Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
IKKILAMCHI BOZORDA ERKIN KONVERTATSIYA QILINADIGAN VALYUTADA AMALGA OSHIRILADIGAN QIMMATLI QOGʻOZLAR BILAN BITISHUVLARGA HISOB-KITOB-KLIRING XIZMATI KOʻRSATISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 22-fevralda 1658-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida”, “Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida”, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qimmatli qogʻozlar ikkilamchi bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 29-apreldagi 196-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-yil 7-8-son, 65-modda) muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida” 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil 39-son, 387-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi, Moliya vazirligi va Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. “Ikkilamchi bozorda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladigan qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarga hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktori K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-dekabr,
2006-17-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-dekabr,
5-son
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-dekabr,
283-V-son
Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi, Moliya vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvining
2006-yil 29-dekabrdagi 2006-17, 5, 283-V-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2006-yil 29-dekabrdagi 2006-17, 5, 283-V-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Ikkilamchi bozorda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladigan qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarga hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida”, “Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida”, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 387-modda) muvofiq, ikkilamchi bozorda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladigan korporativ qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
hisob-kitob-kliring palatasi (tashkilot) — qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining tegishli litsenziyasi asosida qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitob-kliring operatsiyalarini amalga oshiruvchi qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchisi (investitsiya instituti);
savdolarning tashkilotchisi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan va qimmatli qogʻozlarning birja yoki birjadan tashqari savdosini tashkil etish boʻyicha faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshiruvchi, hisob-kitob-kliring palatasi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
hisob-kitob-kliring palatasi aʼzosi — qimmatli qogʻozlar bozorining qimmatli qogʻozlar bozorida oʻzi tomonidan sodir etilgan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish toʻgʻrisida hisob-kitob-kliring palatasi bilan tuzilgan shartnomani imzolagan professional qatnashchisi;
savdolar qatnashchisi — hisob-kitob-kliring palatasi aʼzolari yoki oʻz nomidan va oʻz hisobidan yoki oʻz mijozlari uchun qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni tuzish uchun tashkil etilgan savdolarda ishtirok etuvchi mijozlar;
savdo hisob raqami — Markaziy depozitariyning hisobga olish roʻyxatlaridagi deponentning qimmatli qogʻozlarini saqlashga va tashkil etilgan savdolarga qoʻyiladigan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olishga moʻljallangan yozuvlar jami;
hisob-kitob-kliring palatasidagi shaxsiy hisob raqam — hisob-kitob-kliring palatasining hisobga olish roʻyxatlaridagi mijozning yoki hisob-kitob-kliring palatasi aʼzosining, shuningdek savdolarning tashkilotchilari va Markaziy depozitariyning pul mablagʻlarini hisobga olishga moʻljallangan yozuvlar jami;
toʻlovga qarab yetkazib berish — qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni bajarish tartibi, bunda qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlari faqat hisob-kitob-kliring operatsiyalari qatnashchilarining hisob raqamlarida sodir etilgan bitishuvlarni bajarishga moʻljallangan zarur miqdordagi qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlari borligi tekshirilgandan va tasdiqlangandan keyin oʻtkaziladi;
“savdolarga chiqarish harakati toʻxtatildi” boʻlimi — birja va birjadan tashqari savdo tizimlarida sotish uchun qoʻyiladigan qimmatli qogʻozlarni hisobga olishga moʻljallangan maxsus boʻlim. Mazkur boʻlim faqat savdolar qatnashchisining Markaziy depozitariydagi savdo hisob raqamida ochilishi mumkin;
“yetkazib berish harakati toʻxtatildi” boʻlimi — savdolar natijalariga koʻra qimmatli qogʻozlar boʻyicha majburiyatlarni hisobga olish uchun moʻljallangan. Mazkur boʻlim faqat savdolar qatnashchisining Markaziy depozitariydagi savdo hisob raqamida ochilishi mumkin;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi;
xizmat koʻrsatuvchi bank — hisob-kitob-kliring palatasining oʻzi tomonidan xoʻjalik faoliyati yuritilishiga moʻljallangan hisob-kitob-kliring palatasining talab qilib olinadigan depozit hisob raqamiga va (yoki) hisob-kitob-kliring palatasi aʼzolari va mijozlarining pul mablagʻlarini hisobga olish va saqlashga moʻljallangan talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga xizmat koʻrsatish boʻyicha hisob-kitob-kliring palatasiga xizmatlar koʻrsatuvchi bank.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Hisob-kitob-kliring palatasi (bundan buyon matnda HKP deb yuritiladi) faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qimmatli qogʻozlar ikkilamchi bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 29-apreldagi 196-son qarori bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar bozorida hisob-kitob-kliring palatalari toʻgʻrisida nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 7-8-son, 65-modda), mazkur Nizom va boshqa qonun hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish qoidalari, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi bilan kelishilishi lozim.
