Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOVARLARNING AYRIM TURLARINI ChAKANALAB SOTISh QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining ayrim turlarini chakanalab sotish qoidalari, Umumiy ovqatlanish mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish va sotish qoidalari hamda qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlardan yasalgan mahsulotlarni chakana savdo korxonalarida sotish qoidalari 1, 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, “Oʻzbekbirlashuv”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari koʻrsatib oʻtilgan qoidalarni, mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, tovarlar sotuvchi va xizmatlar koʻrsatuvchi barcha korxonalarga yetkazishni taʼminlasinlar, shuningdek aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-iyul,
355-son
Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining ayrim turlarini chakanalab sotish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalar oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining ayrim turlari (non va non-bulka mahsulotlari, sovuq ichimliklar, goʻsht va sut mahsulotlari, tuxum, margarin, baliq mahsulotlari, gazlamalar, kiyim-bosh, radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarini chakanalab sotish sohasidagi asosiy talablarni belgilaydi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ushbu sohada faoliyatni amalga oshiruvchi, mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunishidan qatʼiy nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar (savdo korxonalari, xususiy tadbirkorlar)ga tatbiq etiladi.
2. Savdo korxonasi mahsulotga amaldagi sanitariya qoidalari, standartlar va texnik shartlarga (keyingi oʻrinlarda - normativ hujjatlar) ega boʻlishi hamda ularda belgilangan talablarga rioya etishi lozim.
Tovarlarni chakanalab sotish qoidalari xaridorlar eʼtiboriga, mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, har bir savdo korxonasi tomonidan yetkazilishi (savdo zaliga osib qoʻyilishi yoxud xaridor talabiga koʻra koʻrsatilishi) lozim.
3. Savdo korxonasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida koʻzda tutilgan xaridorning huquqlariga soʻzsiz rioya etishi shart.
4. Sotiladigan har bir guruh tovarlarga, shu jumladan xorijiy tovarlarga savdo korxonasi muvofiqlik sertifikati yoki uning belgilangan tartibda tasdiqlangan, mahsulotning sifati hamda isteʼmolchilar sogʻligʻi va hayoti uchun xavfsizligini tasdiqlovchi nusxasiga ega boʻlishi shart. Sotiladigan tovarlar sifati uchun savdo korxonasi javobgar boʻladi.
5. Tovarlar sotuvini amalga oshiruvchi doʻkonlar, palatkalar, pavilonlar va lotoklar mahsulotlarning aniq turiga amalda boʻlgan normalarga muvofiq sifati va miqdorini saqlashni taʼminlovchi zarur asbob-uskunalar, mexanizatsiya vositalari, inventarlar va oʻlchov vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Savdo korxonalari tomonidan foydalaniladigan tarozi toshlari, tarozilar va boshqa oʻlchov priborlari soz holda saqlanishi, aniq-ravshan tamgʻalarga ega boʻlishi hamda amaldagi tartibga muvofiq belgilangan muddatlarda davlat tekshiruviga berilishi lozim.
6. Savdo korxonasida tovarlarni chakanalab sotish barcha fuqarolarga umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Bir xil tovarlarni boshqalarini majburiy sotib olish sharti bilan sotish taqiqlanadi.
7. Savdo korxonasi sotiladigan tovarlarga toʻgʻri rasmiylashtirilgan narxnomalarning boʻlishini taʼminlashi hamda xaridorning talabiga koʻra tovarning ishlab chiqaruvchisi, asosiy isteʼmol xususiyatlari hamda narxlari toʻgʻrisida toʻliq axborot berishi, xaridorlarga zarur darajada xizmat koʻrsatishi, tovarlarning toʻla oʻlchovda hamda ogʻirlikda chiqarilishini taʼminlashi lozim.
8. Xaridor unga berilgan tovarning narxi, ogʻirligi va oʻlchovi toʻgʻriligini, shuningdek, mahsulotning saqlanish muddatlarini (nakladnoy, olinadigan varaqalar boʻyicha) hamda ushbu tovarga muvofiqlik sertifikati mavjudligini tekshirishga haqlidir.
Savdo zallarida xaridor uchun qulay joyda nazorat tarozilari va boshqa oʻlchov priborlari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
9. Tovarlar uchun xaridorlar bilan hisob-kitoblar xaridorlarga albatta chek berilgan holda nazorat-kassa mashinalari vositasida amalga oshiriladi.
10. Xaridor, agar unga sotilgan chogʻida kelishilmagan boʻlsa, kamchiligi boʻlgan tovar sotilgan taqdirda oʻz tanloviga koʻra quyidagilarni talab qilishga haqlidir:
oʻxshash marka (model, artikul)dagi zarur darajadagi sifatli tovarga almashtirish;
xarid narxini tegishli ravishda qayta hisob-kitob qilgan holda boshqa markadagi (model, artikuldagi) tovarga almashtirish;
tovar kamchiliklarini tekin tuzatib berish yoki kamchiliklarni isteʼmolchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tuzatilganligi uchun xarajatlarni toʻlatish;
xarid narxini miqdorga qarab pasaytirish;
keltirilgan zararlarni toʻlattirib shartnomani bekor qilish.
Xaridorning koʻrsatib oʻtilgan talablarini qondirish savdo korxonalari tomonidan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7—18, 22-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi, bunda maʼnaviy zararni qoplash miqdori sud tomonidan belgilanadi.
11. Mavsumiy tovarlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa mahsulotlar) uchun eʼtiroz arizalari muddati tegishli mavsum kirgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
12. Chakana savdo tarmogʻida sotilgan mazkur qoidalarda koʻrsatilgan tegishli sifatdagi nooziq-ovqat tovarlarini ayirboshlash yoki ular uchun toʻlangan pulni qaytarish “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Xaridor uning aybi bilan shikastlangan yoki yoʻq qilingan tovar va mol-mulk qiymatini savdo korxonasiga toʻlashi lozim.
II. Non va non-bulka mahsulotlari
14. Non va non-bulka mahsulotlari sotuvini amalga oshiruvchi savdo korxonalarida belgilangan ish soatlarida assortiment roʻyxatida nazarda tutilgan assortimentdagi non va non-bulka mahsulotlari boʻlishi lozim.
Ixtisoslashtirilgan non doʻkonining savdo zalida yoki non mahsuloti savdosini amalga oshiruvchi boʻlimda koʻrinarli joyga mahsulotning tayyorlovchilari, olib kelish jadvallari, non mahsulotlarini sotish muddatlari, parhezbop non mahsulotlari va yangi turdagi mahsulotlarning xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
15. Non va non-bulka mahsulotlarini qabul qilishda sotuvchi mahsulot sifatini organoleptik koʻrsatkichlar boʻyicha, har bir mahsulot vaznining mahsulotning aniq turiga amalda boʻlgan meʼyoriy hujjatlarga muvofiqligini tekshirishi lozim. Buzilishlar aniqlangan taqdirda mahsulot tayyorlovchiga qaytariladi.
