Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA (OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “ALKOGOLLI MAHSULOTLARNI ISHLAB CHIQARISH VA SOTISH SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA” 2006-YIL 7-NOYABRDAGI PQ-505-SON QARORI)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli va tamaki mahsulotlariga aksiz markalarining yangi namunalarini joriy etish toʻgʻrisida” 2004-yil 4-fevraldagi 54-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 2-son, 9-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-dekabr,
260-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 18-dekabrdagi 260-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 285-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chetdan keltiriladigan va respublikaning oʻzida ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga aksiz markalari qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 8-son, 24-modda):
a) 8-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“8. Aksiz markalari majburiy tartibda markalanishi zarur boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va chetdan keltiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmanomalari boʻyicha, buyurtmanomalarda tegishli ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun — joylardagi Davlat soliq inspeksiyasi, import qiluvchilar uchun — Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan:
alkogolli mahsulotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilariga — buyurtma berilayotgan aksiz markalari miqdori nominal qiymatining 50 foizi toʻlanganligi;
tamaki mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchilariga — buyurtma berilayotgan aksiz markalari miqdorining nominal qiymati toʻliq toʻlanganligi;
alkogolli mahsulotlarni import qiluvchilarga — buyurtma berilayotgan aksiz markalari miqdorining nominal qiymati toʻliq hajmda hamda aksiz soligʻining 50 foizi toʻlanganligi;
tamaki mahsulotlarini import qiluvchilarga — buyurtma berilayotgan aksiz markalari miqdorining nominal qiymati toʻliq hajmda hamda aksiz soligʻining barcha summasi toʻlanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan taqdirda “Paxta-bank”ning mintaqaviy boʻlinmalari tomonidan beriladi”;
b) 9-bandning ikkinchi jumlasiga “qayd etiladi” soʻzlaridan keyin “shuningdek alkogolli mahsulot quyiladigan isteʼmol idishining litrdagi hajmi koʻrsatiladi” soʻzlari qoʻshilsin;
v) 14-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tamaki mahsulotlarining mahalliy ishlab chiqaruvchilari aksiz markalarini ularning nominal qiymati boʻyicha, alkogolli mahsulotlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilari esa — aksiz markalari nominal qiymatining 50 foizini toʻlagandan keyin sotib oladilar. Tamaki mahsulotlari va alkogolli mahsulotlarni import qiluvchilar aksiz markalarini ularning nominal qiymati boʻyicha sotib oladilar”;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar aksiz markalarini aksiz soligʻini toʻliq miqdorda, alkogolli mahsulotlarni import qiluvchilar esa — aksiz soligʻi summasining 50 foizini toʻlagandan keyin sotib oladilar”;
g) Ishlab chiqariladigan aksiz tovarlarini markalashning va aksiz soligʻining budjetga kelib tushishining prinsipial sxemasi, Import qilinadigan aksiz tovarlarini markalashning va budjetga aksiz soligʻi kelib tushishining prinsipial sxemasi, Jismoniy shaxslar tomonidan olib kelinadigan aksiz tovarlarini markalashning va budjetga aksiz soligʻi toʻlashning prinsipial sxemasi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat monopoliyasini kuchaytirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotishdan budjetga tushumni koʻpaytirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 21-maydagi 221-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar aksiz markalarini aksiz soligʻini toʻliq miqdorda, alkogolli mahsulotlarni import qiluvchilar esa — aksiz soligʻi summasining 50 foizini toʻlagandan keyin sotib oladilar”.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat nazoratini mustahkamlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1999-yil 5-yanvardagi 2-son qarorining 9-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 1-son, 2-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“9. Alkogolli mahsulotlarga aksiz markalari har 2 yilda belgilangan tartibda yangilanadigan tartib oʻrnatilsin, bunda ularning sifati va muhofaza darajasini tubdan yaxshilash nazarda tutilsin”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasiga chetdan keltiriladigan va respublikaning oʻzida ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga aksiz markalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2003-yil 11-noyabrdagi 496-son qaroriga ilovaning 2 va 3-bandlari (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 11-son, 112-modda) chiqarib tashlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 707-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/707/3626-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 512-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/707/3626-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)