II. Hisob-kitoblarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada olib borish boʻyicha HKP faoliyatini tashkil etish
4. Erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada tuziladigan qimmatli qogʻozlar bitishuvlari boʻyicha hisob-kitoblar “toʻlovga qarab yetkazib berish” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
5. HKP, savdolar qatnashchilarining erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi pul mablagʻlarini hisobga olish va saqlash maqsadida, qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda xizmat koʻrsatuvchi bankda talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamini ochadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Rezidentlarning xorijiy banklardagi hisob raqamlardan foydalangan holda amalga oshirilgan savdolarning tashkilotchilari savdo maydonchalarida tuzilgan qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlari boʻyicha erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi pul hisob-kitoblari Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladi.
7. Savdolarning tashkilotchilari savdo maydonchalarida oʻtkaziladigan bitishuvlar boʻyicha qimmatli qogʻozlarni sotish yoki sotib olish bahosi faqat Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida koʻrsatiladi.
8. Agar, savdolarning tashkilotchilari qoidalarida yoxud qimmatli qogʻozlar sotuvchisining topshiriq (vositachilik) shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, qimmatli qogʻozlarni oluvchi-norezident, qimmatli qogʻozlarning qiymatini erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi pul mablagʻlarida toʻlashga haqli.
9. Birja va tashkillashtirilgan birjadan tashqari savdolarda tuziladigan qimmatli qogʻozlarning oldi-sotdi bitishuvlari boʻyicha erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi hisob-kitoblar, HKPning xizmat koʻrsatuvchi bankdagi talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqami orqali amalga oshiriladi.
10. Norezidentlar ishtirokida erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada tuziladigan qimmatli qogʻozlarning oldi-sotdi bitishuvlari boʻyicha hisob-kitoblar va toʻlovlar, naqd pulsiz tartibda, shu jumladan, bank plastik kartochkalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
11. Qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun pul mablagʻlarni HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga oʻtkazish:
yuridik shaxslar tomonidan pul mablagʻlarni oʻzining tegishli bankdagi hisob raqamidan HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga koʻchirish yoʻli bilan;
jismoniy shaxslar tomonidan pul mablagʻlarni oʻzining bank plastik kartochkalaridan koʻchirish yoʻli bilan, shuningdek keyinchalik HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga koʻchirish uchun tegishli bankka naqd pul mablagʻlarini qonun hujjatlarda oʻrnatilgan tartibda kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Jismoniy shaxslarning qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun pul mablagʻlarini oʻtkazishda, toʻlov topshiriqnomasining “Toʻlovchining nomi” ustunida jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va fuqaroligi toʻliq koʻrsatilishi lozim. Aks holda, HKP pul mablagʻlarini uning tegishli bankdagi hisob raqamiga qaytarishga haqli.
Jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini HKPning ikkilamchi depozit hisob raqamiga oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasining “Toʻlov maqsadi” ustunida jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning turi, ushbu hujjatning seriyasi va raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilgan boʻlishi lozim.
