Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI TIZIMIDA FUQAROLARNING QONUNChILIK BUZILIShI YuZASIDAN ShIKOYAT VA ARIZALARINI KOʻRIB ChIQISh BOShQARMASINI TUZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-sentabrdagi 268-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida”gi 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-sonli Farmoniga binoan inson huquqlari kafolatlarini yanada kengaytirish, qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, fuqarolar huquqlarining poymol qilinishi hollarining oldini olishni taʼminlashda adliya va sud organlari xodimlarining masʼuliyatini oshirish, ularning fuqarolarning qonuniy talab va ehtiyojlariga eʼtiborini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati tarkibida 1-ilovaga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari adliya boshqarmalari tarkibida 2-ilovaga muvofiq Fuqarolarning qonunchilikning buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish boshqarmasi va guruhlari tashkil etilsin.
Adliya vazirligi 10 kun muddat ichida ushbu boshqarmaning Nizomini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
2. Shikoyat va arizalarni koʻrib chiqish boshqarma va guruhlarining vazifalari quyidagicha belgilansin:
— fuqarolarning qonuniy haq-huquqlari poymol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, bu xususdagi va shikoyatlarni diqqat-eʼtibor bilan har tomonlama xolisona koʻrib chiqish;
— ariza va shikoyatlarni Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga toʻla rioya qilgan holda koʻrib chiqishni taʼminlash, bu masalada sansalorlik, rasmiyatchilikka va toʻrachilikka yoʻl qoʻymaslik, koʻrilgan shikoyatlar yuzasidan qabul qilingan qarorlar haqida fuqarolarga yozma yoki ogʻzaki tarzda maʼlum qilish, oʻrinli boʻlmagan masalalar yuzasidan tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
— qonunchilikning buzilishi holatlari yuzasidan tushgan shikoyatlarni joylarda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan birgalikda tekshirib adolatli qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash choralarini koʻrish, qonunchilikning buzilishi hollarini keltirib chiqarish sabab va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf qilish;
— adliya tizimidagi idoralarning shikoyat va arizalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyatini oʻrganish va bu boradagi ishlarni umumlashtirish, shu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.
3. Adliya vazirligi, uning joylardagi boshqarmalari fuqarolarning qonunchilik buzilishi holatlariga tegishli murojaatlarini koʻrib chiqish natijalarini hayʼatda muhokamaga kiritib asosli qarorlar qabul qilishi, belgilangan vazifalarning ijrosi ustidan nazorat oʻrnatishi, shuningdek fuqarolarni shikoyat qilganlik uchun taʼqib qilishga yoʻl qoʻymaslik, bu masalalarda rahbar xodimlarning masʼuliyatini oshirishi muhim ekanligi taʼkidlansin.
4. Respublika tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, hokimliklar mutasaddi idoralari qonunchilikning buzilish holatlari yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar joylarda sogʻlom maʼnaviy-ruhiy vaziyat hosil qilishini, qonunlarimizga hurmat bilan munosabatda boʻlishni taʼminlasinlar.
5. Adliya vazirligi, uning boshqarmasi va joylardagi guruhlari fuqarolarning qonunchilikning buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyati toʻgʻrisida aholi turli tabaqalarini muttasil ravishda xabardor qilib tursinlar, bu borada ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida eʼtibor bersinlar.
Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasiga hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga fuqarolarning qonunchilikning buzilish holatlari boʻyicha murojaatlarining koʻrib chiqilishi masalasini keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida” 1992-yil 12-noyabrdagi 523-son qaroriga tegishli oʻzgartishlar kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida tashkil etilayotgan boshqarmani taʼminlash uchun zarur mablagʻlar ajratsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B.H. Gʻulomov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-iyul,
345-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Fuqarolarning qonunchilik buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish boshqarmasining
TUZILMASI
| Boshqarma boshligʻi | — 1 |
| Boshqarma boshligʻining oʻrinbosari | — 1 |
| Bosh maslahatchi | — 3 |
| Etakchi maslahatchi | — 3 |
| Katta maslahatchi | — 3 |
| Katta nozir | — 2 |
| JAMI: | 13 |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari adliya boshqarmalaridagi Fuqarolarning qonunchilik buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish guruhlarining
TUZILMASI
|
Mintaqalar |
Bosh maslahatchi | Etakchi maslahatchi |
Jami |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 1 | 1 | 2 |
| Andijon viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Buxoro viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Jizzax viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Navoiy viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Namangan viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Samarqand viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Sirdaryo viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Surxondaryo viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Fargʻona viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Qashqadaryo viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Xorazm viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Toshkent viloyati | 1 | 1 | 2 |
| Toshkent shahri | 1 | 1 | 2 |
| JAMI: | 14 | 14 | 28 |