O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASINI TASHKIL QILISH TO‘G‘RISIDA
Yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish va sifatini oshirish, o‘qish jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan zarur o‘quv va moddiy-texnika bazasini yaratish, ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish asosida o‘qish jarayonini yangi mazmun bilan boyitish, bo‘lg‘usi mutaxassislarning ta’limi ular tomonidan aniq davolash amaliyoti malakalarini egallash bilan chambarchas bog‘lab olib borilishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tugatilayotgan Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari negizida Toshkent tibbiyot akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Toshkent tibbiyot akademiyasi Respublikada yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlaydigan yetakchi o‘quv muassasasi hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2005/2006 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2005-yil 2-iyundagi PQ-92-sonli qaroriga muvofiq 2005/2006 o‘quv yiliga bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari uchun belgilangan qabul kvotalari Toshkent tibbiyot akademiyasida saqlab qolinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektorati bilan birgalikda ilgari tasdiqlangan qabul komissiyalari faoliyatining aniq puxta tashkil etilishini va ular uzluksiz ishlashini, Akademiyaga qabul qilish chog‘ida test tanlovi o‘tkazilishi hamda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlar qabul qilinishini ta’minlasin.
Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlariga hujjat topshirgan va test sinovlarida muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar Toshkent tibbiyot akademiyasining talabalari etib qabul qilinishi belgilab qo‘yilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda Toshkent tibbiyot akademiyasini tashkil qilish va uning faoliyati bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar yuzasidan qaror qabul qilsin.
Qarorda quyidagilar nazarda tutilsin:
hozir faoliyat ko‘rsatayotgan beshta fakultet — davolash, tibbiy-pedagogika, stomatologiya, tibbiy-profilaktika hamda “Oliy hamshiralik ishi” fakultetlarini saqlab qolish;
davolash fakulteti hamda “Oliy hamshiralik ishi” fakultetini tugatilgan Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti korpuslarida, stomatologiya, tibbiy-profilaktika va tibbiy-pedagogika fakultetlarini esa — sobiq Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti korpuslarida joylashtirish;
Toshkent tibbiyot akademiyasining yangi tashkiliy tuzilmasi, kafedralar, o‘quv, laboratoriya hamda yordamchi tuzilmalarning soni, tarkibi va nomini qayta ko‘rib chiqish, ularning takrorlanishi va parallel holda olib borilishiga barham berishni ko‘zda tutish. Ayni vaqtda professor-o‘qituvchilar tarkibining umumiy soni saqlab qolinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tugatilayottan Birinchi va Ikkinchi Toshkent tibbiyot institutlarining binosi, inshootlari hamda boshqa mulki va aktivlarini Toshkent tibbiyot akademiyasi balansiga bepul o‘tkazsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 19-iyul,
PF-3629-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 28-29-son, 205-modda)