13. Pul mablagʻlarini HKPning ikkilamchi depozit hisob raqamiga oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasining “Toʻlov maqsadi” ustunida qoʻshimcha ravishda quyidagi maʼlumotlar aks ettirilgan boʻlishi lozim:
savdolar tashkilotchisining nomi;
pul mablagʻlarining deponentga qoʻyilgan muddati (deponentga qoʻyish muddati koʻrsatilmagan hollarda pul mablagʻlari bir oy muddatga deponentga qoʻyiladi).
Investitsiya vositachisi mavjud boʻlganda, toʻlov topshiriqnomasining “Toʻlov maqsadi” ustunida quyidagi maʼlumotlar ham kiritiladi:
topshiriq (vositachilik) shartnomasiga muvofiq, ushbu pul mablagʻlarning taqsimlovchisi etib tayinlangan investitsiya vositachisi toʻgʻrisida (“BI ___-son ” soʻzi yoziladi);
oluvchi va investitsiya vositachisi oʻrtasida tuzilgan shartnomaning turi, topshiriq (vositachilik) shartnomasi tuzilgan raqami va sanasi;
Toʻlov topshiriqnomasining qolgan barcha ustunlari bank qoidalarida belgilangan tartibda toʻldiriladi.
14. Savdolar qatnashchisi, ular tomonidan toʻlov topshiriqnomasida koʻrsatiladigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi, ishonchliligi va toʻliqligi uchun javobgar boʻladi.
15. HKP, mazkur Nizom talablari buzilgan holda HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga oʻtkazilgan pul mablagʻlari kelib tushgan kundan eʼtiboran uch bank kuni mobaynida xatoga yoʻl qoʻyilgan toʻlov sifatida qaytarishga haqli.
16. Qaytarilishi shart boʻlgan pul mablagʻlari HKPning toʻlov topshiriqnomasi asosida oluvchining HKPdagi shaxsiy hisob raqamidan uning tegishli bankdagi hisob raqamiga koʻchirish yoʻli bilan uch bank kuni mobaynida quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
pul mablagʻlari taqsimlovchisining arizasi asosida;
pul mablagʻlarini deponentga qoʻyish muddati mobaynida bitishuvlar amalga oshirilmagan holda;
bitishuvlar amalga oshirilganidan keyin foydalanilmagan qoldiqlar mavjud boʻlib, pul mablagʻlarini deponentga qoʻyish muddati oʻtgandan taqdirda;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
III. Qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni amalga oshirish uchun erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalarni deponentga qoʻyish
17. Erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalarni deponentga qoʻyish, uni savdolarning tashkilotchisi qoidalarida belgilangan miqdorda HKPning xizmat koʻrsatuvchi bankdagi talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga koʻchirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
18. Pul mablagʻlarini deponentga qoʻyish muddatlari va qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish mexanizmi HKPning qoidalari bilan tartibga solinadi.
19. Deponentga qoʻyilgan pul mablagʻlarining hisobini yuritish HKP tomonidan HKPdagi shaxsiy hisob raqamidan koʻchirmalar asosida amalga oshiriladi.
20. HKPning xizmat koʻrsatuvchi bankdagi talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga deponentga qoʻyish uchun erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalarni koʻchirish quyidagi hujjatlardan biri asosida amalga oshiriladi:
HKP aʼzosi bilan qimmatli qogʻozlarni sotib olishga tuzilgan topshiriq (vositachilik) shartnomasi;
hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish toʻgʻrisida HKP bilan tuzilgan shartnoma;
birjadan tashqari savdolarning tashkilotchisi bilan tuzilgan shartnoma.
