Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MEHR VA MURUVVAT YILI” DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda 2004-yilning “Mehr va muruvvat yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan, jamiyatimizda ahillik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat, millatlararo doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlarimiz ongi va tafakkurida yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish, aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, xususan, kam taʼminlangan toifa va oilalarni qoʻllab-quvvatlash hamda davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Mehr va muruvvat yili” dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar:
— davlat idoralari va jamoat tuzilmalarining mablagʻ va imkoniyatlarini, korxona va tashkilotlar, shirkat va fermer xoʻjaliklari, tadbirkor va ishbilarmonlarning homiylik yordamlarini kam taʼminlangan oilalar, nogironlar, boquvchisidan judo boʻlgan fuqarolar va yolgʻiz keksalarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun jalb etishga;
— jamiyat hayotining asosiy boʻgʻini boʻlgan oila tizimini mustahkamlash, onalik va bolalikni, inson hayoti va manfaatlarini himoyalash, muhofaza qilish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, jumladan, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholiga tibbiy, savdo va kommunal-maishiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash boʻyicha aniq rejalarni amalga oshirishga;
— yurtdoshlarimizni mehribonlik va ezgulik ruhida tarbiyalash, zamon talablariga javob beradigan qadimiy anʼana va qadriyatlarimizni hayotimizga yanada chuqurroq singdirish, bunday intilish va harakatlarni ommaviy axborot vositalari, joylardagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar orqali keng targʻib qilishga yoʻnaltirilgani maʼqullansin.
2. “Mehr va muruvvat yili” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar ushbu dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va talab darajasida bajarilishini taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar va agentliklar, xoʻjalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, jamgʻarmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
yilning har choragida, tegishli idoralar va tuzilmalarni jalb etgan holda, “Mehr va muruvvat yili” dasturining bajarilishini muhokama qilib, zarur chora-tadbirlar koʻrib borsin;
yilning har choragi yakunlari boʻyicha dastur topshiriqlarining bajarilishi natijalari toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotni keyingi oyning 7-kunigacha respublika komissiyasiga taqdim etsin.
4. Matbuot va axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga aholi oʻrtasida “Mehr va muruvvat yili” dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning mohiyati va ahamiyatini ochib berish, ularni amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-yanvar,
40-son