Etkazib beruvchining yondash hujjatida ushbu tovarlar toʻgʻrisida “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 6-moddalarida nazarda tutilgan toʻliq maʼlumotlar boʻlishi lozim.
16. Ixtisoslashtirilgan va firma non-qandolat doʻkonlarida va boshqa doʻkonlarning non boʻlimlarida non, non-bulka mahsulotlari va qandalotchilik mahsulotlaridan tashqari shakar, choy, kofe, kakao, un, yorma, makaron mahsulotlari, bolalar ovqati uchun quruq mahsulotlar, oziq-ovqat konsentratlari, kafeteriyga ega boʻlgan doʻkonlarda esa, shuningdek issiq holdagi xamir va qandolatchilik mahsulotlari sotilishi mumkin.
17. Non va non-bulka mahsulotlarining tandirdan chiqqandan keyin sotuvda boʻlishi mumkin boʻlgan muddatlari mahsulotning har bir turiga faqat normativ-texnik hujjatlarga muvofiq belgilangan tartibda belgilanadi.
18. Xaridorlar xohishiga koʻra ogʻirligi 0,4 kg va undan ortiq boʻlgan non va non-bulka mahsulotlari (oʻralganlaridan tashqari) 2-4 teng boʻlaklarga kesilishi va tarozida tortilmasdan sotilishi mumkin.
19. Amaldagi standartlar, texnik shartlar talablariga muvofiq boʻlmagan, shuningdek notoʻgʻri saqlash tufayli buzilganlik belgilari boʻlgan non va non-bulka mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.
Xaridorlardan pul qabul qiluvchi shaxslar tomonidan non mahsulotlarining sotilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sifatsiz (garch-gurch qilgan, kuygan, ichi boʻsh, yaxshi qorilmagan, boshqa narsalar aralashgan) non yoki non mahsulotlari sotilgan taqdirda korxonalar xodimlari xaridor talabiga koʻra ularni sifatlisiga soʻzsiz almashtirib berishlari yoki pulini qaytarishlari kerak. Xaridorlar tomonidan qaytarib berilgan non va non-bulka mahsulotlari sanitariya jihatidan yaroqsiz hisoblanadi.
20. Non va non-bulka mahsulotlarini saqlash va sotish jarayonida ularda kartoshka kasalligi belgilari aniqlangan taqdirda sotuvchi bu haqda mahsulot yetkazib beruvchiga darhol xabar berishi kerak. Zararlangan mahsulotlar sotuvdan chiqariladi va amaldagi qoidalarga muvofiq yoʻq qilinadi. Non mahsulotlarining kartoshka kasalligiga chalinganligi va ularning yoʻq qilinganligi haqidagi dalolatnoma belgilangan tartibda tuziladi.
Kartoshka kasalligiga chalingan mahsulot saqlangan tokchalar, shkaflar, lotoklar, idishlar kartoshka kasalligining oldini olish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq belgilangan tartibda zararsizlantiriladi.
III. Sovuq ichimliklar
21. Alkogolsiz ichimliklar (maʼdanli suvlar, shirin ichimliklar, kvas, siroplar, gazli ichimliklar, sharbatlar va boshqalar) bilan chakana savdo qilish:
bu mahsulotlarni sotishga Ixtisoslashtirilgan doʻkonlarda, meva-sabzavot va vino-aroq doʻkonlarida, oziq-ovqat doʻkonlarining boʻlim va seksiyalarida;
mayda chakana savdo tarmogʻida — pavilonlarda, doʻkonlarda, palatkalarda, avtomatlar, avtotermotsisternalar, saturator qurilmalari orqali Davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan ruxsat berilgan joylarda amalga oshiriladi.
Shifobaxsh maʼdanli suvlar sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan talablarga rioya qilingan holda dorixonalarda ham sotiladi.
22. Ichimliklarni idishga quyib sotuvchi korxonalar yetarli miqdorda oʻlchov apparatlari, amaldagi davlat belgilari boʻlgan hajmi 0,25 va 0,5 litr boʻlgan oʻlchovli shisha krujkalarda va boshqa har xil hajmdagi oʻlchov idishlari bilan taʼminlanadi, Idishlarni yuvish uchun albatta shart-sharoit boʻlishi lozim.
23. Savdo tashkilotlari tomonidan alkogolsiz ichimliklarni miqdori va sifati jihatidan qabul qilish standartlar, texnik shartlar, shuningdek shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
24. Ichimlik quyilgan shishalarda tasdiqlangan namunadagi etiketka boʻlishi lozim, unda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
ichimlik nomi;
tovar belgisi yoki tayyorlagan korxona nomi va manzili;
shisha hajmi;
standart raqami;
quyilgan vaqti va yaroqlilik muddati.
Qizdirilgan pivo etiketkasida qoʻshimcha ravishda “qizdirilgan” yozuvi boʻlishi kerak.
25. Import qilingan va vatanimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning albatta muvofiqlik sertifikati boʻlishi lozim.
26. Mazkur qoidalarni buzgan holda mahsulotni qabul qilgan savdo xodimlariga maʼmuriy jazolar qoʻllanilishi, takroran buzilgan hollarda materiallar tergov organlariga berilishi mumkin.
27. Alkogolsiz va kam alkogolli ichimliklar tegishli standartlar va texnik shartlarga muvofiq belgilangan muddatlar doirasida havoning nisbiy namligi 75 foizdan oshmagan, shamollatiladigan quruq va qorongʻi xonalarda saqlanadi.
Ayrim alkogolsiz va kam alkogolli ichimliklarni saqlashning muddatlari va harorat rejimi alohida har bir mahsulotning meʼyoriy-texnik hujjatlariga muvofiq boʻlishi lozim.
28. Shishadagi, butildagi, bankadagi, laklangan alyuminiy tublardagi ichimliklar balandligi 2 metrdan oshmagan shtabellar bilan joylangan zavod yashiklari va savatlarida saqlanadi.
29. Maʼdan suvli shishalar yordamchi binolarda tokchalarda, shtabellarda yoki yashiklarda saqlanadi. Bunda poʻstloq prokladka qoʻyilib kron qopqoq bilan yopilgan shishalar yotqizilgan holda, polietilen prokladka qoʻyilib kron qopqoq bilan yopilgan shishalar tik holda saqlanadi.
30. Alkogolsiz va alkogolli ichimliklar savdo zalida turlari va nomlari boʻyicha joylashtiriladi. Shkaflarga, peshtaxtalarga, terib joylashtirilgan ichimlikli shishalar tik holda, etiketkasi xaridor tomonga qaratib joylashtiriladi.
IV. Goʻsht va sut mahsulotlari, tuxum, margarin, baliq mahsulotlari
31. Savdo tashkilotlari goʻsht va sut mahsulotlarini, tuxum, margarin, baliq mahsulotlarini ham savdo tashkilotlarining, ham sanoat korxonalarining ulgurji bazalari va omborlaridan, shuningdek dehqon (fermer) xoʻjaliklaridan oladilar.
