʻgʻrisida
Uy-joy fondi va muhandislik kommunikatsiyalaridan foydalanishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi va “Oʻzavtoyoʻl” davlat konsernining Sirdaryo GRES uy-joy fondini muhandislik va transport kommunikatsiyalari bilan Sirdaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni tasarrufiga begʻaraz oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda idoralararo komissiyani tashkil etsinlar, Sirdaryo GRES uy-joy fondini muhandislik va transport kommunikatsiyalari bilan birgalikda 1-ilovaga muvofiq 2000-yil 1-yanvar holatiga koʻra qabul qilish-topshirishni amalga oshirsinlar hamda belgilangan tartibda dalolatnomalarni tasdiqlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni oʻtkazilayotgan obyektlarning oʻz tasarruflaridagi tuzilmalar balansiga oʻz vaqtida qabul qilinishini amalga oshirsinlar, oʻtkazilayotgan obyektlarning lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi, ular moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishi hamda samarali foydalanilishini taʼminlasinlar.
4. Energetika va elektrlashtirish vazirligi 2-ilovaga muvofiq 150 mln. soʻmlik moddiy resurslarni oʻtkazilayotgan obyektlarni taʼmirlash boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun Shirin shahri hokimligiga oʻtkazsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi aholini issiqlik bilan taʼminlash tariflaridagi tafovutni va fuqarolarning ayrim toifalariga issiqlik taʼminoti xizmatlari boʻyicha imtiyozlar berish hamda ekspluatatsiya xarajatlari boʻyicha yoʻqotishlarni qoplash uchun, shuningdek obodonlashtirish obyektlarini saqlash uchun 2001-yildan boshlab belgilangan tartibda mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
Budjet mablagʻlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirib borilsin — 2001-yilda talab qilinadigan mablagʻlarning 30 foizi, 2002-yilda 60 foizi va 2003-yildan boshlab 100 foizi miqdorida amalga oshirilsin (issiqlik energiyasi tariflaridagi tafovutlardan tashqari).
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi Sirdaryo GRES uy-joy va kommunal xoʻjaligi obyektlarining 2000-yilda toʻliq moliyalashtirilishini saqlab qolsin, 2001 va 2002-yillarda esa koʻrsatib oʻtilgan xarajatlarning mos ravishda 70 foizi va 40 foizi hajmida oʻz moliyaviy resurslari hisobidan Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tarkibiy boʻlinmalariga har oyda mablagʻlar oʻtkazish orqali amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari V. Atayev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 28-mart,
107-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 28-martdagi 107-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sirdaryo GRES balansidan Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi korxonalari, Sirdaryo viloyati hokimligi va “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserniga oʻtkazilayotgan obyektlar
ROʻYXATI
Sirdaryo viloyati hokimligi balansiga
1. Ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari.
2. Kvartallar ichidagi issiqlik tarmoqlari.
3. Turar joylar.
4. Tashqi obodonlashtirish obyektlari, koʻchalar yoritkichlari bilan birgalikda.
Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Sirdaryogaz” ishlab chiqarish boshqarmasi balansiga
1. Oʻrta va past bosimli gaz quvurlari.
“Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni balansiga
1. Avtomobil koʻpriklari va avtomobil yoʻllari.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 28-martdagi 107-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Energetika va elektrifikatsiya vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligi kommunal xizmatlari va “Sirdaryoavtoyoʻl” aksiyadorlik birlashmasiga oʻtkazilayotgan moddiy resurslar
TAQSIMOTI
T/r | Tarkibiy boʻlinma nomi | Taʼmirlash va xarajatlarni qoplash (zararlarni) sarfi (mln. soʻm) |
1. | Hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi | 58,0 |
2. | “Suvoqava” ishlab chiqarish boshqarmasi | 42, 0 |
3. | “Sirdaryogaz” ishlab chiqarish boshqarmasi | 8,0 |
4. | “Sirdaryonur” ishlab chiqarish boshqarmasi | 6,7 |
5. | “Sirdaryo issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasi | 24, 3 |
6. | “Kommundrenaj” ishlab chiqarish boshqarmasi | 5,0 |
7. | Shirin shahri koʻkalamzorlashtirish boʻlimi | 3,0 |
8. | “Sirdaryoavtoyul” aksiyadorlik birlashmasi | 3,0 |
JAMI | 150, 0 |