Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZI HUZURIDAGI IDORAVIY METROLOGIK NAZORAT XIZMATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 105-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi oʻquv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga taʼlim jarayonida qoʻllash uchun keltirilgan oʻquv-laboratoriya va ishlab chiqarish jihozlarini yagona talablarga mos ravishda taʼminlash, asbob-uskuna, jihozlardan oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti jarayonlarida samarali foydalanish, oʻlchovlarning yagonaligi va aniqligi ustidan nazoratni sifatli olib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining ushbu Markaz huzurida Idoraviy metrologik nazorat xizmatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Idoraviy metrologik nazorat xizmatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida metrologiya xizmatini amalga oshirish, metrologik taʼminot masalalarini takomillashtirish, oʻlchovlarning yagonaligi va aniqligini taʼminlash;
akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻquv jarayonida qoʻllaniladigan nazorat va oʻlchov jihozlari, texnik vositalarning ahvoli, qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, bunda oʻquv va ishlab chiqarish jarayonida metrologik qoidalarga rioya etilishini hamda ulardan oʻquv ustaxonalari va oʻquv tajriba xoʻjaliklarida samarali foydalanishni nazorat qilish;
davlat taʼlim standartlari doirasida kasb yoʻnalishlari boʻyicha qoʻllaniladigan namunaviy asbob-uskuna va jihozlar roʻyxatini ishlab chiqish hamda joylarda jihozlardan foydalanish monitoringini yuritish;
oʻquv ishlab chiqarish ustaxonalari, laboratoriyalar va oʻquv tajriba xoʻjaliklarida asbob-uskunalar, jihozlarning holati, saqlanishi, shuningdek, ulardan unumli foydalanish masalalari yuzasidan ilmiy-nazariy va amaliy seminarlar tashkil etish, taʼlim sohasidagi ilgʻor tajriba, yutuqlar va yangi texnologiyalarni ommalashtirish va taʼlim muassasalariga joriy etish;
oʻquv amaliyoti davrida davlat standartlari talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishni nazorat qilish;
oʻquv tajriba xoʻjaliklarida qishloq xoʻjaligi texnikalari va biriktirilgan yerlardan oqilona hamda unumli foydalanish, qishloq xoʻjalik ekinlari va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash va ularni amalga oshirilishini taʼminlash.
3. Idoraviy metrologik nazorat xizmati xodimlarining cheklangan umumiy soni 18 ta, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 16 ta shtat birligidan iborat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bir oy muddatda:
“Oʻzstandart” agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida metrologik taʼminot toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Idoraviy metrologik nazorat xizmati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin hamda ushbu Xizmatni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Idoraviy metrologik nazorat xizmatini:
Davlat budjetining maorif sohasi xarajatlari doirasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish xarajatlari hisobidan Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi orqali moliyalashtirishni yoʻlga qoʻysin;
joriy yildagi saqlash xarajatlari uchun qoʻshimcha talab etiladigan mablagʻlarni 2006-yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarida Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish tadbirlariga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplasin, kelgusi yillardagi sarf-xarajatlarini ham mazkur tadbirlar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Idoraviy metrologik nazorat xizmatini Toshkent shahar, TTZ-1 mavzesi, 47-uyga joylashtirsin.
7. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Mirzo Ulugʻbek sanoat kasb-hunar kolleji qoshidagi Mahkamaviy metrologik xizmatini belgilangan tartibda tugatilishini taʼminlasin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-iyuldagi 342-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT., 2004-y., 7-son, 70-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
a) 1-ilova “Idoraviy metrologik nazorat xizmati” ustuni bilan toʻldirilsin;
b) 2-ilova Markaz direktoriga boʻysunuvchi “Idoraviy metrologik nazorat xizmati” ustuni bilan toʻldirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-dekabr,
259-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 14-dekabrdagi 259-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Idoraviy metrologik nazorat xizmatining tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 48–50-son, 489-modda)