Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING JANUBI-GʻARBIY HISOR VA USTYURT MINTAQASI HUDUDLARIDA GEOLOGIYA-QIDIRUV ISHLARINI OʻTKAZISH, UGLEVODOROD KONLARINI OCHISH VA QAZIB CHIQARISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlarida tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olishni koʻpaytirish hamda geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, razvedka qilingan hamda foydalanilayotgan konlarni ishlatish va obod qilish, shuningdek uglevodorodlarni qazib chiqarish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va maxsus ilgʻor texnologiyalarni jalb etish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida gazni chuqur qayta ishlashni va Jarquduq konida suyuq uglevodorodlar ortib joʻnatiladigan terminal barpo etishni hisobga olgan holda Janubi-Gʻarbiy Hisor konlarini oʻzlashtirishning yangi konsepsiyasi ishlab chiqildi;
Davlatlararo “Soyuzneftegaz” neft kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlaridagi konlarga nisbatan Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni amalda roʻyobga chiqarish maqsadida “Soyuzneftegaz Vostok Limited” (bundan buyon — investor) ixtisoslashtirilgan kompaniyasini tashkil qildi;
yer bagʻri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlarning loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha Maxsus davlat komissiyasining qaroriga muvofiq “Oʻzbekneftgaz” MXK tomonidan investor bilan birgaliqda Oʻzbekiston Respublikasi bilan “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasi oʻrtasida Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlaridagi konlarga nisbatan Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim (bundan buyon — Bitim) kelishib olindi va imzolash uchun tayyorlandi;
Bitim boʻyicha ishlarning bajarilishini tashkil qilish uchun investor tomonidan yuridik shaxs shaklidagi operator — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti (bundan buyon — operator) tayinlanadi va Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkaziladi;
Bitimga muvofiq marketing faoliyatini amalga oshirish va ishlab chiqarilgan mahsulotni, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi ulushini birgaliqda sotishni tashkil qilish uchun investor tomonidan marketing kompaniyasi tuziladi (bundan buyon — marketing kompaniyasi). Ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan tushgan barcha pul mablagʻlari marketing kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bankida ochiladigan qoʻshma hisobvaraqda jamlanadi va keyinchalik Bitimga muvofiq taqsimlanadi;
Bitimni amalga oshirishda investor Oʻzbekiston Respublikasining tashkilotlariga kamida 60 foiz mahalliy tovarlar (ishlar va xizmatlar)dan foydalangan holda neft-gaz operatsiyalarida ustuvor darajada ishtirok etish huquqini berish, shuningdek loyiha doirasidagi ishlarga jalb etilgan xodimlar umumiy sonining kamida 80 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jalb qilish hamda ularga amaliy tajriba orttirish va malaka oshirish imkoniyatini yaratish majburiyatini oladi;
Oʻzbekiston Respublikasining foyda olinadigan mahsulotdagi ulushi loyihaning daromad keltirishiga qarab 55 foizdan 80 foizgachani tashkil etadi;
“Oʻzbekneftgaz” MXK, “OʻzPEK Limited” kompaniyasi va investor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Ustyurt va Janubi-Gʻarbiy Hisorning litsenziyalangan hududlarida neft-gaz konlarini razvedka qilish va qazish hamda infratuzilma qurilishi boʻyicha Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisida ilgari tuzilgan bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida shartnoma (bundan buyon — Toʻxtatish toʻgʻrisidagi shartnoma) tayyorlandi va kelishib olindi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlaridagi konlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi bilan “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasi oʻrtasida Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim loyihasi ilovaga* muvofiq asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan maʼqullansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Bitimga muvofiq investor loyihaga 462,22 mln. AQSH dollari, shu jumladan, geologiya-qidiruv ishlari va razvedka ishlarini yakunlashdan iborat minimal dasturga 21,8 mln. AQSH dollarini qoʻshib hisoblaganda dastlabki 3 yilda 369,6 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya sarflash majburiyatini olishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Investor tomonidan TIAda nazarda tutilgan loyihani moliyalashtirish hajmlari hamda geologiya-qidiruv va razvedka ishlarini yakunlash minimal dasturining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlamaslik Bitimni jiddiy ravishda buzish hisoblanadi hamda vakil qilingan organ uning amal qilishini bir tomonlama tartibda toʻxtatishi, investor esa Bitim tugatilgan sanagacha oʻrni qoplanmagan xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya olish huquqidan mahrum boʻlishi mumkin.
“Oʻzbekneftgaz” MXK boshqaruvi raisi N.A.Ahmedovga “OʻzPEK Limited” kompaniyasi bilan Toʻxtatish toʻgʻrisidagi shartnomani va “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasi bilan Bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzbekneftgaz” MXK Bitimni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi etib belgilansin.