21. Oluvchi tomonidan pul mablagʻlarini HKPga deponentga qoʻyish, toʻlov topshiriqnomasining toʻlov maqsadlarida raqami koʻrsatilgan investitsiya vositachisi (pul mablagʻlari taqsimlovchisi)ga quyidagi huquqlarni beradi:
oluvchining nomidan qimmatli qogʻozlar bilan oldi-sotdi bitishuvlari tuzish (agar deponentga qoʻyish topshiriq shartnomasi asosida amalga oshirilgan boʻlsa);
keyinchalik qimmatli qogʻozlarni oluvchining nomiga oʻtkazish sharti bilan oʻzining nomidan qimmatli qogʻozlar bilan oldi-sotdi bitishuvlari tuzish (agar deponentga qoʻyish vositachilik shartnomasi asosida amalga oshirilgan boʻlsa);
qimmatli qogʻozlarni birja yoki birjadan tashqari savdolarda sotib olish uchun pul mablagʻlarini oʻtkazishga HKPga koʻrsatma berish;
pul mablagʻlarini oluvchining tegishli bankdagi hisob raqamiga qaytarish yoki pul mablagʻlarini deponentga qoʻyish muddatini uzaytirishga HKPga koʻrsatma berish;
HKPga savdolar qatnashchisi nomidan tuzilgan bitishuvlar boʻyicha sotuvchiga bitishuv summasini, investitsiya vositachisi, savdolarning tashkilotchisi, Markaziy depozitariy, ikkinchi darajadagi depozitariylar va HKPga vositachilik xizmatlarini toʻlashga koʻrsatma berish.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Qimmatli qogʻozlar tashkillashtirilgan birjadan tashqari savdolarda investitsiya vositachisi ishtirokisiz sotib olinganda, oluvchining shaxsiy hisob raqamini boshqaruvchisi etib savdolarning tashkilotchisi tayinlanadi.
23. Agar, oluvchining HKPdagi shaxsiy hisob raqamida pul mablagʻlari mavjud boʻlib, oluvchi qoʻshimcha ravishda pul mablagʻlarini deponentga qoʻysa, unda pul mablagʻlari qoldiqlarini deponentga qoʻyish muddati qayta deponentga qoʻyilgan pul mablagʻlarning muddatiga tenglashtiriladi.
24. HKPning xizmat koʻrsatuvchi bankdagi talab qilib olinadigan depozit hisob raqamidagi erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi pul mablagʻlarini deponentga qoʻyish muddatini uzaytirish, pul mablagʻlari taqsimlovchisi tomonidan uning HKPga yozma murojaati asosida amalga oshiriladi.
25. Kelib tushgan erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi pul mablagʻlari hisobini yuritish, oʻzaro munosabatlar reglamentiga muvofiq, HKP tomonidan savdolarning tashkilotchisiga deponentga qoʻyilgan pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi axborot taqdim etilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha milliy valyutada HKP tomonidan amalga oshiriladi.
Bitishuv amalga oshirilgunga qadar deponentga qoʻyilgan pul mablagʻlarini milliy valyutaga ayrboshlash, xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan, faqat ularning taqsimlovchisi tomonidan HKPga yozma murojaat qilgan hollarda amalga oshiriladi.
IV. Savdo qatnashchilarining oʻzaro munosabatlari tartibi
26. Qimmatli qogʻozlar tashkillashtirilgan birja yoki birjadan tashqari savdolarda sotilayotganda “toʻlovga qarab yetkazib berish” tamoyilini taʼminlash uchun, sotuvchi qimmatli qogʻozlarni taxmin qilinayotgan bitishuvlarning hajmida Markaziy depozitariyda deponentga qoʻyishi lozim. Qimmatli qogʻozlar sotuvchining Markaziy depozitariy savdo hisob raqamidagi “savdolarga chiqarish harakati toʻxtatildi” boʻlimiga oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
Bunda, agar savdo investitsiya vositachisi orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa, u sotuvchining savdo hisob raqami boshqaruvchisi etib tayinlanadi.
27. Qimmatli qogʻozlar birjadan tashqari tashkillashtirilgan savdolarda investitsiya vositachisining ishtirokisiz sotilayotganda, sotuvchining savdo hisob raqami taqsimlovchisi etib savdolarning tashkilotchisi tayinlanadi.
