Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Amir Temur ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Amir Temur” ordeni taʼsis etilsin.
2. “Amir Temur” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Amir Temur” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda) 11-moddasining “Mustaqillik” ordeni” degan soʻzlaridan keyin “Amir Temur” ordeni” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-aprel,
225-I-son
“Amir Temur” ordeni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Amir Temur” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari davlatchilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, meʼmorchilikni, ilm-fan, adabiyot va sanʼatni, shu jumladan harbiy mahoratni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadilar. “Amir Temur” ordeni bilan davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni hamda xalqlar oʻrtasida doʻstlikni mustahkamlash ishiga alohida hissa qoʻshganlik uchun ham taqdirlanadilar.
“Amir Temur” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va ordenni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
3. “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining ellik karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
“Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
4. “Amir Temur” ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga “Mustaqillik” ordenidan keyin taqiladi.
5. “Amir Temur” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla beriladigan pul toʻlovi mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“Amir Temur” ordenining
TAVSIFI
“Amir Temur” ordeni 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi va ikki yon bagʻridan nurlar taralgan sakkiz qirrali musamman koʻrinishida boʻladi. Musammanning burchaklari orasida yashil rang emal qoplangan taram-taram boʻlib taralayotgan nurlar joylashgan. Musammanning qarama-qarshi uchlari orasidagi masofa — 57 millimetr. Nurlar jo boʻlgan aylananing diametri — 52 millimetr.
Ordenning markazida ot mingan Amir Temurning qiyofasi kumush rangda tasvirlangan. Otliq ortidagi rangli emaldan ishlangan manzara moviy rangda.
Otliq qiyofasini oʻrab turgan aylananing yuqorisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining ramzi — yarim oy va yulduzni oʻz ichiga olgan moviy musamman tasvirlangan. Musamman jo boʻlgan maydonning diametri — 10,5 millimetr. Yarim oy hamda besh qirrali yulduz jo boʻlgan maydonlarining diametrlari tegishlicha — 5,0 millimetr va 2,6 millimetr. Aylananing yuqori qismida oq rangli emal manzarada “AMIR TEMUR” yozuvi bitilgan boʻlib, u yoqutrang emal bilan qoplangan. Harflarning balandligi — 2,5 millimetr. Aylana boshdan oxirigacha marjonli naqshlar bilan oʻralgan. Aylananing diametri — 36 millimetr, qalinligi — 6 millimetr.
Aylananing pastki qismida oq rangli emal manzarada moviy emaldan ishlangan “KUCH — ADOLATDA” soʻzlari bitilgan. Harflarning balandligi — 3 millimetr. Aylananing chekkalari har ikki tomondan 1 millimetr qalinlikdagi qizil emaldan ishlangan qabariq hoshiya bilan oʻralgan.
Aylanalarning yuqori va pastki qismlari diametri 2,7 millimetrli ikkita yoqut tosh bilan ajratilgan.
Ordenning orqa tomoni botiq boʻlib, markazida ordenni taqish uchun burama shtift va murvat bor.
Pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Ordenning qalinligi — 8 millimetr.
Ordenning ogʻirligi — 60,5 gramm.
(“Amir Temur” ordenining tavsifi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 63-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )