O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGINING O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI HUZURIDAGI IDORAVIY METROLOGIK NAZORAT XIZMATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 105-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi o‘quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga ta’lim jarayonida qo‘llash uchun keltirilgan o‘quv-laboratoriya va ishlab chiqarish jihozlarini yagona talablarga mos ravishda ta’minlash, asbob-uskuna, jihozlardan o‘quv va ishlab chiqarish amaliyoti jarayonlarida samarali foydalanish, o‘lchovlarning yagonaligi va aniqligi ustidan nazoratni sifatli olib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining ushbu Markaz huzurida Idoraviy metrologik nazorat xizmatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar Idoraviy metrologik nazorat xizmatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida metrologiya xizmatini amalga oshirish, metrologik ta’minot masalalarini takomillashtirish, o‘lchovlarning yagonaligi va aniqligini ta’minlash;
akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan nazorat va o‘lchov jihozlari, texnik vositalarning ahvoli, qo‘llanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, bunda o‘quv va ishlab chiqarish jarayonida metrologik qoidalarga rioya etilishini hamda ulardan o‘quv ustaxonalari va o‘quv tajriba xo‘jaliklarida samarali foydalanishni nazorat qilish;
davlat ta’lim standartlari doirasida kasb yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘llaniladigan namunaviy asbob-uskuna va jihozlar ro‘yxatini ishlab chiqish hamda joylarda jihozlardan foydalanish monitoringini yuritish;
o‘quv ishlab chiqarish ustaxonalari, laboratoriyalar va o‘quv tajriba xo‘jaliklarida asbob-uskunalar, jihozlarning holati, saqlanishi, shuningdek, ulardan unumli foydalanish masalalari yuzasidan ilmiy-nazariy va amaliy seminarlar tashkil etish, ta’lim sohasidagi ilg‘or tajriba, yutuqlar va yangi texnologiyalarni ommalashtirish va ta’lim muassasalariga joriy etish;
o‘quv amaliyoti davrida davlat standartlari talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishni nazorat qilish;
o‘quv tajriba xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi texnikalari va biriktirilgan yerlardan oqilona hamda unumli foydalanish, qishloq xo‘jalik ekinlari va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash va ularni amalga oshirilishini ta’minlash.
3. Idoraviy metrologik nazorat xizmati xodimlarining cheklangan umumiy soni 18 ta, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 16 ta shtat birligidan iborat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bir oy muddatda:
“O‘zstandart” agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida metrologik ta’minot to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Idoraviy metrologik nazorat xizmati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin hamda ushbu Xizmatni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Idoraviy metrologik nazorat xizmatini:
Davlat budjetining maorif sohasi xarajatlari doirasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish xarajatlari hisobidan O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi orqali moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ysin;
joriy yildagi saqlash xarajatlari uchun qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘larni 2006-yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarida O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish tadbirlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida qoplasin, kelgusi yillardagi sarf-xarajatlarini ham mazkur tadbirlar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Idoraviy metrologik nazorat xizmatini Toshkent shahar, TTZ-1 mavzesi, 47-uyga joylashtirsin.
7. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Mirzo Ulug‘bek sanoat kasb-hunar kolleji qoshidagi Mahkamaviy metrologik xizmatini belgilangan tartibda tugatilishini ta’minlasin.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2004-yil 20-iyuldagi 342-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT., 2004-y., 7-son, 70-modda) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:
a) 1-ilova “Idoraviy metrologik nazorat xizmati” ustuni bilan to‘ldirilsin;
b) 2-ilova Markaz direktoriga bo‘ysunuvchi “Idoraviy metrologik nazorat xizmati” ustuni bilan to‘ldirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-dekabr,
259-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 14-dekabrdagi 259-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi Idoraviy metrologik nazorat xizmatining tuzilmasi
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 48–50-son, 489-modda)