28. Qimmatli qogʻozlar deponentga qoʻyilayotganda, savdo hisob raqami taqsimlovchisi Markaziy depozitariydagi quyidagi savdo hisob raqamlarini toʻgʻriligiga ishonch hosil qilishi shart:
jismoniy shaxsning F.I.Sh., shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar maʼlumotlari (pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjatlar) va manzili;
yuridik shaxs rekvizitlari;
bank rekvizitlari.
29. Markaziy depozitariy sotuvchilarning qimmatli qogʻozlari tashkillashtirilgan savdolarga deponentga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzaro munosabatlar reglamentida oʻrnatilgan tartib va muddatlarda HKPga elektron hujjat koʻrinishida taqdim etadi.
30. HKP Markaziy depozitariy va xizmat koʻrsatuvchi bankdan olingan axborotlarni qayta ishlab, savdo qatnashchilarining pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlari deponentga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron hujjat koʻrinishida savdolarning tashkilotchilariga taqdim etadi.
31. Savdolarning tashkilotchisi har bir savdo sessiyasini oʻtkazgandan soʻng, roʻyxatga olingan bitishuvlar reyestrini elektron hujjat koʻrinishida HKPga taqdim etadi.
32. HKP taqdim qilingan bitishuvlar reyestri asosida yetkazib berilishi lozim boʻlgan qimmatli qogʻozlar sonini sotuvchining Markaziy depozitariy savdo hisob raqamidagi “savdolarga chiqarish harakati toʻxtatildi” boʻlimidan “yetkazib berish harakati toʻxtatildi” boʻlimiga koʻchirish uchun Markaziy depozitariyga topshiriqni shakllantiradi va beradi.
33. HKP faqat amalga oshirilgan bitishuv boʻyicha pul mablagʻlarini hisobga oʻtkazgandan soʻng, Markaziy depozitariyga bitishuv reyestrida koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlar sonini hisobdan chiqarishga topshiriq berish huquqiga ega.
34. Bitishuvlar yuzasidan kliring oʻtkazilganidan soʻng HKP Markaziy depozitariyga sotuvchining savdo hisob raqamidan oluvchining savdo hisob raqamiga qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi bankka toʻlov maqsadlarida amalga oshirilgan bitishuvlarning raqami va sanasi aks ettirilgan holda pul mablagʻlarini HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamidan sotuvchining tegishli bankdagi hisob raqamiga oʻtkazishga topshiriqlarni shakllantiradi va beradi.
35. HKP savdo qatnashchilari pul mablagʻlarini kliring yoki ularning koʻrsatmalari asosida HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamidan faqat ularning tegishli banklardagi hisob raqamlariga oʻtkazish huquqiga ega.
V. Qimmatli qogʻozlarning qiymatini toʻlash
36. Qimmatli qogʻozlarning qiymatini toʻlash uchun pul mablagʻlarini sotuvchining hisob raqamiga oʻtkazish:
sotuvchining topshiriq (vositachilik) shartnomasi yoki savdolarning tashkilotchisiga berilgan arizasi asosida sotuvchi qimmatli qogʻozlar qiymati pul mablagʻlarini erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada qabul qilib olgan hollarda — deponentga qoʻyilgan pul mablagʻlari erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada;
boshqa hollarda — Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida amalga oshiriladi.
37. Kelib tushgan pul mablagʻlarining hisobini yuritish maqsadida HKP investitsiya vositachisi, Markaziy depozitariy yoki savdolarning tashkilotchisi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida sotuvchining shaxsiy hisob raqamini ochadi.
38. HKPdagi savdolar qatnashchilarining shaxsiy hisob raqamlari boʻyicha pul mablagʻlarini oʻtkazish, savdolar qatnashchilarining tashkillashtirilgan birja va birjadan tashqari savdolarda amalga oshirilgan bitishuvlarning bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan huquq va majburiyatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Pul mablagʻlarini oʻtkazishga, bitishuvlar yakuni boʻyicha HKP aʼzolari majburiyatlarini “toʻlovga qarab yetkazib berish” tamoyiliga muvofiq belgilashga asos boʻladigan savdolarning tashkilotchilari, depozitariylar yoki HKP aʼzolari tomonidan taqdim etilgan shartnomalar, topshiriqlar, hisobotlar va (yoki) boshqa hujjatlar asos boʻladi.