32. Sotuvchilarning ish joyi savdo boshlanishidan oldin doʻkonda mavjud boʻlgan barcha tovarlar bilan taʼminlanadi. Savdo zaliga olib kelingan tovarlar sifati boʻyicha sinchiklab tekshiriladi va sortlarga ajratiladi.
Oziq-ovqatlar savdo zaliga olib kelinishidan oldin sotishga tayyorlanadi (idishdan chiqariladi, oʻralgan qogʻozlar olib tashlanadi, iplar kesib tashlanadi, ifloslangan, shamollagan joylari tozalanadi, yogʻlarning sargʻaygan joylari, kolbasalar, pishloqlar latta bilan artiladi).
33. Sotuvchilar sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini kuzatib borishlari va ularning sifati yomonlashgan taqdirda ularni sotish yoki ularning chakana narxini pasaytirish masalasini hal qilish uchun maʼmuriyatga xabar berishlari lozim. Saqlash muddati tugagan tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlari savdodan olinadi, Tuxum uning sifati ovoskopda oldindan tekshirilgan holda sotiladi. Tuxumni oʻralmagan oziq-ovqat mahsulotlari (sariyogʻ, tvorog, kolbasa va boshqalar) bilan birgalikda sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Savdo korxonasida dudlangan mahsulotlarni, kolbasa mahsulotlarini, sariyogʻni, pishloq va margarinni bir kunlik savdo hajmida qadoqlashga yoʻl qoʻyiladi.
Doʻkonda qadoqlangan mahsulotda uning nomi, sorti, ogʻirligi, bir kilogrammining narxi, bir boʻlagining narxi, qadoqlangan vaqti, sotish muddati, tarozibonning tartib raqami yoki familiyasi koʻrsatiladi. Qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat berilgan qogʻozga, plyonka materiallariga oʻraladi.
35. Xaridorga goʻsht, goʻsht mahsulotlari, pishloq va ovqatbop baliqlarni kesmasdan sotishda xarid umumiy ogʻirligining 10 foizidan oshmaydigan ikki boʻlaklab qoʻyishga yoʻl qoʻyiladi. Boʻlaklar sotilayotgan tovar sortiga va sifatiga mos kelishi lozim.
Xaridor iltimosiga koʻra sotuvchi gastronom tovarlari (kolbasa, vetchina, pishloq, baliq mahsulotlari va boshqalarni) boʻlaklarga kesib berishi kerak, shuningdek sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda xaridorga maʼlum boʻlmagan tovarning taʼmini koʻrishga berishi lozim. Bir pichoq bilan pishloq va boshqa gastronom tovarlarini kesishga yoʻl qoʻyilmaydi.
36. Parranda goʻshti butunicha yoki: tovuq va oʻrdak - boʻyicha 2 boʻlakka, gʻoz va kurka — 2, 4, 6 va 8 boʻlakka boʻlib sotiladi.
37. Ilvira, liver kolbasalari va sotish muddati cheklangan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari bilan kelishilgan holda faqat doʻkonlarda sotishga yoʻl qoʻyiladi.
38. Oziq-ovqat mahsulotlarini tortish va sotishda qoʻllaniladigan asboblar (pichoqlar, sanchiqlar, kurakchalar va boshqalar) sanitariya qoidalariga muvofiq har kuni zararsizlantirilishi va buning uchun maxsus ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
39. Xaridor tomonidan kamchiligi boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilingan taqdirda sotuvchi xaridor talabiga muvofiq ularni sifatli mahsulotga almashtirib berishi yoki kamchiliklar yaroqlilik muddati doirasida aniqlangan boʻlsa, unga toʻlangan pulni qaytarib berishi kerak.
V. Gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzal
40. Gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzal savdo zaliga berilgunga qadar sotuvoldi tayyorgarligidan oʻtishi lozim. Savdooldi tayyorgarligi mahsulotlarni ochib olish, saralash, ularning sifatini, markalanganligi mavjudligini, narxlarning toʻgʻriligini tekshirishni oʻz ichiga oladi, zarur boʻlgan taqdirda kiyim-kechaklarning ayrim turlari (tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari) tozalanadi va dazmollanadi.
41. Savdo zalida xaridorlarga qulay boʻlishi uchun gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzal guruhlarga boʻlingan boʻlishi lozim. Kiyim-kechak va poyafzal asosan turlari, modellari, oʻlchamlariga qarab guruhlarga boʻlinadi. Ixtisoslanishidan qatʼiy nazar, erkaklar, ayollar, bolalar kiyim-kechak va poyafzallari savdo zalida alohida joylashtiriladi. Gazlamalar ular tayyorlangan tolalar turi va naviga qarab guruhlanadi. Gazlamalarning har birida tayyorlangan tolalarning tarkibidagi foizi toʻgʻrisida axborot boʻlishi lozim.
42. Savdo zalida gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzallarni joylashtirish chogʻida xaridorlarning tovarlarni erkin koʻzdan kechirishni taʼminlovchi savdo uskunalaridan foydalanilishi lozim.
43. Savdo zalida joylashgan gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzallarning barcha namunalari bir xil namunadagi, aniq va chiroyli rasmiylashtirilgan narx koʻrsatkichlariga ega boʻlishi lozim.
44. Kiyim-kechak (tikuvchilik mahsulotlari, ustki trikotaj mahsulotlari, bosh kiyimlar) va poyafzal tanlashda xaridorga kiyib koʻrish uchun sharoitlar yaratilgan boʻlishi lozim. Ushbu maqsadlarda savdo zallari oynali kiyib koʻrish xonalari bilan taʼminlanadi, banketkalar yoki skameykalar, qoʻygichlar, oynalar bilan jihozlanadi.
45. Sotish chogʻida xaridorga jun gazlamalar, vatinlar va ogʻir hajmli gazlamalarni oʻlchash amaldagi tamgʻaga ega boʻlgan bruskli yogʻoch metrni (peshtaxta) stolda yigʻilib qolmagan holatda erkin etgan gazlamaga qattiq standartli metrni qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Yupqa va yengil gazlamalar odatda qattiq standart metr bilan gazlamani uni metrga choʻzilishsiz erkin ilova qilib gazlamani peshtaxtaga yoyish yoʻli bilan oʻlchanadi.
Jun gazlamalar va trikotaj polotnolaridan tashqari gazlamalarning barcha turlarini oʻlchashni gazlamani amaldagi tamgʻasi boʻlgan gorizontal holdagi oʻlchov stoliga yotqizish yoʻli bilan amalga oshirishga ham ruxsat etiladi. Stol uzunasi yoʻnalishida 1 m uzunlikdagi uchastka belgilangan boʻlishi lozim. Stolning usti mayin va teng boʻlishi kerak.
