O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Amir Temur ordenini ta’sis etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Amir Temur” ordeni ta’sis etilsin.
2. “Amir Temur” ordeni to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Amir Temur” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda) 11-moddasining “Mustaqillik” ordeni” degan so‘zlaridan keyin “Amir Temur” ordeni” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-aprel,
225-I-son
“Amir Temur” ordeni to‘g‘risidagi
NIZOM
1. “Amir Temur” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlatchilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, me’morchilikni, ilm-fan, adabiyot va san’atni, shu jumladan harbiy mahoratni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadilar. “Amir Temur” ordeni bilan davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni hamda xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash ishiga alohida hissa qo‘shganlik uchun ham taqdirlanadilar.
“Amir Temur” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va ordenni topshirish “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yetmish karrasi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.
(3-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(3-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4. “Amir Temur” ordeni ko‘krakning o‘ng tomoniga “Mustaqillik” ordenidan keyin taqiladi.
5. “Amir Temur” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat va bir yo‘la beriladigan pul to‘lovi mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“Amir Temur” ordenining
TAVSIFI
“Amir Temur” ordeni 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi va ikki yon bag‘ridan nurlar taralgan sakkiz qirrali musamman ko‘rinishida bo‘ladi. Musammanning burchaklari orasida yashil rang emal qoplangan taram-taram bo‘lib taralayotgan nurlar joylashgan. Musammanning qarama-qarshi uchlari orasidagi masofa — 57 millimetr. Nurlar jo bo‘lgan aylananing diametri — 52 millimetr.
Ordenning markazida ot mingan Amir Temurning qiyofasi kumush rangda tasvirlangan. Otliq ortidagi rangli emaldan ishlangan manzara moviy rangda.
Otliq qiyofasini o‘rab turgan aylananing yuqorisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining ramzi — yarim oy va yulduzni o‘z ichiga olgan moviy musamman tasvirlangan. Musamman jo bo‘lgan maydonning diametri — 10,5 millimetr. Yarim oy hamda besh qirrali yulduz jo bo‘lgan maydonlarining diametrlari tegishlicha — 5,0 millimetr va 2,6 millimetr. Aylananing yuqori qismida oq rangli emal manzarada “AMIR TEMUR” yozuvi bitilgan bo‘lib, u yoqutrang emal bilan qoplangan. Harflarning balandligi — 2,5 millimetr. Aylana boshdan oxirigacha marjonli naqshlar bilan o‘ralgan. Aylananing diametri — 36 millimetr, qalinligi — 6 millimetr.
Aylananing pastki qismida oq rangli emal manzarada moviy emaldan ishlangan “KUCH — ADOLATDA” so‘zlari bitilgan. Harflarning balandligi — 3 millimetr. Aylananing chekkalari har ikki tomondan 1 millimetr qalinlikdagi qizil emaldan ishlangan qabariq hoshiya bilan o‘ralgan.
Aylanalarning yuqori va pastki qismlari diametri 2,7 millimetrli ikkita yoqut tosh bilan ajratilgan.
Ordenning orqa tomoni botiq bo‘lib, markazida ordenni taqish uchun burama shtift va murvat bor.
Pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Ordenning qalinligi — 8 millimetr.
Ordenning og‘irligi — 60,5 gramm.
(“Amir Temur” ordenining tavsifi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 63-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )