Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO MOLIYA INSTITUTLARI IShTIROKIDA AMALGA OShIRILAYOTGAN “TOZA SUV, SANITARIYA VA AHOLI SALOMATLIGI” LOYIHASINI ROʻYoBGA ChIQARISh SAMARADORLIGINI OShIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Quvayt arab iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi kreditlari hisobiga amalga oshirilayotgan “Toza suv, sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini roʻyobga chiqarishda qurilish-montaj ishlarining bajarilishi va xorijiy maslahatlashuv kompaniyalari faoliyati ustidan nazoratning susaytirib yuborilganligi tufayli kredit mablagʻlaridan samarasiz foydalanishga yoʻl qoʻyilgan, buning natijasida respublika manfaatlariga iqtisodiy zarar yetkazilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi Loyihani birgalikda amalga oshirishda qatnashishdan oʻzlarini chetga olishgan.
“Toza suv, sanitariya va aholi salomatligi” loyihasi boʻyicha xorijiy kreditlarni oʻz vaqtida va samarali oʻzlashtirish yuzasidan taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan:
asbob-uskunalar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tuzilgan barcha kontraktlar xatlovdan oʻtkazilganligi, Loyihaning joriy holati baholanganligi va yakuniy hisob-kitob qilishda ilgari xorijiy maslahatchilarga asossiz toʻlangan kredit mablagʻlari ushlab qolinganligi;
Loyiha boʻyicha sotib olinadigan asbob-uskunalar roʻyxati respublika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar importi chiqarib tashlangan holda maqbullashtirilganligi;
qarz mablagʻlarining harakatini moliyaviy hisobga olish va nazorat qilishning milliy va xalqaro moliya hisobotlari standartlari talablariga muvofiq boʻlgan tizimi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ijrochi agent etib belgilansin, unga koʻrsatib oʻtilgan Loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, loyiha boʻyicha tugallangan obyektlarni foydalanuvchi tashkilotlar bilan birgalikda qabul qilib olish uchun javobgarlik yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ikki hafta muddatda:
1-ilovaga muvofiq xodimlarining cheklangan soni 15 kishidan iborat boʻlgan yuridik shaxs sifatidagi Loyihani amalga oshirish guruhini tuzsin;
Oʻzbekiston Respublikasi tijorat bankida Loyihaning maxsus hisob raqamini ochsin.
4. Quyidagilar Loyihani amalga oshirish guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
moliyalashtiruvchi xalqaro tashkilotlar tartibotlariga va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Loyihani va kredit mablagʻlarini boshqarish;
kredit mablagʻlaridan qarz bitimlari va Hukumat qarorlarida Loyihaning belgilangan maqsadlariga qatʼiy muvofiq ravishda foydalanish;
qurilish ishlarining sifati va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, koʻrsatkichlarda kontraktlarda nazarda tutilgan koʻrsatkichlar oʻrtasida tafovutlar aniqlangan taqdirda pudrat tashkilotlariga oʻz vaqtida eʼtiroz va reklamatsiyalar kiritish;
obyektlarning oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishini nazorat qilish va malakali mahalliy mutaxassislar — muhandislar va guruhning shtatdagi xodimlari tomonidan qurilishning borishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish;
kredit mablagʻlarining moliyaviy hisobini yuritish va amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq ulardan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot tuzish;
xarid hujjatlarini tayyorlashda va takliflarni baholashda tender komissiyasi ishida qatnashish.
Belgilab qoʻyilsinki, Loyihani amalga oshirish guruhi xodimlari Loyiha boshqarilishi va mablagʻlardan samarali foydalanilishi, shuningdek qurilish ishlari texnik nazorat qilinishi uchun shaxsan javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)
8. Vazirlar Mahkamasining “Qizketgan shaharchasini suv bilan taʼminlashning koʻrgazmali loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 29-avgustdagi 421-son qarorining 8-bandi va qarorga 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 13-yanvar,
17-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 13-yanvardagi 17-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi
“Toza suv, sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini amalga oshirish guruhining
TUZILMASI
“Toza suv, sanitariya va aholi salomatligi” loyihasini amalga oshirish guruhining
TUZILMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-apreldagi 120-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 17-son, 194-modda)