Sotuvga gazlama qiyqimlarini qoʻshish, shuningdek fabrikada ishlanganligi yoki astar tomoniga qoʻyilgan tamgʻasi buzilgan taqdirda gazlama boʻlaklarini fabrika yorligʻi va tamgʻasi (oxirgi qismi) bilan sotish man etiladi.
46. Sotuvchi xaridorga gazlama, kiyim-kechak, poyafzal tanlashda yordam koʻrsatishi, sotuvda boʻlgan mahsulotlar assortimenti ularni saqlash usullari bilan tanishtirishi, zarur boʻlganda mahsulotlar, yorliqlar, etiketkalardagi raqamli belgilarni tushuntirishi lozim. Gazlamalarni sotish chogʻida xaridorning iltimosiga koʻra sotuvchi turli tikuv mahsulotlari tayyorlash uchun zarur boʻlgan gazlama miqdorini aniqlash, tegishli andozani tanlashda yordam berishi lozim.
47. Savdo korxonalari gazlama, kiyim-kechak sotishda xaridorlarga doʻkonda xarid qilingan kiyim-kechakni qayta tikish (buyumlarni qisqartirish yoki uzaytirish, tugmalarni qayta joylashtirish, bosh kiyimlarni tortib kengaytirish), gazlamalarni bichish kabi kompleks qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
48. Xaridorga asosiy xarid bilan birga mahsulotni saqlash yoki garderobni toʻldirish uchun moʻljallangan yondash tovarlar xarid qilish imkoniyati berilishi lozim.
49. Sotuvchi, nazoratchi xaridorga gazlama, kiyim-kechak, poyafzal sotilishi chogʻida uning ishtirokida tovar sifatini (mexanik buzilishlar, ifloslanish, boshqa tashqi kamchiliklar), oʻlchovning (miqdorning) aniqligi, xarid qiymati hisobining toʻgʻriligini tekshirishlari lozim.
Sotish jarayonida qoʻpol kamchiliklar aniqlangan tovar sotuvdan olib qoʻyiladi.
50. Gazlama, kiyim-kechak, poyafzal xaridorga qoʻshimcha toʻlov undirilmagan holda qogʻozga, qutiga yoki boshqa taxlash materialiga solib beriladi.
51. Xarid bilan birga xaridorga majburiy tartibda savdo korxonasi rekvizitlari, sotilgan kun, narx koʻrsatilgan kassa yoki tovar cheki beriladi.
VI. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlar
52. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlar savdo zaliga yoki xaridni berish joyiga oʻtkazilgunga qadar savdooldi tayyorgarligidan oʻtkazilishi lozim.
Savdooldi tayyorgarligi mahsulotni ochish, zavod moylarini, changlarni, qirindilarni tozalash, butligini hamda zarur boʻlganda uning yigʻilishini tekshirish, shuningdek mahsulot sifatini, narxning toʻgʻriligini, markalanganligi, foydalanish yoʻriqnomalarining va kafolat talonlarining mavjudligini tekshirishlarni oʻz ichiga oladi.
Butlangan va texnik jihatdan mukammal terilgan mahsulotlar elektr tarmogʻiga ulab tekshirib koʻriladi. Tikuv mashinalarining ishlashi tekshiriladi, radioapparatlar esa boshqariladi hamda moslanadi.
53. Past sifatli, butlanmagan yoki ifloslangan tovarlarni, yoʻriqnomalarsiz, pasport va kafolat talonlarisiz mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.
54. Savdo zali va oyna vitrinalarida joylashgan radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarning barcha namunalarining mahsulot nomi, uning markasi, artikuli va narxi koʻrsatilgan, shuningdek mahsulotning asosiy texnik xususiyatlarini oʻz ichiga oluvchi qisqa annotatsiyasi boʻlgan aniq rasmiylashtirilgan yorligʻi boʻlishi lozim.
55. Xaridorlar tomonidan tovarlarni tanlash va uni tekshirish uchun savdo zalida elektr oʻlchash va sinov priborlari (shitlar yoki pultlar) oʻrnatiladi.
56. Radiotovarlar yoki maishiy elektr tovarlar sotuvchisi ayrim mahsulotlarning tuzilishi, ajralib turuvchi belgilari, maqsadi, xususiyatlarini, ularni amalda sinab koʻrish metodlarini, tutish usullari, saqlash rejimini bilishi, mahsulotlarning asosiy kamchiliklarini aniqlay olishi, tovarlar tegishli guruhlarining assortimenti va ularning oʻzaro oʻrinlarini bosishini, narxlar hamda tovarlar toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlarni yaxshi bilishi, xaridorlarga malakali yordam berishi lozim.
57. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarning ayrim turlarini sotishda sotuvchi xaridorni savdoda mavjud boʻlgan hamrohlik qiluvchi tovarlar va ehtiyot detallari toʻgʻrisida xabardor etishi lozim.
58. Sotuvchi (mexanik, nazoratchi) tovarni sotuvchiga chiqarishda, uning ishtirokida tovar sifatini (tashqi koʻrinishini koʻrib chiqish, elektr tarmogʻiga ulash yoʻli bilan), qismlarga ajratilgan holda sotiladigan buyumlarning butligini, pasporti, kafolat taloni va foydalanish qoidalari haqidagi yoʻriqnomani, oʻlchov yoki miqdorining aniqligi (shnur, simlar, mayda elektr tovarlari), narxning toʻgʻriligini tekshiradi.
59. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarni xizmatning kafolat talonlari bilan sotishda doʻkon xodimlari mahsulot pasporti (kafolat taloni)da sotilish sanasi va joyini, zarur hollarda esa kafolatli taʼmirlash ustaxonasi manzilini koʻrsatadilar.
60. Tovar bilan birga xaridorga doʻkon raqami (nomi), sotilgan sana, artikul, nav, narx yoki belgilangan rekvizitli toʻlangan chek majburiy tartibda beriladi.
61. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlar doʻkonda bepul oʻrab beriladi.
Xaridorning hohishiga qarab yirik gabaritli mahsulotlar, mahsulot mazkur qoidalarga muvofiq albatta oldindan tekshirilgan holda, tegishli yogʻoch idish (oʻram)da sotilishi ham mumkin. Bunday holatda idish qiymati qoʻshimcha undiriladi.
62. Yirik hajmli radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarni xaridor tomonidan koʻrsatilgan manzilga yetkazib berishni odatda ushbu tovarni sotgan savdo korxonasi tashkil etadi.
Yirik hajmli tovarni xaridor kuchi bilan belgilangan joyga yetkazib berishda savdo korxonasi ushbu tovarni xaridorning transport vositasiga yuklashni bepul amalga oshirishi kerak.
63. Texnik jihatdan mukammal tuzilgan tovarlarning ayrim turlarining standartlari yoki texnik shartlari va foydalanish qoidalari sotuvchilarni oʻzi ulashi yoki ishlatib koʻrishiga yoʻl qoʻymasa, bu operatsiyalar doʻkon mexanigi yoki doʻkon topshirigʻiga koʻra kafolatli xizmat koʻrsatish ustaxonasi mexanigi tomonidan xaridorning uyida amalga oshiriladi.
