Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TOSHKENT SHAHRINING SUV TAʼMINOTI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent shahrida kommunal xizmat koʻrsatishning infratuzilmasini rivojlantirish, xoʻjalik maqsadidagi va ichimlik suv taʼminoti tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va takomillashtirish, shuningdek ichimlik suv sarflanishini hisobga olishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi “Toshkent shahrining suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda matnda “loyiha” deb yuritiladi) amalga oshirish uchun 15 yil muddatga, shu jumladan uch yillik imtiyozli davrga 10,0 mln AQSH dollari miqdorida kredit berilishini maʼqullaganligi;
Toshkent shahar hokimligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining koʻrsatib oʻtilgan krediti boʻyicha qarz oluvchi ekanligi;
“Suvsoz” tresti loyihaning bajaruvchisi ekanligi;
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti boʻyicha asosiy qarz, vositachilik haqi va ular boʻyicha foizlar “Suvsoz” trestining oʻz mablagʻlari hisobiga qaytarilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan kredit bitimini va “Suvsoz” tresti bilan loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolasin.
“Suvsoz” tresti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolasin.
3. Quyidagilar:
“Toshkent shahri suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining 1-ilovaga* muvofiq asosiy koʻrsatkichlari;
loyihani moliyalashtirishning manbalari va qismlari boʻyicha sxemasi 2-ilovaga* muvofiq;
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kreditlarini qaytarish jadvali 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Toshkent shahar hokimligi bilan belgilangan tartibda kafolat bitimini tuzgan holda, loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan kredit boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasidagi kafolat bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga vakil qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi kafolat va kredit bitimlari boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosalarni bersin.
6. Loyiha oʻz vaqtida amalga oshirilishi taʼminlanishi, kredit resurslaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun masʼuliyat Toshkent shahar hokimligi va “Suvsoz” trestiga yuklansin.
Toshkent shahar hokimligi loyiha doirasida bajariladigan ishlar va xizmatlar muvofiqlashtirilishini taʼminlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tartib-qoidalari va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq loyihani boshqarish, kredit resurslaridan foydalanishni nazorat qilish va hisobga olish masʼuliyati yuklagan holda 4 kishidan iborat tarkibda loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etsin.
“Suvsoz” tresti suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlaridan tushadigan mablagʻlar loyiha doirasida nazarda tutilgan kapital qoʻyilmalarni amalga oshirish va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kreditiga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish uchun zarur miqdorda maxsus hisob raqamida yigʻilishini taʼminlasin.
7. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti mablagʻlari hisobiga import qilinadigan asbob-uskunalar, materiallar va ishlar (xizmatlar) loyihani amalga oshirish davrida bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahar hokimligining buyurtmasi boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan chet ellik mutaxassislarga kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar hokimligining buyurtmasi boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan chet ellik mutaxassislarga, ularni davlat boji undirishdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish uzaytirilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov va Toshkent shahar hokimi R.M.Shoabdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral,
93-son