Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XITOY XALQ RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN MOLIYAVIY VA TEXNIK HAMKORLIKNI KENGAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilgan foizsiz kreditdan va grantlardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi 2003-yil 15-fevraldagi Hukumatlararo bitimga muvofiq Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan 5 mln yuan (0,61 mln AQSH dollari) miqdorida grant berilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi 2003-yil 23-sentabrdagi Hukumatlararo bitimga muvofiq Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan 20 yil muddatga, shu jumladan oʻn yillik imtiyozli davrga 30 mln yuan (3,66 mln AQSH dollari) miqdorida foizsiz kredit hamda 15 mln yuan (1,83 mln AQSH dollari) miqdorida grant berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
foizsiz kredit va grantlar mablagʻlari “Sirdaryo va Jizzax viloyatlari yerlarining meliorativ holatini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish uchun irrigatsiya-melioratsiya texnikasi va ularga ehtiyot qismlar xarid qilishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xorijiy investorlarni va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish mintaqaviy boʻlimlari moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi;
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining foizsiz kreditini qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilgan foizsiz kredit va grantlar mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga* muvofiq;
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining “Sirdaryo va Jizzax viloyatlari yerlarining meliorativ holatini yaxshilash” loyihasini moliyalashtirish uchun berilgan foizsiz kreditini qaytarish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan vakil qilingan bank bilan foizsiz kredit va grantlarga hisob-kitob xizmati koʻrsatish yuzasidan banklararo bitimni imzolashga vakil qilinsin.
5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Sirdaryo va Jizzax viloyatlari yerlarining meliorativ holatini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish boʻyicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
bir oy muddatda “Sirdaryo va Jizzax viloyatlari yerlarining meliorativ holatini yaxshilash” loyihasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslashlarni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin;
foizsiz kreditdan foydalanish va uni qaytarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan uch tomonlama agentlik bitimini bir oy muddatda imzolasin;
yetkazib beriladigan irrigatsiya-melioratsiya texnikasiga Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bazasida kafolatli xizmat va servis xizmati koʻrsatish tashkil etilishini taʼminlasin.
7. Foizsiz kredit va grantlar mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan:
Oldingi tahrirga qarang.
melioratsiya texnikasidan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javobgarlik — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga hamda Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklariga;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
kompyuter texnikasi va tashkiliy texnikadan maqsadli va samarali foydalanilishi, dasturiy taʼminot uchun javobgarlik - Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuklansin.
8. Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan berilgan foizsiz kredit va grantlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinadigan texnika va ularga ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlari (bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining foizsiz krediti va grantlari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar uchun kelish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining foizsiz krediti va grantlari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 19-aprel,
184-son