Bunday mahsulotlarni oʻrnatish, ulash va ishlatish, shuningdek foydalanish qoidalari toʻgʻrisida yoʻl-yoʻriq berish sotish kunidan yoki xaridor ustaxona yoki doʻkonga murojaat qilgan kundan bir haftadan kechiktirilmay amalga oshiriladi.
VII. Mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish
64. Mazkur qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
65. Tekshiruvchi organlar (muassasalar) mazkur Qoidalarga rioya etilishini tekshiruvga mutaxassislar, xaridorlarning jamoat tashkilotlari vakillarini jalb etishlari mumkin.
Savdo korxonasi tekshiruv oʻtkazishda tekshiruvchi shaxslarga yordam koʻrsatish hamda kamchilik va buzilishlarni tuzatish choralarini koʻrishlari lozim.
Savdo korxonasida hamma uchun koʻrinarli joyda xaridorlarning ariza va takliflari daftari boʻlishi lozim.
VIII. Nizolarni hal etish hamda javobgarlikka tortish
66. Sotuvchi va xaridor oʻrtasida nizolar yuzaga kelgan taqdirda ularning harakatlariga shikoyat yoki qaror buzilgan huquqlarni himoya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan organlarga yoki sudga beriladi.
67. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”, “Metrologiya toʻgʻrisida”, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash toʻgʻrisida”gi Qonunlar moddalarini hamda mazkur Qoidalar talablarini buzish javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
Umumiy ovqatlanish mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish va sotish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida umumiy ovqatlanish sohasidagi, mulkchilik shakllaridan va idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar (korxonalar, xususiy tadbirkorlar) ishiga asosiy talablarni “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tartibga soladi.
2. Umumiy ovqatlanish sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyekt — bu oshpazlik mahsulotlarini tayyorlash, sotish va ularni isteʼmol qilishni tashkil etish xamda xizmatlar koʻrsatish boʻyicha funksiyalarni bajaruvchi korxona, shuningdek umumiy ovqatlanish sohasida yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy tadbirkordir.
3. Umumiy ovqatlanish korxonasi, mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, oʻz faoliyatini, ham korxonalarning savdo zallarida, ham ulardan tashqarida, umumiy ovqatlanish korxonasiga qoʻyiladigan sanitariya-texnika talablariga muvofiq shuningdek Ustav, hokimliklar tomonidan beriladigan savdo qilish huquqiga ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshiradi.
Umumiy ovqatlanish korxonasiga (xususiy tadbirkorga) ruxsat guvohnomasi ular belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgandan keyin beriladi.
4. Umumiy ovqatlanish korxonalari turlari (restoran, kafe, bar, oshxona, tamaddixona kabilarga), restoran va barlar esa klasslarga ham (aʼlo, oliy, birinchi) boʻlinadi, ular mulkdor tomonidan belgilanadi. Korxonaning tanlangan turga va klassga muvofiqligini tasdiqlash ular joylashgan joyda, “Karakalpaksauda” davlat uyushmasi, “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasining viloyatlar va Toshkent shahar savdo-ishlab chiqarish konsernlari va birlashmalari, shuningdek “Karakalpaktutiniu” matlubot kooperatsiyasi aksionerlik jamiyatlari respublika uyushmasi hamda Oʻzbekbirlashuv matlubot kooperatsiyasi aksionerlik jamiyatlari viloyat uyushmalari mutaxassislari tomonidan, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Ishlab chiqarish va savdo binolariga, asbob-uskunalarga, inventarlarga, koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatiga, mahsulot ishlab chiqarishning texnologik tartibiga nisbatan qoʻyiladigan mezonlar sanitariya meʼyorlariga, texnika xavfsizligi qoidalariga, yongʻinga qarshi va boshqa talablarga muvofiq belgilanadi.
Korxonalarda foydalaniladigan asboblar (tarozilar, toshlar va shu kabilar) soz holatda saqlanishi, aniq tamgʻalarga ega boʻlishi hamda amaldagi tartibga muvofiq belgilangan muddatlarda tekshirishdan oʻtkazilishi kerak.
6. Umumiy ovqatlanish barcha korxonalarining oʻz nomi toʻliq yozilgan tegishli peshlavhalari boʻlishi kerak.
7. Umumiy ovqatlanish korxonalari korxonaning nomi, turi, klassi, uning manzili (mulkdorning joylashgan oʻrni), ish tartibi, tavsiya qilinadigan mahsulot turi, koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati, ushbu qoidalarning isteʼmolchilar huquqlariga taalluqli alohida qoidalari mazmuni, shuningdek mijozlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi zarur va toʻgʻri axborotlarni koʻrgazmali va qulay shaklda isteʼmolchilarga yetkazishlari shart.
8. Mulkchilikning barcha shakllaridagi umumiy ovqatlanish korxonalarining ish tartibi, mijozlarga qulayliklarni hisobga olgan holda, joylardagi hokimliklar tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan ish soatlariga mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar tomonidan rioya etilishi majburiydir.
Umumiy ovqatlanish korxonasi (rejadagi sanitariya tadbirlarini, taʼmirlash va shu kabilarni oʻtkazish uchun) yopilgan taqdirda korxona kamida bir hafta oldin tegishli eʼlonlarni osib qoʻyishga majburdir.
9. Mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalarining mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish bilan bevosita bogʻliq shtatlari maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan kadrlar bilan butlanadi.
“Aʼlo” va “oliy” klassli umumiy ovqatlanish korxonalarida boshqa davlatlardagi oshpazlik va xizmat koʻrsatishning oʻziga xos xususiyatlari bilan tanish boʻlgan xodim ishlashi kerak.
II. Umumiy ovqatlanish korxonalarining isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishini va ular bilan oʻzaro munosabatlarini tashkil etish
10. Isteʼmolchiga xizmat koʻrsatish shakllari va usullari korxona tomonidan umumiy ovqatlanish korxonasining mazkur turi va klassiga nisbatan eng minimal talablardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
11. Isteʼmolchilarga ofitsiantlar tomonidan xizmat koʻrsatish “aʼlo” va “oliy” klassli restoranlarda hamda, qoidaga koʻra, kafe va barlarda majburiy tartibda qoʻllanadi.
Uygʻunlashtirilgan tartibda xizmat koʻrsatishda korxona zalida isteʼmolchilar salqin taomlarni, ichimliklarni, shirinliklarni mustaqil ravishda tanlaydigan yoxud ushbu mahsulotlar barmen (bufetchi) tomonidan sotiladigan mahsulotlar tarqatish boʻlmasi ajratiladi. Issiq taomlar va ichimliklar, vino-aroq mahsulotlari buyurtma boʻyicha ofitsiant tomonidan beriladi.
