Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SURXONDARYO VILOYATIDAGI SURXONDARYO DARYOSINING SUVNI MUHOFAZA QILISH ZONASINI VA QIRGʻOQBOʻYI POLOSASINI BELGILASH TOʻGʻRISIDA
“Alohida qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va Vazirlar Mahkamasining “1999—2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi toʻgʻrisida” 1999-yil 20-oktabrdagi 469-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Surxondaryo viloyatidagi Surxondaryo daryosining suvni muhofaza qilish zonasi qirgʻoqboʻyi polosasi bilan tegishli ravishda 1 va 2-ilovalarga* muvofiq 9208 gektar va 1521,3 gektar etib belgilansin.
* 1-2 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Surxondaryo viloyati hokimligi:
Oldingi tahrirga qarang.
Surxondaryo daryosi qirgʻoqboʻyi polosasidagi yerlarni yer egalaridan va yerdan foydalanuvchilardan belgilangan tartibda olsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlariga oʻrmon-meliorativ va boshqa suvni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda foydalanish uchun bersin, suv xoʻjaligi obyektlari joylashgan yerlar bundan mustasno;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga, unga yerlardan doimiy foydalanish huquqiga Davlat dalolatnomasi bergan holda, belgilangan tartibda yerlar ajratsin;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan kelishgan holda 2005-yilgacha suvni muhofaza qilish zonasidan ekologiya jihatidan potensial xavfli obyektlarni, qirgʻoqboʻyi polosasidan esa istisnosiz barcha obyektlarni chiqarish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda oʻrmonzorlar barpo etish uchun suvni muhofaza qilish zonasidan yerlar ajratish imkoniyatini koʻrib chiqsin.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 12-yanvar,
15-son