Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2005—2009 YILLARDA UMUMTAʼLIM MAKTABLARINI MEBEL, ZAMONAVIY OʻQUV-LABORATORIYA ASBOB-USKUNALARI, KOMPYuTER TEXNIKASI VA SPORT ANJOMLARI BILAN JIHOZLASh DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2004—2009-yillarda Maktab taʼlimini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi toʻgʻrisida” 2004-yil 21-maydagi PF–3431-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, maktablarni davlat taʼlim standartlari talablariga javob beradigan mebel, oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, sport anjomlari va kompyuter texnikasi bilan jihozlashning yangi normativlari va mexanizmlariga oʻtish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda maktab mebeli va sport anjomlariga qoʻyiladigan yagona talablar, shuningdek davlat taʼlim standartlari bilan oʻzaro bogʻlangan umumtaʼlim maktablarini mebel va oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash normativlari ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 19-fevraldagi F—1910-son farmoyishi bilan tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqilgan 2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablarini mebel, zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlash dasturi (keyingi oʻrinlarda dastur deb ataladi) 1—3-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1—3-ilovalar berilmaydi.
Maxsus komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi taqdimnomasiga koʻra, zaruriyat boʻlganda, Dasturga oʻqitish vositalari ishlab chiqarishda ilmiy-texnika yutuqlarini, maktablarning qurilishi va mukammal rekonstruksiya qilinishi tugallanib amalda foydalanishga topshirilishini hisobga oluvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Umumtaʼlim maktablarini 2005-yilda mebel, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlashning aniq dasturi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 4-ilova berilmaydi.
4. Budjetdan tashqari Maktab taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari, belgilangan tartibda ajratiladigan xorijiy kreditlar va grantlar Dasturni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2005-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini ishlab chiqishda koʻrsatib oʻtilgan Dasturni amalga oshirish uchun budjetdan tashqari Maktab taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasiga mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
umumtaʼlim maktablarini mebel, zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlash qonun hujjatlariga muvofiq tender savdolari oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
maktab mebeli, zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari xarid qilish yuzasidan tuziladigan shartnomalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yagona buyurtmachi xizmatlari tomonidan hududiy xalq taʼlimi organlari bilan birgalikda tuziladi;
maktab mebeli, zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari yetkazib berish yuzasidan shartnomalarda avans toʻlovi kamida 30 foiz miqdorida nazarda tutiladi, keyinchalik amalda yetkazib berish hajmidan kelib chiqqan holda har oyda toʻlanadi;
yetkazib berish sifati va muddatlari, shuningdek tovarlar va xizmatlarga oʻz vaqtida haq toʻlash boʻyicha shartnoma shartlarining bajarilishi monitoringi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 1—3-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan 2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablarini jihozlashning koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda har yili 1-oktabrgacha kelgusi yilda umumtaʼlim maktablarini mebel, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlashning aniq dasturini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Maxsus komissiyaga taqdim etsin.
Har yillik aniq dasturlarni shakllantirishda har bir maktabning amalda moddiy-texnik taʼminlanganligi qatʼiy hisobga olinsin hamda maktab mebeli, oʻqitishning texnik vositalari, koʻrgazmali oʻquv qoʻllanmalari, laboratoriya asbob-uskunalari, priborlar, kompyuter texnikasi va sport anjomlari asossiz hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 21-oktabr,
493-son