Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent tibbiyot akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2005-yil 19-iyuldagi PF–3629-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish va uning sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi 102-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 17-son, 206-modda)
2. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari deb hisoblansin:
aholiga tibbiy yordam koʻrsatishni sifat jihatidan yaxshilash maqsadida yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlashni taʼminlash va sogʻliqni saqlash tizimi tuzilmasini takomillashtirishda qatnashish;
ilgʻor taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish asosida oʻquv jarayonini tashkil etishni yangi mazmun bilan toʻldirish;
boʻlajak tibbiyot mutaxassislarini oʻqitishni ular davolash amaliyotining aniq koʻnikmalarini egallab olishi bilan birgalikda taʼminlash;
tibbiyot kadrlari tayyorlashning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, atrof muhitdagi ekologik oʻzgarishlarni hisobga olgan holda vrachlar faoliyatida profilaktika yoʻnalishini shakllantirish;
tibbiyot kadrlari tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha respublikadagi yetakchi taʼlim muassasasi sifatida, shuningdek tibbiyot, sogʻliqni saqlash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha mamlakatning tibbiyot oliy oʻquv yurtlarini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish;
tibbiyot pedagogika kadrlarida vatanparvar fuqaro tuygʻularini, yuksak professionalizm va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirgan holda ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
tibbiyot kadrlari tayyorlash boʻyicha Vatanimizdagi va xorijdagi ilgʻor tajribani hisobga olish va tizimlashtirish hamda uni respublikaning oliy tibbiyot taʼlimi tizimiga joriy etish.
3. Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining Urganch filiali va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining Fargʻona filiali Toshkent tibbiyot akademiyasining tegishli filiallariga qayta nomlansin.
4. Belgilansinki, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda tegishli ravishda uning Urganch va Fargʻona filiallari:
Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti, Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti, Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filiali va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Fargʻona filialining huquqlari, majburiyatlari va tuzilgan shartnomalarining;
Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti, Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti, Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filiali va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Fargʻona filialining balansida boʻlgan mol-mulkning huquqiy vorislari hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori bir hafta muddatda Akademiyaning asosiy vazifalaridan va faoliyati yoʻnalishlaridan kelib chiqib Ilmiy kengashni shakllantirsin. Ilmiy kengash mamlakatda tibbiyot sohasida tayyorlanadigan mutaxassislar va olimlarning darajasi va sifatini oshirish ishida yetakchi tuzilma sifatida Akademiyani tashkil etish va shakllantirish jarayonida rektoratga muhim tayanch boʻlishi kerak.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning filiallari faoliyati joriy yilda Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari va ularning filiallariga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida moliyalashtirilishini taʼminlasin;
tugatilayotgan Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari va ularning filiallari professor-oʻqituvchilar tarkibining umumiy sonini saqlab qolsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (F.Nazirov) Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati bilan birgalikda bir oy muddatda Akademiya ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
8. Quyidagilar:
davolash fakulteti hamda Oliy hamshiralik ishi fakulteti tugatilgan Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti korpuslarida;
stomatologiya, tibbiy-profilaktika va tibbiy-pedagogika fakultetlari sobiq Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti korpuslarida joylashtirilsin.
Toshkent shahar hokimligi (A.Toʻxtayev) Toshkent tibbiyot akademiyasi hududlari oʻrtasida avtobus yoʻnalishini tashkil etsin. Yoʻnalish talabalar yotoqxonalariga tutashib ketgan koʻchalar boʻylab oʻtishini nazarda tutilsin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi (F.Nazirov), Toshkent tibbiyot akademiyasi (Sh.Karimov):
qabul komissiyalari faoliyatida biror-bir taʼmagirlik va poraxoʻrlik hollarini, abituriyentlarning Akademiyaga tanish-bilishchilik va boshqa subyektiv sabablar bilan kirishini istisno etish uchun qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsinlar;
klinik bazalarning respublika va shahar davolash-profilaktika va sanitariya muassasalarida joylashishini hisobga olgan holda kafedralarning soni, tarkibi va joylashtirilishini bir oy muddatda maqbullashtirsinlar, bunda ularning takrorlanishi va parallel mavjud boʻlishi istisno etilsin;
Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning filiallari professor-oʻqituvchilar tarkibini belgilangan tartibda tanlov asosida tanlab olsinlar.
10. Toshkent shahar, Forobiy koʻchasi, 2-uy Toshkent tibbiyot akademiyasining yuridik manzili etib belgilansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 29-iyul,
178-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi 102-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 17-son, 206-modda)