Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NEFT VA GAZ TARMOGʻINING ISHCHILAR TAʼMINOTI KORXONALARINI BOSHQARISH TUZILMASINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 21-oktabrdagi 460-son qarorini bajarish yuzasidan hamda respublika neft va gaz tarmogʻining ishchilar taʼminoti korxonalarini tashkil etish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va ishchilar taʼminoti korxonalari aksiyadorlarining ishchilar taʼminoti funksiyalarini amalga oshiruvchi ilovaga muvofiq korxonalarni birlashtirish yoʻli bilan “Buxoroneftgazishchitaʼminot”, “Qashqadaryoneftgazishchitaʼminot”, “Vodiyneftgazishchitaʼminot” va “Toshneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
neft va gazni qidirish, burgʻulash, qazib chiqarish, tashish va qayta ishlash obyektlarida mashgʻul boʻlgan neft va gaz tarmogʻi xodimlarini oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj tovarlari bilan taʼminlash;
neft va gaz tarmogʻi obyektlariga tutash aholi punktlarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ulgurji va chakana savdo qilish va savdo shoxobchalarini kengaytirish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi yordamchi xoʻjaliklarni rivojlantirish va yuritish “Buxoroneftgazishchitaʼminot”, “Qashqadaryoneftgazishchitaʼminot”, “Vodiyneftgazishchitaʼminot” va “Toshneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarining asosiy vazifalari hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “Oʻzneftgazishchitaʼminot” aksiyadorlik kompaniyasini tugatish komissiyasi bilan birgalikda qayta tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarining ustav jamgʻarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 24-yanvardagi PF–3202-son Farmoni talablariga muvofiq shakllantirilishini va yangi tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarining ustavlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlagan holda, ularda bir oy muddatda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlarini oʻtkazsinlar.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Buxoroneftgazishchitaʼminot”, “Qashqadaryoneftgazishchitaʼminot” va “Vodiyneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarining davlatga tegishli aksiyalari paketlari “Oʻzgeoburgʻuneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga, “Toshneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining davlat paketi esa “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga, ular belgilangan tartibda professional boshqaruvchi kompaniyalarga ishonchli boshqaruvga berilgunga qadar beriladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-aprel,
201-son
Neft-gaz tarmogʻi ishchilar taʼminoti tashkilotlari
ROʻYXATI
ROʻYXATI
|
Tashkil etiladigan ishchilar |
Birlashtiriladigan ishchilar |
| “Buxoroneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyati | “Juldiz” (Qoʻngʻirot shahri), “Taʼminot” (Urganch shahri), “Neftgaz” (Gazli shahri), “Omad” (Buxoro shahri) ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, “20-son ishchilar taʼminoti boʻlimi” unitar korxonasi (Kogon shahri) |
| “Qashqadaryoneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyati | “Qarshi 1-son ishchilar taʼminoti”, “Shoʻrtan”, “Jarqoʻrgʻon tumani 9-son ITB” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, “Shoʻrtan” yordamchi xoʻjaligi” unitar korxonasi |
| “Vodiyneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyati | “Madadkor” (Saidobod shaharchasi), “Taʼminotchi” (Andijon viloyatidagi Janubiy Olamushuk shaharchasi), “Mingbuloqneft” (Chortoq shahri), “Qora oltin” (Hamza shahri), “Fargʻonaneft” (Rishton shahri) hamda “Bogʻdod ulgurji chakana savdo” (Bogʻdod shahri) ochiq aksiyadorlik jamiyatlari |
| “Toshneftgazishchitaʼminot” ochiq aksiyadorlik jamiyati | “Neftgaz” va “Neftgazsavdo” (Toshkent shahri) ochiq aksiyadorlik jamiyatlari |
| |