12. “Aʼlo”, “oliy” va “birinchi” klassli umumiy ovqatlanish korxonalarida (barlardan tashqari) zalni xizmat koʻrsatishga tayyorlash jarayonida stollar oldindan yasatiladi.
Oshxonalarda, shuningdek oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish tartibida ishlaydigan boshqa umumiy ovqatlanish korxonalarida stollarni (dorivorli anjomlar, qogʻoz qoʻl sochiqlar bilan) soddaroq yasatishga yoʻl qoʻyiladi.
Mijozlarga xizmat koʻrsatishda qoʻllaniladigan idish-anjomlar korxona turiga muvofiq boʻlishi kerak. Sanitariya-epidemiya tartibiga rioya etish maqsadida har bir xoʻranda oʻrni hisobiga kamida uchtadan idish-anjomlar toʻplami toʻgʻri kelishi kerak.
Savdo zallarida isteʼmolchilarga qulay joyda nazorat tarozilari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
13. Mijozlarning kirishini cheklashga:
ofitsiantlar xizmat koʻrsatadigan umumiy ovqatlanish korxonasida — ular yopilishidan 30 daqiqa oldin, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatadigan korxonada esa — 15 daqiqa oldin yoʻl qoʻyiladi.
14. Umumiy ovqatlanish korxonalarida ovqatlanish uchun hisob-kitoblarning har xil: oldindan haq toʻlash, taomlar tanlangandan soʻng toʻlash, ovqatlanib boʻlingach toʻlash, xoʻrandaning oʻzi hisob-kitob qilishi usullaridan foydalaniladi. Ovqatlanish uchun hisob-kitob qilish shakllari xizmat koʻrsatish usuliga, xizmat koʻrsatilayotgan mijoz xususiyatiga, korxona turiga va uning ixtisoslashuviga qarab belgilanadi.
Oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish usulida ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalarida va oshpazlik doʻkonlarida (boʻlimlarida) hisob-kitob qilishda mijozga kassa cheki taqdim etiladi.
Ofitsiantlar xizmat koʻrsatadigan barcha korxonalarda sotilgan mahsulot uchun toʻlov ofitsiant tomonidan berilgan belgilangan namunadagi schet boʻyicha amalga oshiriladi.
Doimiy mijozlarga (ishchilar, xizmatchilar, talabalar, oʻquvchilar va shu kabilarga) xizmat koʻrsatiladigan oshxonalarda yakka tartibdagi yoki guruhli abonentlar boʻyicha hisob-kitob qilishdan foydalanish mumkin.
15. Umumiy ovqatlanish korxonalari asosiy faoliyati bilan bir qatorda qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishlari kerak. Bu xizmatlarning roʻyxati korxonalarning har bir turi va klassi uchun individual tartibda hamda standart bilan belgilanadi.
Qoʻshimcha xizmatlar qiymati taomnomada yoki narxnomalarda koʻrsatilishi kerak.
Savdo zalidan tashqarida mijozlar uchun taomnoma, vinolar narxnomalari va xizmatlar koʻrsatishning korxona tomonidan belgilangan qoʻshimcha shartlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan boʻlishi kerak.
Savdo zallarida mijoz taomnoma vositasida taom va mahsulotlar qiymati, alkogolli ichimlik shishasining sigʻimi, alkogolli ichimlik jami sigʻimining, 50 va 100 grammining narxi toʻgʻrisida albatta xabardor qilinadi. Doimiy mijozlarga (ishchilar, xizmatchilar, talabalar, oʻquvchilar va shu kabilarga) xizmat koʻrsatuvchi oshxonalarda taomnomada bundan tashqari, oshpazlik mahsulotining miqdori koʻrsatiladi, korxonalarning boshqa turlarida esa mijozlar iltimosiga koʻra ushbu axborot xizmat koʻrsatuvchi xodim tomonidan beriladi.
“Aʼlo” va “oliy” klassli korxonalarda bosma reklamalarning barcha turlari (taomnomaning muqovasi va qistirma varaqlari, vinolar narxnomalari, taklifnoma kartochkalari, prospektlar va shu kabilar) yuksak badiiy darajada tayyorlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Korxona sanitariya va texnologiya talablariga toʻliq rioya etilishini hisobga olgan holda taomlar, mahsulotlar, ichimliklar turi roʻyxatini mustaqil ravishda tuzadi.
(16-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
Taomnomada va narxnomalarda koʻrsatilgan taomlar, gazaklar, vino-aroq mahsulotlari roʻyxati korxona savdo zalining butun ish vaqti mobaynida saqlanishi kerak.
17. Mehmonxonalar, vokzallar, aeroportlar, ish va oʻqish joylaridagi umumiy ovqatlanish korxonalarida, shuningdek aholining ijtimoiy himoya qilinmagan guruhlariga xizmat koʻrsatuvchi korxonalarda mahsulotlar sotishning anʼanaviy shakllari bilan bir qatorda, ovqatlanishning oqilona meʼyorlari va xususiyatlarini hisobga olgan holda hafta kunlari boʻyicha turli xil kompleks nonushtalar, tushliklar, kechki ovqatlar sotish qoʻllanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari isteʼmolchiga unga sotilgan taomlar, oshpazlik mahsulotlari, tovarlarning oʻlchovlari va vaznini, shuningdek sotilgan mahsulot (xizmat)larning meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshirish imkoniyatini yaratishi kerak. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati tartibida umumiy ovqatlanish mahsuloti tayyorlash va sotish bilan shugʻullanuvchi shaxs isteʼmolchi shaxs iltimosiga koʻra unga savdo qilishga va mazkur mahsulotni sotish huquqiga ruxsat guvohnomasini koʻrsatishi kerak.
(18-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
Oshpazlik mahsuloti (koʻrsatilayotgan xizmat) sifatida kamchiliklar, tarozida yoki hisob-kitobda yanglishishlar qayd etilganda umumiy ovqatlanish korxonasi rahbariyati va xodimlari isteʼmolchi tanloviga koʻra quyidagilarga majburdirlar:
— aniqlangan kamchiliklarni tekin bartaraf etish;
— oshpazlik mahsuloti (xizmat) uchun toʻlov miqdorini kamaytirish;
— qoʻshimcha toʻlovsiz xuddi shunday taomni, oshpazlik mahsulotini tayyorlash (xizmatni qaytadan bajarish);
— isteʼmolchining sifatsiz oshpazlik mahsulotini sotib olish (bajarilgan xizmat) bilan bogʻliq xarajatlarini toʻliq toʻlash;
— maʼnaviy zararni qoplash.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat koʻrsatish jarayonida isteʼmolchining hohishiga koʻra tayyor oshpazlik mahsuloti va xarid qilinadigan tovarlar, shu jumladan vino-aroq mahsulotlari tegishli ravishda qadoqlangan holda olib ketish uchun sotilishi mumkin.
