Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOGʻLIQNI SAQLASH MUASSASALARINI TEXNIKA BILAN JIHOZLASH UCHUN BERILAYOTGAN XITOY XALQ RESPUBLIKASI HUKUMATINING FOIZSIZ KREDIT MABLAGʻLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilayotgan foizsiz kreditdan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida 2002-yil 21-oktabrdagi Hukumatlararo bitimga muvofiq Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan oʻn yillik imtiyozli davrni qoʻshgan holda 20 yil muddat bilan 30 mln. yuan (3,62 mln AQSH dollari) miqdorida foizsiz kredit berilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
foizsiz kredit mablagʻlari “Tibbiyot institutlarini va ularning klinika bazalarini davolash-tashxis qoʻyish va oʻquv asbob-uskunalari bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi;
kreditni qaytarish hamda unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq zarur toʻlovlar va vositachilik haqini toʻlash davlat budjeti hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilayotgan foizsiz kredit mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga* muvofiq;
koʻrsatib oʻtilgan loyihani moliyalashtirish uchun Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilayotgan foizsiz kreditni qaytarish jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirish boʻyicha ijro etuvchi agent etib tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Azizxoʻjayev Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Ayirboshlash notalarini imzolashga vakil qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan vakil qilingan bank bilan kreditga kredit bitimi imzolangan kunda belgilangan kurs boʻyicha AQSH dollarida hisob-kitob xizmati koʻrsatish boʻyicha banklararo bitimni imzolasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda:
koʻrsatib oʻtilgan loyiha boʻyicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin, unda asbob-uskunalarning oliy tibbiyot oʻquv muassasalari va ularning filiallariga, farmatsevtika institutiga hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining vrachlar malakasini oshirish institutiga aniq yoʻnaltirilishini nazarda tutsin;
sotib olinayotgan asbob-uskunalarning uzil-kesil spetsifikatsiyasini Xitoy tomoni bilan birgalikda belgilasin, keyinchalik tender asosida aniqlangan vakolatli yetkazib beruvchi bilan import kontraktini tuzsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan kreditdan foydalanish va uni qaytarish boʻyicha uch tomonlama agentlik bitimini imzolasin.
7. Sotib olinayotgan laboratoriya, davolash-tashxis qoʻyish, jarrohlik va oʻquv asbob-uskunalaridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuklansin.
8. Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilayotgan kredit doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan asbob-uskunalar bojxona toʻlovlarini (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmanomalariga binoan koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar uchun kelish vizalarining konsullik yigʻimlari undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmanomalariga binoan koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar berilishini va muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini hamda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 14-iyun,
280-son