Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GEOLOGIYA VA MINERAL RESURSLAR QOʻMITASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyundagi 165-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Geologiya-qidiruv ishlarini tashkil qilishni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 17-yanvardagi PQ-568-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 25-martdagi 139-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 3-son, 34-modda);
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 1-apreldagi 95-son qaroriga ilovaning 16-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 3-4-son, 19-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-fevral,
26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat geologiya qoʻmitasi deb yuritiladi) davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Davlat geologiya qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga va mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Davlat geologiya qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda blankalarga, shuningdek, banklarda qonun hujjatlariga muvofiq ochiladigan hisob raqamlariga ega boʻladi.
II. Davlat geologiya qoʻmitasining vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Davlat geologiya qoʻmitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer osti boyliklarini geologik oʻrganish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, mineral-xomashyo bazasini takroriy ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini roʻyobga chiqarish, kon munosabatlari sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;
noyob, rangli, kamyob yer metallari va uran konlarini, shuningdek, yer osti chuchuk va mineral suvlarini hamda foydali qazilmalarning boshqa turlarini qidirish va razvedka qilish samaradorligini oshirishni taʼminlovchi geologiya-qidiruv ishlarini sifatli prognoz qilish;
prognoz qilishning ilgʻor metodlaridan foydalangan holda yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi texnologik va boshqa axborotlarni chuqur ilmiy tahlil qilish, foydali qazilmalar konlarini (uglevodorodlardan tashqari) qidirish va baholash natijalari asosida geologiya-qidiruv ishlarining uzoq muddatli (3 yildan ortiq davrga), oʻrta muddatli (3 yilgacha davrga) hamda har yilgi dasturlarini shakllantirish, shuningdek, ularning amalga oshirilishini taʼminlash;
geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini baholash va tarmoqning pirovard natijalariga foydali qazilmalar sanoat zaxiralarining oʻsishiga qarab ragʻbatlantirish asosida ushbu ishlarni moliyalashtirishning zamonaviy metodlarini joriy etish;
yer osti boyliklarini geologik oʻrganish, ularni moliyalashtirish va monitoringini olib borish ishlarini tashkil etish va amalga oshirishning zamonaviy metodlari va mexanizmlarini joriy etish;
ushbu tarmoqdagi ilgʻor tajribadan foydalangan holda geologiya tarmogʻi uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni tizimli asosda amalga oshirish, shuningdek, respublikaning oliy va oʻrta oʻquv yurtlarida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha takliflar kiritish;
oʻz vakolati doirasida yer osti boyliklarini geologik oʻrganish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, geologiya-qidiruv ishlari dasturlarining bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish.
6. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Oʻzbekiston hududining geologik jihatdan oʻrganilganligini, iqtisodiyotning foydali qazilmalar zaxiralari bilan taʼminlanganligini tahlil qiladi va shuning asosida vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda mineral-xomashyo bazasidan foydalanish, ularni takroriy ishlab chiqarish surʼatlari, yanada kengaytirish, mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilash, ulardan oqilona va kompleks foydalanish strategiyasi va ushbu maqsadlar uchun zarur boʻlgan davlat investitsiyalari va boshqa investitsiyalar hajmlari haqida takliflar ishlab chiqadi;
respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini ishlab chiqishda, respublikaning mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va takroriy ishlab chiqarish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish davlat dasturlarini, yer osti boyliklarini geologik oʻrganish va muhofaza qilish xalqaro dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda uzoq muddatli (3 yildan ortiq davrga) va oʻrta muddatli (3 yilgacha davrga) geologiya-qidiruv ishlari dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda geologiya-qidiruv ishlarining oʻrta va uzoq muddatli dasturlarini amalga oshirish doirasida geologiya-qidiruv ishlarining har yilgi dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
geologiya-qidiruv ishlarining uzoq muddatli, oʻrta muddatli va har yilgi dasturlarini ishlab chiqishda foydali qazilmalarning asosiy turlari zaxiralarini oʻstirish boʻyicha davlat buyurtmasi loyihalari shakllantirilishini taʼminlaydi;
tizimli asosda zamonaviy ilmtalab texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etishni amalga oshiradi, shuningdek, Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlarni modernizatsiya qilish hamda texnika bilan qayta jihozlash boʻyicha oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻradi;
fundamental va amaliy ilm-fan ilgʻor yutuqlari asosida yer osti boyliklarini geologik oʻrganish va mineral resurslardan foydalanish sohasida mavzuli, tajriba-konstruktorlik ishlari, konlar va kon jinslarining texnologik tadqiqotlari, shuningdek, boshqa ishlarning ustuvor yoʻnalishlarini ilmiy asoslaydi;