19. Xizmat koʻrsatish uchun oldindan beriladigan buyurtmani qabul qilishda korxona uni oʻzaro majburiyatlarda belgilangan muddatlarda bajarishni kafolatlashi kerak. Bunday buyurtmani korxonaga bogʻliq boʻlmagan sabablar bilan bajarish imkoni boʻlmagan taqdirda korxona ushbu tadbirning, isteʼmolchining manfaatlarini kamsitmagan holda, bu haqda kamida 7 kun oldin xabardor qilib, boshqa umumiy ovqatlanish korxonasida bajarilishini taʼminlashga majburdir.
Buyurtmachi tadbir oʻtkaziladigan kuni oʻz buyurtmasi boʻyicha xizmat koʻrsatilishini rad etgan taqdirda, u oʻzi buyurtirgan, boshqa isteʼmolchilarga sotish mumkin boʻlmagan mahsulot (tovar)larni sotib olishga majburdir.
III. Umumiy ovqatlanish mahsulotini ishlab chiqarishni va sotishni tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
20. Oshpazlik mahsulotini tayyorlovchilar sanitariya qoidalariga rioya qilishga, shu jumladan, tibbiy tekshiruvlarni, xodimlarning sanitariya boʻyicha bilimlarini oshirish tadbirlarini muntazam ravishda oʻtkazishga majburdirlar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
21. Taomlar ularni sotish sanitariya qoidalarida belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshiriladigan miqdorlarda tayyorlanishi kerak. Oldingi kundan qolgan goʻshtli, baliqli qiymalardan, pishirilgan makaron, qayla, yorma mahsulotlaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi.
Suzilayotgan barcha taomlar zarur haroratda boʻlishi, yogʻ, qaymoq qayla, garnir va shoʻrva kabilarni suzishda oʻlchovli anjomlardan foydalanilishi kerak.
22. Maxsus ajratilgan joylarda umumiy ovqatlanish korxonalari (xususiy tadbirkorlar) mahsulotlarini sotish tartibi ijro etuvchi hokimiyatning mahalliy organlari tomonidan belgilanadi.
Tez ayniydigan oshpazlik mahsulotlarini mashinalarda, doʻkonchalarda va qoʻlda sotish taqiqlanadi. Ularning roʻyxati sanitariya-epidemiologiya nazoratining xususiy organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Umumiy ovqatlanish mahsulotlarining tayyorlovchi korxonaning savdo zalidan tashqarida sotiladigan har bir turkumi tayyorlovchi korxonaning nomi koʻrsatilgan, tayyorlangan vaqti, sotishning soʻnggi muddati va bir idishga joylangan mahsulot vazni koʻrsatilgan holda narxnomaga ega boʻlishi kerak.
Umumiy ovqatlanish mahsulotlarini sotish bilan shugʻullanuvchi xususiy tadbirkorlar ham ushbu Qoidalari, amaldagi sanitariya qoidalarini va boshqa normativ hujjatlarni bajarishga majburdirlar”;
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
24. Mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalarida vino-aroq mahsulotlari sotish tegishli savdo-ishlab chiqarish konsernlari va viloyatlar matlubot uyushmalari taqdim etadigan dislokatsiyaga muvofiq joylardagi hokimliklar tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
IV. Mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari ishini nazorat qilish
25. Mahsulotlarni tayyorlash texnologik siklining barcha bosqichlarida ularning xavfsizligini nazorat qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan norma va qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
V. Nizolarni hal etish va javobgarlikka tortish
26. Sotuvchi bilan xaridor oʻrtasida nizolar paydo boʻlgan taqdirda ularning xatti-harakati (harakatsizligi) yoki hal etish yuzasidan shikoyat buzilgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan organlarga yoki sudga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”, “Metrologiya toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari moddalarining hamda ushbu Qoidalar talablarining buzilishi javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
Chakana savdo korxonalarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalar “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom hisobga olinib ishlab chiqilgan.
2. Ushbu Qoidalar zargarlik zeb-ziynatlari, stolni tuzash buyumlari, binolarni bezash buyumlari, oltin, kumush, platina, palladiy va ularning qotishmalaridan yasalgan boshqa buyumlar va qimmatbaho toshlar (brilliantlar, sapfirlar, yoqutlar, zumradlar, marvaridlar) ishlatilgan buyumlar; yarim qimmatbaho, qoʻlda yasalgan va sintetik toshlar oʻrnatilgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar; korpusi qimmatbaho metallardan yasalgan soatlar bilan oldi-sotdi qiluvchi sotuvchilar va ularni xarid qiluvchi fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
3. Qoidalar tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bor boʻlgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlar bilan savdo qiluvchi chakana savdo korxonalariga qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilaydi hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan savdo qilish sohasida faoliyatini amalga oshiruvchi, mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar (savdo korxonalari, xususiy tadbirkorlar)ga tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan savdo qiluvchi chakana savdo korxonasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan Dislokatsiyaga kiritilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Dislokatsiyaga moddiy-texnik bazasi mazkur Qoidalarning 5—7-bandlari talablariga muvofiqligi boʻyicha tegishlicha “Savdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalarida, Toshkent shahar hokimligining Savdo, xizmatlar koʻrsatish sohasi va isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish departamentida ekspertizadan oʻtgan savdo korxonalari kiritiladi
(4-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-fevraldagi51-sonli qarori tahririda)
Tasdiqlangan Dislokatsiyaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasining Davlat probani aniqlash palatasi roʻyxatdan oʻtkazadi va roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi beradi.
Tasdiqlangan Dislokatsiya va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasining Davlat probani aniqlash palatasining roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi asosida savdo qilish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma beriladi.
II. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
5. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan tovarlarni sotish faqat ixtisoslashtirilgan zargarlik doʻkonlari, univermaglar, savdo markazlarining boʻlimlari, seksiyalarida amalga oshiriladi. Bularda koʻrsatib oʻtilgan boyliklarning hisobga olinishi, ishonchli saqlanishi (qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi signalizatsiyasi mavjudligi, savdo boʻlimidan toʻsilgan mustahkamlangan, yonmaydigan poʻlat sandiq mavjudligi) va ularni xaridorlarning tanlashi uchun zarur sharoitlar taʼminlanadi.
Doʻkonlar va boʻlimlarda quyidagilar mavjud boʻlishi shart: “Oʻzdavstandart”ning davlat tekshiruvchilari tomonidan tekshirilgan birinchi yoki ikkinchi klass aniqlikdagi tarozilar, gardish oʻlchagichlar, barmoq oʻlchagichlar, probani aniqlash uchun reaktivlar.
6. Ixtisoslashtirilgan zargarlik doʻkonlarida, univermaglar, savdo markazlarining boʻlimlari va seksiyalarida xaridorlarga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni koʻrsatish qulay boʻlishi taʼminlanishi kerak.
Xaridorlarga qulay boʻlishi uchun zargarlik zeb-ziynatlari, stolni tuzash buyumlari va boshqa buyumlar vazifasi va xiliga koʻra guruhlarga ajratilishi kerak.