39. HKP har kuni xizmat koʻrsatuvchi bankdan HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamidan savdolar qatnashchilarining shaxsiy hisob raqamlariga pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish va hisobga olish uchun asos boʻladigan koʻchirmalar oladi.
40. Agar qimmatli qogʻozlar sotuvchisi topshiriq (vositachilik) shartnomasida yoki savdolarning tashkilotchisiga berilgan arizada erkin konvertatsiya qilinadigan valyutani qabul qilishga tayyorligini tasdiqlagan boʻlsa, norezidentlar sotib olinayotgan qimmatli qogʻozlar qiymati toʻlovini erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi pul mablagʻlarida amalga oshiradi.
41. Qimmatli qogʻozlar sotuvchisi qimmatli qogʻozlar qiymati toʻlovi uchun erkin konvertatsiya qilinadigan valyutani qabul qilishga rozi boʻlgan taqdirda, sotuvchi tegishli bankdagi tegishli hisob raqamining rekvizitlari toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek savdolar tashkilotchisining qoidalariga muvofiq boshqa axborotni ham topshiriq (vositachilik) shartnomasida yoki savdolarning tashkilotchisiga berilgan arizada koʻrsatadi.
Vositachilik shartnomasi asosida qimmatli qogʻozlarni sotish qiymati erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada qabul qilinsa, investitsiya vositachisi savdolarning tashkilotchisi qoidalarida belgilangan tartibda komitentlar toʻgʻrisidagi axborotni ochishi shart.
42. Amalga oshirilgan bitishuvlar natijasi boʻyicha erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada koʻchirish lozim boʻlgan pul miqdorini hisoblash bitim tuzilgan kundagi Markaziy bankning kursi asosida amalga oshiriladi.
43. Erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladigan bitishuvlar asosida sotib olingan qimmatli qogʻozlar boʻyicha toʻliq toʻlovlar norezidentlar tomonidan milliy valyutada amalga oshiriladigan qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar uchun qonunchilikda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
44. Norezidentlarga erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada sotilgan qimmatli qogʻozlarning pul mablagʻlari tegishli banklar tomonidan sotuvchining talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamiga ular tomonidan qimmatli qogʻozlar oldi-sotdi shartnomasi (yoki bitishuv amalga oshirilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat) nusxasini taqdim qilish muddatigacha oʻtkaziladi.
Koʻrsatilgan hujjatlar tegishli bankka bitishuv oʻtkazilgan sanadan boshlab yetti ish kunidan kechiktirilmasdan taqdim qilinadi.
45. Oldi-sotdi shartnomasining (yoki bitishuv amalga oshirilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning) nusxasi taqdim qilingandan soʻng pul mablagʻlari sotuvchining tegishli bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi.
46. HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisob raqamidagi savdolar qatnashchilarining pul mablagʻlari uchinchi shaxslarning talablari, shu jumladan HKPning davlat va sud organlari oldidagi majburiyatlari boʻyicha talablari qanoatlantirilmaydi.
47. Jismoniy va yuridik shaxslar HKP tomonidan ularga oʻtkazilgan pul mablagʻlari boʻyicha soliq va yigʻimlar, boshqa toʻlovlarni mustaqil ravishda, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
VI. Hisob-kitob-kliring operatsiyalari ustidan nazorat qilish va HKPning javobgarligi
48. Hisob-kitob-kliring operatsiyalari ustidan qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi nazorat qiladi.
49. HKP tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha ichki nazorat tartibi HKP qoidalarida belgilanadi.
50. Mazkur Nizom, shuningdek qonunchilik talablari buzilganligi uchun HKP belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 7-8-son, 79-modda; 2010-y., 32-son, 275-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)