noyob, rangli metallar, uran, kamyob va yer kamyob elementlari konlarining, yer osti chuchuk va mineral suvlari istiqbolli konlarini aniqlash hududlarini belgilaydi hamda ushbu hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini ustuvor rivojlantirishni taʼminlaydi;
geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish amaliyotiga yangi metodlar va texnologiyalarni, shu jumladan masofadan amalga oshiriladigan metodlar va texnologiyalarni amaliyotga joriy etishni taʼminlaydi;
tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlar oʻrtasida geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini oʻtkazishga davlat buyurtmalarini joylashtiradi, ularni davlat budjeti mablagʻlari va boshqa mablagʻlar hisobiga bajarishni moliyalashtiradi;
davlat budjeti mablagʻlari hisobiga yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarini loyihalash va yuritish sohasidagi norma va qoidalarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
geologiya-qidiruv ishlarining tasdiqlangan dasturlariga muvofiq yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarini muvofiqlashtiradi va amalga oshiradi;
yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlari olib borilishini, foydali qazilmalarning asosiy turlari zaxiralari oʻsishi va respublika moddiy-xomashyo bazasi shakllantirilishi, mustahkamlanishi va kengaytirilishi boʻyicha (uglevodorod xomashyodan tashqari) hamda respublika hududini geologik oʻrganish sohasidagi boshqa ishlar boʻyicha davlat buyurtmalari bajarilishini taʼminlaydi;
geologiya-qidiruv ishlarining har yilgi dasturlari bajarilishi, foydali qazilmalar asosiy turlarini oʻstirish boʻyicha davlat buyurtmalari bajarilishining har choraklik monitoringini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston hududining geologik-ekologik tadqiqotlari dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻz vakolati doirasida yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqiga berilgan litsenziyalarda belgilangan shartlarga, yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarini loyihalash va yuritish sohasidagi norma va qoidalarga yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan rioya etilishini nazorat qiladi;
idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, korxonalar va tashkilotlarga yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlaridan foydalanilishini nazorat qiladi;
tadbirkorlik tavakkalchiligi sharoitlarida geologik oʻrganish, foydali qazilmalarni qazib olish, foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish uchun yer osti uchastkalaridan foydalanish (uglevodorodlar konlarini qidirish va razvedka qilish hamda qazib olish maqsadida geologik oʻrganish, uglevodorodlarni saqlash uchun yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish, chiqindilarni saqlash va koʻmish uchun litsenziyalardan tashqari), texnogen mineral hosilalardan, alohida qoʻriqlanadigan geologik obyektlar hosilalaridan foydalanish hamda tovlanadigan tosh xomashyo, paleontologik qoldiqlar namunalarini va boshqa geologik kolleksiya materiallarini toʻplash huquqini beruvchi litsenziyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat budjeti mablagʻlari hisobiga geologik oʻrganish uchun yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqi paydo boʻlishining asosi hisoblangan yer osti boyliklarini geologik oʻrganishga loyiha-smeta hujjatlarini oʻz vakolatlari doirasida tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda foydalanish uchun berilgan yer osti boyliklari uchastkalarining davlat hisobini yuritadi, yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini va yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarining davlat hisobini yuritish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi ekspertlarining shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi;
geologiya materiallarini koʻrib chiqadi va sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan yoxud keyinchalik olib borilgan geologiya-qidiruv ishlarida yoki konni qazishda tasdiqlanmagan foydali qazilmalar zaxiralarini yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar balansidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasiga kiritadi;
davlat mablagʻlari hisobiga olingan yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi geologik axborotga va boshqa axborotga mulkdorning huquq va majburiyatlarini amalga oshiradi (uglevodorod xomashyo boʻyicha axborotdan tashqari);
yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarini olib borish yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasini tashkil etadi va uning amalga oshirilishini taʼminlaydi, belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi va Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining keng tarqalgan foydali qazilmalari roʻyxatini aniqlaydi va uni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi geologik axborotlar va boshqa axborotlarning davlat fondini, tosh geologik materiallari davlat fondini yuritadi;