7. Savdo zallarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan probalar toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tamgʻalash tartibi toʻgʻrisidagi normativ hujjatlardan koʻchirmalar, proba tamgʻalari tasviri, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan savdo qilish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma, chakana savdo korxonasi Davlat probani aniqlash palatasida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, mazkur qoidalar va xaridorlar uchun zarur boʻlgan boshqa axborot koʻzga koʻrinarli joyga osib qoʻyilishi kerak.
8. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar ularda ularni tayyorlaganlarning tamgʻalari va Davlat Probani aniqlash palatasi tomonidan qoʻyilgan proba tamgʻalari mavjud boʻlsagina sotiladi.
Chet eldan keltirilgan xorijda ishlab chiqarilgan buyumlarda ham Davlat probani aniqlash palatasining tamgʻasi boʻlishi shart.
9. Sotuvga qoʻyilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda mahsulotning nomi, tayyorlovchi, artikul proba, 1 gramm mahsulotning massasi va bahosi, sotuvga qoʻyilgan buyumlarning turi, ularning xususiyati, buyumning massasi va chakana narxi koʻrsatilgan holda plombalangan yorliqlar boʻlishi kerak.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq tamgalanmaydigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlarning qolgan turlarida sifat sertifikati boʻlishi kerak.
10. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar savdo zaliga qoʻyilgunga qadar sotuvdan oldingi tayyorgarlikdan oʻtishi kerak. Bu tayyorgarlik buyumlarni koʻzdan kechirish va brak qilishni, belgilangan proba tamgʻalari, plomba va yorliqlar mavjudligini tekshirishni, oʻlchamlariga koʻra sortlarga ajratishni oʻz ichiga oladi.
11. Chakana savdo korxonasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tanlashda xaridorga malakali yordam berishi va uni zarur maslahat bilan taʼminlashi, xaridorni sotuvdagi mavjud namunalar bilan tanishtirishi kerak.
Xaridorning hohishiga koʻra chakana savdo korxonasi xaridor qimmatbaho toshlardan tanlagan buyumlarni doʻkon ish kunining oxirigacha boʻlgan muddatga saqlab turishga majburdir.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan bezaklar yakka tartibda oʻrab-joylangan boʻlishi kerak.
Chakana savdo korxonasi qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni saqlash tartibi haqida xaridorni xabardor qilishi kerak.
Chakana savdo korxonasi qoʻshimcha tovarlar sotishni tashkil etishi va xaridorga qoʻshimcha xizmatlar kompleksini koʻrsatishi mumkin quyma naqsh solish, oldindan buyurtma qabul qilish, sovgʻani yetkazib berish va topshirish, chiroyli qilib oʻrab-joylash va xizmatlarning boshqa shakllari).
12. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar almashtirilmaydi va qaytarib olinmaydi, ularda chakana savdo korxonasi tomonidan qayd etiladigan nuqsonlar (zirakka toshlar, ilgaklarning, bilakuzukka sharnirli birikmalarning sust mahkamlanganligi, yoriqlar, ushalgan joylar, tirnalgan joylar, gʻudurlar va boshqa nuqsonlar) aniqlangan, davlat proba tamgʻasi muhrining zargarlik qotishmasi amaldagi probasiga, buyum xususiyatlarining plombalangan yorliq maʼlumotlariga mos kelmasligi bundan mustasno.
13. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda chakana savdo korxonasi tomonidan qayd qilinmagan nuqsonlar aniqlangan taqdirda xaridor ularni xarid qilingan kundan boshlab 6 oy ichida xarid narxi tegishlicha qayta hisoblangan holda ana shunday buyumlarga yoki boshqa buyumlarga almashtirish huquqiga ega boʻladi, yoxud ulardagi nuqsonlar tekin bartaraf etilishi, yoki xarid narxi mutanosib ravishda kamaytirilishi kerak. Xaridor shuningdek zarar qoplangan holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga ham haqli boʻladi. Xaridorning koʻrsatib oʻtilgan talablari tovar cheki taqdim etilgandan keyin koʻrib chiqiladi.
14. Chakana savdo korxonasi tomonidan almashtirish yoki nuqsonlarni tekin bartaraf etish muddatlari buzilgan taqdirda chakana savdo korxonasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq neustoyka toʻlashi shart.
15. Sifatga oid nuqsonlar paydo boʻlishi sabablari masalasida kelishmovchiliklar kelib chiqsa chakana savdo korxonasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumni xaridordan qabul qilib olishga va uni mustaqil ekspertiza oʻtkazish uchun Davlat probani aniqlash palatasiga yuborishga majburdir.
Xaridor ekspertiza oʻtkazishda qatnashishga haqli boʻladi.
16. Sotilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun xaridordan naqd pulni qabul qilish chakana savdo korxonasi tomonidan nazorat-kassa mashinalari qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
Chakana savdo korxonasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan sotilgan buyum uchun xaridorga kassa cheki hamda savdo tashkiloti qaydi qoʻyilgan va sotuvchi tomonidan imzolangan tovar cheki nusxasini berishi shart. Tovar cheki nusxasida buyumning nomi, artikuli, narxi va sotish sanasi, sotuvchining imzosi va savdo korxonasi shtampi boʻlishi kerak.
17. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan vositachilik savdosi Nooziq-ovqat tovarlari bilan vositachilik savdosi qoidalariga muvofiq mazkur Qoidalarning 4-bandiga binoan Dislokatsiyaga kiritilgan savdo korxonalaridagina amalga oshiriladi.
III. Chakana savdo korxonasining javobgarligi va mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish
18. Chakana savdo korxonasi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotish qoidalari buzilganligi uchun amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xaridor oldida javob beradi.
19. Davlat proba tamgʻalarisiz yoki plombirlangan yorliqsiz sotuvga tushgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar muhrlanishi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasining Davlat probani aniqlash palatasiga joʻnatilishi kerak.
20. Mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qoʻmitasining Davlat probani aniqlash palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi hamda boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar tekshirishlarga, mazkur qoidalarga rioya qilgan holda, mutaxassislarni, isteʼmolchilarning jamoat tashkilotlari vakillarini jalb etishi mumkin.
Chakana savdo korxonalari xodimlari tekshirishlar oʻtkazilishiga koʻmaklashishlari hamda nuqsonlar va qoidabuzishlarni bartaraf etish choralarini koʻrishlari kerak.
IV. Nizolarni hal etish va javobgarlikka tortish
21. Chakana savdo korxonasi bilan xaridor oʻrtasida nizo paydo boʻlgan taqdirda ularning harakati (harakatsizligi) yoki qaror ustidan shikoyat buzilgan huquqlar himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan organga yoki sudga beriladi.
22. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”, “Metrologiya toʻgʻrisida”, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari moddalari va mazkur Qoidalar talablari buzilishi javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.