“Oʻzbekneftgaz” MXK boshqaruvi raisi (N.A. Ahmedov) investor tomonidan qabul qilingan, Bitimda nazarda tutilgan majburiyatlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼminlasin hamda loyiha amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xolis axborot berib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “Oʻzbekneftgaz” MXK investor bilan birgaliqda ikki oy muddatda Bitim doirasida geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Ustyurt mintaqasi hududida yangi investitsiya bloklarining koordinatlarini aniqlasin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etsin.
5. Toʻxtatish toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi “OʻzPEK Limited” kompaniyasi tomonidan olib kelingan tovarlar, materiallar, uskunalar va boshqa mol-mulkni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketmasdan hamda bojxona toʻlovlari, soliqlar va boshqa toʻlovlarni undirmasdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasiga qaytadan rasmiylashtirsin.
6. “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasiga, “Oʻzbekneftgaz” MXK bilan kelishilgan holda, Bitim shartlariga muvofiq neft-gaz operatsiyalarini amalga topshirishga va konservatsiya qilingan konlarni ochishga, shuningdek ishchi loyihaning ishlab chiqilgan qismi asosida konlarni obod qilish obyektlari qurilishini boshlashga ruxsat berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda operatorga Oʻzbekiston Respublikasining rezident-banklari bilan vakillik munosabatlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisidagi birinchi darajali banklarda faqat Bitim doirasidagi neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish uchun foydalaniladigan xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlarini ochishga ruxsat bersin.
8. “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasining belgilangan tartibda “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasiga:
besh yil muddatga, keyinchalik navbatdagi uch yil muddatga uzaytirish huquqi bilan, Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlarida “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasi bilan kelishilgan geografik koordinatlar doirasida qidiruv-razvedka ishlarini amalga oshirish;
Bitimga muvofiq oʻttiz olti yil muddatga, besh yil muddatga uzaytirish huquqi bilan, uglevodorodlar qazib chiqarish maqsadida yer bagʻri uchastkalaridan foydalanish huquqini olish uchun litsenziya berishiga ruxsat etilsin.
9. Belgilansinki, Oʻzbekiston tomonidan Bitimni Boshqaruv qoʻmitasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “Oʻzbekneftgaz” MXK vakillaridan iborat boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. “Oʻzbekneftgaz” MXK va “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda “Soyuzneftegaz Vostok Limited” kompaniyasiga tegishli tovarlar, shu jumladan erkin aylanish uchun moʻljallangan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi hamda Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan tovarlar, materiallar, texnologik jihozlar va oʻlchov vositalarini sertifikatlash, shuningdek uglevodorodlarni yoki ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarish, shuningdek oʻzida ishlab chiqarilgan mahsulotga hamda tovarlarning kelib chiqishiga sertifikatlar berish tartibini tasdiqlasin.
11. Bitimni amalga oshirish doirasida investorga beriladigan imtiyoz va preferensiyalar operatorga va marketing kompaniyasiga joriy etilsin.
12. “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi belgilangan tartibda operatorga kon tarmogʻi ajratsin, shuningdek qoʻllaniladigan texnologiya boʻyicha ishlab chiqarish xavfsizligi yuzasidan ekspert xulosalarini bersin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda operatorga yer usti va yer osti manbalaridan suv olish uchun belgilangan tartibda zarur limit ajratsin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi belgilangan tartibda operatorga, pudratchilar va subpudratchilarga Bitimni amalga oshirish doirasida radioelektron aloqa vositalaridan va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishga ruxsatnomalar bersin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, operatorning Vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan talabnomalari boʻyicha, Bitimni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kamida bir yil muddat bilan vizalar, shu jumladan koʻp martalik vizalarning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi investor yoki operatorning talabnomalari boʻyicha, Bitimni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar uchun kamida bir yil muddat bilan koʻp martalik vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida yashash joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishi va muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi operatorga belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini jalb etishga ruxsatnomalar berishni, shuningdek uning talabnomalari boʻyicha — chet ellik fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisida tasdiqnomalar berish (ularning muddatlarini uzaytirish)ni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Bitim doirasidagi ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan oʻziga xos tovarlar olib kelinishi (jumladan, vaqtincha olib kelinishi)ga, istisno tariqasida, litsenziyalar oʻz vaqtida berilishini taʼminlab tursin.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston Respublikasining Ustyurt va Hisor mintaqalarida uglevodorodlarni razvedka qilish va qazib chiqarish boʻyicha “OʻzPEK Limited” kompaniyasi (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlik toʻgʻrisida” Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 27-fevraldagi 97-sonli qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 18-apreldagi 217-sonli farmoyishi Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
20. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 16-yanvar,
PQ-567-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 1-son, 35-modda; 2009-y., 3-son, 107-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son; 20.02.2018-y., 06/18/5347/0788-son; 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)