O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MUSAVVIR” ILMIY-IShLAB ChIQARISh MARKAZI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-martdagi 186-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 17-noyabrdagi PF-5242-son Farmoni, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 19-iyundagi PQ-3068-son va ““Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3393-son qarorlari)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
“Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-iyul,
346-son
“Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atini yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1997-yil 31-martdagi Farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 4-iyundagi 282-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan va o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, o‘z nomi o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan gerbli muhrga, hisob-kitob va valyuta schyotlariga ega, xo‘jalik hisobi asosida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 4-iyundagi 282-son Qaroriga muvofiq ish yuritadi.
4. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibiga “Hunarmand” uyushmasi tegishli ijodiy jamoalar, sexlar va ustaxonalar bilan birgalikda kiradi.
5. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi Toshkent shahar, G‘. Mavlonov ko‘chasidagi 18-uyda joylashgan.
II. Asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazining asosiy vazifalari hisoblanadi:
xalq badiiy hunarmandchiligi va xalq san’atining an’anaviy turlarini tiklash va rivojlantirish, yuqori badiiy original, mualliflik buyumlari va xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va ularni sotish, qimmatbaho metallar va toshlardan mahsulotlar namunalari yaratish;
qadimiy san’atning yo‘qolib ketgan turlarini aniqlash va tiklash hamda ularni ishlab chiqarishga joriy etish yuzasidan yordam ko‘rsatish;
“Hunarmand” uyushmasini barcha zarur yo‘riqnoma hujjatlar va tavsiyanomalar bilan ta’minlash;
marketingni amalga oshirish va yuqori badiiy saviyadagi buyumlarni eksportga yetkazib berish maqsadida ularning yangi turlarini ishlab chiqarishga oid istiqbolli yo‘nalishlarni ishlab chiqish;
binolarni zamonaviy dizayn, xalq monumental va tasviriy san’atning barcha turlarini ko‘llagan holda milliy uslubda bezash;
rasmli kitoblar, albomlar, bukletlar, kataloglar va taqvimlar chiqarilishini, ko‘rgazmali savdolar, kimoshdi savdolari o‘tkazilishini, mamlakat ichkarisida va chet elda xalq ustalari va hunarmandlarini keng targ‘ib va reklama qilish uchun xalq san’ati to‘g‘risida hujjatli filmlar va videokassetalar yaratilishini tashkil etish;
xalq ustalari tajribasini o‘rgatish va “Hunarmand” uyushmasi huzurida iste’dodli yoshlarga xalq san’ati an’analarini singdirish uchun yakka tartibdagi shogirdlar maktablari ochilishini tashkil etish.
7. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:
ishlab chiqarilayotgan buyumlarga talabdan kelib chiqib ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati yo‘nalishlarini, rivojlanish istiqbollarini ishlab chiqadi;
davlat korxonalari va boshqa korxonalardan zarur materiallar, xomashyo, asboblar va boshqa mol-mulkni, ular bilan xalq ustalari va hunarmandlarini ta’minlash uchun, qiymatini belgilangan tartibda to‘lagan holda sotib oladi;
ikkilamchi resurslar va chiqindilar to‘planishi va qayta ishlanishini, uskunalar va jihozlarni tuzatishni tashkil etadi, nostandart uskunalar, asboblar tayyorlaydi;
davlat korxonalari va boshqa korxonalardan, muassasalar va fuqarolardan foydalanilmayotgan binolar, inshootlar, imoratlar, mashinalar, asbob-uskunalar, transport vositalari, xomashyo va materiallarni sotib oladi, almashtiradi, ijaraga oladi;
boshqa korxonalar, muassasalar bilan birgalikda vaqtinchalik mehnat jamoalari, shuningdek ijodiy va ilmiy-texnik jamoalar tashkil etadi, ular faoliyatiga shartnoma shartlarida haq to‘laydi;
o‘z nomenklaturasiga kiruvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar, badiiy salonlar, shuningdek xorijiy mamlakatlarda o‘zi ishlab chiqargan tovarlarni konvertatsiya qilinadigan valyutaga sotuvchi do‘konlar ochadi;
o‘z mahsulotini buyumlarning badiiy va texnik sifatini hisobga olgan holda badiiy kengash tomonidan belgilanadigan yoki shartnoma asosidagi narxlarda sotadi.
III. Mol-mulki
8. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazining mol-mulkini asosiy va aylanma mablag‘lar, shuningdek qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladigan va uning mulki hisoblangan boshqa boyliklar tashkil etadi.
9. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazining mol-mulki o‘z tadbirkorlik faoliyati, a’zolarining badallari, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning xorijiy yuridik shaxslar va xalqaro tashkilotlarning homiylik mablag‘lari hisobiga shakllanadi.
10. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazining moliyaviy resurslari mahsulotlarni sotishdan, ishlarni bajarishdan, xizmatlar ko‘rsatishdan olingan tushum, amortizatsiya ajratmalari, shuningdek boshqa kirimlar hisobiga shakllanadi.
11. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi budjetga to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasining soliq solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.
12. Barcha belgilangan va o‘z zimmasiga olgan moliyaviy majburiyatlar to‘langandan keyin “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi ixtiyorida qoladigan foyda zaxira jamg‘armasi, ilmiy-texnik va ijtimoiy rivojlantirish jamg‘armasini va boshqa jamg‘armalarni shakllantirishga, ishlovchilarga to‘lanishi kerak bo‘lgan barcha summalarni (badiiy kengash baholari, pudrat shartnomalari, mehnat shartnomalari, lavozim maoshlari, stavkalar, tariflar bo‘yicha ish haqi) to‘lashga yo‘naltiriladi, Direktorlar kengashining qaroriga ko‘ra foydalaniladi va xodimlar tomonidan ishlab chiqarishga qo‘shilgan payga muvofiq ular o‘rtasida taqsimlanadi.
13. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi ishlovchilar mehnatiga haq to‘lash shakli, tizimi va miqdorlarini mustaqil belgilaydi.
IV. Huquqlari
14. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi quyidagi huquqlarga ega:
respublikada va chet elda korxonalar, tashkilotlar va firmalar bilan, shuningdek xorijiy fuqarolar bilan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha amaliy aloqalarni amalga oshirish;
bitishuvlar va boshqa yuridik harakatlarni, shu jumladan tashqi savdo harakatlarini sodir etish;
ko‘char va ko‘chmas mulkni qurish, sotib olish, ijaraga olish yoki ijaraga berish, ularni belgilangan tartibda balansdan chiqarish;
respublikada o‘z filiallarini ta’sis etish, kichik korxonalar tashkil etish, faoliyati o‘z maqsad va vazifalariga muvofiq keladigan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlarda qatnashish;
yarmarkalar va ko‘rgazmalarda qatnashish, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar, seminarlar tashkil etish, o‘z faoliyati ixtisosligi bo‘yicha xalq san’ati to‘g‘risida reklama mahsuloti chiqarish;
shtatdan tashqari jalb etiladigan mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash tartibi va miqdorini belgilash;
asosiy faoliyat bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun chet elga xizmat safarlariga yuborish va respublikada xorijiy mutaxassislarni qabul qilish.
V. Boshqaruv
15. Bosh direktor boshchilik qiladigan Direktorlar kengashi “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi. Uning tarkibiga “Hunarmand” uyushmasi raisi, Ilmiy-ishlab chiqarish markazi Bosh direktori o‘rinbosarlari, “Hunarmand” uyushmasi hududiy bo‘limlari rahbarlari, shuningdek yetakchi xalq hunarmand ustalari kiradi. Kengash o‘z ishini “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi Bosh direktori tasdiqlaydigan rejaga muvofiq amalga oshiradi.
16. Direktorlar kengashi har yili Markaz faoliyati to‘g‘risida Bosh direktorning hisobotlarini eshitadi, uni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek ishlab chiqarish faoliyati va boshqa faoliyatning eng muhim masalalarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
17. Direktorlar kengashi yil choragida kamida bir marta chaqiriladi.
18. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markaziga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktor “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatiga rahbarlik qiladi, Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, o‘z o‘rinbosarlarini, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi Bosh direktorining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan “Hunarmand” uyushmasi raisi bundan istisno, o‘z o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi. Markaz faoliyatining alohida uchastkalariga va tarkibiy bo‘linmalar ishiga rahbarlik qilish uchun ularning javobgarligi darajasini belgilaydi.
19. Bosh direktor:
Markaz vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimida bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar va yo‘riqnomalar chiqaradi;
barcha korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda, xorijiy firmalarda “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi manfaatlarini ifodalaydi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi;
“Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazining moddiy va pul mablag‘larini boshqaradi, ularning sarflanishini nazorat qiladi.
VI. Tugatish va qayta tashkil etish
20. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazini tugatish va qayta tashkil etish (ajralib chiqish, birlashish) qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.