foydali qazilmalarning istiqbolli konlarini aniqlash mumkin boʻlgan konlar va yer osti boyliklari uchastkalari davlat reyestrini (oʻz vakolatlari doirasida), foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansini, shu jumladan uglevodorodlar davlat balansini, konlarning, foydali qazilmalar va texnogen mineral hosilalar namoyon boʻlishi davlat kadastrini, davlat suv kadastrini (yer osti suvlari), alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar (chuchuk yer osti suvlari shakllanishi zonalari) davlat kadastrini, yuqori tabiiy xavfli zonalar (xavfli geologik jarayonlar paydo boʻlish zonalari) davlat kadastrini yuritadi, shuningdek muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar davlat kadastriga binoan chuchuk yer osti suvlar konlarining shakllanish zonalari boʻyicha maʼlumotlarni tuzadi va taqdim etadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlikda yer osti boyliklari davlat monitoringi, shu jumladan yer osti suvlari monitoringi amalga oshirilishini taʼminlaydi;
togʻli hududlarda xavfli geologik jarayonlar (koʻchki, oʻpirilish, choʻkish, suffoziylar, karstlar)ni oʻrganish, shuningdek ularning hosil boʻlishi va rivojlanishini kuzatish ishlarini amalga oshiradi;
qoʻshni davlatlarning geologiya xizmatlari bilan birgalikda transchegara hududlar doirasida radioaktiv va toksik elementlar bilan ifloslanish oʻchoqlarini aniqlash va oʻrganish ishlarini amalga oshiradi, qoʻshni hududlarning ekologik holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan alohida xavfli zonalar va uchastkalarni aks ettirgan holda geologiya xaritalari va atlaslarini tuzadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga taqdim etadi;
vazirliklar va idoralar bilan birgalikda suv resurslaridan (yer osti suvlaridan) foydalanish hamda hududlarni texnogen va xavfli geologik jarayonlar taʼsiridan himoya qilish sxemalarini ishlab chiqadi;
geologiya muhiti obyektlari qoʻriqlanishi, shu jumladan yer osti suvlarining ifloslanish va qurib qolishdan qoʻriqlanishi ustidan nazoratni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
suvdan foydalanish uchun quduqlarni burgʻulashga ruxsatnoma va suvdan (yer osti suvlaridan) maxsus foydalanishga ruxsatnoma berilishini kelishadi;
respublika hududining shoʻrlanishiga va choʻlga aylanishiga taʼsir koʻrsatuvchi mintaqaviy ekzogen geologik jarayonlarni oʻrganadi;
kelgusida sanoat va xoʻjalik qurilishi obyektlarini joylashtirish uchun muhandislik-geologiya, gidrogeologiya va ekologiya-geologiya asoslashlarini tayyorlaydi;
qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan yirik sanoat va qishloq xoʻjaligi obyektlarining atrof muhitga taʼsirini baholash ishlarida oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi;
yer osti boyliklari uchastkalaridan foydali qazilmalarni qazish bilan bogʻliq boʻlmagan, shu jumladan chiqindilarni saqlash va koʻmish uchun yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish uchun foydalanish imkoniyati oʻrganib chiqilishini taʼminlaydi va xulosalar beradi;
boʻlajak qurilish uchastkalari ostida foydali qazilmalar yoʻqligi, sanoat maqsadi uchun oʻzlashtirishga berilmagan foydali qazilmalar konlari maydonlarida imorat qurish imkoniyati toʻgʻrisida (keng tarqalgan foydali qazilmalar konlaridan tashqari) xulosalar, shuningdek xavfli geologik jarayonlar paydo boʻlishi mumkin boʻlgan zonalarda sanoat obyektlari va boshqa obyektlar qurish uchun uchastkalar tanlash yuzasidan xulosalar berilishini taʼminlaydi;
yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini berish yuzasidan ochiq savdolar tashkil etilishi va oʻtkazilishiga vazirliklar va idoralar bilan birgalikda materiallar tayyorlaydi va ularda qatnashadi, yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish bilan bogʻliq investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslashlari ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda yer osti boyliklarini geologik oʻrganish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish strategiyasi toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqadi;
xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlarini olib boradi, xorijiy investorlar bilan toʻgʻridan toʻgʻrimuzokaralar oʻtkazadi va ularga yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini berish toʻgʻrisida (oʻz vakolatlari doirasida) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
Davlat geologiya qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar tashkil qiladi, xalqaro tashkilotlar, boshqa mamlakatlarning geologiya xizmatlari bilan belgilangan tartibda aloqalar oʻrnatadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi aʼzoligidan hamda geologik oʻrganish, yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish, mineral-xomashyo potensialini takroriy ishlab chiqarish va rivojlantirish sohasida xalqaro shartnomalarda ishtirok etishidan kelib chiquvchi majburiyatlar bajarilishini tashkil etishda va ularning muvofiqlashtirilishida ishtirok etadi;
respublika mineral-xomashyo bazasining holati toʻgʻrisidagi axborot tizimlari faoliyat koʻrsatishi va rivojlanishini taʼminlaydi, yer osti boyliklarini geologik oʻrganish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida noshirlik faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda geologiya-qidiruv ishlariga (mineral-xomashyo bazasini takroriy ishlab chiqarishga) xarajatlarni qoplash stavkalari miqdorlarini, geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish va ularga kreditlar ajratish boʻyicha normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;
ekstremal sharoitlarda (suvsizlik, baland togʻli, yer osti va boshqa sharoitlarda) ishlarni olib borish uchun qoʻshimcha haq miqdorlarini belgilash yuzasidan takliflarni asoslaydi va ishlab chiqadi;
tarmoqda mehnatni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtiradi;
geologiya sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini muntazam amalga oshiradi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni bajaradi.
7. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarni va oʻz funksiyalarini bevosita, shuningdek oʻziga qarashli ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, korxonalar va tashkilotlar orqali hal etadi.
III. Davlat geologiya qoʻmitasining huquqlari va javobgarligi
8. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, korxonalar va tashkilotlardan oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻz vakolatlari doirasida yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini berish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlar bilan kelishuv boʻyicha geologiya materiallari ekspertizasini oʻtkazish uchun ularning mutaxassislarini jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini cheklash, toʻxtatib turish va toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
yer osti boyliklarini geologik oʻrganish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
zaruriyat boʻlganda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun olimlar, tarmoq mutaxassislaridan vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish, shartnoma asosida ushbu ishga boshqa vazirliklar va idoralarning mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish;
Davlat budjeti mablagʻlari va boshqa manbalar hisobiga olingan yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi geologik axborotlar va boshqa axborotlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida realizatsiya qilish (berish, almashtirish, sotish);
Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻladi.
9. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlashga haqlidir.
Davlat geologiya qoʻmitasi, zarur hollarda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar chiqarishga haqlidir.
10. Davlat geologiya qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Davlat geologiya qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish
11. Davlat geologiya qoʻmitasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Raisning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan oʻrinbosarlari boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat geologiya qoʻmitasi raisi moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha vazirga, uning oʻrinbosarlari esa vazirning oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
12.Davlat geologiya qoʻmitasi raisi:
Davlat geologiya qoʻmitasi faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda Davlat geologiya qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
zaruriyat boʻlganda xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi;
Davlat geologiya qoʻmitasining markaziy apparati shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, Davlat geologiya qoʻmitasi tizimiga kiruvchi davlat korxonalari va tashkilotlarining ustavlarini tasdiqlaydi;
Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufidagi davlat korxonalarini qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini, Davlat geologiya qoʻmitasi tizimiga kiruvchi ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi aʼzolarining shaxsiy tarkibini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Davlat geologiya qoʻmitasida qoʻmita raisi (hayʼat raisi), raisning oʻrinbosarlari, Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparati, shuningdek tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlar rahbar xodimlaridan iborat tarkibda 9 kishidan iborat hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning shaxsiy tarkibi Davlat geologiya qoʻmitasi raisining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat geologiya qoʻmitasi hayʼati Davlat geologiya qoʻmitasi faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqadi, Davlat geologiya qoʻmitasi korxonalari va tashkilotlarining rahbarlari hisobotlarini eshitadi, Davlat geologiya qoʻmitasining muhim qarorlari va boshqa hujjatlari loyihalarini muhokama qiladi.
Hayʼat qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va, qoidaga koʻra, Davlat geologiya qoʻmitasining qarorlari yoki buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Yer osti boyliklarini geologik oʻrganish bilan bogʻliq eng muhim yoʻnalishlarni, ishlar natijalarini va boshqa masalalarni koʻrib chiqish uchun Davlat geologiya qoʻmitasi huzurida yuqori malakali mutaxassislardan iborat tarkibda ilmiy-texnik kengash tashkil etiladi. Ilmiy-texnik kengashning tarkibi va uning toʻgʻrisidagi nizom hayʼat tomonidan tasdiqlanadi.
15. Qidiruv va foydalanish konditsiyalarini, foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash va geologiya materiallarining davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun Davlat geologiya qoʻmitasi huzurida Davlat geologiya qoʻmitasi raisi boshchilik qiladigan Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi faoliyat koʻrsatadi.
16. Davlat geologiya qoʻmitasini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17. Davlat geologiya qoʻmitasi apparati taʼminoti davlat budjeti mablagʻlari, tasarrufidagi davlat korxonalari va tashkilotlarining ajratmalari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 4-6-son, 47-modda; 29-30-son, 305-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda)